Xalq og‘zaki ijodida tarbiyaga oid masalalarning ifodalanishi. Ma’lumki, kishilar va kishilik jamiyati vujudga kelishi jarayonida inson ham biologik jihatdan, ham inson sifatida takomillashib borgan. Dastlabki diniy e’tiqodlar, oddiy ixtirolarning takomillashib borishi, inson ongining shakllanib borishiga turtki bo‘ldi. Bu jarayon ming-ming yillar davom etib, inson ongi shakllanishining asosi bo‘lgan xulq-odob qoidalari tarkib topadi.
Eng qadimgi kishilarning dastlabki oddiy istaklari, orzu-umidlari, xislatlari qadimgi eposlarda, ulardagi afsonaviy obrazlar qiyofasida o‘z ifodasini topgan. Ruhga sig‘inish - animizm, ajdodlar ruhiga sig‘inish totemizm, sehrgarlik kabi diniy e’tiqodlar va marosimlar aks ettan afsonalar, rivoyatlarda eng qadimgi avlodlarimizning tafakkur dunyosi aks etgan. Ammo bu rivoyatlar, afsonalar massagetlar, saklar, xorazmiylar, sug‘dlar, parfiyaliklar yashagan davrlarga borib taqaladi.
Shuni ta’kidlash lozimki, eng qadimgi tarbiya xaqidagi yodgorliklar bizgacha bevosita yetib kelmagan. Turkiy va forsiyzabon xalqlarning hayot kechirish san’ati,
donolik majmuasi sifatida yuzaga kelib, borliqqa amaliy munosabatda bo‘lish namunasidir. Ma’naviy madaniyat yodgorliklari: Markaziy Osiyo xalqlarining eng qadimgi marosimlari, urf-odatlari, ijtimoiy-falsafiy, madaniy, adabiy-tarixiy voqealarini ifoda etuvchi qomusiy yodgorlik namunasi bo‘lmish «Avesto»; afsonaviy qahramonlar tasvirlangan dostonlar ya’ni, «Alpomish», «Manas», «Shiroq», «To‘maris»,
«Go‘ro‘g‘li», «Murodxon», «Ravshan», shuningdek qadimgi yunon tarixchisi Gerodotning «Tarix», Strabonning «Geografiya» asarlari, Mahmud Qoshg‘ariyning
«Devonu lug‘atit turk», Urxun-Yenisey bitiklari va boshqa shu kabi adabiy-tarixiy manbalarda saqlangan va shular orqali bizgacha yetib kelgan. Bu yodgorliklar insonning shakllanishida moddiy va ma’naviy madaniyat qay darajada katta rol o‘ynaganligidan dalolat beradi. Xususan, tarbiya insonning aqliy va axloqiy jihatdan tarkib topa borishiga ta’sir etgan bo‘lsa, insonning shakllana borishi ham, o‘z navbatida, insoniyat jamiyatining tarkib topa borishiga yordam bergan. Xullas, insonning o‘z-o‘zini anglashi va jamiyat taraqqiyoti bir-biri bilan uzviy aloqada bo‘lgan. Bu tarixiy jarayonni bilish, inson tafakkurining qadimgi davrlardan boshlab bosqichma-bosqich rivojlanishi va shu bilan birga insonning ham tobora shakllana borganligi haqida to‘la tasavvur hosil qilishga imkon beradi.
Biz yuqorida keltirgan tarixiy, falsafiy, pedagogik adabiyotlarda tadqiqotchilar, umuman, eng qadimgi madaniy boyliklarimizni o‘rganishda uch asosiy manbaga tayanganligini ko‘ramiz:
Xalq og‘zaki ijodi materiallari.
Buyuk adiblar, allomalarning ijodiy merosi.
Arxeologik qazilmalar natijasida topilgan ashyolar.
Ma’lumki, o‘tmishda kishilar mehnat faoliyati jarayonida o‘z ehtiyojlarini qondirgan va bu jarayon yosh avlodga mehnat ko‘nikma va malakalarini hosil qilishga yordam bergan.
Tarixchilar va tarixchi-pedagoglarning ko‘rsatishicha, kishilarning mehnat faoliyati yosh jihatidan uch guruhga bo‘lingan:
bolalar va o‘smirlar;
hayot va mehnatda to‘la ishtirok etuvchilar;
keksalar.
Ibtidoiy jamiyat davrida bola o‘zi uddalay oladigan faoliyatga bevosita qo‘shilib, u hayot kechirish va mehnat qilishga o‘rgangan. O‘g‘il bolalar erkaklar bilan bajariladigan ov qilish, qurol yasash kabi ishlarni bajarsa, qizlar ayollar mehnati bilan tanishar edi. Bola ma’lum tayyorgarlikdan so‘ng sinovlardan o‘tib, keyin amaliy faoliyatda ishtirok eta boshlaydi. Urug‘chilik jamoasi bosqichida bolalar mehnati, kasb-hunarga intilish faollashib bordi. Tajribali kishilar bolalarni tarbiyalash bilan birga ularni yozishga ham o‘rgata boshlaydilar. Asta-sekin tarbiya tizimiga harbiy vatanparvarlik tarbiyasining boshlang‘ich turlari kirib kela boshlaydi. Jamiyat taraqqiyoti bilan birga bolalarga dalalarni o‘lchash, suv toshqinlarining oldini olish,
odamlarni davolash usullariga oid bilimlar berish ishlari avj oldi. Natijada maktablarga va yozuvga ehtiyoj sezila boshlaydi. Dastlab suratkashlik rivojlanib, piktografik xat paydo bo‘lgan bo‘lsa, keyinchalik qo‘shni mamlakatlardan kirib kelgan xarf bilan yozish usuli paydo bo‘ladi va tez tarqala boshlaydi.
Shuningdek ibtidoiy davrda insonlar tarbiyaning ta’sir kuchi orqali to‘g‘ri hayot kechirganligi, madaniyat va san’at sohasida ham misli ko‘rilmagan kashfiyotlar yuzaga kelgani ma’lum. Yunon tarixchisi Gerodot (er. av. V asr) «Tarix» kitobida yozishicha... Markaziy Osiyoning ibtidoiy jamoa tuzumi sharoitida xalqlar asosan chorvachilik va dehqonchilik bilan shug‘ullangan. Ularda nikoh munosabatlarining umumiy (tartibsiz) shakli hukmron bo‘lgan. Oilaning guruhli shakllarida bolaning otasi noma’lum bo‘lsa ham, lekin onasining kim ekanligi ma’lum bo‘lgan va shu sababdan bolaning tarbiyasi ona zimmasiga yuklatilgan. Asta-sekin odamlarning ijtimoiy ong faoliyatining takomillashuvi, xususiy mulkning dastlabki kurtaklarining paydo bo‘lishi yakka tartibdagi oilalarni vujudga keltirgan.
Yakka oila paydo bo‘lgandan so‘ng mehnat tarbiyaning eng asosiy quroliga aylangan. Qadimgi Eron qabilalarida mis va temirdan uy-ro‘zg‘or buyumlari yasala boshlangandi. Ana shu mehnat jarayonida bolalar ham ishtirok etardi. Ibtidoiy davrdagi tarbiya asosan oilada, jamoa va mehnat maskanlarida kishilar orttirgan tajribalarni bolalarga o‘rgatishdan iborat bo‘lardi. Bolalarga o‘rgatiladigan kundalik mehnat malakalari ularni yashash uchun kurashishga tayyorlar, aql-idrokli, odobli bo‘lib o‘sishlariga xizmat qilardi. Ming yillar mobaynida moddiy ne’matlar yaratish uchun hamkorlikda qilingan mehnat kishilar o‘rtasidagi axloq-odob munosabatlarining me’yorini keltirib chiqardi.
Eng qadimgi ma’rifiy yodgorliklarda insonda eng qadrlanadigan xislat - jasurlik, mardlik, adolat, sadoqat, insoniylik, xushmuomalalik bo‘lgan. Bu xislatlar o‘z-o‘zidan shakllanmagan. Tabiat va jamiyatdagi o‘zgarishlar, ibtidoiy urug‘chilik qabilachilik turmush tarzi buni taqozo etgan. Ikki katta kuch - yaxshilik va yomonlik o‘rtasidagi ayovsiz kurash insondagi bu xislatlarning bevosita shakllanishiga turtki bo‘lgan.
Ma’lumki, o‘tmishda kishilar mehnat faoliyati jarayonida o‘z ehtiyojlarini qondirgan va bu jarayon yosh avlodga mehnat ko‘nikma va malakalarini hosil qilishga yordam bergan. Eng kadimgi davrlarda ta’lim-tarbiyaga oid qimmatli ma’lumotlarni biz xalq og‘zaki ijodi namunalari afsonalar, qahramonlik eposlari, qo‘shiqlar, maqol va iboralarda ham ko‘ramiz.
Chunki, xalq donishmandligining ko‘zgusi bo‘lgan xalq og‘zaki ijodida xalq pedagogikasiga xos bo‘lgan tarbiya tajribalari umumlashgandir. Ayniqsa, Polienning
«Harbiy hiylalar» asarida keltarilgan Shiroq afsonasi, Gerodotning «Tarix» kitobidagi jasur To‘maris xaqidagi afsonalar shular jumlasidandir. M.Qoshg‘ariyning
«Devonu lug‘otit turk» asarida esa ilm olishning qadri, bilimli, donishmand kishilarni hurmat qilish, mehmondo‘stlik xushxulqlik mardlik va jasurlikni targ‘ib etuvchi, o‘z manfaatini ko‘zlagan molparast, baxil, ochko‘z, do‘stiga va xalqiga xiyonat kabi salbiy
tomonlarni qoralaydigan she’rlar ko‘p uchraydi. Bunday she’rlar turkiy xalqlar qadim- qadimlardan boshlab, inson shaxsini shakllantirishda ta’lim-tarbiyaga katta e’tibor berganligini ko‘rsatadi.