Mavzu: Raqobat va yakkahokimlik Xamidov Abduvosit Mundarija Kirish
Mavzu:Raqobat va yakkahokimlik
Xamidov Abduvosit
Mundarija
Kirish………………………………………………………………………..3
1.Raqobatning mohiyati va raqobatlashuv usullari…………………......11
2.Mukammal va nomukammal raqobat………………………………….23
3.Raqobat strategiyasi va raqobatchilik muhiti………………………….29
Xulosa………………………………………………………………………30
Foydalanilgan adabiyotlar………………………………………………...31
Kirish
O’zbekistonda davlatning raqobatchilik muhitini shakllantirishga qaratilgan siyosatida xususiylashtirish, davlat mulki hisobidan mulkchilikning boshqa shakllarini vujudga keltirish asosiy o’rin tutadi. Xususiylashtirish natijasida mulk egalari qo’liga topshirilgan taqdirda, ko’p tarmoqli iqtisodiyot va raqobatchilik muhiti vujudga keladi. Raqobatning amal qilishi ma’lum shart-sharoitlarning mavjud bo’lishini taqozo etadi. Bunday shart-sharoitlar faqat bozor munosabatlari qaror topgan muhitda mavjud bo’lishi mumkin. Shunday ekan, bozor iqtisodiyotini yuzaga keltirish ayni vaqtda raqobatchilik muhitining shakllanishini ham bildiradi.
Iqtisodiy sub’ektlarning qulay mavqega ega bo’lish, daromad olishga intilishlari natijasida raqobat kelib chiqadi. Raqobat tarixiy taraqqiyot mahsuli bo’lganligi uchun uning ijtimoiy va iqtisodiy jihatlari mavjuddir. Raqobatda inson manfaatini aks ettiruvchi barcha xususiyatlar, ya’ni ijtimoiy, siyosiy, huhuqiy, ma’naviy kabi qator boshqa jihatlar asos sifatida yuzaga chiqadi.
Bozor munosabatlari rivojlangan mamlakatlarda raqobatchilik muhiti uzoq davr mobaynida o’z-o’zidan, evolyutsion yo’l bilan vujudga kelgan.Bunday holat asta-sekin erkin raqobat muhitining tashkil bo’lishiga olib keldi.
Iqtisodiyotda monopollashuv tamoyillari kuchayib borishi bilan raqobat cheklanadi. Shu sababli raqobatchilik muhitini vujudga keltirishda davlat kam qatnashadi. Bu davlatning monopoliyalarga qarshi siyosatida o’z aksini topadi. Har bir mamlakatdagi aniq vaziyat, ya’ni iqtisodiyotning monopollashuv darajasi, uning miqyosi va xarakteriga qarab, bu siyosat erkin raqobat muhitini yangidan yaratish, uni saqlab qolish, zarurbo’lganda qaytadan tiklash, raqobat usullarini qaror toptirishga qaratiladi.
1.Raqobatning mohiyati va raqobatlashuv usullari.
Raqobat bozor iqtisodiyotining asosiy harakatlantiruvchi kuchi bo’lib, u bozor iqtisodiyotining rivojlanib borishi bilan takomillashib, kengayib, o’z shakllarini o’zgartirib boradi. Raqobat bozor iqtisodiyotining tub belgilaridan biri. Bozor tizimi uchun raqobat obyektiv zarurat hisoblanadi, chunki raqobatsiz iqtisodiy taraqqiyot bo’lishi mumkin emas. Birinchi prezidentimiz I.A.Karimov raqobatning bozor iqtisodiyoti ayniqsa, iqtisodiyotni erkinlashtirish, haqiqiy raqobat muhitini shakllantirish bilan uzviy bog’liqligini ko’rsatib: “Raqobat bo’lmasa, bozor iqtisodiyotini barpo etib bo’lmaydi. Raqobat bozorning asosiy sharti, aytish mumkinki uning qonunidir”1 deb ko’rsatgan.
Raqobat bo’lmasa bozor sharoitida iqtisodiyot normal rivojlanmaydi.
Raqobat lotincha “cacuro” so’zidan olingan bo’lib to’qnashuv degan ma’noni bildirsa, o’zbek tilida “kim o’zdi”, “bellashuv” ma’nosini anglatadi.
