O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta


Amnistiya akti yoki avf etish asosida



Yüklə 1,35 Mb.
səhifə115/126
tarix12.05.2023
ölçüsü1,35 Mb.
#112156
1   ...   111   112   113   114   115   116   117   118   ...   126
jinoyat huquqi

17.9. Amnistiya akti yoki avf etish asosida
jazodan ozod qilish

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 79 va 93-modda­larida qayd etilganidek, amnistiya akti yoki avf etish asosida jazodan ozod qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimnomasi asosida senat tomonidan amalga oshiriladi. Ba’zi davlatlarda amnistiya to‘g‘risidagi qonun chiqarish qonun chiqaruvchi organga tegishlidir. Masalan, Rossiyada Davlat Dumasi amnistiya chiqarish vakolatiga egadir.


Amnistiya O‘zbekiston Respublikasi senati qabul qiladigan normativ xususiyatdagi akt bo‘lib, u muayyan jinoyatlar uchun javobgarlik nazarda tutilgan jinoyat qonunini bekor qilmasdan, sud hukmi qarorlarining asosli va qonuniyligini shubha ostiga olmasdan, aybdorni jazodan yoki jinoiy javobgarlikdan ozod qiladi, jazoni yumshoq jazo bilan almashtiradi yoxud belgilangan mud­datlarni qisqartiradi, shuningdek, jazoni o‘taganlikning oqibati bo‘lgan sudlanganlikni bekor qiladi.
Amnistiya ijtimoiy mohiyatiga ko‘ra, muayyan jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning muayyan toifasiga taalluqli bo‘ladi. Sudning hukmi asosida jazo tayinlangan shaxs amnistiya akti yoki avf etish asosida asosiy va ijro etilmagan qo‘shimcha jazolardan ozod qilinishi yoki unga tayinlangan jazoning o‘talmay qolgan qismi yengilroq jazo bilan almashtirilishi mumkin. Sodir etilgan jinoyatga nisbatan jazolovchi funksiyasini yo‘qotmagan holda amnistiya akti jazoni qisman yoki to‘liq bekor qiladi, boshqa yengilroq jazo turi bilan almashtiradi yoxud qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini tugatadi. Jinoiy jazodan ozod qilishning asosi sifatida amnistiyaning jinoyat huquqiy tushunchasi ikkita: sud tomonidan hali jinoyat ishi ko‘rilmagandagi javobgarlik masalasi va jazo chorasi turi masalalarini qamrab oladi.
Amnistiyaning huquqiy oqibatlari jinoiy jazodan ozod qilishning boshqa turlariga muvofiq keladi. Shaxsni amnistiya akti asosida jinoiy jazodan ozod qilish ham insonparvarlik prinsiрiga asoslanadi.
Alohida shaxsni jazodan ozod qilivchi akt – avf etishdan farqli ravishda, amnistiya normativ xususiyatga ega: u har doim muayyan toifadagi jinoyatlar yoki bir guruh shaxslarga yoxud o‘zaro demografik, ijtimoiy, jinoiy, yoshga oid huquqiy yoxud boshqa belgilariga ko‘ra, farqlanmaydigan yakka tartibdagi noaniq bir guruh shaxslarga tegishli bo‘lib, individual xususiyatga ega bo‘lmaydi. Bu jinoyatlar va shaxslar guruhi turli: jinoyat tarkibi yoki jinoyatning tasnifi, jinoyat subyektning belgilariga ko‘ra belgilanadi.
Odatda, amnistiya aktlari birinchi navbatda voyaga yetmaganlar, qariyalar, shuningdek, ayollar, avvalambor birinchi navbatda, homilador ayollarga, shuningdek, jinoyatning xususiyati va og‘irlik darajasi (ehtiyotsizlik orqasida sodir etilgan, qasddan sodir etilgan, uncha og‘ir bo‘lmagan va og‘ir jinoyatlar)ga nisbatan qo‘llaniladi. Ammo boshqa, ijtimoiy-siyosiy asoslardagi amnistiya aktlari bo‘lib, ularning doirasi an’anaviy tartibda emas, balki alohida tartibda belgilanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2003-yil 1-dekabrdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining o‘n bir yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risidagi Farmonida birinchi marta jinoyat sodir etganligi uchun jazoni o‘tayotgan ayollar, jinoyat sodir etgan vaqtda 18 yoshga to‘lmagan shaxslar, mazkur Farmon kuchga kirgunga qadar belgilangan tartibda birinchi va ikkinchi guruh nogironlari, deb topilgan shaxslar, 60 yoshga to‘lgan erkaklar, bir yildan oshmagan muddat ichida jazoni ijro etish yoki yashash joyidagi davolash muassasalarining tibbiy komissiyalari tomonidan jazoni o‘tashga to‘sqinlik qiladigan og‘ir kasallikka chalingan, deb topilgan shaxslar, jinoyat sodir etgunga qadar doimiy yashash joyi O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida bo‘lgan, ozod etilgandan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi hududida qolishi uchun qonuniy asoslar bo‘lmagan chet el fuqarolari, ehtiyotsizlik orqasida jinoyat sodir etganlar, shuningdek, birinchi marta hukm qilingan shaxslar, basharti, ular ijtimoiy xavf katta bo‘lmagan yoki uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyati uchun hukm qilingan bo‘lsa, birinchi marta ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qilinib, o‘talmay qolgan jazo muddati ikki yildan ko‘p bo‘lmagan shaxslar, ekstremistik tashkilotlar faoliyatidagi ishtiroki, ular tarkibida O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiya­viy tuzumiga qarshi jinoyatlar yoki jamoat xavfsizligiga qarshi boshqa qilmishlar sodir etganligi uchun o‘n yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum etishga hukm qilinib, tuzalish yo‘liga o‘tgan shaxslar jazodan ozod qilinishi belgilandi.
Shuningdek, amnistiya akti qo‘llanilmaydigan shaxslar doirasi ham aktda belgilanadi, masalan, yuqoridagi amnistiya akti o‘ta xavfli retsidivistlarga, jazoni o‘tash tartibini muntazam tarzda buzayotgan mahkumlarga hamda muqaddam avf etish yoki amnistiya akti asosida jazodan ozod etilgan va yana qasddan jinoyat sodir etganlarga, nisbatan qo‘llanilmasligi belgilangan.
Amnistiya akti asosida jazo muddati qisqartirilishi ham mumkin. Masalan, yuqoridagi amnistiyada jazodan ozod qilinmaydigan shaxslarning o‘talmagan jazo muddati:
1) qasddan sodir etgan jinoyati uchun o‘n yildan ortiq bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilinganlarga – to‘rtdan bir qismiga;
2) qasddan sodir etgan jinoyati uchun o‘n yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilinganlarga – beshdan bir qismiga qisqartirildi.

Umumiy qoidaga ko‘ra, amnistiya akti chiqarilgunga qadar sodir etilgan jinoyatlarga nisbatan tatbiq etiladi. Uzoqqa cho‘zilgan jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan, amnistiya akti, agar jinoyatni tashkil etuvchi barcha harakatlar amnistiya akti kuchga kirgunga qadar (chiqqan vaqti, qonuniy kuchga kirgan vaqti) amalga oshirilgan bo‘lsa, tatbiq etiladi.


Davomli jinoyatlarda ham amnistiya akti o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lib, bu akt oxirgi jinoyat amnistiya akti chiqarilgunga qadar sodir etilib, agar bu amnistiya aktida maxsus ko‘rsatilgan bo‘lsa qo‘llaniladi, agar jinoiy harakatlardan biri amnistiya akti chiqarilganidan yoki u qonuniy kuchga kirganidan so‘ng sodir etilgan bo‘lsa tatbiq etilmaydi.
Amnistiya akti asosida shaxsni jinoiy jazodan ozod qilish davlat tomonidan shaxsni (uning jinoyatini emas) kechirishdir.
Avf etish O‘zbekiston respublikasi Konstitutsiyasiga asosan Prezident taqdimiga binoan senat vakolatiga kiradi.
Avf etish amnistiyadan farqli ravishda aniq bir shaxsga yoki muayyan shaxslar doirasiga nisbatan qo‘llaniladi. Avf etish asosida jazodan ozod qilinishi yoki muddatidan ilgari shartli ozod qilinishi, unga nisbatan tayinlangan jazoning o‘talmay qolgan qismi yengilroq turdagi jazo bilan almashtirilishi yoki sudlanganlik olib tashlanishi mumkin.
Adabiyotlarda, afv etish asosida jinoiy jazodan ozod qilish Prezident ixtiyorida bo‘lib, bu masala jinoyat qonuni bilan bog‘liq emas, degan fikrlar ham mavjud. Avf etish mahkumni jazodan ozod qilishning bir turi sifatida qaraladi.
Avf etish faqat hukm qonuniy kuchga kirgandan keyingina mahkumning iltimosiga ko‘ra, har qanday turdagi jazoga nisbatan amalga oshirilishi mumkin.
Ko‘pchilik hollarda avf etish o‘ta og‘ir jinoyat sodir etganligi uchun o‘lim jazosiga hukm qilingan shaxslarga nisbatan qo‘llani­ladi. Jinoyat kodeksining 51-moddasiga ko‘ra, o‘lim jazosi avf etish orqali 25 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish bilan almashtirilishi mumkin. O‘ta xavfli retsidivistlar, oldin amnistiya akti yoki avf etish qo‘llanilgan yoxud muddatidan ilgari shartli ravishda jazodan ozod qilingan yoki jazoning qolgan qismini yengilroq jazo bilan almashtirilgan shaxslar, agar ularning sudlanganlik muddati tugamasdan qasddan sodir etgan jinoyati uchun hukm qilingan jazoni o‘tash vaqtida tuzalish yo‘liga o‘tib olmagan, o‘ta og‘ir jinoyat sodir qilgan shaxslar alohida hollardagina avf etilishi mumkin.
Agar avf so‘rab qilingan iltimos rad etilsa, shaxs og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyat uchun hukm chiqarilgan kundan boshlab bir yildan keyin, boshqa jinoyatlar uchun hukm qilinganlar esa, olti oy o‘tgandan keyin avf so‘rab murojaat qilishi mumkin.



Yüklə 1,35 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   111   112   113   114   115   116   117   118   ...   126




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin