Flogiston nazariyasining inqirozi
XVIII asrning ikkinchi yarmi va oxirida kimyoda eksperimental materiallarning yig’ilishi, kimyoviy tahlilning shakllanishi kimyo fani taraqqiyotining bosh omili edi. Bu davrda Yevropa davlatlarining barchasida kimyo rivoji bir tekisda bo’lmadi. Angliya va Shvesiyada kimyogar-olimlar kimyoviy tahlil va pnevmatik kimyo muammolarini yechishga uringan paytda, Germaniyadagi olimlar flogiston nazariyasi yordamida manufaktura talablarini so’ndiruvchi texnologiyalar yaratish bilan band bo’ldilar. Angliyadagi sanoat rivoji avval to’qimachilik sohasida va so’ngra boshqa tarmoqlarda yuz berdi. Qo’l mehnatining mashinalashtirilishi va boshqa texnik rivojlanishlar kimyoviy tadqiqot usullarining (matolarni oqartirish, bo’yash va hokazo) rivoji o’z navbatida organik kimyo fani shakllanishini taqozo eta boshladi.
Jamiyatda yuz berayotgan yangi ijtimoiy-iqtisodiy o’zgarishlar, tabiatshunoslik ayniqsa kimyo faniga qo’yilgan talablar, yangi tarixiy jarayonning shakllanishiga va flogiston nazariyasi yemirilishiga olib keldi. Bu davrning buyuk kimyogarlaridan biri shved olimi T.N.Bergman (1735-1784-yy.) edi. U 1767- yildan boshlab Upsala universiteti professori o’zining mashhur tahliliy kimyo tadqiqotlari bilan shuhrat qozondi, sifat tahlilining "ho’l" usulini joriy qildi. Bir qancha xususiy reaksiyalarni yo’lga qo’ydi va tizimli sifat tahlili reaktivlari haqida qo’llanmalar yaratdi.
XVIII asr ikkinchi yarmida har xil murakkab moddalarning parchalanishidan ajralib chiqadigan gazlar olimlarning diqqatini o’ziga qaratdi. Gazlarni hosil qilish va yig’ish imkoniyatini yaratgan pnevmatik vannalar ixtirosidan keyin ularning xossalarini o’rganish osonlashdi. Shunday vannani birinchi yaratgan olim va ruhoniy Stiven Geyls (1667-1761-yy.) kimyoviy reaksiya natijasida ajralib chiqqan gaz va bug’larni naychalar yordamida suvga teskari to’ntarib qo’yilgan idishlarga yig’a boshladi. Havaskor tabiatshunos bo’lgan Geyls ajratib olingan gazlarni aniqlamas va ularning xossalarini o’rganmas edi, dastlab yog’ochni quruq haydash usuli bilan gazlarni ajratib olgan.
Kimyogar-pnevmatik olim shotlandiyalik Jozef Blek (1728-1799-yy.) 1756-yildan Glazgo universiteti professori, 10 yil o’tgach Edinburg universiteti professori bo’lib ishlagan. Asli vrach bo’lib, siydik qovug’idagi toshlarni ishqorlar yordamida tushirishga uringan. Yumshoq ishqordan (CaCO3) o’yuvchi ishqorga [Ca(OH)2] o’tish oqibatida ohaktosh qizdirilishi natijasida biror narsa unga birikmasligi, aksincha ko’p miqdorda “havo” ajralib chiqishini kuzatdi. Bu “havo” ning o’yuvchi kalsiy tomonidan oson yutilishini kuzatgan Blek uni “bog’langan havo” deb ataydi. Natijada Blek 1756-yilda oq magneziya, so’ndirilmagan ohak va boshqa moddalarning o’zaro ta’siridan “bog’langan havo” ni (CO2) ajratib oldi va uning tabiatini o’rgandi:
