2-savol bayoni.
Ravish tuzilishiga ko‘ra: 1) sodda, 2) qo‘shma, 3) juft, 4) takroriy ravishlarga bo‘linadi.
Sodda ravishlar bir o‘zak morfemadan tuziladi: yaqqol, ko‘p, hozir, vijdonan, kamtarona kabi.
Qo‘shma ravishlar ikki so‘z asosining birikishi orqali tuziladi: har gal, bir vaqt, tez fursatda, shu yoqqa kabi.
Juft ravishlar ikki so‘z asosining teng bog‘lanishidan tuziladi: hali-beri, erta-kech, eson-omon kabi.
Takroriy ravishlar esa bir so‘z asosini aynan takrorlash bilan yoki ikkinchi takrorlangan ravishda tovush o‘zgarishi yuz bergan holda tuziladi: endi-endi, asta-asta, oz-moz, sal-pal, zo‘rg‘a-zo‘rg‘a kabi.
Takroriy ravishlar so‘zning leksik ma’nosini o‘zgartirmay, balki ortiqligi, kamligi, noaniqlik, ta’kid kabi qo‘shimcha ma’nolarni ifodalab keladi.
3-savol bayoni
Ravish so‘zlar ham -roq qo‘shimchasini olib va eng, juda, g‘oyat, nihoyat kabi daraja ifodalovchi so‘zlar bilan birikib, belgining turlicha darajasini ifodalaydi.
Ravishlarga -roq qo‘shimchasi qo‘shilganda asosan harakat va belgiga xos belgining kamligi, kuchsizligi, biroz etishmasligi ma’nolarini; eng so‘zi bilan kelganda esa belgining ortiqligini (eng keyin, eng avval, eng yuqori, eng oldin) bildiradi.
Ravishlar juda, g‘oyat, nihoyat so‘zlari bilan birikib, harakat belgisining ko‘pligi, kuchaytirilganligi ma’nosini bildiradi: juda ilgari, juda kech, juda uzoqdan, g‘oyat tez, g‘oyat sekin, nihoyatda sekin, nihoyatda uzoqdan.
Ravishlarga -gina (-kina, -qina) qo‘shilganda harakat – holat belgisining kuchsizlanganligini, ta’kidlanganligi ma’nosi anglashiladi: ozgina, sekingina, hozirgina, endigina, haligina, boyagina, kechagina, salgina kabilar.
Dostları ilə paylaş: |