O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta



Yüklə 1,35 Mb.
səhifə87/126
tarix12.05.2023
ölçüsü1,35 Mb.
#112156
1   ...   83   84   85   86   87   88   89   90   ...   126
jinoyat huquqi

MAQSADI VA ТURLARI


14.1. Jinoiy jazo tushunchasi va belgilari

Jazo choralari jinoyatchilikka qarshi kurashda, jamiyatni jinoiy tajovuzlardan himoya qilish vositasi bo‘lib xizmat qiladi. Jazo Jinoyat kodeksining «Maxsus» qismi normasida javobgarlik belgilangan, sodir etilgan jinoyatning huquqqa xiloflilik belgisidir. Jinoyat va jazo tushunchalarining o‘zaro bog‘liqliligi sodir etilgan jinoyatga nisbatan qo‘llaniladigan qonuniylik va ayb uchun javobgarlik prinsiрlarida ifodalanadi.


Jazo – sud hukmi bilan jinoyat sodir etishda aybdor, deb topilgan shaxsga nisbatan qo‘llaniladigan va sudlanuvchini ozod­likdan mahrum qiluvchi yoki uning huquq va erkinliklarini chek­lovchi majburlov chorasi.
Jinoyat kodeksining 42-moddasida jazoga:
Jazo – bu jinoyat sodir etishda aybli, deb topilgan shaxsga nisbatan davlat tomonidan sud hukmi asosida qo‘llaniladigan va mahkumni qonunda nazarda tutilgan muayyan huquq va erkin­liklardan mahrum qilish yoki ularni cheklashdan iborat majburlov chorasi, deb ta’rif berilgan.
Jinoyat qonunini qo‘llashda: jinoiy javobgarlik nimaga asoslanadi va nima uchun jazo tayinlanadi hamda belgilanadigan jazo chorasining miqdori nimaga bog‘liq va aybdor qanday jazolanishi kerak, savollariga javob topish muhimdir.
Jinoyat huquqi funksiyasini amalga oshirishda jinoiy jazoning ahamiyati katta ekanligini qayd etish lozim. Ba’zi funksiyalar faqat jinoyat huquqiga xos bo‘lib, ularga: qo‘riqlovchi va ijtimoiy-majburlov funksiyalari kiradi. Jinoyat huquqi va jinoiy jazo yuqoridagi funksiyalar orqali o‘zaro bog‘liq. Jinoiy jazo ijtimoiy-majburlov, ya’ni jinoyatni umumiy va maxsus ogohlantirish funksiyasini amalga oshiradi.
Jinoyat huquqida jinoiy javobgarlikdan farqli ravishda jinoiy jazo masalasi aniqroq ochib berilgan. Bu masala jinoyat huquqiga oid darsliklarida va jinoyat huquqi kurslarida to‘liq yoritilgan.
Davlat nomidan qo‘llaniladigan majburlov chorasi turli­cha bo‘lib, jinoiy jazo bu majburlovning alohida shakli hi­soblanadi. Bu haqda qator tarixiy ma’lumotlar mavjud. Italiyalik olim Ch. Bekkaria (1738—1794) «Jinoyat va jazolar haqida» deb nomlangan asarida (1764-yil): «Faqat qonunda, sodir etilgan jinoyatga nisbatan jazo belgilanishi mumkin va bunday qonunni qabul qilish vakolati qonun chiqaruvchiga beriladi. Hech qanday sudya haqiqatni buzmasdan, jinoyatning boshqa ishtirokchilariga jazo tayinlay olmaydi. Qonunda belgilanmagan jazo, ya’ni qonunda belgilangan doiradan chetga chiqqan jazo adolatsiz hisoblanadi», degan edi.
1994-yilgi Jinoyat kodeksida qonuniylik prinsiрidan kelib chiqib, qilmishning jinoiyligi, uning jazoga sazovorligi va boshqa huquqiy oqibatlar faqat Jinoyat qonunida belgilanishi mumkinligi mustah­kamlangan.
Jinoiy jazo davlatning majburlov chorasi bo‘lib, u boshqa majburlov choralaridan quyidagi o‘ziga xos xususiyatlari bilan farq qiladi:

