Tadqiqotning maqsadi va vazifalari: ingliz va o`zbek tillarida kinoya mazmun ifodalovchi vositalarni o`rganish, ularni chog‘ishtirish orqali umumiy va differensial xususiyatlarini ochib berishdan iborat.
Shulardan kelib chiqqan holda, tadqiqotda o‘z oldimizga quyidagi vazifalarni maqsad qilib qo‘ydik:
Badiiy tasvir vositalari tizimida ironiyaning tutgan o‘rnini belgilash;
ironik mazmun ifodalashda kontekstning rolini ko‘rsatish;
ironik mazmun ifodalash jarayoni va uning bosqichlarini aniqlash.
Tadqiqotning metodologik asoslari va tadqiqot metodi.Ishning metodologik asosi har qanday narsa va hodisaning doimiy rivojlanishda ekanligini e’tirof etuvchi dialektik mantiqdir. Tadqiqot mavzuini yoritishda V.V.Vinogradov, I.R.Galperin, I.V. Arnold, G.V.Maksimenko, G.V.Kolshanskiy, A.Hojiyev, R.Qo‘ng‘urov, M.Mirtojiyev kabi tilshunos olimlarning nazariy qarashlari mazkur ishimiz uchun asos bo‘ldi.
Shuningdek, ishda chog‘ishtirma-tipologik, differensial-semantik metodlarga asoslangan holda ish ko‘rildi. Ishda o‘rni bilan funksional-semantik usuldan xam foydalanilgan.
Tadqiqotning ilmiy yangiligi. Ingliz va o‘zbek tillarida ironiya leksik-stilistik uslubini chog`ishtirsh orqali ularning o`xshash va farqli jihatlari ajratildi;
Ingliz va o`zbek tillarida ironik mazmun ifodalovchi (intonasion-fonetik, leksik- frazeologik, morfologik, sintaktik) vositalar tahlil qilindi va tartibga solindi;
Ingliz va o`zbek tillarida ironik mazmun ifodalash usullari o‘rganildi va ular (kinoya, piching, qochiriq, kesatiq, uchuruq,...) darajalandi;
Ingliz va o`zbek tillarida ironiya ifodalash jarayoni va bosqichlari ko‘rsatib berildi;
Ingliz va o`zbek tillarida ironiyaning badiiy tasvir vositalari tizimida tutgan o‘rni aniqlandi;
Ingliz va o`zbek tillarida ironik mazmun ifodalash – lingvopstilistik tadqiqot ob’yekti sifatida o‘rganildi.