Kurs ishining predmeti va obyekti: Muhammad Solihning “Shayboniynoma” asaridan Markaziy Osiyo tarixining tegishli davrini o’rganishda muhim manba sifatida toʼlaqonli va samarali foydalanish va uni tarix ilmiga tadqiq qilish tizmi kurs ishi obyekti hisoblansa, tarix ilmiga tadqiq qilishni tashkil etish va rag’batlantirish tizimidagi munosabatlari kurs ishining predmeti hisoblanadi.
Mavzuning o’rganilganlik darajasi: Asar XIX asrdayoq yevropaliklarning e’tiborini o‘ziga tortgan. Bu borada gap ketar ekan, o‘zbek adabiyoti yodgorliklarining birinchi tarjimonlaridan mashhur venger sharqshunos olimi Vamberining (1832—1913) xizmatini alohida qayd qilmoq lozim. U Yusuf xos Hojibning «Qutadg‘u bilik» dostonini «Uyg‘ur tili obidalari va Qutadg‘u bilik» nomi bilan 1870 yili Insburkda va 1885 yili Venada «Xorazmlik shahzoda Muhammad Solihning 76 bobdan iborat o‘zbekcha qahramonlik eposi «Shayboniynoma» degan nomda Muhammad Solih asari asl matnini va nemischa tarjimasini nashr ettiradi. Agar «Qutadg‘u bilik» — umumturkiy xalqlarning mushtarak adabiy obidasi bo‘lsa, «Shayboniynoma» — o‘zbek adabiyotining obidasi. Vamberi o‘zbek xalqi va O‘rta Osiyoning boshqa xalqlari adabiyoti, madaniyati va tarixiga oid ko‘pgina asarlar ham yozgan. Uning asarlari ingliz, nemis, frantsuz va boshqa bir qator Yevropa tillariga tarjima qilingan. Garchi venger olimiga qadar ayrim nemis sharqshunoslari o‘zbek adabiyoti namunalaridan nemis tiliga o‘girish ishi bilan shug‘ullangan bo‘lsalar-da, lekin ularning hech biri bu sohaga Vamberi singari chuqur kirishmagan edi. Ular o‘zbek adabiyoti namunalaridan qilgan tarjimalarini ko‘pincha boshqa til vositasida amalta oshirganlar. Vamberi tarjimalari esa bevosita asl nusxa tilidan o‘girilgan. Bu borada uning yoshligidanoq Osiyoga bo‘lgan muhabbati tufayli bir qator Sharq tillarini o‘rganganligi katta foyda beradi. Bir venger baronining yordamida anchagina mablag‘ bilan ta’minlangan olim 1856-yili Konstantinopolga boradi. Bu yerda to‘rt yil muallimlik qiladi. Turk tilini va Sharqning urf-odatlarini yaxshi o‘rganadi. Vamberi 1858 yili nemischa-turkcha, 1860 yili esa nemischa-chig‘atoycha lug‘atlarni nashr ettiradi. 1861 yilda u Vengriya Fanlar akademiyasining muxbir a’zoligiga saylanadi. 1863 yilda Vengriya Fanlar akademiyasining topshirig‘i bilan Tehronga boradi. Yigirmadan ortiq Yevropa hamda Sharq tillarini bilgan Vamberi Makkadan vataniga qaytayotgan hojilarga qo‘shilib darvish qiyofasida Mozandaronga o‘tadi va turkman cho‘llari orqali Xivaga yetib keladi. Xiva va Qo‘ng‘irotda bir muddat turgandan so‘ng u Qizilqum orqali Buxoro va Samarqandga boradi. Qarshi, Kerki, Maymana kabi shaharlarni borib ko‘rgandan keyin esa Hirot, Mashhad, Tehron va Trapezond (Turkiyadagi shahar — X. G‘.) orqali Konstantinopolga qaytadi. Vamberining sayohat manzillari o‘sha davrda shunchalik hayratomuz ediki, hatto Yevropadagi ko‘pchilik olimlar unga ishonmaganlar. Keyingi sayyohlar O‘rta Osiyoni ko‘rib, tanishganlaridan so‘ng unga qo‘yilgan ayblar asossiz ekani isbotlangan. 1865 yili Pesht universiteti Vamberiga Sharq tillari professori unvonini beradi. Olim O‘rta Osiyo xalqlarining XIX asr 60-yillaridagi geografik muhiti, tarixiy, ijtimoiy munosabatlari, turmush va madaniy hayoti haqida, eski o‘zbek, uyg‘ur tillari, tatar-turk va fin-ugor leksikografiyasiga doir asarlar yozgan. Xo‘sh, Vamberi «Shayboniynoma»ni nega tarjima qildi? Bizningcha, doston Vamberini tarixiy asar sifatida ko‘proq qiziqtirgan. U XV asr oxiri va XVI asr boshlaridagi O‘rta Osiyo tarixi, geografiyasi, etnografiyasi, madaniyatini o‘rganish borasida «Shayboniynoma»ning ahamiyatini yuqori baholaydi. Shuning uchun ham u asar tarjimasiga bejiz qo‘l urgan emas. Vamberining o‘zi bu haqda shunday deydi: Maqsadim nemis tiliga ag‘daruvchi tarjimon bo‘lish emas, Markaziy Osiyoning turkiy adabiyotidan... biror-bir asarni tarixchilar, etnograflar va turkologlarga yordam berish uchun umumiy mazmunga yaqinroq keltirib tarjima qilish edi.»1
I bob. Shayboniylar davrida Movarounnahrda ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy ahvol