1). Jinoiy jazo jinoyat qonunida qat’iy belgilangan bo‘ladi. Jinoyat kodeksida sudlar uchun qat’iy bo‘lgan jazo choralari belgilangan bo‘lib, sudlar jazo tayinlashda «Maxsus» qism normasi sanksiyasida ko‘rsatilgan doirada jazo tayinlaydilar. Sud jinoyat sodir etishda aybdor, deb topilgan shaxsga qonunda belgilangan jazonigina tayinlaydi, boshqa jazolarni davlat nomidan qo‘llanishi yoki jinoyat qonuni sanksiyalaridan chetga chiqilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Davlat majburlovining alohida shakli bo‘lgan jazo jinoyat qonunida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilgan shaxsga nisbatan qo‘llaniladi.


2). Jinoiy jazo faqat sud tomonidan tayinlanadi. Bu qoida Jinoyat kodeksining 42-moddasida ham mustahkamlab qo‘yilgan. Jinoyat kodeksining 69—75-moddalarida belgilangan asoslarga ko‘ra jazodan ozod qilish, jazoni yengilrog‘i bilan almashtirilishi ham faqat sud tomonidan amalga oshirilishi mumkin. Amnistiya akti asosida yoki avf etish orqali jazodan ozod qilishda, bu aktni chiqargan organning amnistiya yoki avf etish to‘g‘risidagi normativ akti asosida ozod qilinadi. Faqat sudlar jazodan ozod qilish vakolatiga ega ekanligi Jinoyat-protsessual kodeksining 12-moddasida ham mustahkamlangan. Jinoiy jazo hisoblanmaydigan majburlov choralari davlatning boshqa vakolatli organlari yoki vakolatli mansabdor shaxslari tomonidan ham qo‘llanishi mumkin.
3). Jinoiy jazo faqat jinoyat sodir etishda aybdor, deb topilgan shaxslarga nisbatangina qo‘llaniladi. Mahkum jazoning ijrosidan qochganda ham jazo mahkumning oila a’zolariga yoki yaqin qarindoshlariga nisbatan qo‘llanishi mumkin emas. Aybdor shaxsga jazo qo‘llanishi bilan bog‘liq bo‘lgan mulkiy to‘lovlar uning oila a’zolari yoki yaqin qarindoshlaridan undirilmaydi.
4). Jinoy jazoning mazmuni shaxsni ozodlikdan mahrum qilishda yoki huquq va erkinliklarini cheklashda ifodalanadi. Shaxsni jinoiy javobgarlikka tortish oqibatida u ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin. Masalan, ozodlikdan mahrum qilish va qamoq jazolari qo‘llanilganda mahkum jamiyatdan ajratiladi. Muayyan huquqdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilganda shaxsning erkin kasb tanlash huquqi, muayyan lavozimni egallashi cheklanadi.
5). Jinoiy jazoning davlat xususiyatiga ega ekanligi. Bu shundan iboratki, shaxsni jinoyat sodir etishda aybdor, deb topish, jazo, uning aniq turi va miqdorini belgilash faqat maxsus davlat organi – alohida hokimiyat sudga taalluqli bo‘lib, davlatning boshqa organlari yoki jamoat tashkilotlari uni qo‘llay olmaydi. Sud hukmi davlat nomidan chiqarilib, qonuniy kuchga kirgan sud hukmi barcha davlat, jamoat muassasalari ishlab chiqarish korxonalari va tashkilotlari, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiy bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi hududida so‘zsiz ijro etilishi lozim. Bularning hammasi jazoning davlat xususiyatiga ega ekanligini ifodalaydi.
