Al-Farg`oniy o`rta asrlarda tabiiy – ilmiy bilimlarning rivojiga ulkan hissa qo`shgan alloma. Buyuk ajdodimizning «Zij»i Yevropa Uyg`onish davridagi va undan ancha kеyingi davrdagi madaniyat rivojida sеzilarli rol o`ynadi. Asarning iqlimlar nazariyasiga ko`ra bayon qilingan gеografik bo`limi diqqatga sazovordir. Mamlakat va shaharlarning nomlariga qaraganda, al-Fargoniy al-Xorazmiyning gеografik asari bilan tanish bo`lgan yoki u ham al-Xorazmiy foydalangan manbadan foydalangan, chunki ikkala muallifda ham bu nomlar bir xil.
Sharqiy yarim shardagi hududlarning yetti iqlimga bo`lib o`rganilishi va mingdan ortiq manzillar koordinatalarini o`lchab chiqilishi ular tomonidan aniq geografik xaritalar chizish imkonini berdi.
Chizilgan ma`lumotlar asosida Ahmad Farg`oniy stereografik proektsiyalar nazariyasini rivojlantirdi va uning bu sohada olgan natijalarini, ilmiy qarashlarini undan ming yil keyin yashagan buyuk matematik Eyler XVIII asrda geografiyaga oid xaritalar tuzish nazariyasiga tadbiq qildi va "Katta geografik xarita"ni tuzishda foydalandi. Al-Farg`oniyning kartografiyaning rivojlanishida asos bo`lgan stereografik proektsiyalar nazariyasi uning "Asturlob yasash to`g`risida" degan asarida berilgan. Ushbu proektsiyaning asosiy xossalari matematik jihatdan isbotlangan. Shuni ko`rsatib o`tish kerakki, Farg`oniygacha bo`lgan ba`zi olimlarning asarlarida masalan, Ptolomeyda stereografik proektsiya xossalari uchraydi, lekin xossalari isbotsiz berilgan. Farg`oniyning stereografik proektsiyalar nazariyasining asosini tashkil etgan xossalar sferaning biron nuqtasidan, unga diametral qarama-qarshi bo`lgan urinma tekislikka proektsiyalanganda quyidagicha bo`ladi.
1.Sferada yotgan aylanalar tekislikda aylanalar ko`rinishida yoki aylanalar sfera markazidan o`tsa, to`g`ri chiziqlar ko`rinishi proektsiyalanadi.
2.Streografik proektsiyasida sferada yotgan efi chiziqlar orasidagi burchaklar tekislikka proektsyalangan egri chiziqlar orasida burchaklarga teng bo`ladi.
3.Sfera proektsiyalanayotgan tekislikka perpendikulyar diametr atrofida burilganda tekislik ham xuddi ana shu burchakka buriladi. Ko`rinib turibdiki, hozirgi zamonaviy geografik xaritalarni chizish uchun yuqoridagi xossalar to`la yetarlidir. Farg`oniy amalda ham stereografik xaritalar chizishni boshlab bergan olimdir. Stereografik proeksiyalar nazariyasidagi Ahmad al-Farg`oniy isbotlagan xossalar yer shari ustidagi nuqtalarni tekislikka (xaritaga) proeksiyalashga qo`llanilishi ko`rsatilgan.
Ahmad Farg`oniy o`z zamondoshining diniy bilimlari bilangina cheklanib qolgan, tor ilmiy ma`lumot doirasiga ega bo`lgan olimlardan emas edi. Farg`oniy astrolyabiyaning ham astronomiya kabi ilm-fan uchun xizmat qilishi lozimligini tushungan, yunon olimlarining astronomiya, geografiya va matematika fani sohasidagi asarlarini o`rgangan, o`zi ham qator amaliy kuzatishlar asosida astronomiya, geografiya, geodeziya, va matematika fanlariga bevosita daxldor bo`lgan asarlar yaratgan farg`onalik buyuk allomadir.
Ahmad Farg`oniy astronomiya, geografiya va matematikaga oid ko`pgina asarlar yaratgan bo`lishiga qaramay, ayrim sabablarga ko`ra ulardan ba`zilarining qo`lyozma nusxalari bizgacha yetib kelgan xolos. Mashhur osmon bibliograf olimi, tarixchi Broxveman o`zining "Arab adabiyoti tarixi" nomli asarida Farg`oniy ijodining quyidagi nusxalari shariq va g`arbning yirik qo`lyozmalar saqlanadigan kutubxonalarida borligini aniqlab bergan. 1. "Samoviy harakatlar va umumiy ilmi nujum kitobi", ("Kitob fi harakat as-samoviyya va javomi ilm an-nujum"). Bu asar XII asrda Ovro`pada lotin tiliga 2 marta va XIII asrda boshqa Ovro`pa tillariga tarjima qilingan. 1669-yili nashr qilingan ushbu asar qo`lyozmalari AQShning Prinston shahrida, Marokashda, Oksfordda, Parijda, Sankt-Peterburgda, Qohirada saqlanib kelinmoqda. Ahmad Farg`oniy mazkur asarida yunon mulohazalari asosida uncha murakkab bo`lmagan geometrik asoslarda astronomiyaning qisqacha elementar to`pamini bergan. Hozirgi zamon astronomiya va geografiya fani tarixini o`rganish uchun ahamiyatli qismi shuki, asar oxirida mashxur geofafik punktlar jadvali sharqdan g`arbga qarata yetti iqlimga ajratilib, koordinatalari ko`rsatilgan holda keltirilgan. Tadqiqot shuni ko`rsatdiki-deydi akademik I.Yu.Krachovskiy "Ma`mun ziji" haqida ham Farg`oniyning bu asari orqali ma`lum darajada fikr yuritish mumkin. Bu asar Ovro`pa tillariga tarjima qilingandan so`ng Farg`oniyning lotinlashtirilgan nomi "Alfrangus" shaklida g`arbda bir necha asr davomida keng tarqaldi. Uning bu kitobi shu asrlar davomida Ovro`pa universitetlarida astronomiyadan asosiy darslik vazifasini o`tadi.
Al-Farg`oniyning bu asarlarining lotincha tarjimasi birinchi marta 1493-yili nashr etilgan bo`lib, u eng qadimgi nashr etilgan kitoblardan hisoblanadi. 1669-yili mashhur golland matematigi va arabshunosi Yanob Golius al-Farg`oniy asarining arabcha tarjimasini yangi lotincha tarjimasi nashr etilgandan so`ng Farg`oniy va uning asarining Ovropadagi shuhrati yanada ortdi. Ovropa uyg`onish davrining buyuk namoyondalaridan biri bo`lgan mashhur olim Regiomantan XV asrda Avstriya va Italiya universitetlarida astronomiyadan ma`ruzalarini Farg`oniyning kitoblaridan o`qigan. Al-Farg`oniy nomini Dante (XV asr) va Shiller (XVIII) ham eslagan. Ovropa olimlaridan Dalamber, Branelman, Zuter, Krachovskiy, Yushkovich, Rozenfeldlar Farg`oniyning ijodiga yuqori baho berganlar. 2. "Astrolyabiya haqida mukammal kitob" (Kitob ul-komil fil-usturlab) Bu asarning uchta qo`lyozma nusxasi Berlin kutubxonasida saqlanib kelinmoqda.
V.Alvordning 1893-yili Berlinda nashr etgan arabcha qo`lyozmalar katalogida bular haqida shunday deyiladi: Bu asarning birinchi qo`lyozma nusxasi "Al-Farg`oniyning astrolyabiya haqida mukammal kitob" deb nomlangan. Al-Farg`oniy bu asarini halifa Ma`mun davrida yozgan bo`lib, unda hali hech kim tomonidan maxsus asar yozib mufassal yoritilmagan edi. "Astrolyabiya" asbobi va bu asbob bilan bog`liq bo`lgan masalalar yetti bobda yoritilgan. Mazkur asarning ikki nusxasi "Ahmad ibn Mahammad kitobi" nomini olgan bo`lib, yuqoridagi birnchi nusxadan kam farq qiladi. Farg`oniy asarining bu nusxasini 778-hijriy yili Muhammad ibn Yoqub ibn Ali al-Malikiy ko`chirgan. Asarning uchinchi nusxasi "Astrolyabiya san`ati va uning dalillari haqida kitob" deb nomlangan. Ushbu uchinchi qo`llanma yozma nusxada V-bobdan oldin jadvallar, jadvallardan so`ng qolgan V-VII-boblar keladi. Bu nusxani Ali Ibn Xomid ibn Abu Bakr al-Buvaytiy ko`chirgan.
"Risolat ul-fusul mad`al fil-Majietiya va xuva salosuna faslun" (O`ttiz bobdan iborat Majistiyga kirish fasllar risolasi) yoki "O`ttiz fasllik astronomiya kitobi". Bu asarning bir nusxasi Parijda 2504,3 raqamda saqlanmoqda.
"Risola fi mahrifati il-avkoti allati yekun ul-qamaru fiha faqv al-arzi va tahtiho", (Oy Yer ustida yoki uning ostida bo`lgan paytdagi vaqtlarni o`rganish haqida risola). Bu asarning bir nusxasi Qohirada saqlanmoqda. 6. "Hisob ul-akolim as-sab`a (Etti iqlim hisobi), Diyorimizni o`rganishga qo`llanma bo`lgan ushbu asar Olmoniyaning Gota shahrida saqlanmoqda. Ahmad Farg`oniy bu asarida sharq xalqlarida keng tarqalgan yetti iqlim asosini tekshirib chiqib, ilmiy usulda ularni o`lchovini bayon etgan. Farg`ona, Xo`jand, Samarqand, Marv shaharlarini to`rtinchi iqlimga taluqli deb yozgan.