4-mavzu. O‘zbekistonning o‘ziga xos istiqlol va taraqqiyot yo‘li.
Reja:
1.Mustaqil taraqqiyotning dastlabki bosqichidagi muammolar.
2.O‘zbekistonning o‘ziga xos taraqqiyot yo‘lini tanlashi. Taraqqiyotning “O‘zbek modeli” va uning o‘ziga xos xususiyatlari.
3. O‘zbekistonning ijtimoiy-siyosiy rivojlanish strategiyasi: yangilanish va taraqqiyot yo‘li.
4. O‘zbekistonning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlashga qaratilgan strategiya asoslari.
5. Mustaqillik – me’yoriy-huquqiy asoslarining yaratilishi.
6. Yangi Konstitutsiyaning qabul qilinishi va uning tarixiy ahamiyati. Davlat ramzlari.
Jahon tajribasi shundan dalolat beradiki, o‘z davlatchiligini qo‘lga kiritish, milliy va ijtimoiy ozodlikka erishish hech qayerda yengil va osonlikcha bo‘lmagan. Mustaqilikka erishgan har bir mamlakat o‘z taraqqiyot yo‘lini izlaydi, yangi jamiyat barpo etishda o‘z andozasini ishlab chiqishga intiladi. Ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy vaziyat, odamlar o‘rtasida tarkib topgan munosabatlar, ularning dunyoqarashi, jumladan diniy e’tiqodi, ruhiyati va xulq-atvor normalari shuni taqozo etadi. Dunyoda ijtimoiy taraqqiyot yo‘lining turli variantlari mavjud. Turkiya, Janubiy Koreya, Shvetsiya modellari va boshqalar bunga misoldir. Bir qancha musulmon mamlakatlari va yangi industrial mamlakatlarning tajribasi ham shuni ko‘rsatadi. Ikkinchi jahon urushidan so‘ng Ovrupo mamlakatlari va Yaponiya xalq xo‘jaligini qayta tiklash ham buning amaliy namunasidir.
O‘zbekiston boshqa davlatlar taraqqiyoti jarayonida to‘plangan va respublika sharoitiga tatbiq qilsa bo‘ladigan barcha ijobiy va maqbul tajribalardan shak-shubhasiz samarali foydalanadi. Gap biron-bir modelni, hatto u ijobiy natijalar bergan taqdirda ham, ko‘r-ko‘rona ko‘chirib olish to‘g‘risida borayotgani yo‘q. Aniq-ravshan vositalar va usullar qaysi mamlakat uchun mo‘ljallangan bo‘lsa, o‘sha mamlakatning o‘ziga xos sharoitidagina ijobiy natija beradi.
Jahon va o‘zimizning amaliyotimizdan olingan barcha unumli tajribani rad etmagan holda o‘z ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy taraqqiyot yo‘limizni tanlab olish respublikaning qat’iy pozitsiyasidir. Bu - o‘tmish yillarning xatolarini, davlat tuzilishining shakl va usullariga nisbatan mavjud qarashlarni idrok etish natijasidir. Bu - tarkib topgan ijtimoiy voqelikka berilgan real bahodir. Bu - O‘zbekiston xalqining ijtimoiy taraqqiyotga, munosib turmush sharoitiga intilishidir.
Shuni alohida ta’kidlash zarurki, soxta inqilobiy sakrashlarsiz, fojiali oqibatlarsiz va kuchli ijtimoiy larzalarsiz, evolyutsion yo‘l bilan normal, madaniyatli taraqqiyotga o‘tish - tanlab olingan yo‘lning asosiy mazmuni va mohiyatidir. Odamlarning ongi va turmushiga o‘nlab yillar mobaynida, ko‘pincha zo‘ravonlik yo‘li bilan singdirilgan narsalarni bir zumda o‘zgartirish mumkin emas. Buning uchun ijtimoiy guruhlar o‘rtasidagi munosabatlarning keskinlashuviga va ularni bir-biriga qarama-qarshi qo‘yishga barham berish bilan jamiyatni yangilash va o‘zgartirish zarurligiga odamlarning o‘zini ishontirish, harakatga keltiruvchi kuchlarni va mehnatning rag‘batlantiruvchi omillarini o‘zgartirish mumkin.