6). Sudlanganlik shaxsning faqat jinoiy jazoga tortilganligi tufayli kelib chiqadi. Jazo tayinlangan, hukm qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab shaxs sudlangan hisoblanadi. Sud tomonidan jazodan ozod qilingan shaxs sudlanmagan hisoblanadi. Sudlanganlik muddatining tugashi yoki sudlanganlikning olib tashlanishi bilan uning barcha huquqiy oqibatlari bekor bo‘ladi. Sudlanganlik muddatining tugashi shartli hukm qilinganlarga nisbatan, xizmat bo‘yicha cheklash yoki intizomiy qismga jo‘natish, qamoq, ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo qo‘llanilgan shaxslarga nisbatan vujudga keladi. Sudlangan shaxs jazoni o‘tagandan so‘ng rasmiy hujjatlar to‘ldirganida sudlanganligini yozishga majbur bo‘ladi.
Ba’zi jinoyatlari uchun sudlangan shaxsning ma’lum vazifalarda yoki ayrim joylarda ishlash huquqi cheklanadi. Boshqa ta’sir choralari qo‘llanilganda (ma’muriy, intizomiy, moddiy) shaxslar sudlangan hisoblanmaydi.
7). Jazo – bu jinoyat sodir etgan shaxsni sodir etgan qilmishi uchun jazolash. Jazoning bu zo‘rlov, majburlov tomoni jinoyatchini jismoniy, mulkiy, ma’naviy va boshqa jihatlardan ma’lum darajada cheklash va mahrum qilishdir. Sud shaxsni ozodlikdan mahrum etganda, uni istagan joyda yashash huquqini chegaralashi, muayyan mansabni egallash yoki muayyan ish bilan shug‘ullanishini cheklashi mumkin.
Jinoiy jazo jinoyatchining shaxsiga qaratilgan bo‘lib, hatto u javobgarlikdan qochgan vaqtda ham, undan boshqa shaxsga nisbatan qo‘llanilmaydi.
8). Jinoiy jazoning vazifasi faqatgina sodir etilgan qilmish uchun jazolash bo‘lmay, shuningdek, mahkumlarni tuzatish va qayta tarbiyalash hamdir. Jinoyatchilarni tuzatish uchun tarbiyalashning alohida vositasi bo‘lgan jinoiy jazo choralari zarurdir. Shuning bilan birgalikda kam ahamiyatli va ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatni sodir qilgan shaxs, jinoiy javobgarlikdan va jazodan ozod qilinib, ma’muriy, intizomiy yoki jamoat ta’sir choralarini qo‘llash yo‘li bilan ham tarbiyalanadi.
Jazoni o‘tash jarayonida shaxsga nisbatan qo‘llanilgan jazoni o‘tash jarayonida uning tarbiyaviy ta’siri katta bo‘ladi. Shuning uchun jazo tayinlangan hukmlarni ijro etish bilan shug‘ul­lanuvchi organlarning bu sohadagi faoliyati katta ahamiyatga egadir.
Yuqorida ko‘rsatilgan belgilar jinoiy jazoni boshqa majburlov choralaridan farqini ko‘rsatadi. Jinoiy jazo davlatning boshqa majburlov choralariga yaqin bo‘lib ko‘rinsa-da, lekin ulardan farq qiladi. Masalan, fuqarolik ishlari bo‘yicha chiqariladigan sud qarori ham O‘zbekiston Respublikasi nomidan chiqariladi va majburiy xususiyatga ega bo‘ladi. Lekin fuqarolik ishlari bo‘yicha chiqarilgan undiruv to‘g‘risidagi qaror mulkiy yoki boshqa xususiyatdagi da’volar yuzasidan chiqariladi va u jazo hisob­lanmaydi. Bu xildagi ta’sir choralari bevosita shaxsning o‘ziga qaratilmaydi va shaxs uchun sudlanganlik singari yuridik oqibat keltirib chiqarmaydi.
Jinoiy jazo quyidagi talablarga javob berishi lozim:

1) jinoiy jazo davlat majburlov chorasi hisoblanadi;


2) jinoiy jazo chorasi faqat sud tomonidan tayinlanishi mumkin.
Jazo tayinlash uchun jinoiy qilmishning sodir etilganligi asos bo‘ladi, boshqa hech qanday qilmish emas.
3) jazo faqat jinoyat sodir etishda aybdor, deb topilgan shaxsga nisbatan tayinlanadi;
4) jazo muayyan huquq va erkinlikni cheklashda ifodalanishi kerak;
5) maxsus huquq va erkinlikdan mahrum qilish faqat jinoyat qonunida ko‘rsatilishi mumkin.

Jinoiy jazo shunday usul bilan ta’sir etish chorasiki, u muayyan sifat va miqdor xususiyatiga ega.


