Oilaning tarbiyaviy vazifalari. Komil inson tarbiyasida oila funksiyalari (vazifalari). Oilaning asosiy vazifalari, funksiyalari quyidagilardan iborat ekanligini qayd etib o‘tishimiz joiz.
Oilaning iqtisodiy funksiyasi uning asosiy tarbiyaviy funksiyasidir. Bolalarning aqliy, jismoniy, axloqiy estetik tarbiyasiga oilada asos solinadi. Jamiyatning komil fuqarosini shakllantirish, tarbiyalash hozirgi zamon oilasining muhim funksiyasi darajasiga kiradi. Chunki shaxsning ijtimoiylashuvi dastavval oilada amalga oshadi.
Oilaning kommunnikativfunksiyasi oila a'zolarining o‘zaro muloqot va o‘zaro tushunishga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga xizmat qiladi.
Nikoh-oila munosabatlari yuzaga kelgan dastlabki, ibtidoiy zamonlardan buyon unga xarakterli bo‘lgan xususiyatlardan biri, oila a'zolarining axloqiy-psixologik himoyalanishini ta'minlash, yosh bolalarga va mehnatga yaroqsiz kishilar yoki keksa qarindoshlarga moddiy-ma'naviy va jismoniy yordam ko‘rsatish kabilardan iborat bo‘lib kelgan. Bu holat oilaning rekreativ funksiyasini tashkil qiladi. Oilaning rekreativ funksiyasi- o‘zaro jismoniy, moddiy, ma'naviy va psixologik yordam ko‘rsatish funksiyalaridan biri hisoblanadi.
Oilaning muhim bo‘lgan funksiyalaridan yana biri- bu uning reproduktiv (jamiyatning biologik uzluksizligini ta'minlash, bolalarni dunyoga keltirish) funksiyasidir. Bu funksiyaning asosiy mohiyati inson naslini davom ettirishdan iboratdir. Oilaning vazifasi faqatgina yangi avlodni dunyoga keltiribgina qolmasdan, insoniyat paydo bo‘lgan davrdan boshlab yashab kelayotgan ilmiy va madaniy yutuqlari bilan tanishtirgan holda, ularning salomatligini saqlab turishdan ham iboratdir. Tabiatan berilgan avlod qoldirish instinkti insonda farzand ko‘rishga ularni o‘stirishga va tarbiyalashga bo‘lgan ehtiyojga aylanadi. Bu ehtiyojlarni qondirmasdan turib, kishi odatda o‘zini baxtiyor his eta olmaydi.
Hozirgi zamon oilasining tobora ahamiyati ortib borayotgan funksiyalaridan biri uning felitsitologik funksiyasidir (italyancha «felitsite»- baxt degani). «Shaxsiy farovonlikka erishishga intilish oilaviy munosabatlar tizimida ko‘p jihatdan hal qiluvchi omil bo‘lib bormoqda. Oilada er-xotinning bir-birini to‘liq tushunishi- ularning o‘zlarini baxtli his qilishlarini ta'minlaydi. Shuningdek, o‘zidagi mavjud tabiiy-ijodiy imkoniyatlarni (iqtidorni) ro‘yobga chiqarish, jamiyat va oila doirasida sarflash ham insonga o‘zini baxtli his qilish imkonini beradi». Keyingi vaqtlarda insonning imkoniyatlari ortgan sari uning baxtga intilish darajasi ham ortib bormoqda.