Kishilar muloqotga kirishar ekan, savol berish, buyruq, iltimos qilish, biror narsani tushuntirish bilan birga o’z oldiga boshqalarga ta’sir etish, shu narsani ularga tushuntirish maqsadini qo’yadi. Muloqotning maqsadi kishilarning birgalikdagi faoliyatiga ehtiyojini aks ettiradi. Bunda muloqot shaxslararo o’zaro ta’sir sifatida namoyon bo’ladi, ya’ni kishilarning birgalikdagi faoliyati jarayonida paydo bo’luvchi aloqa va o’zaro ta’sirlar yig’indisidir. Birgalikdagi faoliyat va muloqot ijtimoiy nazorat sharoitida ro’y beradi. Jamiyat ijtimoiy normalar sifatida maxsus xulq-atvor namunalari tuzilishini ishlab chiqqan. Ijtimoiy normalar ko’lami nihoyat keng-mehnat intizomi harbiy burch va vatanparvarlik xushmuomalalik qoidalari ana shular jumlasidandir. Ijtimoiy nazorat muloqotga kirishuvchilar bajaradigan rolning “repertuar”iga mos holda namoyon bo’ladi.