O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta


Jinoyat obyektining turlari



Yüklə 1,35 Mb.
səhifə34/126
tarix12.05.2023
ölçüsü1,35 Mb.
#112156
1   ...   30   31   32   33   34   35   36   37   ...   126
jinoyat huquqi

5.2. Jinoyat obyektining turlari

Jinoyat huquqida jinoyatning obyekti uch turga bo‘lib, o‘rganilgan. Bular:


a) jinoyatlarning umumiy obyekti;


b) jinoyatlarning maxsus obyekti;
d) jinoyatning bevosita obyekti.

Jinoyatlarning umumiy obyekti jinoyat qonuni bilan qo‘riqlana­digan ijtimoiy munosabatlardir. Ya’ni boshqacha qilib aytganda, Jinoyat kodeksining barcha moddalari yig‘indisi bilan qo‘riq­lanadigan ijtimoiy munosabatlardir.


Jinoyat kodeksining barcha moddalari yig‘indisi bilan qo‘riq­lanadigan ijtimoiy munosabatlar jinoyatning umumiy obyektini tashkil qilar ekan, ana shu jinoyatlarni muayyan tizimda tasniflab joylashtirish uchun umumiy obyekt tarkibiga kiruvchi barcha jinoyatlarning obyekti jihatidan bir-biriga o‘xshashlari ajratib olinadi va muayyan guruhdagi jinoyatlar tarkibiga kiritiladi. Bunda obyekti jihatidan bir-biriga yaqin bo‘lgan jinoyatlar guruhini maxsus obyektli jinoyatlar, deb topiladi.
Maxsus obyekt – jinoyat qonuni bilan qo‘riqlanadigan, o‘zaro bir-biri bilan bog‘liq va o‘xshash bo‘lgan ijtimoiy munosabatlar bo‘lib, Jinoyat kodeksining «Maxsus» qismidagi barcha jinoyatlarning obyekti jihatidan o‘xshashlari ajratib olinib, so‘ng muayyan guruhdagi jinoyatlar turkumiga kiritiladi.
Maxsus obyektli jinoyatlardan alohida ijtimoiy munosabatlar, ya’ni «Maxsus» qismning alohida moddasi bilan qo‘riqlanadigan ijtimoiy munosabatlar ajratib olinadi va buni jinoyat huquqida bevosita obyekt, deb aytiladi.
Jinoyat kodeksi «Maxsus» qismining bir qancha moddalarida ikki obyektli jinoyatlar uchun javobgarlik belgilanib, bunda o‘sha jinoyatni «Maxsus» qismning u yoki bu bobiga kiritishda (masalan, bosqinchilik, mansabdorlik jinoyatlari va hokazolar). Bunday ikki obyektli jinoyatlarni Jinoyat kodeksining qaysi bo‘limi yoki bobiga kiritish kerakligi masalasi ushbu jinoyat tarkibida qaysi obyekt asosiy va qaysi biri qo‘shimcha obyekt ekanligiga qaraladi. Masalan, bosqinchilik jinoyati tufayli ham shaxsning sog‘lig‘iga, ham mulkka tajovuz qilinadi. Qonun chiqaruvchi organ bu jinoyatni mulkiy jinoyatlar bobiga kiritgan. Bosqinchilikda kishining sog‘lig‘i mulkka nisbatan muhim bo‘lsa-da, subyekt birinchi navbatda o‘zganing mulkini g‘ayriqonuniy ravishda egallash maqsadida hujum qiladi. Ammo mulkni egallash uchun mulk egasining qarshiligini sindirish kerak bo‘ladi. Jinoyatchining asl maqsadi mulkni egallashga qaratilgan. Shuning uchun qonun chiqaruvchi organ bosqinchilikni shaxsga qarshi jinoyatlar guruhiga emas, balki mulkka qarshi jinoyatlar bobiga kiritgan.
Yuqorida bayon qilinganlarga asoslanib, aytishimiz mumkinki, «Maxsus» qismning moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni tasniflashning mezoni sifatida maxsus va bevosita obyektlarning ahamiyatiga qarab hal qilingan.


Jinoyat predmeti

Jinoyat predmeti jinoyat qonuni bilan qo‘riqlanadigan obyekt­ning ijtimoiy xavfli harakat to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir qiladigan elementidir.


Jinoyatning obyekti va predmeti aynan bir xil bo‘lmaydi. Biroq, shuni hisobga olish kerakki, predmet har doim ham jinoyatning doimiy belgisi bo‘lib hisoblanmaydi. Jinoyat kodeksida shunday jinoyat tarkiblari uchun javobgarlik ko‘zda tutilganki, ularning predmetini ko‘rsatish qiyin, chunki predmet deyilganda moddiy (ko‘z bilan ko‘riladigan, o‘lchovi, sifati va o‘ziga xos belgilariga ega bo‘lgan) narsani tushunamiz.
Jinoyat predmetini to‘g‘ri aniqlash jinoyatni tasniflashda, uni boshqa o‘xshash jinoyat tarkibining belgilardan ajratish, jazoni og‘irlashtiruvchi holatlarda mavjudligini aniqlash va kvalifikatsiya qilishda muhim ahamiyatga ega.
Jinoyat obyektining tasniflanishi
Jinoyat huquqi nazariyasida jinoyatning obyekti: umumiy, maxsus, bevosita obyektlarga ajratiladi.
Umumiy obyekt deyilganda, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat qonuni bilan qo‘riqlanadigan barcha ijtimoiy munosabatlarning yig‘indisi tushuniladi.
Jinoyat kodeksining 2-moddasida muhofaza obyektlari sifatida shaxs, uning huquq va erkinliklari, jamiyat va davlat manfaatlari, mulk, tabiiy muhit, tinchlik, insoniyat xavfsizligi ko‘rsatilgan bo‘lib, ularning hammasi birgalikda umumiy obyekt hisoblanadi.
Jinoyatning umumiy obyekti tushunchasi jinoyatning ijtimoiy-siyosiy mohiyatini ochib beradi. Umumiy obyekt barcha jinoyatlar uchun bitta, zero, har qanday jinoyat u yoki bu ijtimoiy munosabatga zarar yetkazib, Jinoyat kodeksi bilan qo‘riqlanadigan boshqa ijtimoiy munosabatlarga ham ziyon yetkazadi, shuning uchun ijtimoiy munosabatlarning bir guruhiga emas, balki barchasiga ta’sir etadi.
Maxsus obyekt jinoyat qonuni bilan qo‘riqlanadigan ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy mohiyatiga ko‘ra bir-biriga o‘xshash yoki yaqin bo‘lgan ijtimoiy munosabatlarni o‘z ichiga oladigan obyektlar guruhidir.
Maxsus obyekt jinoyat qonuni bilan qo‘riqlanadigan umumiy obyektga kiruvchi bir-biriga yaqin yoki o‘xshash ijtimoiy muno­sabatlarni o‘z ichiga oladi. Bu ijtimoiy munosabatlar guruhiga obyektlarni erkin va pala-partish ravishda kiritmasdan, ularning o‘xshashligi (bir turdagiligi)ga qarab ajratiladi.
Maxsus obyekt Jinoyat kodeksining «Maxsus» qismidagi jinoyat huquqiy normalarni klassifikatsiya qilish asosida aniqlashadi. Jinoyat kodeksining «Maxsus» qismi xuddi shu tartibda, ya’ni maxsus obyektni hisobga olgan holda tuzilgan.
Maxsus obyektni to‘g‘ri aniqlash ijtimoiy xavfli harakatning xususiyati va ahamiyatini, uning qo‘riqlanayotgan ijtimoiy munosabatlar tizimidagi o‘rnini aniqlash imkonini beradi. Shuningdek, obyekt jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasini va xususiyatini aniqlashga yordam beradi.
Jinoyat huquqi «Maxsus» qismi tizimida boblarning joylashuv tartibi, avvalo, jinoyat obyektining ahamiyati va jamiyat uchun bo‘lgan qimmatiga bog‘liq qonun chiqaruvchi organ tomonidan «Maxsus» qism boblarining ma’lum tartibda, qonun bilan qo‘riqlanadigan ijtimoiy munosabatlarning ahamiyati jihatidan joylashtirilishi bu munosabatlarni qo‘riqlashning muhimligini ta’kidlaydi.
Jinoyat qonunining rivojlanish tarixida birinchi marta 1994-yil 22-sentabrda qabul qilingan amaldagi Jinoyat kodeksining «Maxsus» qismi tizimida insonning hayoti, sha’ni, qadr-qimmati va hokazolarni qo‘riqlashga ustuvor ahamiyat berildi, ya’ni fuqarolarning Konstitutsiyaviy huquq va erkinligi, hayoti, sog‘lig‘i, sha’ni va qadr-qimmati birinchi o‘ringa qo‘yilgan. Jinoyat kodeksining 1-bo‘limi «Shaxsga qarshi jinoyatlar», deb ataladi.
«Maxsus» qismda ikkinchi o‘rinda tinchlik va xavfsizlikka qarshi jinoyatlar va uchinchi o‘rinda iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlar va boshqa guruhdagi jinoyatlar muayyan ketma-ketlik asosida joylashtirilgan.
Bevosita obyekt, deyilganida, ijtimoiy xavfli tajovuz bevosita qaratilgan ijtimoiy munosabat tushuniladi. Aynan jinoyatning bevosita obyektini to‘g‘ri aniqlash jinoyatni kvalifikatsiya qilishda katta ahamiyat kasb etib, jinoyatga yarasha jazo tayinlashda muhim o‘rin tutadi.
Jinoyat sodir etilayotganida birdaniga bir necha bevosita obyektlarga zarar yetkazilishi mumkin. Ayrim hollarda bu jinoyatni kvalifikatsiya qilishga ta’sir etsa, boshqa hollarda ta’sir etmaydi, ammo jazo tayinlanishida hisobga olinishi lozim. Masalan, bosqinchilik (Jinoyat kodeksining 164-moddasi) ikki obyektli jinoyat hisoblanadi. Bosqinchilik sodir etishda aybdor shaxs o‘zgalar mulkiga tajovuz qilish bilan birga jabrlanuvchining sog‘lig‘iga ziyon yetkazadi. Bir jinoyat sodir etilganida, bir necha obyektga zarar yetkazilgan bo‘lsa, obyektlar ichidan yetkazilgan zararning muhimligi Jinoyat kodeksining «Maxsus» qismida aniqlanadi va u bevosita obyekt hisoblanadi.
Jinoyatning bevosita obyektini jinoyat huquqi nazariyasida uch turga bo‘lib o‘rganiladi:

1) asosiy bevosita obyekt;


2) qo‘shimcha bevosita obyekt;
3) fakultativ bevosita obyekt.

Agar jinoyatning bevosita obyekti bitta emas, balki bir nechta bo‘lsa, ulardan biri asosiy obyekt hisoblanadi. Chunonchi, bezorilikning asosiy obyekti jamoat tartibi, bosqinchilik jinoyatida mulk, yolg‘on xabar berish jinoyatida odil sudlov organlarining to‘g‘ri ishlash faoliyatidir. Mana shu asosiy obyekt konkret jinoyatni Jinoyat kodeksining tegishli bobiga kiritish uchun asos bo‘ladi.


Ikki obyektli jinoyatlarda zarar asosiy obyektdan tashqari boshqa obyektga ham yetkazilib, u qo‘shimcha obyekt hisoblanadi. Qo‘shimcha obyekt murakkab tarkibli jinoyatlarda bo‘lib, boshqa jinoyat tarkibidan ajratishda muhim ahamiyatga egadir.
Jinoyat huquqi nazariyasida yana fakultativ obyekt degan tushuncha ham bor. Bu shunday ijtimoiy munosabatdirki, jinoyat sodir etilganda ma’lum zarar yetkazilishi ham, yetkazilmasligi ham mumkin. Masalan, bezorilik (277-modda) sodir etilganda, aybdor tomonidan shaxsning sog‘lig‘iga zarar yetkazilishi yoki yetkazilmasligi ham mumkin. Shuning uchun fakultativ obyekt shunday obyektki, shu obyektsiz qilmish muayyan jinoyat tarkibini tashkil etmasligi ham mumkin.
Ayrim hollarda jinoyatning bevosita obyekti jinoyat huquqiy normada to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘rsatiladi. Jinoyat kodeksining 157-mod­dasi «Davlatga xoinlik qilish» deb atalgan. Bu moddada yozilishicha: «Davlatga xoinlik qilish, ya’ni O‘zbekiston Respub­likasi fuqarosining O‘zbekiston Respublikasining suvereniteti, hududiy daxlsizligi, xavfsizligi, mudofaa salohiyati yoki iqtiso­diyotiga zarar yetkazish» yoki Jinoyat kodeksining 158-moddasida «O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hayotiga tajovuz qilish» uchun javobgarlik nazarda tutilgan bo‘lib, bu jinoyatlarda bevosita obyekt to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘rsatilgan bo‘lib, bular O‘zbekiston Respub­likasi suvereniteti, hududiy daxlsizligi, xavfsizligi, iqtiso­diyoti va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hayotidir.
Ko‘p hollarda jinoyat-huquqiy normada bevosita obyekt to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘rsatilmaydi. Shuning uchun moddalar joyla­shuviga qarab, jinoyatning ijtimoiy-siyosiy mohiyati va yuridik tahlili asosida Jinoyat kodeksining «Maxsus» qismida ko‘zda tutilgan jinoiy javobgarlikni belgilovchi norma aniqlanadi.

Yüklə 1,35 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   30   31   32   33   34   35   36   37   ...   126




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin