O'zbekiston respublikasi oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi



Yüklə 312,5 Kb.
səhifə23/29
tarix02.01.2022
ölçüsü312,5 Kb.
#38108
1   ...   19   20   21   22   23   24   25   26   ...   29
Shoira normatova jahon adabiyoti

ALBER KAMYU1

Fransuz yozuvchisi, dramaturgi, fransuz ekzistensializmi asoschilaridan biri Alber Kamyu faqat o'z davri emas, keyingi asr jahon adabiyotining buyuk namoyandalaridan bo'lib qolaveradi. Ijodkorning buyukligi u yaratgan asarlarining soni va mashhurligi bilangina emas, hayot hamda inson to'g'risida qanday yangi gap ayta olgani, uning ilgari ko'rilmagan qanday yangi jihatini kashf eta bilganligi bilan ham o'lchanadi. Alber Kamyu borliq va inson haqida o'z so'zini aytib ketgan buyuk ijodkorlar sirasiga kiradi.

Alber Kamyu 1913- yil 7- noyabrda Jazoirning Mondovi nomli shaharchasida tug'ilgan. Asli elzaslik bo'lgan otasi Lyusen Kamyu qishloq xo'jalik xizmatchisi bo'lgan. Fransiyaning mustamlakasi bo'lgan Jazoirda qo'nim topgan va ispan millatiga mansub qiz Kutrin Santega uylangan. Alber otasidan juda erta yetim qoladi. Otasi Birinchi jahon urushida halok bo'lganida u hali go'dak edi. Ota vafotidan so'ng Kamyular oilasi qiyin ahvolda qoladi. Onasi ikki go'dagi bilan buvisi va nogiron tog'asining uyiga ko'chib o'tadi. Og'ir bolalik xotiralari keyinchalik «Astar va qiyofa» va «Nikoh» asarlarida o'z ifodasini topgan. Maktabda u adabiyotga alohida qobiliyatini namoyon qiladi, maktab o'qituvchisi Lui Jermen uning litseyga o'qishga kirishiga ko'maklashadi. Kamyu o'qishga jon-dili bilan beriladi, ayni paytda boks bilan ham shug'ullanadi. Biroq sil kasalligi tufayli boksni tashlashga majbur bo'ladi (bu kasallik bo'lajak yozuvchi taqdirida chuqur iz qoldiradi).

Litsey ta'limini tamomlagach, mahalliy universitetning falsafa-tarix fakultetiga o'qishga kirgan. Fakultetdagi tahsil jarayonida so'l yo'nalishdagi gazetalar bilan hamkorlik qiladi. 1936- yili sayyor teatr «Teatr de Travay» («Mehnat teatri») ni tashkil etadi.

Studentlik yillarida Jid, Dostoyevskiy, Nitsshe kabi mutafakkirlar ijodi bilan yaqindan tanishadi. Bu tanishuv Kamyu dunyoqarashining shakllanishida katta o'rin tutadi. U, ayniqsa, Dostoyevskiy ijodiga alohida muhabbat bilan qarar edi. O'zi boshchilik qilgan «Mehnat teatri» sahnalashtirgan «Aka-uka Karamazovlar» pyesasida Ivan Karamazov rolini ijro etgan.

Keyinchalik ekzistensializm oqimining yirik namoyandalari Kerkegor, Shestov, Xaydeggerlarning ijodini chuqur o'rganadi. Universitet ta'limini «Xristian metafizikasi va neoplatonizm» mavzuida diplom ishi himoyasi bilan yakunlaydi. U Plotin falsafasini o'rganishni davom ettirishni niyat qilib qo'ygan edi, biroq sog'lig'i yomonligi (sil kasali) tufayli falsafa fanlari bo'yicha ilmiy daraja olish imtihonlarida qatnashish uchun ruxsat bermaydilar. Shundan so'ng ilmiy ishdan voz kechadi va poytaxt Madaniyat uyining boshlig'i vazifasida ishlaydi.

Studentlik yillarida kommunistlar partiyasiga a'zo bo'ladi, Jazoir musulmonlari ichida targ'ibot ishlari olib boradi, biroq tez o'tmay partiya safidan chiqadi va o'zini ijodga bag'ishlaydi.

30- yillar oxirida uning ilk nasriy asarlar to'plami e'lon qilinadi, birinchi romani «Baxtli o'lim» ni yozadi, «Sizif haqida asotir» falsafiy essesi ustida ish boshlaydi.

1938- yilda «Respublikachi Aljir» gazetasiga jurnalist sifatida qabul qilinadi, biroq Ikkinchi jahon urushi boshlanishi munosabati bilan undan ketadi. Tanishlari Kamyuga poytaxt gazetasi «Pari-Suar» da ishlashni taklif qiladilar va u birinchi marta Parijga keladi. Ko'p o'tmay gazeta yopiladi va Kamyu Jazoirga qaytadi. U yerda «Sizif haqidagi asotir» asari ustidagi ishiga yakun yasaydi.

1942- yilda Kamyu ikkinchi marotaba Fransiyaga keladi. Yozuvchining bu palladagi hayoti juda qizg'in va ijodi sermahsul kechgan. Tabiatan hayotga faol aralashishga moyil bo'lgan Kamyu fashizmga qarshi milliy ozodlik harakatida ishtirok etadi, «Komba» yashirin tashkilotiga a'zo bo'lib kiradi, tashkilot gazetasiga muharrirlik qiladi, «Nemis do'stga maktublar» ni chop ettiradi. 1942- yil yozida qamal holatidagi Parijda «Begona» qissasi dunyo yuzini ko'radi, «Komba» gazetasida «Sizif haqida asotir» essesi bosiladi. 1947- yilda urushga qarshi dahshatli aybnoma bo'lgan «Vabo» romani nashr etiladi. Shu yillari qator pyesa, esse va qissalar ham yozadi.

1957- yilda Alber Kamyu «insoniyat oldiga bugungi kun muammolarini butun keskinligi bilan qo'yuvchi adabiy asarlarining ahamiyati uchun” Xalqaro Nobel mukofoti bilan taqdirlanadi. Alber Kamyuning hayoti kutilmaganda fojiali yakun topadi. 1960- yilning 4- yanvarida rojdestvo kunlaridan keyin Parijga kelayotib yo'lda avtomobil halokatida dunyodan ko'z yumadi. Yozuvchining o'limi butun G'arb san'at olamini larzaga soladi, u tiriklik chog'idayoq «G'arbning isyonkor vijdoni» degan nom olgan edi. Kamyuning buyuk zamondoshi, amerikalik yozuvchi Folkner bu o'lim munosabati bilan shunday yozadi: «Bu tinmasdan o'zini izlayotgan va tahlil qilayotgan qalb edi. Mashinasi daraxtga urilgan o'sha daqiqalarda ham u hamon o'zidan javob axtarar va talab qilar edi. O'sha so'nggi daqiqalarda u izlagan javobini topganmikin?»

Alber Kamyuning muxtasargina umri davomida yaratgan asarlari hayotlik chog'ida ham, vafotidan keyin ham jahon kitobxonlarini hayajonga solib kelmoqda, hanuzgacha turli-tuman qarashlar, o'y-mushohadalar, bahs-munozaralarga sabab bo'lmoqda.

Kamyu adabiyotdagi yangi yo'l izlovchi, tajribachi, kashfiyotchi adiblar sirasiga kiradi. Kamyu asarlari «tilsimini» ochish, uning ijodi mohiyatini anglab yetish uchun G'arb adabiyotidagi ijodiy metod va oqimlardan xabardor bo'lish lozim.

Alber Kamyu XX asrda vujudga kelgan ekzistensializm falsafani rivojlantirib, absurd falsafasiga (uni fransuz ateistik ekzistensializmi ham deb ataydilar) asos soldi. Uning asosiy falsafiy-estetik qarashlari «Sizif haqida asotir» asarida o'z ifodasini topgan. Sizif qadim yunon rivoyatlariga ko'ra xudolar tomonidan hayotga bo'lgan cheksiz muhabbati uchun jazolanadi, abadiy qiynoqqa mahkum etiladi. U to'g'risidagi asotirlardan birida naql qilinishicha, Sizif o'limidan oldin o'z xotinining muhabbatini sinab ko'rmoqchi bo'ladi. Shu maqsadda xotiniga jasadini hech qanday ma'rakalarsiz shahar maydoni o'rtasiga uloqtirishni buyuradi. Uning buyrug'i bajariladi. Tez orada soyalar saltanatida qayta tirilgan Sizif xotinining g'ayriinsoniy itoatidan g'azabga minadi, u bunday shafqatsizlikni kutmagandi, bu shunchaki sinov edi. Plutondan ruxsat olib, yerga xotinini jazolash uchun keladi. Biroq shirin hayot lazzatini yana bir totib ko'rgach, zulmat dunyosiga qaytgisi kelmay qoladi. Qancha yalinish va do'q-po'pisalar ham uni ortiga qaytara olmaydi. Shunda xudolar uni og'ir jazoga hukm qiladilar - Sizif ulkan xarsangtoshni tog' cho'qqisiga dumalatib olib chiqishi, manzilga yetgach esa xarsang yana ortga yumalashi, mahkum esa toshni qaytadan cho'qqiga eltishi va avvalgi holat cheksiz takrorlanaverishi lozim.

Kamyu talqinicha Sizif - absurd qahramon. U foniy dunyoga bo'lgan bemisl muhabbati va o'limga nafrati uchun shunday jazoga mustahiq. Bir turdagi bema'no va bemaqsad mehnatga majbur qilingan Sizif taqdirida Kamyu inson qismatini ko'radi. Uning mashaqqatli intilishlari, orzu-havaslarining oqibati puch, bema'ni - oxir-oqibat oldinda uni yo'qlik dunyosi, o'lim kutadi. Biroq absurd falsafasi tushkunlik, tarkidunyochilikni targ'ib qilmaydi. Naqadar bema'no, absurdligiga qaramasdan, inson uchun hayotga teng darajada qadrli narsaning o'zi yo'q. U faqat bu hayot o'tkinchi ekanligini, inson har bir daqiqani sezib qadrlab yashashi, foniy dunyo ne'matlariga o'ta ehtiros qo'yish noto'g'ri ekanligini uqtiradi.

«Begona» qissasi 1940- yilda yozib tugatilgan, 1942- yilda dunyo yuzini ko'rgan. Qissa XX asr fransuz adabiyotining, aniqrog'i, «Kamyu avlodining eng yaxshi asari», «asr san'atidagi eng yirik falsafiy asotirlardan biri» deya baholangan. Yaratilganiga 60 yildan ko'p bo'lganiga qaramay «Begona» hanuz Fransiyada eng sevib o'qiladigan asarlardan hisoblanadi. Qissa vatanidagina emas, jahonning ko'plab mamlakatlarida ham shuhrat qozongan.

Bir qarashda asar qahramoni jazoirlik oddiy xizmatchi Mersoning hayoti boshqalarnikidan uncha farq qilmaydi — el qatori ishlaydi, dam oladi, kundalik ikir-chikirlar bilan band kun kechiradi. Biroq ayni paytda qissaning ilk satrlaridanoq Mersoni boshqalardan ajratib turuvchi jihati ham namoyon bo'la boshlaydi. U o'ta rostgo'y, munofiqlikni bilmaydigan va o'zgalar u haqda nima o'ylashlari bilan qiziqmaydigan shaxs. Asar voqeasi Mersoning onasi o'limi haqidagi telegrammani olishidan boshlanadi. Merso xatning rasmiy mazmunini uncha anglamaydi, chunki onasi uning uchun ilgariroq, qariyalar uyiga joylaganida o'lgan edi. Shu sababli bu sovuq xabarni bir qadar loqayd qabul qiladi.

Onasini ko'mish uchun qariyalar uyiga kelganda ham Merso, odatda, azada bo'ladigandek o'zini iztirob chekayotgan kishi qilib ko'rsatishga urinmaydi. Faqat uni onasini qariyalar uyiga joylagani uchun ayblashlari mumkinligini elas-elas payqab, o'zini oqlamoqchi bo'ladi, biroq qariyalar uyi direktori: «Siz uni boqolmas edingiz. U qarovga, hamshiraga muhtoj bo'lgan. Sizning maoshingiz ham o'zingizga yarasha», deb uni bundan xalos qiladi.

Dafn marosimi paytida Merso ko'proq jismoniy noqulayliklarni his qiladi — u tuni bilan uxlamagan, buning ustiga kun issiq... Ayni damda uning tuyg'ulari azaga kelganlarning rasmiyatchiligiga qaraganda haqiqiyroq. Merso burchini ado etmoqda, biroq o'zining befarq holatini yashirishga harakat qilmaydi.

Onasini ko'mgan kunning ertasiga uyiga qaytgan Merso dengizga cho'milishga boradi, u yerda oldin birga ishlagan va o'zi yoqtirgan qiz Marini uchratadi. Ikkovi birga suzishadi, kinoga borishadi, xursandchilik qilishadi...

Qahramonning hayoti shu tarzda davom etadi. Uni mansab, obro', boylik ham uncha qiziqtirmaydi. Boshlig'i Parijda yaxshi lavozimni taklif qiladi, Merso esa unga baribir ekanligini aytadi.

Barcha intiladigan, qabul qilgan va bo'ysunadigan tushunchalarga befarq bo'lgan Merso jismoniy hissiyotlarga nisbatan ta'sirchanligi bilan ajralib turadi. Jumladan, turmush hodisalarini sovuqqon sharhlaydigan qahramon tabiat tasvirida shoirona tilda so'zlay boshlaydi, go'yo borliqning ajralmas bir qismiga aylanadi.

Mersoning bir maromdagi sokin hayotida kutilmagan hodisa ro'y beradi, u jinoyatchi — qotilga aylanadi. Jinoyat chindan ham tasodifan ro'y beradi. Do'sti Raymon va Mari bilan Raymonning dengiz sohilida yashovchi oshnasinikiga cho'milishga borgan Merso kichkina dilsiyohlikka duch keladi. Raymonning raqibi arab bilan to'qnashuv ro'y beradi. Bu uncha ahamiyatli bo'lmagan janjal tinchigach, uning kayfiyati buziladi. Qumloqda yolg'iz kezib yurgan Merso quyoshning ayovsiz issig'iga dosh berolmaydi va muhbam kayfiyatga bo'ysunib qarshisidan chiqib qolgan arabni sababsiz otib tashlaydi. Bu o'rinda ham qahramonga xos bo'lgan ruhiy hissiyotlarga befarq bo'lsa-da, jismoniy hissiyotlarga nisbatan o'ta sezuvchanlik xususiyatini ta'kidlash lozim. Ramziy ma'noda quyosh Mersoning jallodiga aylanadi, uni qotillikka undaydi.

Qissaning ikkinchi qismi Mersoning erkinlikdan mahrum qilingan holati va sud jarayoni tasviridan iborat. Qamoqxona muhiti ham biz kitoblarda o'qigan, filmlarda ko'rgan hayotdan farq qiladi. Bu yerda mahbusga nisbatan birorta g'ayriqonuniy harakat kuzatilmaydi, uni qiynash, dag'al muomalada bo'lish, hamxona mahbuslar tomonidan kaltaklanishi kabilarni ko'rmaymiz. Ayni paytda Merso qamoq azobini o'zicha his qiladi, eng og'ir qiynoq - bu erksizlik ekanligini anglab yetadi, ya'ni qumloq sohilda cho'zilib yotish, cho'milish, ayol visoli, chekish kabi oddiy ehtiyojlardan mahrum qilinishi uni azoblaydi. Chunki bular Merso uchun juda qadrli. Mersoning Mari bilan qamoqxonadagi uchrashuvi, Marining qiynoqli suratdek tabassumi, ularning atrofidagilarning holati, ona va jinoyatchi o'g'ilning bir-biriga unsiz termulishi, turfa tabiatli odamlar tasviri qissaning eng ta'sirli epizodlaridan. Ushbu bir qarashda hissiz, qahramon tabiatiga mos xolis, befarq tasvir insoniy fojialar, yashirin hissiyotlarni o'ziga singdirib olgan.

Sud jarayoni lavhasi Merso tabiati, shaxsining o'ziga xosligini, uning fojiasi va g'alabasini yorqin namoyon qiluvchi epizodlardandir.

Sud qilinayotgan Merso atrofidagilar uchun begonaligicha qolaveradi. Sud hakamlari uning xatti-harakatlarini o'zlari istagancha tushunadi va talqin qiladi Tergovchi va advokatning jinoyatchi haqidagi fikr va hukmlari bir qarashda bir-birinikidan keskin farq qiladi. Merso esa ular o'rtasida deyarli farq yo'q deb biladi. Zero, Mersoni haqiqiy jinoyati - odam o'ldirgani uchun emas, barcha ko'nikkan, kishilar o'ylab chiqargan axloq-odob tushunchalariga loqaydligi, munofiqlik qilishni istamagani uchun sud qiladilar. Tergovchi uning jinoyatini ta'kidlash uchun onasini ko'mish marosimida yig'lamagani, ertasi kuni Mari bilan ko'ngil ochgani, film tomosha qilgani kabilarni dalil sifatida keltiradi, uni ma'naviy majruhga chiqarib qo'yadi. Advokat esa halol inson ekanligi, yaxshi xizmatchiligini ta'kidlab, uni himoya qiladi, dafn marosimi haqida esa ishni buzib qo'yuvchi fakt sifatida ataylab so'z ochmaydi. Mohiyatan ularning har ikkisining dalillari bema'no, absurd xarakter kasb etadi. Aslida insonning qalb dunyosi daxlsizdir, uni o'y-fikri, xayollari, tuyg'ulari uchun ayblashga boshqa insonning haqqi yo'q.

Onasini sevish-sevmasligi, azada rasmiyatchilik uchun dod solib yig'lamasligi Mersoning o'zigagina havola. Uni sudda xudoga ishonmaganligi uchun ham ayblaydilar. Qahramon bu masalada ham o'zligiga sodiq, u faqat mavjud, ko'rish, his qilish mumkin bo'lgan narsalargagina ishonadi, boshqa narsalar uning uchun o'z ma'nosini yo'qotgan, Inson qismatiga oxir-oqibat o'lim yozilgan ekan, u ehtiros va e'tiqod qo'ygan barcha narsalar bema'ni yupanch, aldovga aylanadi.

Merso avvalroq ana shu xulosaga kelgan. Tevarak-atrofida ro'y berayotgan hodisalar, uning jamiyatga begonaligi, uni tushunmasliklari faqat shu xulosasini tasdiqlash uchun xizmat qiladi. Albatta, qotillik qilgan odam jazolanishi kerak. Lekin Mersoning eshafotga jo'natilishi, olomon oldida kallasi tanidan judo qilinishga hukm etilishida qandaydir adolatsizlik borligini his etasiz. Yozuvchi ham kitobxonda shu taassurotni uyg'otishga intilgan. Odamlar tomonidan o'ylab chiqilgan omonat axloqiy tushunchalar, rasmiyatchilikning qudratli mexanizmi Mersoni jismonan mahv etadi, jamiyat Mersoni qotilligi uchun emas, barchaga o'xshamagani uchun kechirmaydi va o'limga mahkum etadi. Merso munofiqlik qilishi, tavba-tazarru qilib afv so'rashi mumkin edi. Biroq u o'zi tanlagan yo'liga sodiq qoladi, bu foniy dunyoning odamlar o'ylab chiqargan shaxs erki, mayliga zid, sun'iy, omonat tartib-qoidalari absurd, bema'nilikdan iborat deb biladi. O'zligiga, ko'ngil haqiqatiga sodiq qolib bu dunyodan ketayotganidan taskin topadi.

Alber Kamyu yaratgan bu g'aroyib qahramon va ajoyib qissa ustidagi bahslar hali uzoq davom etaveradi, kitobxonni hayot va inson haqida o'ylashga, mushohada yuritishga chorlayveradi.


Yüklə 312,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   19   20   21   22   23   24   25   26   ...   29




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin