Maktabgacha ta`lim uzluksiz ta`limning boshlang'ich qismi hisoblanadi. U bolaning sog’lom va rivojlangan shaxs bo’lib shakllanishini ta`minlab, o’qishga bo'lgan ishtiyoqini uyg’otib, tizimli o’qitishga tayyorlab boradi. 6-7 yoshgacha bo’lgan maktabgacha ta`lim davlat va nodavlat bolalar maktabgacha ta`lim muassasalarida va oilada amalga oshiriladi. Maktabgacha ta`limning maqsadi – bolalarni maktabdagi o’qishga tayyorlash, bolani sog’lom, rivojlangan, mustaqil shaxs bo’lib shakllantirish, qobiliyatlarini ochib berish, o’qishga, tizimli ta`limga bo’lgan ishtiyoqini tarbiyalashdir.
Maktabgacha ta`lim muassasasida bolalarning hayoti va sog’lig’ini muhofaza qilish maktabgacha ta`lim muassasasi hamda shtatdagi tibbiyot xodimlari, shuningdek maktabgacha ta`lim muassasasiga biriktirilgan sog’liqni saqlash organlarining tibbiyot xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.