Mavjud ijtimoiy-iqtisodiy muammolarning keskinligi, ularning o‘ziga xos xususiyati bu muammolarni hal etishga alohida yondashuvni taqozo etadi. Turmush sharoiti va tarzining milliy xususiyatlari, Sharq madaniyatiga mansublik ham shuni talab etadi.
O‘zbekistonning chinakam mustaqilligiga erishishdan iborat o‘z yo‘li respublikani rivojlantirishning quyidagi asosiy o‘ziga xos xususiyatlari va shart-sharoitlarini har tomonlama hisobga olishga asoslanadi.
Avvalo, u aholining milliy-tarixiy turmush va tafakkur tarzidan, xalq an’analari va urf-odatlaridan kelib chiqadi. Chuqur ildizi o‘tmishdagi an’anaviy jamoa turmush tarziga borib taqaladigan kollektivchilik asoslari O‘zbekiston xalqiga tarixan xosdir. Kattalarni hurmat qilish, oila va farzandlar to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish, ochiq ko‘ngillilik, millatidan qat’i nazar odamlarga xayrixohlik bilan munosabatda bo‘lish, o‘zgalar kulfatiga hamdard bo‘lish va o‘zaro yordam tuyg‘usi kishilar o‘rtasidagi munosabatlarning meyori hisoblanadi. O‘zbeklar diyoriga, o‘z Vataniga mehr-muhabbat, mehnatsevarlik, bilimga, ustozlarga, ma’rifatparvarlarga nisbatan alohida hurmat-ehtirom - O‘zbekiston aholisiga xos fazilatlardir. Ichki va tashqi siyosatni ishlab chiqib, amalga oshirish chog‘ida islom dinini e’tiborga olish muhim ahamiyatga ega. Odamlarning turmush tarzida, ruhiyatida, ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni shakllantirishda, islomga e’tiqod qiluvchi xalqlar bilan yaqinlashish istagida ham shu omil namoyon bo‘lmoqda.
Mazkur mintaqaning qadimiy tarixi va madaniyati, bunda yashab o‘tgan Sharq mutafakkirlari va faylasuflarining jahon madaniyatini rivojlantirishga qo‘shgan g‘oyat katta hissalari ham bu yerda yashayotgan odamlar turmushining barcha tomonlariga sezilarli ta’sir o‘tkazmoqda. O‘tmishdagi allomalarning bebaho merosi qanchadan-qancha avlodlarning ma’naviy-ruhiy ongini va turmush tarzini shakllantirgan edi va u hamon ta’sir ko‘rsatmoqda.
Respublikadagi o‘ziga xos demografik vaziyat - g‘oyat muhim xususiyatlardan biridir. Jumhuriyatimizda aholi va mehnat resurslari har yili yuksak sur’atlar bilan o‘sib bormoqda. Aholining yarmidan ko‘prog‘i qishloq joylarda yashaydi va asosan dehqonchilik bilan shug‘ullanadi. Aholi tarkibida 60 foizdan ko‘prog‘i bolalar, o‘smirlar, 25 yoshgacha bo‘lgan yigit-qizlar. O‘z ajdodlari qadimdan yashab kelgan joylarga bog‘langanlik, ko‘chib yurishga moyillikning yo‘qligi respublika aholisiga xos xususiyatdir.
Respublikaning yana bir xususiyati - milliy tarkibining o‘ziga xosligidir. Etnik tarkibda tub aholi ustun mavqeni egallaydi. Shu bilan bir vaqtda respublika hududida o‘z madaniyati va an’anasiga ega bo‘lgan yuzdan ziyod millat vakillari yashab turibdi. O‘zbekistonning milliy-madaniy jihatdan g‘oyat rang-barangligi milliy o‘zligini anglash va ma’naviy qayta tiklanishning kuchayib borishi bilan uzviy birlikda jamiyatni yangilash, uni ochiq jamiyatga aylantirish uchun qudratli omil bo‘lib xizmat qiladi va respublikaning jahon hamjamiyatiga qo‘shilishi uchun qulay sharoitlarni vujudga keltiradi.
Respublika qulay geostrategik mavqega ega. Tarixan hozirgi O‘zbekistonning hududi shunday joy bo‘lganki, bu yerda juda ko‘hna savdo yo‘llari (mashhur Buyuk Ipak yo‘li) tutashgan, jo‘shqin tashqi aloqalar va turli madaniyatlarning bir-birini o‘zaro boyitishi jarayoni kechgan. Hozirgi kunda O‘zbekiston o‘zining mustaqil energetika va suv tizimlariga ega bo‘lgan sobiq sovet O‘rta Osiyosining markazida turibdi, ko‘pgina masalalarda respublikalar o‘rtasidagi bog‘lovchi bo‘g‘in bo‘lib xizmat qilmoqda va xorijiy mamlakatlar bilan munosabatlarni rivojlantirishda tobora faol rol o‘ynamoqda.
O‘zbekistonda islohotlarni amalga oshirish yo‘llari va yondashuvlarini tanlashga tabiiy-iqlim sharoitlarining o‘ziga xosligi belgilovchi ta’sir o‘tkazmoqda. Respublika qishloq xo‘jaligi aksariyat sun’iy sug‘orishga va sug‘orma dehqonchilikka asoslanadi. O‘zining suv imkoniyatlari juda cheklangan. Qishloq xo‘jalik ishlab chiqarishi, butun xalq xo‘jaligi tarkibida paxtachilik yetakchi o‘rin tutadi. O‘zbekiston mustaqil O‘rta Osiyo respublikalari orasida g‘oyat katta eksport imkoniyatiga ega bo‘lgan juda muhim strategik xom ashyo - paxta va undan tayyorlangan mahsulotni yetishtiruvchi hamda yetkazib beruvchi asosiy respublikadir. Iqlim sharoitlari meva-sabzavot mahsulotlari, pilla va boshqa g‘oyat qimmatli qishloq xo‘jalik xom ashyosini nafaqat o‘z ehtiyojlarini qondirish uchun, balki boshqa mamlakatlarga yetkazib berish uchun ham zarur miqdorda yetishtirishni ta’minlaydi.
O‘zbekiston respublikaning siyosiy va iqtisodiy mustaqilligini himoya qilish imkonini beradigan yetarli potensialga ega. Yer bag‘rining g‘oyat qimmatli mineral xom ashyolarga boyligi chuqur tarkibiy o‘zgartishlarni amalga oshirish, respublikaning jahon bozoriga chiqishini ta’minlaydigan tarmoqlarni rivojlantirish imkonini bermoqda. Shu jihatdan xalq xo‘jaligining asosan xom ashyo yetishtirishga yo‘naltirilganligini bartaraf etish va shu sababli iqtisodiyot tuzilmalari haddan tashqari bir tomonlama rivojlanganligiga, sobiq markaz o‘tkazib kelgan yakkahokimlik siyosatining natijasi bo‘lmish qaramlikka, ya’ni texnologiya va resurs jihatdan boshqa respublikalarga qaram bo‘lib qolishga barham berish hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.
Keyingi o‘n yillar mobaynida ma’lum qadriyatlarga ega bo‘lgan kishilarning muayyan ijtimoiy ongi shakllanganligini ham e’tiborga olmaslik mumkin emas. Bir tomondan, bu ijtimoiy tenglikka, kafolatlangan mehnat qilish huquqiga, yalpi bepul ta’lim va tibbiy xizmatga qat’iy tarafdorlikka intilishida namoyon bo‘lmoqda. Ikkinchi tomondan esa, yakkahokimlikdan iborat ma’muriy-buyruqbozlik tizimi keltirib chiqargan insonni mulkka egalikdan va xo‘jayinlik tuyg‘usidan begonalashtirilganligi, tayyorga ayyorlik ruhiyati yuzaga keltirilganligida ko‘rinmoqda.
Yuqorida qayd etilgan o‘ziga xos shart-sharoitlar ham alohida, ham birgalikda hozirgi bosqichda O‘zbekiston ichki va tashqi siyosatining o‘ziga xos xususiyatlarini belgilab beradi.
Yangilanish va ijtimoiy taraqqiyotning o‘zimiz tanlagan yo‘li - murakkab jarayon bo‘lib, respublika ijtimoiy turmushining iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, ma’naviy-madaniy va boshqa barcha sohalarini qamrab oladi. Bu yo‘l mustaqil O‘zbekiston ichki va tashqi siyosatining umumiy strategiyasini belgilab beradi.
Taraqqiyotning — “o‘zbek modeli” huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etish asosi Mamlakatimiz mustaqil taraqqiyot strategiyasining bosh g‘oyasi bu - xalqimiz uchun munosib bo‘lgan erkin, farovon hayotni barpo qilish va uni mutassil rivojlantirib borishdan iboratdir. Zero, jahon tajribalari ham isbotlab turganidek, aynan fuqarolik jamiyati sharoitida inson hayotini tashkil etish, uning haq-huquqlarini ro‘yobga chiqarishning eng samarali va maqbul bo‘lgan imkoniyatlari vujudga keladi. Fuqarolik jamiyati insoniyat jamiyatini tashkil etishning eng zamonaviy va takomillashgan usuli sifatida barcha tomonidan e’tirof etilayotgani ham bejiz emas. I.A.Karimov ta’kidlaganidek, “Biz uchun fuqarolik jamiyati - ijtimoiy makon. Bu makonda qonun ustuvor bo‘lib, u insonning o‘z-o‘zini kamol toptirishiga monelik qilmaydi, aksincha, yordam beradi. Shaxs manfaatlari, uning huquq va erkinliklari to‘la darajada ro‘yobga chiqishida ko‘maklashadi. Ayni vaqtda boshqa odamlarning huquq va erkinliklari kamsitilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Ya’ni erkinlik va qonunga bo‘ysunish bir vaqtning o‘zida amal qiladi, bir-birini to‘ldiradi va bir- birini taqozo etadi. Boshqacha aytganda, davlatning qonunlari inson va fuqaro huquqlarini kamsitmasligi lozim. Shuning barobarida barcha odamlar qonunlarga so‘zsiz rioya qilishlari shart . Bu o‘rinda ta’kidlash joizki, taraqqiyotning “o‘zbek modeli” doirasida mamlakatimizda zamonaviy huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyatini shakllantirish uchun zarur bo‘lgan barcha asoslar mavjuddir. Mazkur model tarkibida mujassam bo‘lgan tamoyillar mamlakatimizda fuqarolik jamiyatining siyosiy, iqtisodiy-ijtimoiy, huquqiy zaminlarini vujudga keltirish uchun kuchli imkoniyatlarga egadir. Zero, ushbu tamoyillar va unga asoslanuvchi konseptual g‘oyalarda fuqarolik jamiyatining mohiyati, vazifalari, shakllanish qonuniyatlari, xalqimiz dunyoqarashi va extiyojlaridan kelib chiquvchi barcha jihatlar o‘z aksini topgandir. Jumladan, “o‘zbek modeli” fuqarolik jamiyatining huquqiy asoslari, institutsional zaminlari va eng muhimi demokratik g‘oyalarini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan mustahkam asoslarni o‘zida mujassamlashtirgandir. Xususan, yurtboshimiz tomonidan asoslab berilgan “Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari” konsepsiyasi ushbu tamoyilning etakchi o‘zagini tashkil etadi. Mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini shakllantirish jarayonlarining strategik yo‘nalishlarini belgilanishida taraqqiyotning “o‘zbek modeli” mohiyatidan kelib chiquvchi barcha tamoyillar etakchi asos vazifasini o‘tamoqda. Xususan, ushbu jarayonlarda davlatning bosh islohotchilik rolini alohida ko‘rsatib o‘tish lozimdir.
Mustaqil davlatimiz tomonidan avvalambor mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini shakllantirishning g‘oyaviy va huquqiy asoslari belgilab berildi. Birinchi Prezidentimiz I.A.Karimov ta’kidlaganidek: “Bizning bosh strategik maqsadimiz qat’iy va o‘zgarmas bo‘lib, bozor iqtisodiyotiga asoslangan erkin demokratik davlat barpo etish, fuqarolik jamiyatining mustahkam poydevorini shakllantirishdan iboratdir”. Mamlakatimiz siyosiy taraqqiyot yo‘lining o‘zagi sifatida demokratiyani tanlab olinishi fuqarolik jamiyatini shakllantirish uchun zarur bo‘lgan barcha fundamental asoslarni barpo qilish imkoniyatlarini ochib berdi. Zero, demokratiya g‘oyasi o‘z taraqqiyotining etakchi yo‘nalishi sifatida fuqarolik jamiyati asoslarini shakllantirib borilishini taqazo etadi. Shu munosabat bilan ta’kidlash joizki, demokratiya, huquqiy davlat, fuqarolik jamiyati mazmun-mohiyati, shakllanish qonuniyatlarini tashkil qiluvchi eng etakchi manbalar hisoblanadi. Yurtimizda milliy taraqqiyot modeli asosida huquqiy demokratik davlatning institutsional zaminlari: davlat hokimiyatining tarmoqlarga bo‘linishi prinsipiga asoslanishi; demokratik Konstitutsiyaning qabul qilinishi va qonun ustuvorligi tamoyilini ro‘yobga chiqaruvchi mexanizmlarni yaratilishi; erkin demokratik saylov tizimini kafolatlanishi; davlat va jamiyat boshqaruvini amalga oshirishda ko‘ppartiyaviylik tizimining yaratilishi; jamoat birlashmalari va nodavlat va notijorat tashkilotlari faoliyatini yo‘lga qo‘yilishi; fuqarolar o‘z-o‘zini boshqarish institutlarini rivojlantirilishi; fuqarolar huquq va erkinliklarini, manfaatlari va extiyojlarini ta’minlashning samarali zaminlarini vujudga keltirilishi, fuqarolik jamiyatini shakllantirish manfaatlaridan kelib chiqqan holda barpo etildi. Bularning natijasida mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini shakllanishi uchun eng asosiy kuch va manba bo‘lib xizmat qiladigan zamonaviy huquqiy demokratik davlat asoslari rivojlantirildi.
Ma’lumki, huquqiy davlat demokratiya tamoyillari asosida shakllantiriladi. Ayni vaqtda huquqiy davlat, fuqarolik jamiyati institutlari va uning mohiyatini tashkil qiluvchi barcha jihatlarini jamiyatda qaror topishi uchun etakchi zamin bo‘lib xizmat qiladi. Ya’ni fuqarolik jamiyatini shakllanishi bosqichlarida demokratlashuv jarayonlari, huquqiy davlatning shakllanishi hal qiluvchi o‘rin tutadi. Demokratlashuv jarayonlari fuqarolik jamiyati mohiyatini tashkil qiluvchi shaxs erkinligi, tengligi, ozodligi, tinchligi, farovonligi, daxlsizligi kabi buyuk ne’matlarni ro‘yobga chiqarsa, huquqiy davlat - fuqarolarning ana shu ne’matlardan kafolatli foydalanishning huquqiy zaminlarini ta’minlab beradi. Zero, huquqiy davlat o‘z mohiyatiga ko‘ra huquqning hukmronligi, qonunning ustuvorligi, qonun oldida barchaning tengligini kafolatlaydi, inson huquq va erkinliklarini to‘liq tan olinishi va hurmat qilinishini ta’minlab beradi, fuqarolarning yuksak huquqiy madaniyati, shaxs bilan davlat o‘rtasidagi o‘zaro demokratik hamkorlik prinsiplariga tayanadi, huquq va tartibotning barqarorligini kafolatlaydi. Birinchi Prezidentimiz I.A.Karimov ta’kidlaganidek: “Hech kimga sir emas, faqatgina huquqiy davlat sharoitida demokratik tartibga erishiladi va shunday tartib saqlanadi, demokratik institutlar va qadriyatlar hayotga tatbiq etiladi, inson huquq va erkinliklari, eng asosiysi, ularning huquqiy va ijtimoiy himoyasi amalda ta’minlanadi”.
Mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini shakllanishiga xizmat qiluvchi huquqiy davlat asoslarini yaratish jarayonida davlatimizning bosh qomusi - Konstitutsiyamiz ulkan ahamiyatga ega bo‘layotganligini alohida ta’kidlab o‘tish joizdir. Konstitutsiyamiz konsepsiyasi va huquqiy normalarida huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini shakllantirish uchun zarur bo‘lgan barcha yuridik qoidalar mujassamlashgandir. Jumladan, Asosiy qonunimizning 15-moddasida ta’kidlanganidek: “O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi so‘zsiz tan olinadi. Davlat, uning organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalari, fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq ish ko‘radilar”.
Mazkur Konstitutsiya normalari bugungi kunda, demokratiyaning etakchi mohiyati bo‘lgan - xalq hokimiyatchiligining amalga oshirilishi va hokimiyat tarmoqlari o‘rtasidagi demokratik muvozanatni mustahkamlanishi uchun manba bo‘lib xizmat qilmoqda. Shu munosabat bilan mamlakatimiz Konstitutsiyasi konseptual zaminlarini evolyusion tarzda jamiyatimiz taraqqiyoti manfaatlaridan kelib chiqib, takomillashtirib borilayotganligi muxim axamiyatga ega bo‘lmoqda. Bu esa o‘z navbatida fuqarolik jamiyatini shakllantirish jarayonlarini yanada chuqurlashuviga etakchi huquqiy asos vazifasini o‘tamoqda. Mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini shakllantirilishida taraqqiyotning “o‘zbek modeli”ning muhim tamoyili bo‘lgan islohotlarni evolyusion tarzda amalga oshirish masalasiga etakchi ahamiyat qaratib kelinmoqda. Zero, fuqarolik jamiyatini jamiyatda qaror topishi faqatgina tadrijiy yo‘l bilan ta’minlanishi mumkindir. I.A.Karimov ta’kidlaganidek: “Faqatgina biz tanlagan bosqichma-bosqich tadrijiy rivojlanish yo‘li xalqimiz ko‘zlagan ezgu niyatlarga erishishga, zamonaviy demokratik talabalarga javob beradigan davlat, inson manfaatlari, huquq va erkinliklari eng oliy qadriyat bo‘lgan, qonun ustuvorligini ta’minlaydigan jamiyat barpo etishga olib kelishi muqarrar. Demokratik jarayonlarni sun’iy ravishda tezlashtirish, shoshma- shosharlik, turli inqilobiy to‘ntarishlar yo‘li qanday ayanchli oqibatlarga olib kelishi mumkinligini bugun hayotning o‘zi isbotlab bermoqda”. Mamlakatimizda demokratik islohotlarni amalga oshirishda dastavval siyosiy institutsional va huquqiy zaminlarini vujudga keltirishga alohida katta ahamiyat qaratildi.
Mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini shakllantirish uchun, dastavval vakillik demokratiyasining tayanch ustuni bo‘lgan professional parlament shakllantirildi, 1992 yil 8 dekabrda demokratik mohiyatga ega bo‘lgan O‘zbekistonning yangi Konstitutsiyasi qabul qilindi, aholi keng qatlamlari manfaatlarini aks ettirish ehtiyojlaridan kelib chiqib, ko‘ppartiyaviylik tizimi shakllantirildi, demokratik taraqqiyot jarayonlarining iqtisodiy va ijtimoiy o‘zagini tashkil etuvchi erkin bozor munosabatlarining huquqiy va institutsional asoslari vujudga keltirildi. Bularning natijasida jamiyatimizda demokratik islohotlarni ro‘y berishi uchun siyosiy, ijtimoiy, huquqiy shart-sharoitlar bazasi yaratildi, demokratik islohotlarning rivojlanishi uchun istiqbolli imkoniyatlar vujudga keltirildi.
Demokratiyaga o‘tish davrining dastlabki bosqichida amalga oshirilgan siyosiy, tashkiliy chora-tadbirlar natijasida mamlakatimizda demokratik jarayonlarning barqarorligi ta’minlandi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarning asosiy bosqichlari to‘g‘risida to‘xtalib, I.A.Karimov shunday xulosa qilgan edi: “O‘tish davri va milliy davlatchilik asoslarini shakllantirish bilan bog‘liq birinchi galdagi islohot va o‘zgarishlarni o‘z ichiga olgan dastlabki bosqich - 1991-2000 yillar mamlakatimiz va xalqimiz hayotida ulkan iz qoldirgan o‘tish davri tom ma’noda tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan davr bo‘ldi. 2001 yildan 2010 yilgacha bo‘lgan muddatni o‘z ichiga olgan ikkinchi bosqich - mamlakatimizni faol demokratik yangilanish, isloh etish va modernizatsiya qilish davri g‘oyat muhim ahamiyat kasb etdi.
O‘zbekiston iqtisodiyotini isloh etish, liberallashtirish va modernizatsiya etish, uning tarkibiy tuzilishini diversifikatsiya qilish bo‘yicha har tomonlama chuqur o‘ylangan, uzoq istiqbolga mo‘ljallangan siyosatning amalga oshirilishi va shu yo‘llarning barchasini o‘zaro bog‘laydigan hal qiluvchi asos, o‘zak-bug‘in bo‘lib xizmat qildi”. Mamlakatimizda bugungi kunda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar va fuqarolik jamiyatini shakllantirish jarayonlari o‘zining sifat jihatdan yangi bosqichiga qadam qo‘ydi. I.A.Karimov ta’kidlaganidek: “Bugungi kunda biz yurtimizda huquqiy demokratik davlat, erkin fuqarolik jamiyati qurishga qaratilgan olis va og‘ir yo‘lning faqat bir qisminigina bosib o‘tdik, xolos. Uning hal qiluvchi qismi hali oldinda. Ya’ni bu yo‘lda o‘z echimini kutib turgan vazifalarimiz kamaygani yo‘q, aksincha zamon talabi bilan ularning ko‘lami va miqyosi tobora kengayib bormoqda. Albatta, barchamiz bu haqiqatni yaxshi tushunamiz va bu yo‘lda yana qanchadan-qancha kutilmagan qiyinchiliklar, turli sinovlar bo‘lishi mumkinligini ham o‘zimizga tasavvur qilamiz. Bu borada hayotning ana shunday talab va mezonlarini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan va o‘tgan davr mobaynida izchil joriy etib kelinayotgan, amalda o‘zini oqlagan, “o‘zbek modeli” deb nom olgan taraqqiyot yo‘limiz va mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi o‘rta va uzoq istiqbolda biz uchun kelajak Strategiyasi bo‘lib xizmat qilmoqda, aniq yo‘lni ko‘rsatmoqda. Mamlakatimizdayangi jamiyatni barpo qilishning “o‘zbek modeli “ o‘zining tubmohiyatiga ko‘ra yurtimizda kuchli fuqarolik jamiyatini shakllanishi uchunzarur bo‘lganbarcha konseptual asoslarga ega bo‘lgan siyosiy, huquqiymanbabo‘lganligi tufayliuning zaminlaridaamalgaoshirilayotgan barcha islohotlarningyuksak samaralarga erishuvi kuchli darajada kafolatlangandir.
Dostları ilə paylaş: |