O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta



Yüklə 1,35 Mb.
səhifə84/126
tarix12.05.2023
ölçüsü1,35 Mb.
#112156
1   ...   80   81   82   83   84   85   86   87   ...   126
jinoyat huquqi

Birinchi sharti – ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsni hokimiyat organlariga topshirish maqsadida ushlashdir. Ya’ni, ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsni ushlash – ijtimoiy foydali hisoblanadi. Ijtimoiy foydalilik tushunchasi ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsni ushlash zarurati bilan birga shaxsni hokimiyat organlariga topshirish maqsadida zarar yetkazish holatini ham o‘z ichiga oladi. Jinoyat sodir etgan shaxsni ushlash vaqtida o‘ch olish maqsadida unga zarar yetkazgan bo‘lsa, bunday hollarda ushlab bergan shaxs yetkazgan zarari uchun umumiy asoslarda javobgarlikka tortiladi.
Shaxsni ushlash maqsadini aniqlash uchun konkret ish bo‘yicha barcha holatlarni, xususan, ushlashni amalga oshirgan shaxs faoliyatining motivlari, ushlashda tanlangan usul va vositalar, shart-sharoit, yetkazilgan zararning xarakteri va og‘irlik darajasi, shuningdek, qasdning yo‘naltirilganligini ifodalovchi boshqa holat­lar tahlil qilinishi kerak.
Ikkinchi sharti – ushlanayotgan shaxsning sog‘lig‘i yoki mulkiga muayyan zarar yetkazilishiga yo‘l qo‘yiladi. Albatta, shaxsni ushlayotganda uni hayotidan mahrum etish mumkin emas, ushlashdan maqsad jinoyatchini tegishli hokimiyat organlariga topshirishdir (insoniyatga qarshi yoki terroristik xatti-harakatlarni bir necha marta sodir etgan, jazoni og‘irlashtiruvchi holatlarda qasddan odam o‘ldirgan shaxsni ushlash vaqtida vaziyatga qarab, uning hayotiga zarar yetkazilishi mumkin).
Ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsga zarar yetkazishning shartlaridan yana biri ushlanishi mumkin bo‘lgan shaxslar doirasining belgilanganligidir. Ya’ni, qonunda ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxslarnigina ushlash mumkinligi belgilab berilgan. Bunday shaxslarni ushlash vaqtida zarar faqat ularning o‘ziga yetkazilishi kerak, zarar uchinchi shaxslarga yetkazilgan taqdirda bunday qilmish ish holatlariga qarab oxirgi zarurat yoki mustaqil tarkibli jinoyat sifatida baholanishi mumkin.
Uchinchi shart – ushlash vaqtida zarar yetkazish jinoyatchining qochishiga yo‘l qo‘ymaydigan yagona vosita bo‘lishi lozim. Agar shaxsni ushlashda boshqa imkoniyatlar bo‘lgan bo‘lsa-yu, u imkoniyatlardan foydalanilmay unga zarar yetkazilsa, aybdorning harakatlari Jinoyat kodeksining 39-moddasi, 1-qismida ko‘rsatilgan holatlarga to‘g‘ri kelmaydi.
Zarar yetkazish ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsni ushlashning eng so‘nggi imkoni, majburiy chora bo‘lishi kerak. Zarar yetkazishning «majburiylik» holatini aniqlash maqsadida tergov va sud organlari quyidagilarni tahlil qilishlari kerak:

a) ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsning jinoiy javob­garlikdan qochish imkoniyatiga ega yoki ega emasligi;


b) bu borada ushlashga qarshilik ko‘rsatuvchi shaxsning faolligi, qarshilik ko‘rsatish choralari, qilmish sodir etilgan joydan qo­chishi, shuningdek, ogohlantirilgandan keyin ham o‘z faoliyatini to‘xtatmasligi;
d) ushlashni amalga oshiruvchi shaxsning imkoniyati, ushlashni zarar yetkazmasdan amalga oshirishi e’tiborga olinishi lozim.

Bunday imkoniyatni aniqlash uchun ushlashni amalga oshi­ruvchi va ushlanuvchi shaxslarning soni, yoshi, jinsi, qurollan­ganligi, jismoniy kuchi va shu kabilar inobatga olinishi kerak.


Тo‘rtinchi shart – ushlash zararlar nisbati teng bo‘lgan holdagina qonuniy hisoblanadi, ya’ni ushlash vaqtida yetkazilgan zarar sodir etgan jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasiga va xarakteriga ushlash holatiga nisbatan to‘g‘ri kelmasligi mumkin emas.
Ijtimoiy xavfli qilmishni sodir etgan shaxsni ushlash vaqtida unga yetkazilgan zararning qonuniyligini baholashda ushlash vaqtidagi shart-sharoitlar va vaziyat, qilmishni sodir etgan shaxsning ushlanishdan qochish maqsadida qilgan harakatlari, ushlovchining kuchi va imkoniyatlari, xavflilik darajasi, ruhiy holati bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa holatlar hisobga olinadi. Xususan, odam o‘ldirgan shaxs qarshilik ko‘rsatmasa yoki uning qarshiligi ahamiyatsiz bo‘lsa, unga zarar yetkazish ushlash chegarasidan chiqmasligi kerak. Mabodo, shaxs jinoiy javobgarlikdan qochib, uni ushlamoqchi bo‘lgan shaxsga tajovuz qilsa, ushlashni amalga oshiruvchi shaxs zarar yetkazishning yo‘l qo‘yilgan chegarasidan chetga chiqish huquqiga egadir. Bunday harakat yetkazilgan zarar zaruriy mudofaa, deb kvalifikatsiya qilinishi kerak.
Demak, ijtimoiy xavfli qilmishni sodir etgan shaxsni ushlash vaqtida zarar yetkazishning qonuniyligi shartlarini ikki guruhga bo‘lib o‘rganish mumkin.
Ushlashning qonuniyligi va asoslanganligini belgilovchi shartlar:

a) ushlash uchun asoslarning jinoyat qonuni bilan taqiqlangan jinoiy qilmish sodir etilgan vaqtda vujudga kelishi;


b) jinoyat sodir etgan shaxsning odil sudlovdan yashirinish maqsadida qochishi.

Ushlashni amalga oshirayotgan shaxsning harakatlarini ifoda­lovchi shartlarga:


1) zararning jinoyat huquqiy ushlashni amalga oshirayotgan shaxs tomonidan yetkazilishi;


2) ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsni ushlash vaqtida qo‘llaniladigan usul va vositalarning ehtimoliy bo‘lmasligi kerak.

Ijtimoiy xavfli qilmishni sodir etgan shaxsni ushlashga qaratilgan chora-tadbirlar qilmish va shaxsning ijtimoiy xavflilik darajasiga mos kelishi kerak.


Ushlangan shaxsga u yetkazgan zararga nisbatan kam yoki teng darajada zarar yetkazilgan bo‘lsa, u holda jinoyat sodir qilganni ushlagan shaxs jinoiy javobgarlikka tortilmaydi. Nisbatan aybdor va ushlagan shaxsning harakatlarida tenglik bo‘lmagan bo‘lsa, ushlash choralari chegarasidan chetga chiqish holati mavjud bo‘ladi.
Jinoyat kodeksining 39-moddasi, 2-qismiga ko‘ra, ushlash choralari chegarasidan chetga chiqish deganda, ushlash vositalari va usullariga, qilmish va uni sodir etgan shaxsning ijtimoiy xavflilik darajasiga, shuningdek, ushlash sharoitiga butunlay mos kelmay­digan va natijada ushlanayotgan shaxsga qasddan zarar yetkazilishini tushunish lozim.
Ijtimoiy xavfli qilmishni sodir etgan shaxsni ushlash chora­laridan chetga chiqish – zarar yetkazishning majburiyligi va nisbatan tenglik belgilaridan tashqari yuqorida sanab o‘tilgan boshqa shartlar mavjud bo‘lgandagina huquqiy hisoblanadi. Albatta, ko‘p hollarda jinoyatchini ushlash vaqtida unga ma’lum bir zarar yetkazilishi mumkin.
Zaruriy choralar chegarasidan chetga chiqish, deb topish uchun jinoyatchini ushlagan shaxs yetkazgan zarar va jinoyatchi tomonidan yetkazgan zararlarning teng emasligi shart, lekin bu tengsizlik jinoyatchini ushlagan shaxs uchun yetarlicha aniq va ravshan bo‘lgan bo‘lishi lozim. Ushlash vaqtida ushlash choralari chegarasidan chetga chiqish oqibatida yetkazilgan zarar, nafaqat, ochiq va ravshan, balki ushlash zaruriyatining oqibatida vujudga kelgan bo‘lishi zarur.
Jinoyat kodeksining 101-moddasida ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsni ushlashning zarur choralari chegarasidan chetga chiqib, qasddan odam o‘ldirganlik uchun, 108-moddasida esa, ijtimony xavfli qilmish sodir etgan shaxsni ushlashning zarur choralari chegarasidan chetga chiqib, badanga qasddan og‘ir shikast yetkazganlik uchun javobgarlik nazarda tutilgan.
Ko‘rsatilgan jinoyat-huquqiy normalarning tahlili, Jinoyat kodeksida jinoyatchini ushlash choralari chegarasidan chetga chiqish oqibatida uning badaniga og‘ir shikast yetkazilishigacha ruxsat beriladi, degan xulosa qilish imkonini beradi. Ushlash choralaridan chetga chiqishda ehtiyotsizlik bilan har qanday darajadagi shikast yetkazish hamda tajovuz qilayotgan shaxsni ehtiyotsizlik orqasida o‘ldirilganligi uchun mudofaalanuvchi javobgarlikka tortilmaydi.
Тergov va sud amaliyotida u yoki bu qilmishni zaruriy mudofaa, oxirgi zarurat yoki ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsni ushlash vaqtida zarar yetkazish, deb topishda ularni sodir etilish belgilariga ko‘ra farqlash masalasida ma’lum bir qiyinchiliklar mavjud. Shu bilan birga, qilmishni to‘g‘ri kvalifikatsiya qila olish – birinchidan, jinoiy javobgarlikka tortiluvchi shaxsning huquqiy maqomini belgilash; ikkinchidan, Jinoyat kodeksi oldida turgan vazifalarni bajarilishini ta’minlash; uchinchidan, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning obro‘-e’tibori va nufuzini ko‘tarish uchun muhimdir.
Shu sababli tergov va sud organlari ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsni ushlash vaqtida zarar yetkazish institutini zaruriy mudofaa va oxirgi zaruratdan farqlashda quyidagilarga e’tibor berishlari lozim:

1) ushlashga bo‘lgan huquq ijtimoiy xavfli qilmish sodir etilishi bilan vujudga kelsa, zaruriy mudofaa mudofaalanuvchi shaxsga qarshi yo‘naltirilgan tajovuz sodir etilishi bilan, oxirgi zaruratga bo‘lgan huquq esa, nafaqat, shaxsdan, balki xohlagan manbadan kelib chiquvchi xavfning paydo bo‘lishi natijasida yuzaga keladi;


2) ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsni ushlash bo‘yicha tashabbus barcha hollarda bunday huquqqa ega bo‘lgan shaxslar tomonidan amalga oshiriladi, zaruriy mudofaa va oxirgi zaruratda esa, shaxs bunday sharoitga kirib qolishi tufayli zarar yetkazishga majbur bo‘ladi.

Ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsni ushlash huquqi bunday qilmish sodir etilishi bilan vujudga keladi va amalga oshiriladi, zaruriy mudofaa va oxirgi zarurat esa tajovuz yoki xavfning amalga oshirilishi fakti bilan shartlangan bo‘ladi.


Ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsni ushlashdan asosiy maqsad — bunday shaxsni hokimiyat organlariga topshirish bo‘lsa, zaruriy mudofaa va oxirgi zaruratda maqsad – tajovuzchini yengish va xavfni bartaraf etish hisoblanadi.



Yüklə 1,35 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   80   81   82   83   84   85   86   87   ...   126




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin