O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA О‘RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI
QARSHI DAVLAT UNIVERSITETI
IJTIMOIY FANLAR FAKULTETI
О‘ZBEKISTON TARIXI KAFEDRASI
О‘ZBEKISTONNING ENG YANGI TARIXI
FANIDAN
MA’RUZALAR MATNI
Qarshi-2020
1-mavzu. Kirish. “Oʼzbekistonning eng yangi tarixi” oʼquv fanining predmeti, maqsadi, vazifalari, nazariy-metodologik tamoyillari.
Reja.
1. Oʼzbekiston tarixini davrlashtirish masalasi.
2. Oʼzbekistonning eng yangi tarixi oʼquv fanining predmeti, maqsad va vazifalari,
3. Oʼzbekistonning eng yangi tarixi fanini o’rganishning nazariy metodologik asoslari va tamoyillari.
4. Oʼzbekistonning eng yangi tarixi fanini o’rganishning har tomonlama yetuk insonni tarbiyalashdagi ahamiyati.
O‘zbekiston tarixi umumjahon – insoniyat tarixining ajralmas qismi hisoblanadi. O‘zbekiston tarixi fani xalqimizning mustaqil taraqqiyot yo‘liga kirishi, mustaqillik yillarida milliy huquqiy davlatchilik qurilishi, demokratik fuqarolik jamiyatni shakllantirish, erkin bozor iqtisodiyotini yaratish, jahon hamjamiyatiga integratsiyalashish jabhalaridagi faoliyatini o‘rgatadi. Shu bilan bir qatorda bu fan xalqimiz tarixini haqqoniy tasvirlovchi, aks ettiruvchi ko‘zgu, ijtimoiy, siyosiy, tarbiyaviy, ma'naviy saboqlar majmuasidir.
O’zbekiston tarixini o`rganish va yoritishda uning davrlarini ilmiy asosda to`g’ri belgilash katta ahamiyatga egadir. Markaziy Osiyo xalqlari, jumladan O’zbekiston xalqlari, yer yuzining qator hududlaridagi xalqlar kabi O`z tarixida insoniy taraqqiyotida sodir bo`lgan barcha ijtimoiy-iqtisodiy bosqich (formatsiya)larni bosib o`tgan emas. Bundan chiqadigan xulosa shuki,biz o`z tariximizni shu ijtimoiy-iqtisodiy formatsiyalar asosida davrlashtirsak,tarixiy haqiqat soxtalashtirilgan bo`ladi. Shu sababdan biz O`z xalqimiz, Vatanimiz tarixini o`zbek davlatchiligi tarixi bilan chambarchas bog’lab davrlashtiramiz va o`rganamiz.
Ma'lumki, tariximiz juda qadim va katta davrni hamda juda keng geografik mintaqani, shuningdek, tub burilish, yuksalish va inqiroz bosqichlarini ham o‘z ichiga oladi. U xilma – xil ijtimoiy voqea va hodisalarga, har xil diniy va madaniy qatlam, g‘oyaviy dunyoqarash va falsafiy oqimlarga boy, jahon tarixi va sivilizatsiyasining eng qadimiy va navqiron o‘choqlaridan biri hisoblanadi. O‘tmishda taqdir taqozosiga ko‘ra tariximiz, aniqrog‘i, Vatanimiz hududi jahon miqyosida kengayib va ma'lum geografik mintaqada torayib keldi. Bu tariximizning o‘ta buyuk, shu bilan birga, juda ham murakkab bo‘lganligidan dalolatdir. Shuni ham aytish joizki, bu holat hozirgi jonajon Vatanimiz O‘zbekiston tarixining chegarasi va davrlashtirilishini ancha murakkablashtirdi.
Istiqlol yillari davrida tarixchi olimlarimiz tomonidan Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning «O‘zbekistonning yangi tarixini yaratish» kerakligi haqidagi metodologik va konseptual g‘oyalariga amal qilgan holda ko‘p ming yillik Vatanimiz tarixining ilmiy asoslangan davrlashtirilishi amalga oshirildi:
Ibtidoiy – jamoa tuzumi;
Qadimgi davr: davlatchilikning shakllanishi va rivojlanishi;
O‘rta asrlar davri;
Turkiston Rossiya imperiyasi mustamlakachiligi davri;
O‘zbekiston sovetlar hokimiyati davri;
Oʼzbekistonning eng yangi tarixi davri
Mustaqillik yillarida Oʼzbekiston Respublikasida davlat boshqaruv tizimi, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va maʼnaviy sohalarda katta oʼzgarishlar amalga oshirildi. Shuningdek, taʼlim sohasida ham bir qator islohotlar oʼtkazilib, barkamol avlodni shakllantirishga yoʼnaltirilgan Milliy dastur izchillik bilan rivojlantirilib borilmoqda. Bugun jahonda yuz berayotgan voqea va hodisalar, mafkuraviy qarama-qarshiliklarning mazmun-mohiyatini tahlil etish, turli xil yot gʼoyalardan yoshlarni himoya qilish uchun tarixiy tafakkurni shakllantirish muhim ahamiyat kasb etadi. Umumiy oʼrta taʼlimda oʼquvchilar Vatan tarixining mustaqillik davrini oxirgi sinfda besh-olti yil oldin yozilgan darslik asosida oʼqitilib kelinmoqda va bugungi jamiyatda kechayotgan jarayonlarni dasturga kiritish va ular haqida keng maʼlumot berish ancha qiyin kechmoqda. Shuning uchun OOʼYuda Oʼzbekistonning eng yangi davri tarixini chuqur oʼrganish oʼta dolzarb vazifa hisoblanadi, chunki yosh mutaxassislarning bugungi davr siyosati, davr qahramonlarini, ayniqsa oʼzining ham shu jarayon ishtirokchisi ekanligini toʼgʼri va toʼliq anglashi jamiyat taraqiyotida muhim ahamiyat kasb etadi.
Oʼzbekistonning eng yangi tarixi fanida Oʼzbekistonning davlat mustaqilligiga erishishi arafasida yuzaga kelgan murakkab vaziyat, respublika mustaqilligining eʼlon qilinishi, mustaqillik yillarida mamlakatda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, maʼnaviy sohalardagi islohotlar va ularning bosqichlarini, Oʼzbekistonning jahon hamjamiyatiga har tomonlama integratsiyasini, xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bagʼrikenglikni taʼminlash, tinchliksevar tashqi siyosat kabi masalalarning ilmiy va amaliy ahamiyati ochib beriladi.
Fanni oʼqitishning maqsadi – Mustaqillik yillarida Oʼzbekiston Respublikasida yuz bergan muhim oʼzgarishlar, tub islohotlarning mazmun-mohiyatini koʼrsatish va jamiyat hayotida talaba(mutaxassis)ning oʼrnini, oʼzligini anglatishdan iborat.
Fanni oʼqitishning vazifalari – mustaqillikka erishish arafasida Oʼzbekistonda yuzaga kelgan murakkab vaziyatni hamda mustaqillik yillarida davlat boshqaruvi, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va maʼnaviy va boshqa sohalardagi islohotlarning mohiyatini talabalarga tushuntirib berish, ularni Vatanga sadoqat va muhabbat ruhida tarbiyalashdan iborat.
Mustaqillik yillari ijtimoiy-siyosiy jarayonlarning tezkorligi, voqea va hodisalarning shiddatliligi, olam-u odam taqdiriga daxldor bo'lgan dunyoviy muammolar-u serqirra hayotning barcha jabhalarini qamrab olgan umumiy qarashlarimizdan tortib, eng kichik, eng shaxsiy yumushlarimizgacha bo'lgan barcha hodisalarni o'zida mujassam etadi.
Tabiiyki, bunday yalpi yangilanishlar jarayoni ijtimoiy-gumanitar fanlar qatorida tarix fani oldiga ham yangi vazifalar qo'yadi. Tadqiqotchilar birinchi navbatda xalqimizning mustaqillikka erishish yo'lidagi asrlar osha olib borgan tinimsiz kurashini, uni qo'lga kiritish yo'llari va vositalarini, milliy davlatchilik qurilishiga doir tajribani, mustaqillikni mustahkamlashning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va ma'naviy omillarini o'rganish va milliy g'oyani yaratish kabi bir qator muhim muammolarni har tomonlama mushohada qilmoqlari lozim.
2007-yil 30-avgust kuni O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Vazirlar Mahkamasi va Prezident devonining Mustaqillikning 16 yilligiga bag'ishlangan qo'shma majlisida birinchi Prezident I.A.Karimov «O'zbekistonning 16 yillik mustaqil taraqqiyot yo'li mavzusida ma'ruza qildi. Unda O'zbekiston mustaqilligi tasodifiy hodisa emasligi, u o'ziga xos kurashlar, ziddiyatlar, iztiroblar bilan birga juda katta tarixiy yutuq ekanligini alohida ta'kidladi. Shu bilan birga ushbu davr fanda butun ko'lami va salmog'i bilan yetarli darajada o'rganilmaganligini alohida ta'kidladi va «mustaqillikka erishish davri haqida, eski tuzum inqirozga duchor bo'lib, sobiq ittifoq parokandalikka yuz tutgan bir paytda mamlakatimizda tobora keskin tus olgan siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy vaziyat, o'zligimizni anglash va toptalgan milliy g'ururimizni tiklashga qaratilgan intilish kuchayib borgani, Vatanimiz mustaqilligini qo'lga kiritish qanday sharoitda kechgani haqida yaxlit, yagona va xolis ko'z bilan qarab baho beradigan jiddiy tahlil-tadqiqot hozirgacha amalda yo'qligini afsus bilan aytishga to'g'ri keladi» - dedi.
Mustaqillik davrining xalq, millat va mamlakat taqdiridagi buyuk voqelik, noyob qadriyat ekanligi xususidagi fikrlarini davom ettirib birinchi Prezident I. Karimov «Oʻzbekiston mana shunday tahlikali va murakkab vaziyatda qanday maqsadlarni ko'zda tutib, qanday amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirganini, bu harakatlarning ilmiy-tarixiy, mantiqiy va qonuniy zamini va omillari, kerak bo'lsa, istiqlol o'zbek xalqiga tuhfa tariqasida berilmagani - bularning barchasi haqida har taraflama chuqur yoritib va isbotlab beradigan izlanish va tahlil bugungi kunda ham oʻzining dolzarbligi va ahamiyatini yo'qotmaganini qayd etishimiz zarur», degan talablarni qat'iy qilib qo'ydi.
Darhaqiqat, tarix xotirasi inson taraqqiyotiga kuchli ta'sir o'tkazadi, milliy g'oyaning shakllanishida muhim omil bo'lib xizmat qiladi. Milliy ong, milliy tafakkur xalq tarixi, uning rivojlanish bosqichlarini nechog'li o'rganish, undan saboq chiqarish bilan bogʻliq. Ulug' allomalar aytganidek, tarix insonni istiqbolga da'vat etadi, ulkan yaratuvchilikni rag'batlantiradi. Zotan, uning ulug murabbiylik, tarbiyachilik, yo'naltiruvchilik qudrati ham xuddi ana shunda.
Xullas, “Oʼzbekistonning eng yangi tarixi” oʼquv fani ana shu tarixiy jarayonlarni to'laroq qamrab olish, uni jamlash, ma'lum bir tartibga solish, qolaversa, ana shu jarayonlarni iloji boricha ko'proq o'rganish orzu-istagida vujudga keldi. Darhaqiqat, mustaqillik davrida o'tgan kunlarimiz alohida o'rganishni, tadqiq etishni, ilmiy va nazariy xulosalar chiqarishni taqozo etmoqda. Buning o'ziga xos asoslari bor.
Birinchidan, O'zbekiston mustaqil suveren davlat sifatida jahon hamjamiyatida o'ziga xos nufuzga ega bo'ldi. U o'zining katta ishlab chiqarish imkoniyatlari, boy aqliy va jismoniy salohiyati, tengsiz tabiiy boyliklari bilan dunyoning eng rivojlangan mamlakatlari diqqatini tortdi va ular bilan tengma-teng turib hamkorlik qilish qudratiga ega ekanligini ko'rsata oldi.
Ikkinchidan, eng og'ir, mashaqqatli va ziddiyatli paytlarda, o'tish davrining o'ziga xos murakkabliklari mavjud bo'lgan bir vaqtda mamlakatda siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy barqarorlikning saqlab turilishi mamlakat hukumati siyosatining naqadar hayotiy va xalqchil ekanligini ko'rsatadi. Ayniqsa, yuzdan ortiq millat va elat yashayotgan mamlakatda turli aqidalar va g'oyalar ta'sirida bo'lgan aholining talab-ehtiyojlarini o'z vaqtida qondirish, ularning qarashlarini bir nuqtada jamlash alohida uddaburonlikni va qat'iyatlilikni talab etadi. O'zbekiston hukumati xuddi ana shunday qat'iyatni ko'rsata bildi.
Uchinchidan, bozor munosabatlariga o'tish jarayonida aholini ijtimoiy himoyalash, dunyoviy davlat qurishning asosi bo'lgan qonun ustuvorligiga erishish, qonun oldida barchaning tengligini ta'minlash tamoyillari vujudga keldi. Tub islohotlaming Respublikamiz birinchi Prezidenti I.Karimov tomonidan ishlab chiqilgan mashhur besh tamoyili istiqlolning dastlabki yillaridayoq jahon hamjamiyatida yuqori baholandi va to'la tan olindi.
To'rtinchidan, xorijiy investitsiyani jalb etish, chet ellik ishbilarmonlar bilan hamkorlikni yo'lga qo'yish, shu asosda mamlakat ishlab chiqarishini tubdan o'zgartirish, uni jahonning eng ilg'or texnologiyalari bilan qayta jihozlantirish yo'li tutildi. Bu O'zbekistonning jamiyatni bir holatdan ikkinchi bir holatga o'tkazishda barcha yosh mustaqil mamlakatlar o'rtasida eng to'g'ri yo`l tanlaganini ko'rsatdi.
Beshinchidan, O'zbekiston hukumatining islohchilik siyosati bevosita xalq dunyoqarashi, uning ming yillar mobaynida shakllangan urf-odatlari, an'analari bilan uyg'un holda amalga oshirila boshlandi. «Bizdan ozod va obod Vatan qolsin», «Vatan sajdagoh kabi muqaddasdir), «Savob ishni har kim qilishi kerak, savob ishni har kun qilish kerak», «Farzandlarimiz bizdan ko'ra kuchli, aqlli, dono va, albatta, baxtli bo'lishi kerak» singari shiorlar xalqimizning orzu-istagi, umid va intilishlari bilan uyg'un holda dunyoga keldi. Bugungi kunda O'zbekistonning tom ma'noda ma'naviy tiklanish va ruhiy poklanish maydoniga aylanganligi ana shu eng ezgu niyatlar asosida davlat siyosati va xalq orzu-umidlarining uyg'unligi natijasidir.
O'zbekiston umumbashariy o'zgarishlar jarayonlari oqimida o'zining betakror ijtimoiy-siyosiy, ma'naviy yangilanishlari dasturiga ega bo'lgan mamlakat sifatida o'ziga xos va o'ziga mos mavqeni egalladi. Yangi sivilizatsiya va insoniyat taraqqiyotiga kuchli ta'sir o'tkazishga qodir bo'lgan davlat sifatida o'zining keng imkoniyatlarini namoyon eta boshladi.
O‘zbekistonda amalga oshirilgan favqulodda keng ko'lamdagi ishlar hozirgi zamon jahon sivilizatsiyasi bilan mushtarak ekanligi alohida qayd etilishi lozim. O'zbekistonda milliy, regional va umumplanetar mo'ljallar doirasida izchil va tadrijiy kechayotgan yalpi o'zgarishlarni o'z vaqtida o'rganish, amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni baholash, tahlil etish, hamda ilmiynazariy umumlashmalar qilish asnosida bu jarayonlarni maqsadli boshqarish O'zbekistondagi yangilanishlar rivoji o'ziga xos kechayotganligini ifoda etadi. Ijtimoiy-iqtisodiy, ma'naviy hayotni maqsadli takomillashtirish, bu muhitni umuminsoniy va milliy tamoyillar uyg'unligi ruhida rivojlantirish, siyosiy plyuralizmga shart-sharoitlar yaratish, liberalizm muhitini har tomonlama kengaytirishga da'vat etish orqali mamlakatimizda yalpi yangilanishlar jarayonlariboshlanishiga nazariy poydevor qo'yildi. Davlat tuzumi, jamiyat qurilishi va shaxs ma'naviyati dunyosini tubdan isloh qilish yangilangan davlat, o'zgargan jamiyat va komil shaxsni yaratish imkonini berdi. Davlat, jamiyat va shaxsni yangilash jarayonlari, bu jarayonlarni maqsadli boshqarish nechog'li aqliy shijoat, dono siyosat hamda matonatni talab etganligiga bugungi kunda amin bo'lib turibmiz. Zero, bu boshqaruv sermashaqqat va murakkab kechuvchi ijtimoiy-siyosiy voqealar, mafkuraviy ta'sir va tazyiqlar, maxsus yuzaga keltirilgan moddiy-moliyaviy tangliklar holatlari sharoitida amalga oshirildi.
Ma'lumki, jamiyat taraqqiyotida shaxsning roli benihoya katta. Ayniqsa, oʻtish davrida davlat arbobining, siyosiy yetakchining o'mi yana ham yaqqolroq ko'zga tashlanadi. Chunki, bu paytda ma'lum bir siyosiy tartibot ham, siyosiy qatlam ham, jamiyatni yo'naltiradigan oqim ham shakllanmagan, qarashlar bir o'zanga tushmagan, turli qarama-qarshiliklar va ziddiyatlar mavjud bo'lgan murakkab bir vaziyat vujudga keladi. Bunday paytda xalq o'z kelajagini asosan davlat rahbariga qarab belgilaydi. O'zining iymon e'tiqodini, taqdirini u bilan bog'laydi.
Ana shu nuqtayi nazardan qaraganda mustaqillikning o'tgan davrida mamlakatimizda amalga oshirilgan keng ko'lamli ishlar bevosita davlat rahbarining shaxsiyati, uning ish uslubi, voqea-hodisalarga yondashish usuli bilan bog'lanib ketgan. Davlat arbobining siyosiy qiyofasi o'tish davrining noyob mahsuli sifatida tarix sahifalarida bosh islohotchi qiyofasida mustahkam o'rnashgan bo'ladi.
Demak, mustaqillik davri tarixini o'rganar ekanmiz, bu jarayon bevosita mamlakat birinchi Prezidenti I.Karimov faoliyati bilan uzviy bog'langanligini yaqqol ko'ramiz va uni sahifalarga aynan ko'chirishga intildik. Zotan, ana shu yillarda I.Karimov ismi sharifi bir shaxs nasl-nasabi doirasidan chiqib, ulkan ijtimoiy-siyosiy voqelik, millat mohiyatini o'zida mujassam etgan qadriyat maqomiga ega bo'ldi. Boshqacha qilib aytganda «O'zbekiston - Mustaqillik - Islom Karimov» atamalari yaxlit, bir-birini to'ldirib boradigan tushunchaga aylandi.
Shubhasiz, yuqorida tilga olingan masalalarni har tomonlama chuqur o'rganish, ilmiy-nazariy jihatdan tadqiq etish va mushohada qilish kishilarda yuksak ma'naviy fazilatlarni kamol toptirish, milliy g'oyani shakllantirish, yoshlarni tarixiy an'analarga, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, Vatanga muhabbat, istiqlol g'oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalashga ko'maklashadi.
Dostları ilə paylaş: |