Sifat xususiyati deganda, jinoiy jazo chorasi orqali ta’sir etishning mazmuniy jihati tushuniladi, ya’ni uning turi (masalan, jarima jazosini tayinlash moddiy ta’sir etish xususiyatiga ega) usulida jinoyatchi shaxsiga ta’sir etishidir.
Miqdor xususiyati deganda, u yoki bu usulda ta’sir etishning chegarasi tushuniladi (masalan, jarima jazosini belgilashda uning summasi, ozodlikdan mahrum etishda uning muddati). Hech kimga jinoyat qonunida belgilangan sifat va miqdor xususiyatidan chetga chiqib, jazo tayinlanishi mumkin emas. Faqat sud belgilangan jazo doirasida jinoyat qonuniga muvofiq jazo muddati va rejimini belgilash orqali qanday miqdorda va sifatda jazo qo‘llanilishini belgilashi mumkin.
Jazo sifatida faqat majburlov xususiyatiga ega bo‘lgan ta’sir chorasi tan olinadi, ya’ni jazo qo‘llanilayotgan yoki boshqa shaxslarning (jazoni ijro etish muassasasi) ixtiyoridan qat’iy nazar, ijro etiladi. Bu o‘rinda jazo qo‘llanilayotgan shaxsga nisbatan subyektiv munosabatda bo‘lish, uning majburiy xususiyatiga ta’sir etmaydi. Jazo aybdor tomonidan ixtiyoriy tarzda yoki uning ixtiyoriga qarshi majburiy ravishda ijro etiladi, ya’ni bu o‘rinda uning majburiy ekanligi namoyon bo‘ladi.
Jazoning majburiy xususiyati, jazoni aybdor tomonidan, shuningdek, jazoni ijro etuvchi organ xodimlari, muassasalar ma’muriyati tomonidan ijro etilishini bildiradi.
Jazoni ijtimoiy munosabatlarga ta’sir ko‘rsatuvchi vosita sifatida belgilash uchun u quyidagi talablarga javob berishi lozim:

1). Jazo majburlov chorasi sifatida davlat nomidan qo‘llaniladi. Jazoni qo‘llash faqat davlatning vakolatli organi – sud tomonidan amalga oshiriladi. Faqat O‘zbekiston Respublikasining vakolatli jazoni ijro etish organlari jazoning ijrosini amalga oshiradilar, bu o‘rinda ular o‘z nomidan emas, balki davlat nomidan harakat qiladilar. Jinoiy majburlov chorasi boshqa davlat organlari tomonidan qo‘llanilganida, bu ta’sir chorasi jinoiy jazo, deb hisoblanmaydi;


2). Jinoiy jazo shaxsiy xususiyatga ega bo‘lib, faqat jinoyat sodir etishda aybdor, deb topilgan shaxslarga nisbatan qo‘llanishi mumkin.

Jinoiy jazoning mazmuni jinoyat sodir etishda aybdor, deb topilgan shaxsning muayyan huquq va erkinligini cheklash yoki ulardan mahrum etishda ifodalanadi.


Jinoyat qonuni doirasida ta’sir etish usuli jinoyat huquqiga ko‘ra, jinoiy jazo choralari faqat Jinoyat kodeksida to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘rsatilgan hollarda qo‘llaniladi. Jinoyat qonunida ko‘r­satilmagan jazo choralarining qo‘llanilishi mumkin emas. Jinoyatga ta’sir etish chorasi sifatida jazoning belgilangan xususiyatlari quyidagilarni talab qiladi:

birinchidan, Jinoyat kodeksining jazo tizimida mavjud bo‘lishi;


ikkinchidan, jinoyat sodir etganlik uchun qo‘llaniladigan normaning sanksiyasida ko‘rsatilgan bo‘lishi (ayrim hollar bundan mustasno).

Jinoyat sodir etishda aybdor, deb topilgan shaxslarning huquq va erkinliklarini cheklash yoki ulardan mahrum qilish jinoiy jazo chorasining jazolovchi belgisini ifodalaydi.





Yüklə 1,35 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   83   84   85   86   87   88   89   90   ...   126




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin