14- Mavzu Mirzo Ulug`bek va Ali Qushchining ilmy merosi. Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburning ilmiy merosi Reja:
1.Mirzo Ulugʻbek -ilm-fan homiysi.
2.Ulugʻbek shogirdi Ali Qushchining rasadxonadagi faoliyati.
3.Ali Qushchi-mohir diplomat.
4.Ali Qushchining ilmiy ishlari.
5.Ali Qushchining astronomiya va matematika sohasiga qoʻshgan hissasi.
6.Mustaqillik yillarida Ali Qushchi ijodiga eʼtibor.
XV asrda Samarqandda dono va maʼrifatparvar hokim deb shuxrat qozongan Ulugʻbek (1394-1449) saroyida “ijod qilgan yirik olimlar ichida uning shogirdi Aloviddin Ali ibn Muhammad Qushchi alohida oʻrin tutadi. U ilmi riyoziyot (matematika) va ilmi falakiyot (astrono miya) boʻyicha isteʼdodli olim boʻlib, Oʻrta Osiyo va Turkiya fani tarixida chuqur iz qoldirdi. Olim hayotining soʻnggi yillari Turkiyada oʻtdi. Ali Qushi asli samarqandlik boʻlib, baʼzi tarixchilar fikricha 1402-yilda tugʻilgan, lekin bu sana aniq emas. Uning otasi Ulugʻbekning bobosi Temur saroyida xizmat qilgan yuqori toifadagi amaldorlardan. Baʼzi maʼlumotlarga koʻra u ov boshligʻi boʻlgan, shuning uchun ham “Qushchi” taxallusini olgan. Biroq u toʻgʻrida boshqa fikrlar ham bor. Yosh Ali Ulugʻbekning eng sevikli shogirdi boʻlgan va lochin ovi vaqtida sulton lochinini koʻtarib yurish huquqiga ega boʻlgan. Shuning uchun ham bu taxallusni olgan boʻlishi mumkin. Haqiqatan ham tilga olib, uni oʻgʻlim deb atagan. Ehtimol bunga uning turli bilimlar, ayniqsa, ilmi riyoziyot va ilmi falakiyotni egallashdagi noyob isteʼdodi sabab boʻlgan. Ulugʻbekning oʻzi bu ilmlar boʻyicha yirik olim boʻlib, Ali Qushchining bu sifatiga yuqori baho bergan. Ulugʻbek Ali Qushchining taʼlim olishini diqqat bilan kuzatib borgan va keyinchalik ilmiy tadqiqot ishlarida unga rahbarlik qilgan.
Ulugʻbek 40 yil xukmronlik qilgan davr (1409— 1449) haqli ravishda Oʻrta Osiyoda ilmlar rivojlangan davr edi. Bu davrda Samarqand yirik ilmiy va madaniy markazga aylangan. Ulugʻbekning ilm sohasidagi shuhrati va homiyligi bu yerga boshqa mamlakatlardan koʻplab mashxur olimlarning kelishiga sabab bulgan. Ular oʻz maʼlumotlarini oshirish va Ulugbek rahnamoligida olib borilayotgan keng ilmiy tadqiqot ishlarida ishtirok etish uchun bu yerga kelganlar. Ulugʻbek ilmi riyoziyot va ilmi falakiyot sohalariga katta eʼtibor berdi. U 1417—1420 yillar ichida Samarqandda madrasa qurdirdi. Madrasalarda bu fanlar boʻyicha koʻp mashhur olimlar tomonidan maʼruzalar oʻqildi.Ular ichida yetakchi oʻrinni Kichik Osiyodagi Bursa (hozirgi Turkiya) shahridan kelgan Qozizoda Rumiy (1360—1437) egalladi. Zamondoshlari uni “oʻz davri Aflotuni (Platoni)” deb atadilar. Oʻsha paytda qadimgi yunon faylasufi Aflotun (Platon) ning nomi buyuk donishmandlik belgisi deb qaralardi va bu taxallus muallifning katta obroʻ-eʼtiborga ega ekanligidan dalolat berardi.Qozizoda Rumiy Samarqandga kelgandan soʻng Ulugʻbekka ilmi falakiyotdan dars bergan. Ulugʻbek uni ustoz sifatida doimo hurmat qilgan. Rivoyatga koʻra, Qozizoda Rumiy vafotidan soʻng Ulugʻbek uni izzat-ikrom bilan Shohizinda maqbaralaridan biriga dafn qilgan.Bu maqbara shu kungacha saqlanib, meʼmorchilik ansamblini bezab turibdi. Qozizoda Rumiy yetakchi olimlardan hisoblangan. U ilmi falakiyot rasadxonasi (observatoriya) qurilishining rahbarlaridan biri edi. Bu rasadxona Samarqand ilmiy jamoasi va uning rahbari Ulugʻbekni dunyoga mashhur qildi.Rasadxona qurilishi 1424-yilda boshlanib, besh yil davom etdi. Keynichalik olib borilgan koʻp yillik ilmiy tadqiqot ishlari, yulduz va sayyoralar harakatini kuzatish natijasida Ulugʻbek ilmiy jamoasining asosiy ishi “Ziji Koʻragoniy” yaratildi. Bu buyuk asar jahon oʻrta asrlar (IV-XVI asrlar) ilmi falakiyotining eng yuqori choʻqqisi hisoblanadi.
Tarixchilarining yozishicha, oʻsha paytda Ali Qushchiga yuqori darajali bilimlar olish uchun barcha imkoniyatlar mavjud edi va u bulardan toʻliq foydalandi.Samarqandda boshlangʻich taʼlimni olgach, Kermon shahriga borib, oʻz bilimlarini yanada chuqurlashtirdi.1420-yilda u Samarqandga qaytib keldi. Bu vaqtda Ulugʻbek, Qozizoda Rumiy va Gʻiyosiddin Jamshid al- Koshoniylar ilmi falakiyot rasadxonasini qurish rejasini tuzib qoʻygan edilar. Qurilish boshlangach, Ali Qushchi ham bu ishga gʻayrat bilan kirishdi. U ustozlariga yordam berish paytida ularning boy tajribasidan bahramand boʻldi. Shu holda u ilm olishni tugallab, mustaqil va ijodiy fikr yurituvchi olimga aylandi. Ilmi falakiyot rasadxonasini qurishda Ulugʻbek bilan birga, yuqorida nomlari zikr qilinganlardan tashqari, boshqa olimlar katta guruhi ham ish olib borgan. Ular qatoriga Jamshid Gʻiyosiddin al-Koshoniy yurtdoshlari koshonlik mavlono Gʻiyosiddin al-Koshiy, uning oʻgʻli Mansur ibi Mujiddin al-Koshiy ham kiradi. Bulardan ikkinchisi XV-XVI asrda yashab, ilmi riyoziyot, ilmi falakiyot sohasida barakali ilmiy tadqiqot ishlari olib borgan va Ulugʻbek ilmiy jamoasi anʼanalarini izchil davom ettіrgan yirik olim Nizomiddin Birjandiyga ustoz boʻlgan. Bundan tashqari Samarqand ilmiy jamoasida iqtidorli va koʻzga koʻringan yosh ilmiy xodim, Qozizoda Rumiyining oʻgʻli Xasan Chalabiy ibn Musa ibi Mahmud ham bor edi.Ali Qushchi barcha yosh olimlar ichida oʻz qobiliyati va bilimi bilan ajralib turardi. U ilmi falakiyot rasadxonasini loyihalashtirish va qurishda faol qatnashib, oʻsha zamondagi eng yaxshi asboblar bilan jihozlashda jonbozlik koʻrsatdi.
U yulduz va sayyoralar harakatini kuzatdi, ilmi falakiyotga tegishli hisoblashlarni bajardi va bu sohada katta yutuqlarini qoʻlga kiritdi. Oʻz ustozlari bilan birgalikda buyuk asar sanaladigan “Ziji Koʻragoniy”ni yozishda qatnashadi. Biroq Qozizoda Rumiy va Gʻiyosiddin Jamshid Koshoniylarga bu katta ilmiy asarni tugatish nasib etmadi. Sharq tarixchilaridan birining yozishicha “Ilmi falakiyot rasadxonasi poydevorini qurish vaqtida ularning yulduzlari birin-ketin soʻndi”. Shundan soʻng Ulugʻbekning asosiy tayanchi Ali Qushchi boʻlib qoldi. Ali Qushchi ilmi falakiyot rasadxonasi ishlarini boshqardi va “Ziji Koʻragoniy “ni yozib tugalladi. Bundan tashqari, u shu vaqtda oʻzining ilmi falakiyot va ilmi riyoziyotga tegishli bir nechta risolalarini ham yozdi.Bu bilan uning ilmiy jamoa aʼzolari oʻrtasida obroʻsi yanada oshdi. Ali Qushini I asrda yashab ijod qilgan Misrning Iskandariya shahri fuqarosi, buyuk falakiyotchi olim Klavdiy Ptolemeyga taqqoslashgani va “oʻzamonasining Batalimusi (Ptolemeyi) “deb nomlashgani bejiz emas, albatta.
Ulugʻbek Ali Qushchiga toʻla ishonch bilan qaragan, uni oʻz doʻsti deb hisoblagan va undan biron bir sirni yashirmagan. Baʼzan Ulugʻbek Ali Qushchiga diplomatik topshiriqlar ham bergan. Masalan, 1438-yilda Ali Qushchi Xitoyga safar qilgan va elchi lavozimida ishlagan. Safardan qaytgach, Ali Qushchi Xitoy tarixi va jugʻrofiyasi haqida asar yozgan. Bu risola muallifga katta shuhrat keltirgan va XVI asrda ikki marta turk tiliga tarjima qilingan.Shuningdek, Ali Qushchi Movarounnahr, Eron, Kavkaz va Turkiyaga ham bir necha marta safar qilgan. 1430-yili Hirotga kelib, yosh Abdurahmon Jomiy (1414-1492) bilan tanishgan va uni ilmiy riyoziyotdan imtihon qilgan. Boʻlajak buyuk shoir kuchli fikrlash qobiliyatini namoyish qilgan hamda al-jabr (algebra) va ilmi handasa (geometriya) dan yaxshi bilimlar egasi ekanlignii koʻrsatgan. Keyinchalik ular doʻstlashganlar.Baʼzi maʼlumotlarga asosan, Ali Qushchi Turkiyaga ketishdan oldin bir qancha vaqt Kermon shahrida istiqomat qilgan va oʻz atrofiga isteʼdodli olimlarini toʻplagan. Shulardan biri ilmi riyoziyotga oid koʻp risolalar muallifi Nizomiddin Birjondiydir. Ikknichisi esa uning nabirasi Mirali Chalabiydir. Bu isteʼdodli olimining otasi Qozizoda Rumiyning oʻgʻli Xasan Chalabiy edi. Mirali Chalabiy ilmi falakiyot va qonunshunoslik fanlari sohasida yirik mutaxassis edi. U Turkiyaning turli shaharlarida ishladi va ilmi falakiyotdan bir nechta risolalar yozdi. Jumladan, “Ziji Koʻragoniyga sharh” kitobi, tadqiqotchilar fikricha, shu nomdagi asarlar ichida eng yaxshisi hisoblanadi. Ali Qushchi Turkiyaga Sulton Muxammad II taklifiga binoan kelgan. Bu voqea toʻgʻrisida olim oʻz risolalaridan birida quyidagilarni yozadi: “Sulton meni qabul qilganida uning taklifidan men bilan doʻstlashish niyati bor ekanligi yaqqol koʻrinib turar edi. Sulton mendan unga atab ilmi riyoziyotdan kitob yozishimni soʻradi. Men Sultonda tabiiy fanlarga muhabbat borligini sezdim va qisqa vaqt ichida ilmi riyoziyotdan kichik kitob yozdim”. Sulton Muhammad II fanlar va sanʼatlarga homiylik qilar edi. Uning saroyida xuddi Ulugʻbek saroyi- dagidek koʻp olimlar ishlardilar. Ular orasida Ulugʻbekning shuhrat qozongan ilmiy jamoasidan chiqqan yirik vakilining boʻlishi sulton uchun juda maʼqul edi. 1472-yli Ali Qushchi sulton sharafiga atab “Kitob al-Muhammadiya” deb nomlangan ilmi riyoziyotga oid risolani yozgan va unga taqdim etgan. Bu ishi uchun u mukofot tariqasida har oyda olinadigan 200 dirxam pul (kumush tanga) bilan taqdirlangan. 1473- yilda Muhammad II Iroqni zabt etadi. Shu munosabat bilan Ali Qushchi unga ilmi falakiyot fanidan “Fathiya” risolasini taqdim etadi. Muallif dastxati bilan yozilgan “Muhammadiya” risolalari nusxalari hozirgi kunda Istanbuldagi Avliyo Sofiya kutubxonasida saqlanmoqda.Istanbuldagi Toʻpkapi saroyi kutubxonasida Sulton Muhammad II qabuli vaqtini ifodalovchi Ali Qushchining surati bor. Ali Qushchi Istanbulda katta hurmat va ehtirom bilan kutib olinadi. U Ayo Sofiya madrasasiga yetakchi mudarris qilib tayinlanadi va oʻz talabalarini Ulugʻbek asos solgan yuqori darajadagi ilmiy anʼanalar ruhida tarbiyalay boshlaydi.Ali Qushchi ilmi riyoziyot va ilmi falakiyotdan tashqari boshqa fanlardan ham saboq bergan. U qomusiy olim boʻlganligi uchun ham falsafa, mantiq, fiqh (musulmon qonunshunosligi), adabiyot nazariyasi va tibbiyot fanlarining nozik tomonlarini juda yaxshi bilgan. Bu ilmlar boʻycha alohida yozgan risolalari ham bor. Shuning uchun ham haqli ravishda Ali Qushchi oʻz zamonasi faniga katta taʼsir koʻsatgan koʻp asarlar muallifidir. Uning ilmi riyoziyotga oid risolalaridan mudarrislar darslik sifatida foydalanganlar. Ilmi falakiyot boʻyicha yozilgan asarlaridan osmon mavjudotlari haqidagi fanni oʻrganishda qoʻllanma sifatida foydalanilgan. Boshqa kitoblari qonunshunoslar, faylasuflar va tabiblarga moʻljallab yozilgan.
Uning baʼzi risolalari koʻp nusxadagi qoʻlyozmalar shaklida bizgacha yetib kelgan, boshqalari esa yoʻqolgan, lekin oʻrta asr tarixchilari asarlaridan ular haqida maʼlumot olish mumkin.
Ali Qushchining birinchi kitobi 1417-yilda Kermon shahrida taʼlim olayotgan vaqtda yozilgan. Unda buyuk qomuschi olim, ilmi riyoziyot va ilmi falakiyot fanlari tarixida chuqur iz qoldirgan Nosiriddin Tusiy (1201- 1274) qalamiga mansub falsafaga oid bir risolaning tushunilishi qiyin boʻlgan qismlari tushuntirilgan va sharhlab berilgan. Demak, yoshlik chogʻlarida u oʻzini qobiliyatli va ijodiy izlanuvchi olim sifatida koʻrsata bilgan.
1425-yilda Samarqandda u ilmi riyoziyotga doir risola yozgan. Bu asar XVI-XVIII asrlarda yashagan Sharq olimlari oʻrtasida keng tarqalgan. Ali Qushchi qoʻlyozmalari Ovrupo, Osiyoning koʻpgina shaharlarida, jumladan, Toshkent kutubxonalarida ham saqlanmoqda. Bu qoʻlyozma turlicha nomlanib, koʻp hollarda “Risolai hisob”, baʼzan “Risola dar ilmi xisob”, “Mizan al-hi-sob” nomlari bilan ta'kidlagan. Ammo risolalar mazmuni deyarli bir xil. Bu kitob Oʻrta Osiyo, Eron, Hindiston va Turkiyada mashur boʻlgan “Xulosat ul-hisob” risolasi muallifi Baxoviddin al-Omiliy (1547-1622) ijodiga kuchli taʼsir etgan.Ali Qushchi umrining soʻnggi damlarida yozilgan “Mu- hammadiya” asari “Risolai hisob”ning qisqartirilgan koʻrinishidir. Bu qoʻlyozmalari dushanbelik olim G. Sobirov 1962—1973-yillar ichida batafsil oʻrganib chiqdi. 1426-yilda Samarqandda Ali Qushchi ilmi riyoziyotga oid “Risolai qusur” kitobini yozdi. Uning yagona qoʻlyozmasi hozirgi kunda Sankt-Peterburg Sharqshunoslik ilmgohida saqlanmoqda. Bundan tashqari, Ali Qushchi “Geometriyadan risola” (“Risola dar handasa”) hamda “Arifmetik qoidalar va geometrik (“Risala fi kavaid al-hisabiya val-dalanl al-xandasiya”) kitoblarini ham yozgan. Ularning qoʻlyozmalari bor.Ayniqsa Ali Qushchi oʻzining ilmiy falakiyotga doir asarlari bilan shuhrat qozongan. U Ulugʻbek rahnamoligida yozilgan “Ziji Koʻragoniy” mualliflaridan biri edi. Ali Qushchi bu kitobga sharhlar ham yozgan. Koʻp qoʻyozma nusxalari bizgacha yetib kelgan “Risola dar falakiyot” kitobi ommabop hisoblanadi. Turkiyada fan asoschilaridan biri va yirik maʼrifatchi deb hisoblangan.
Ali Qushchining qalamiga mansub asarlar quyidagilardir:
1. “Risola fi-l-hisob” (“Hisob haqida risola”). Asar fors tilida 1425 yili Samarqandda yozilgan. U uch qismdan iborat: oʻnlik hisoblash tizimi, oltmishlik hisoblash tizimi va handasa.Ali Qushchining bu risolasi oʻrta asrlarda keng tarqalgan boʻlib, nafaqat Movarounnahr olimlarining, balki butun Yaqin va Oʻrta Sharq olimlarining diqqatini oʻziga jalb qilgan. Chunonchi, yozilganidan 150 yilcha keyin Bahouddin Omuliy (1547–1621) oʻzining “Xulosat ul-hisob” nomli asarini yozganida undan foydalangan. Risolaning qoʻlyozmalari Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutida, Tojikiston poytaxti Dushanbe shahridagi Firdavsiy nomli kutubxonada, Sankt-Peterburgda, Rusiya akademiyasi kutubxonasida, Mashhadda imom Rizo kutubxonasida, Istanbuldagi (Turkiya) Ayya Soʻfiya kutubxonasida va Oksford (Angliya) universiteti kutubxonasida saqlanadi.
2. “Risolai qusur” (“Kasrlar risolasi”). Bu asar ham Samarqandda fors tilida 1426 yili yozilgan. Bu risolaning qimmati shundaki, unda Ali Qushchi oʻnlik kasrlar tushunchasini va oʻnlik kasrlar yordamida irratsional kvadrat ildiz chiqarish usulini bayon etadi. Risolaning yagona nusxasi Sankt-Peterburgdagi Sharqshunoslik institutida saqlanadi.
3. “Risola al-fathiya” (“Gʻalaba risolasi”). Asar turk sultoni Muhammad II ning Iroq sultoni Azim ustidan gʻalaba (fath) qilgani munosabati bilan 1473 yili Istanbulda yozilgan va astronomiyaga bagʻishlangan. Asarning qoʻlyozmalari Mashhadda imom Rizo kutubxonasida, Istambudsa Ayya Soʻfiya kutubxonasida, Tehron universiteti kutubxonasida, Kembrij universiteti kutubxonasida, Britaniya muzeyida, Berlindagi Germaniya davlat kutubxonasida, Dehlidagi Hindiston universiteti kubutxonasida va Bombey kutubxonasida saqlanadi.
4. “Risola al-Muhammadiya fi-l-hisob” (“Hisob haqida”). Asar arabiy imloda yozilgan hisobga doir eng nodir asarlardan boʻlib, turk sultoni Muhammad II ga bagʻishlangan. Unda oʻnlik va oltmishlik hisoblash tizimlaridan arifmetika, algebra, geometriya va trigonometriya masalalari koʻriladi. Asarni muallifning oʻzi 1472 yili forsiyga agʻdargan. Risolaning muhim taraflaridan biri shundaki, unda birinchi marta “musbat” va “manfiy” iboralari hozirgi biz qoʻllayotgan maʼnoda ishlatiladi.Risolaning ikki qoʻlyozmasi Istanbulda Ayya Soʻfiya kutubxonasida va Leyden universiteti kutubxonasida saqlanadi.
5. “Risola fi halla ash-shakl al-hilol” (“Hilolsimon shakllarni oʻlchash haqida risola”). Arabiy imloda yozilgan risola, qoʻlyozmasi saqlanmagan.
6. “Sharhi Miftoh al-ulumi Taftazoniy” (“Taftazoniyning “Miftoh al-ulum”ining sharhi”). Fors tilida yozilgan risola. Unga mashhur Qozizoda Rumiy sharh yozgan. Birgina qoʻlyozmasi Mashhaddagi imom Rizo qutubxonasida saqlanadi.
7. “Risola dar ilmi hayʼat” (“Astronomiya ilmi haqida risola”). Asar “Risola dar falakiyot”, “Risolayi forsiya dar hayʼat” va “Hayʼati forsiy” nomlari bilan ham maʼlum boʻlib, fors tilida bitilgan. Risolada Samarqand maktabi olimlarining astronomiya sohasida erishgan yutuqlaridan guvohlik beruvchi qator maʼlumotlar mavjud. Ali Qushchining shogirdlaridan biri Abulqodir ibn Hasan Roʻyoniy (vofoti 1520) risolahaqida bunday deydi: “Men astronomiyaga doir koʻp asarlarni oʻrgandim, Shamsiddin al-Ko-shiy, Husaynshoh Samoniy, Nosiri Sheroziy va Alishoh Xorazmiylarning “zij”larini sinchiklab mutolaa qildim. Lekin Ali Qushchining risolasini oʻqiganimdan soʻng astronomiya sohasidagi barcha anglamagan narsalarim menga ayon boʻldi”.Bu risolaning qoʻlyozmalari Oʻzbekiston Respublikasi FA Sharqshunoslik institutining qoʻlyozmalar fondida, Sankt-Peterburgdagi ommaviy kutubxonada, Parij milliy kutubxonasida, Mashh-adsagi imom Rizo kutubxonasida, Oksford universiteti kutubxonasida, Britaniya muzeyida, Kembrij universiteti kutubxonasida, Berlinda Germaniya davlat kutubxonasida va Istambudda Ayya Soʻfiya kutubxonasida saqlanadi.
8. “Sharhi “Ziji Ulugʻbek” (“Ulugʻbek “Zij”iga sharh”). Sharh ham “Zij”ning oʻzi kabi fors tilida yozilgan. Uni avval Jamshid Koshiy va Qozizoda Rumiylar boshlagan edi. Soʻng sharhni Ali Qushchi Istanbulda yakunladi. Bu sharhning qoʻlyozmalari Tehron universiteti kutubxonasida, Leyden universiteti kutubxonasida, Parij Milliy kutubxonasida hamda Sankt-Peterburg, Dushanbe, Mashhad, Istanbul va Angliyadagi kutubxonalarda saqlanadi.
9. “Sharhi risolai “Tuhfai shohiya” (“Shohiy tuhfa” risolasining sharhi”). Mashhur matematik va astronom Qutbiddin Sheroziyning (vafoti 1311) risolasiga sharh, forsiy tilda yozilgan. Qoʻlyozmalari Ayya Soʻfiya, Oksford universiteti va boshka kutubxonalarda saqlanadi.
10. “Sharhi risolai “Sullam as-samo” (“Sullam as-samo” risolasiga sharh”). Bunda Ali Qushchi oʻzining Samarqanddagi ustodlaridan biri boʻlmish Jamshid Koshiyning “Sullam as-samo” nomli astronomik risolasiga sharh bergan. Qoʻlyozmalari Gʻarbiy Ovroʻpo va Turkiya kutubxonalarida saqlanadi.
11. “Xitoynoma”. Bu risolani Ali Qushchi 1438 yili Ulugʻbek tomonidan Xitoyga elchilikka yuborilganidan qaytganidan soʻng fors tilida yozgan. U oʻzining shaxsiy kuzatishlariga koʻra Xitoyning iqlimi, tabiati, xitoyliklarning urf-odatlarini bayon etgan. Undan tashqari bu asarda matematika, geografiya bilan birga olam xaritasi ham keltirilgan.
12. “Risolai mantiq” – 1430 yili Samarqandda, fors tilida yozilgan risola. Yagona qoʻlyozmasi Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining Sharqshunoslik institutida saqlanadi.
13. “Sharhi tajvidi Xoja” (“Xoja “Tajvidi”ning sharhi”). Asar mashhur astronom, matematik va faylasuf Xoja Nasiriddin tusiyning (1201–1274) falsafaga doir “Tajvid” nomli asariga sharhdan iborat. Uni boʻlajak olim 1417 yili Kermondaligida yozgan boʻlib, uning qalamiga mansub ilk asar edi.Asarning qoʻlyozmalari Britaniya muzeyida, Mashhaddagi imom Rizo kutubxonasida, Istanbulda Ayya Soʻfiya kutubxonasida, Tehron universiteti kutubxonasida, Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutida va Sankt-Peterburgdagi ommaviy kutubxonada saqlanadi.
14. “Risola al-Mufradiya”. Arab tilidagi risola, mantiqqa bagʻishlangan. Yagona qoʻlyozma nusxasi Leyden kutubxonasida saqlanadi.
15. “Mahbub ul-hamoyil fi kashfil masoyil” (“Masalalarni hal qilishning mahbub boʻlganlari haqida”). Risola arab tilida yozilgan boʻlib, 20 bobdan iborat. Har bir bob alohida fanga bagʻishlangan. Birgina qoʻlyozmasi Tehron universiteti kutubxonasida saqlanadi.
16. “Risola mutaʼolliqa bi kalimat at-tavhid” (“Tavhid kali-masiga aloqador risola”). Arab tilida yozilgan ilohiyotga doir risola. Qoʻlyozmalari Berlin, Rim va boshqa shaharlardagi kutubxonalarda saqlanadi.
17. “Risola tataʼllaq bi kuiya” (“Umumiyatga aloqador risola”) arab tilida yozilgan falsafiy asardir.
18. “Risola al-istiorot”. Arab tilida yozilgan mantiqqa doir risola. Ikki qoʻlyozmasidan biri Leyden universiteti kutubxona-sida, ikkinchisi Sankt-Peterburg ommaviy kutubxonasida saqlanadi.
19. “Sharh ar-risola al-Azudiya” (“Al-Azudiya” risolasiga sharh”). “Al-Azudiya” risolasi aslida Izziddin ibn Abdurahim ibn Ahmad Ijiy (vafoti 1335) tomonidan arab tilida yozilgan boʻlib, uni Ali Qushchi sharhlagan. U tilshunoslikka mansubdir. Qoʻlyozmalari Leyden universiteti kutubxonasida, Sankt-Peter-burg ommaviy kutubxonasida, Parij Milliy kutubxonasida, OʻzR FA Sharqshunoslik institutida, Istanbulda Ayya Soʻfiya kutubxonasida va Oksford universiteti kutubxonasida saqlanadi.
20. “Al-unut va zavahir fi nazmil javohir” arab tilida yozilgan mantiqiy risola. Ayya Soʻfiya va
Leyden kutubxonasida ikki qoʻlyozmasi saqlanadi.
21. “Risola al-mujas fit-tibb” (“Tibbiyotga mansub moʻjaz risola”). Arab tilida. Birgina qoʻlyozmasi Ayya Soʻfiya kutubxonasida saqlanadi.
22. “Sharh risola al-fiqh” (“Fiqh haqidagi risolaning sharhi”). Bu asar islomdagi toʻrt mazhabdan biri boʻlmish “Imomi Aʼzam” mazhabiga asos solgan mashhur imom Abu Hanifa Nuʼmon ibn Sobit tomonidan yozilgan “Al-fiqh” risolasiga sharhdir. Asar arab tilida yozilgan va islom huquqshunosligiga taalluqlidir. Qoʻlyozmaning birgina nusxasi Qozon universiteti kutubxonasida saqlanadi.
23. “Risola fi hall al-misol al-handasa” (“Geometriyaga doir bir masalaning yechilishi haqida risola”). Arab tilida yozilgan bu asarda muallif aylanaga oʻtkazilgan urinma hosil qilgan burchak haqida bir teoremani isbotlaydi.Ali Qushchining butun hayoti va ijodi fan yoʻlida sarflandi. U oʻz asarlari bilan va ustozi Ulugʻbek bilan hamkorligi tufayli oʻz nomini tarix sahifalariga abadiy kiritdi.
Ali Qushchi va Ulugʻbek davri ilmiy jamoasi boshqa vakillarining ijodiy merosi hozirgi kunda katta qiziqish uygʻotmoqda. Ular yozgan asarlar qoʻlyozmalari Osiyo va Ovrupaning turli kutubxonalarida saqlanmoqda. Lekin ular qisman oʻrganilgan. Fan tarixida Oʻrta Osiyolik olimlar qoldirgan izni toʻla baholash uchun bu qoʻlyozmalar arab va fors tillaridan uzbek tiliga mukammal sharxlar bilan oʻgirish asosida tadqiq qilmoq kerak. G. Sobirov (1935—1976) qunt bilan qoʻlyozmalarni toʻpaash asosida Ali Qushchi hayoti va ijodini ilmiy tavsiflab berdi. Lekin, afsuski, unga boshlangan ishni oxiriga yetkazish nasib etmadi. Bu muammo fan tarixchilari tomonidan Ali Qushchinning barcha qoʻlyoz malarni diqqat bilan oʻrganib chiqilgandan keynigina hal boʻladi. Xuddi shu narsa XV asrda yashab, ijod qilgan Samarqand ilmiy jamoasi olimlari Qozizoda Rumiy, Jamshid Gʻiyosiddin al-Koshoniy, Miri Chalabiy singari boshqa ilmi riyoziyotchi va ilmi falakiyotchi olimlarga ham tegishlidir. Hozirgi kunga qadar bu yoʻnalishda ancha ishlar qilindi, Oʻzbekiston olimlaridan A. Axmedov, B. Axmedov, S. A. Axmedov, M. S. Bulatov,M. M. Xayrullayev, P. G. Bulgakov, U. I. Karimov, O. Burnev, A. B. Vildanova, I. M. Muminov, K. M. Munnrov, A. Nosirov, A. Rasulov, O. Tursunov, A. Urinboyev, A U Usmonov, O. D. Chexovich katta hissa qoʻshdilar.