Davlat metrologik xizmati - Mamlakatda o’lchashlar birliligini ta’minlash bo’yicha ishlarni mintaqalararo va sohalararo darajada bajaruvchi va davlat metrologik tekshiruvi va nazoratini amalga oshiruvchi metrologik xizmat.
Davlat boshqaruv idorasining metrologik xizmati - mazkur vazirlik (mahkama) doirasida o’lchashlar birliligini ta’minlash ishlarini bajaruvchi va metrologik nazorat hamda tekshiruvini amalga oshiruvchi metrologik xizmat. Yuridik shaxs metrologik xizmati- mazkur muassasa (tashkilot) da o’lchashlar birliligini ta’minlash ishlarini bajaruvchi va metrologik tekshiruv hamda nazoratini amalga oshiruvchi metrologik xizmat. Metrologiya bo’yicha milliy idora - davlatda o’lchashlar birliligini ta’minlash ishlariga rahbarlikni bajarishga vakolatli davlat boshqaruv idorasi. Metrologik tekshiruv - o’lchash jarayoni elementlarini me’yoriy hujjatlar talablariga muvofiqligini aniqlash va tasdiqlashni o’z ichiga olgan vakolatli idoralar va shaxslar faoliyati. Metrologik nazorat - o’lchash jarayoni elementlarining holati, ishlatilishi va o’rnatilgan tartibda metrologik qoidalar amalga oshirilganligini baholash uchun vakolatli idoralar va shaxslar faoliyati. O’lchash vositalarini tekshiruvdan o’tkazish- o’lchash vositalarining belgilab qo’yilgan texnikaviy talablarga muvofiqligini aniqlash va tasdiqlash maqsadida davlat metrologiya xizmati idoralari (vakolat berilgan boshqa idoralar, tashkilotlar) tomonidan bajariladigan amallar majmui. O’lchash vositalarini kalibrlash- metrologik jihatlarning haqiqiy qiymatlarini va o’lchash birliklarining qo’llashga yaroqliligini aniqlash hamda tasdiqlash maqsadida kalibrlash laboratoriyasi bajaradigan amallar majmui. O’lchash vositalarini ishlab chiqish, yaratish (ta’mirlash, sotish, ijaraga berish) uchun lisenziya - davlat metrologiya xizmati tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarga beriladigan, mazkur faoliyat turlari bilan shug’ullanish xuquqini guvohlantiruvchi hujjat