Raqobat iqtisodiy faoliyat olib boruvchi obyektlarning har birini o’z manfaati yo’lida yuqori daromad, (foyda) olishga, bozorda nufuzli mavqe (imedj)ga, obro’ga ega bo’lish uchun boshqalar bilan kurashi, bellashuvidir.
Bozor ishtirokchilari (subyektlari) g’oyat ko’pchilik bo’lib, bular firmalar, xonadonlar, turli tashkilotlardan iborat. Bulardan har birining o’z mulki bor, ularning boshqalarnikidan farqlanuvchi iqtisodiy manfaatlari mavjud. Iqtisodiyot ishtirokchilarining mulk sohibi bo’lishi ularni alohidalashtiradi, ularning ko’pchilik bo’lishi iqtisodiyotdagi tarqoq tuzilmani hosil qiladiki, bu ularning manfaatlarini farqlantirmasdan qolmaydi. Biz bilamizki, manfaatlar individual, korporativ va milliydir. Individual manfaat bu ayrim shaxsning yoki xonadonning manfaati bo’lsa, korporativ manfaat guruhiy bo’lib, korxona jamoasining umumiy manfaatini bildiradi. Bozor iqtisodiyoti uchun individual manfaat birlamchi bo’ladi. Ammo uni yuzaga chiqarish uchun korporativ manfaat bilan ham hisoblashishga to’g’ri keladi. Manfaatlar aniq iqtisodiy maqsadga aylanadi. Firmaning maqsadi o’z foydasiga maksimumlashtirishdan iborat va shunga erishish uchun u boshqalar bilan bozorda raqobat qiladi
Raqobatni hammaning hammaga qarshi kurashi, deb bo’lmaydi. Raqobat manfaatlar to’qnashgan joyda yuz beradi, manfaatlar uyg’unlashgan joyda esa partnyorlik kelib chiqadi.
Raqobat qonuni – bozor tizimining shunday iqtisodiy qonunidirki, unga ko’ra iqtisodiyot subyektlarining o’z maqsadlari yo’lidagi o’zaro kurashi muqarrar bo’ladi, bu kurash bozorga xos usullarda olib boriladi va subyektlarni iqtisodiy jihatdan saylanib olinishi yuzaga keltiradi.
Mazkur qonunning obyektivligi shundaki, raqobatni iqtisodiy muhitning o’zi, kishilarning xohish-irodasidan qat’iy nazar taqozo etadi. Bu muhit cheklangan iqtisodiy resurslarni mulk sifatida bo’lib olinganligi va ularni qayta taqsimlash asosida ulardan eng samarali foydalanuvchilarga yo’l berilishini taqozo etadi.Binobarin, raqobat cheklangan resurslardan samarali foydalanish zaruratidan kelib chiqadi. Raqobat qonuni bozor iqtisodiyotining integral qonuni, ya’ni u iqtisodiyotning hamma sohalariga xos bo’ladi, uning amal qilish doirasi doimo kengayib boradi. Odatda raqobat bir turdagi yoki o’rinbosar tovarlarni ishlab chiqaruvchi yoki shunga o’xshash xizmatlarni ko’rsatuvchilar o’rtasida yuz beradi. Raqobat maydoni – bu bozordir. Bozorda bir xil, turdosh yoki o’rinbosar tovarlarni sotuvchilar bellashganda, ular sotish hajmini ko’paytirishga, bozorda o’z mavqeyini saqlab qolish va mustahkamlashga intiladi, o’z raqibini bozordan siqib chiqarish va uning o’rnini egallashga harakat qiladi. Bu yerdagi kurash xaridorni o’z tovariga jalb etish, uni o’zining doimiy mijoziga aylantirish, unga tovarni ko’proq sotish, xullas, xaridor pulini olish uchun boradi. Bozorda xaridor bilan sotuvchi ham raqobat qiladi. Bozor xaridor bilan sotuvchi ham raqobat qiladi. Sotuvchi tovarni qimmatroq sotishga intilsa, xaridor uni arzonroqqa olishga harakat qiladi, chunki bunday xatti-harakat ularning manfaatlaridan kelib chiqadi. Sotuvchi tovarni yaxshi pullasa, uning daromadi ortadi, xaridor tovarni arzon-garov olsa, u o’z puliga tovarlarni ko’proq xarid etib, o’z ehtiyojini to’laroq qondiradi.
Dostları ilə paylaş: |