Blek ohaktosh kuydirilishi natijasida ohakning og’irligi kamayishini tarozidan foydalanib isbotladi, bu flogiston nazariyasiga zid xulosa edi. Blekning aniqlashicha, gazsimon moddalar qattiq va suyuq jismlardan ajralishi mumkin, lekin ayrim hollarda ular bilan faol reaksiyaga ham kirishadi. Keyinroq Blekning ko’rsatishicha, karbonat angidridi parchalanishidan hosil bo’lgan kalsiy oksidi havoda ochiq qizdirilganda asta-sekinlik bilan qayta kalsiy karbonatiga aylanishi mumkin ekan. Bu tajriba yordamida olim atomosferada ozroq karbonat angidrid borligi va havoning oddiy modda emasligi haqida to’g’ri xulosa chiqaradi. CO2 xossasini o’rgangan Blek yoqilgan sham uning muhitida uchib kirlishini aniqlaydi. Bu ishlarni davom ettirib, yopiq idishdagi havo muhitida yoqilgan sham bir oz vaqt yonib turishi va keyin o’chishini kuzatdi. Hosil bo’lgan CO2 ni absorbsiyalagandan keyingi qolgan havo ham yonishga yordam bermasligini aniqlagan olim bu muammoni hal qilish shogirdi shotland kimyogari Daniyel Rezerfordga (1749-1819-yy.) topshiradi. Qoldiq havoda sham yonmasligi va sichqonning yashay olmasligini aniqlagan Rezerford bu tajriba haqida 1772-yili xulosalarini e’lon qiladi. Blek ham, Rezerford ham flogiston nazariyasi tarafdorlari bo’lgani uchun ular havo tarkibidagi bu yangi moddani “flogistonli havo” deb atashadi, bugun biz bu modda va elementni azot deb nomlaymiz.
Karbonat angidridining ochilishi haqidda V.I.Vernadskiy shunday deb yozadi: “XVI asrda Van-Gelmont ochgan o’rmon gazi va XVIII asrdagi Blek aniqlagan “bog’langan havo” deyiluvchi karbonat angadridning aniqdanishi gazlar haqida birinchi ta’limot edi. Uning tabiati va xossalarini o’rganish flogiston nazariyasini yemirib, hozirgi zamon yonish nazariyasining yaratilishiga olib keldi. Uni o’rganish oqibatida tirik jonzod va o’simlik dunyosi orasida o’xshashlik borligi aniqlandi”. Blekning pnevmatik tadqiqotlari o’z vatandoshlari va boshqa davlatlarning olimlari tomonidan davom ettirildi va rivojlantirildi.
O’z mablag’lari hisobidan laboratoriya tashkil etgan va yordamchilarsiz barcha eksperimental tajribalarni o’zi bajargan ingiliz olimi G.Kavendishning (1731-1810-yy.) ishlari "Sun’iy havo"ning turli ko’rinishlariga qaratilgan edi. G.Kavendish “sun’iy havo” deganda barcha birikmalar bilan birikkan va ular qizdirilganda ajralib chiqadigan gazlarni ko’zda tutadi, 1766-yili “yonuvchi havo” (vodorod)ni aniqlagan Kavendish uning juda kichik massasi borligini aniqladi. Reaksiyaga kirishgan metall, kislota og’irligini va ajralib chiqqan gaz hajmini o’lchagan olim uning zichligi 0,09 deb aniqdaydi. 1772-yilda D.Rezerford bilan birga havoning tarkibida azot va kislorod aralashmasi borligini isbotlaydi. Azot va azot oksidlarining xossalarini batafsil o’rganadi.
G.Kavendish zamondoshlarilan biri ingliz havaskor olimi Jozef Pristli (1733-1804-yy.) teologik ta’lim sohibi bo’lsa ham falsafiy masalalar bilan qiziqqan, ammo ma’lum bir davrga kelib faqat pnevmokimyoga katta e’tibor bilan qaragan. 60-yillar oxirida Angliyadagi Lids pastorligini qabul qildi. Lids yonida pivo ishlab chiqarish zavodining bo’lishi Pristlining barcha tajribalari uchun kerakli miqdorda karbonat angvdridi gazi olish imkoniyatini yaratdi. Pristli tajribalarida karbonat angidridining suvda erishini aniqlaganda bu eritmaning yoqimli ta’mga ega bo’lgani uni ajablantirdi. Bu ish bilan Pristli hozirgi zamon alkogolsiz ichimliklar ishlab chiqarish sanoatini yaratdi, desak xato qilmaymiz. Bir qator yangi gazlarni o’rgangan olim ularning suvda eruvchanligini bilib, gazlarni simob ustida zichligini joriy qildi va bu bilan Geylsning pnevmatik vannasini takomillashtirdi. Pristlining muhim kashfiyotlaridan biri kislorodning havo tarkibida bo’lishini aniqlagani va uni “flogistonsiz havo” deb, Sheyele esa uni “olovli havo” deb atashganini alohida e’tirof etamiz. Havoda qizdirilgan simobning qizil rangli birikmaga aylanishi uning oksidga o’tishi ekanligini kuzatgan Pristli, yana qaytadan oksidni parchalab kislorodni yig’di. Bu gaz muhitida birikmalar havo muhitiga nisbatan yorqin alanga berib yonadi, tirik jonivorlarning nafas olishi osonlashadi. Pristli ish faoliyati davrida yangi to’qqizta gazni kashf etdi: (1772 – HCl, 1772-N2O, 1772-NH3, 1774-O2, CO2, CO). Pristli va K Sheyele bir zamonda ishlab kislorodni ochgan bo’lsalar ham, bu ishning ahamiyati va mohiyatini to’la anglay olmadilar, chunki ular flogiston nazariyasi tarafdorlari edi.
Kislorodning ochishi bilan Karl Vilgelm Sheyele (1742-1786-yy.) shved olimlarining ajoyib vakili XVIII asr Shvesiyasini ilg’or fan davlatlari qatoriga olib chiqdi. Taxminan 1735- yilda shved kimyogari Georg Brandt (1694-1768-yy.) mis rudasini eslatuvchi qo’sh mineralni o’rgandi. Ma’danshunoslar bu ruda sexrlangan va undan misni olib bo’lmaydi deb xulosa chiqarishadi. 1742-1744-yillar davomida izlangan olim bu ma’dan mis emas, temirni eslatuvchi boshqa yangi metall kobalt manbai ekanligini aniqladi. 1751-yilda Aksel Fredrik Kronsted (1722-1765- yy.) kobaltni eslatuvchi yangi metall nikelni, 1774-yilda Iogann Gotlib Gan (1745-1818-yy.) marganesni, 1782- yilda Peter Yakob Gyelm (1746-1813-yy.) molibdenni kashf etdilar. Minerallarni aniqlashda birinchi marta payvandlash naychasidan foydalangan kishi Kronsted hisoblanadi. Yangi texnik usullarni qo’llagan kimyogarlar minerallar haqida ancha ma’lumotlar to’plashdi. Bu qiymatlarni tahlil qilgan olim minerallarni faqat tashqi shakliga qarab emas, balki kimyoviy tuzilishiga ham etibor berish lozimligini ta’kidladi va 1758-yilda yozgan "Mineralogiya sistemasi" asarida ularning yangicha sinflash tizimini bayon qildi. Bu ishlar keyinchalik boshqa shved olimi ma’danshunos Torbern Ulaf Bergman (1735-1784-yy.) tomonidan davom ettirildi. Bir kimyoviy modda ikkinchisi bilan reaksiyaga kirishadi, ammo uchinchisi bilan reaksiyaga kirishmaydi. Buning sababini o’rgangan Bergman birikmalar orasidagi "moyillik" (aShshyev) mavjudligini sezdi na ularning aniq qiymatlarini topib jadval tuzib chiqdi. Bu jadvallar olimga katta shuhrat keltirdi va hayotidan keyin bir necha un yillar davomida kullandi. Aptekachining yordamchisi bo’lgan Sheyelega Bergman alohida e’ti-bor bilan karagan va doimo yordam bergan. Pirovard natijada Sheyele bir qator o’simliklar va tirik organizmlarlan vino, limon, olma, oksalat, gall, benzoy, siyik kislotalarni ajratib olgan bo’lsa, shu bilan birga molibden va arsenat kislotalarini sintez qildi. Sheyele uchta o’ta zaharli gazlarni ham sintez qilgan: vodorod ftoridi, vodorod sulfidi va vodorod sianidi. Uning bevaqt o’limiga shu zaharli moddalarning kuchli ta’siri sabab bo’lgan deb hisoblashadi, chunki Sheyele o’zi ishlagan kimyoviy birikmalarning ta’mini doimo tatib ko’rgan.
Dostları ilə paylaş: |