Majhul nisbat
Bu shakldagi fe’lda harakat bajaruvchisi sub’ekt (ega) emas, ob’ekt (to‘ldiruvchi) sanaladi yoki harakatning haqiqiy bajaruvchisi noma’lum bo‘ladi.
Masalan: Ot-aravalar birin-ketin saroyga olib kirildi (H.G‘ .) gapida olib kirildi harakatining bajaruvchi sub’ekti noma’lum, ot-aravalar so‘zi ega vazifasida kelsa-da, ob’ekt vazifasini bajargan.
Kesimi majhullik nisbatidagi fe’l bilan ifodalangan gap qurilishi tilshunoslikda passiv konstruktsiya deb yuritiladi.
Majhullik nisbati quyidagi qo‘shimchalar bilan yasaladi:
a) fe’l negiziga unlidan so‘ng –l, undoshdan so‘ng –il affiksini qo‘shish bilan: yasa-l(-di), ata-l(-di), yut-il(-di), sot-il(-di) kabi;
b) fe’l negiziga unlidan so‘ng –n, undoshdan so‘ng –in affiksini qo‘shish bilan: bastala-n(-di), ol-in(-di) kabi.
Majhullik nisbatdagi fe’lni hosil qilishda –l (-il) affiksi ko‘proq qo‘llaniladi. Ba’zan ayni bir fe’l negizidan –l (-il), -n (-in) affikslari bilan ham o‘zlik, ham majhullik nisbati yasalishi mumkin. Bunday bir xil shaklda kelgan bir xil fe’l negizining o‘zlik yoki majhullik nisbatda ekanligi matndan aniqlaniladi. Masalan: Zulfiya darsga tayyorlandi. Operatsiyaga meditsina uskunalari tayyorlandi.
Dostları ilə paylaş: |