O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta



Yüklə 1,35 Mb.
səhifə80/126
tarix12.05.2023
ölçüsü1,35 Mb.
#112156
1   ...   76   77   78   79   80   81   82   83   ...   126
jinoyat huquqi

13.3. Zaruriy mudofaa

Zaruriy mudofaa institutining tushunchasi va belgilarining jinoyat huquqida berilishi ijtimoiy adolatni amalga oshirishda g‘oyat katta ahamiyatga egadir. Jinoyat huquqida zaruriy mudofaa tushunchasi qonun bilan muhofaza qilinadigan obyektlarni jinoiy tajovuzlardan muhofaza qilish jarayonida tajovuzkorga shunday zarar yetkazish yo‘li bilan amalga oshiriladigan huquqiy mudofaani o‘z ichiga oladiki, bunday mudofaa zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqib amalga oshirilganida mudofaalanuvchi shaxsning jinoiy javobgarligini kelitirib chiqaradi. Jinoyat kodeksining 37-moddasida zaruriy mudofaaning qonuniyligi doirasi va shartlari, zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqishning huquqiy holati nazarda tutilgan.


Jinoyat kodeksining 37-moddasiga ko‘ra:


Zaruriy mudofaa holatida sodir etilgan, ya’ni mudofaalanuvchi yoxud boshqa kishining shaxsi yoki huquqlarini, jamiyat yoki davlat manfaatlarini qonunga xilof tajovuzlardan tajovuzchiga zarar yetkazgan holda himoya qilish chog‘ida qilingan harakat, agar zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqilmagan bo‘lsa, jinoyat, deb topilmaydi.
Zaruriy mudofaa holatida qilingan harakat qonunga xilof hisoblanmaydi, chunki hayotga, sog‘liqqa, jinsiy erkinlikka, mulkka va boshqa jinoyat qonuni bilan qo‘riqlanadigan obyektlarga qilingan tajovuzlardan himoya qilish har bir fuqaroning burchi hisoblanadi va zaruriy mudofaa holatida tajovuzchiga zarar yetkazish jinoyat hisoblanmaydi.
Har bir fuqaroning o‘zi, boshqa shaxslar, davlat manfaatlarini va qonun bilan qo‘riqlanadigan har qanday boshqa ijtimoiy munosabatlarni himoya qilish huquqi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida (20, 27 va boshqa moddalarida) mustahkamlab qo‘yilgan. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 27-moddasida respublika fuqarolari sha’ni va obro‘siga, hayoti va sog‘lig‘i, shaxsiy hayoti, erkinligi va qadr-qimmatiga qarshi tajovuzlardan sudda himoyalanish, shaxsning sha’ni va obro‘siga qarshi tajovuzlardan zaruriy mudofaalanish huquqiga ega ekanligining belgilanganligi ushbu masalani hal etish uchun rahbariy ahamiyat kasb etadi.
Jinoyat qonunida birinchi marta har qanday fuqaro boshqa shaxslar yoki hokimiyat organlariga yordam so‘rab murojaat qilish yoxud tajovuzdan o‘zga yo‘sinda qutulish imkoniyati bor-yo‘qligidan qat’iy nazar, to‘g‘ridan to‘g‘ri zaruriy mudofaani qo‘llash huquqiga egaligi belgilab qo‘yiladi (Jinoyat kodeksining 37-moddasi, 3-qismi). Haqiqatan ham jinoyatchilikka qarshi kurash olib borishda jinoyat qonun bilan qo‘riqlanadigan obyektga qilingan tajovuzdan qochib qutulish orqali emas, balki jinoyatning oldini olishga qaratilgan qat’iylik bilan qilingan harakatlar orqali erishiladi. Zaruriy mudofaa huquqi har bir fuqaroning jinoyat qonuni bilan qo‘riqlanadigan ijtimoiy munosabatlarga nisbatan qilingan tajovuzlardan himoya qilish huquqini kafolatlovchi konstitutsiyaviy qoida hisoblanadi.
Bizning fikrimizcha, zaruriy mudofaa huquqi himoya huquqi bilan ta’minlangan manfaatlarga qarshi qasddan, shu bilan birga birgalikda, ehtiyotsizlikdan sodir etilgan tajovuz natijasidir.
Fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmati jinoyat qonuni bilan muhofaza qilinadi, ushbu obyektlarga qilingan tajovuz jinoyat deb topiladi (Jinoyat kodeksining 139,140-moddalari). Shuning uchun jinoyat qonuni bilan muhofaza qilinadigan bunday manfaatlar mudofaalanuvchi qonunda mustahkamlangan zaruriy mudofaaning huquqiyligi shartlariga rioya qilinganida, zaruriy mudofaa choralari bilan himoya qilinishi mumkin. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining 1996-yil 20-dekabrdagi «Ijtimoiy xavfli tajovuzlardan zaruriy mudofaa huquqini ta’minlovchi qonunlarni sudlar tomo­nidan qo‘llanilishi to‘g‘risida»gi qarori 1-bandida ham shunday fikr nazarda tutilgan.
Jinoyat huquqi nazariyasida, mudofaalanuvchining ijtimoiy xavfli tajovuzlardan qonun bilan mustahkamlangan shartlarga rioya qilib amalga oshiradigan harakatlari faqat qonun bilan muhofaza qilinadigan manfaatlarni himoya etish maqsadida amalga oshirilgan bo‘lsa, zaruriy mudofaa, deb topilishi lozim.
Ijtimoiy xavfli tajovuzlardan tajovuzchiga zarar yetkazish orqali himoya qilish, jinoyatchilikka qarshi kurashda ham ahamiyatga egadir. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining yuqorida nomi keltirilgan qarorida ayrim sudlar tajovuzga uchragan shaxs, undan qochib qutulish, boshqa fuqarolarga va hokimiyat vakillariga yordam so‘rab murojaat qilish yoki boshqa usullar bilan tajovuzdan saqlanish imkoniyatiga ega bo‘lsa, bunday tajovuzga qarshi faol ravishda mudofaalanish huquqiga ega bo‘lmaydilar, degan noto‘g‘ri fikrga asoslanadilar, deb ta’kidlanadi. Shu munosabat bilan plenum sudlar shuni e’tiborga olishlari kerakki, fuqarolar qonun talabiga muvofiq ijtimoiy xavfli tajovuzdan qochib qutulish yoki boshqa usullar bilan saqlanish imkoniyatiga ega bo‘lishlaridan qat’iy nazar, tajovuz qiluvchiga zarar yetkazish yo‘li bilan aktiv himoyalanish huquqiga egadirlar, deb ko‘rsatilgan1.
Yuqorida aytilganlardan xulosa qilib aytish mumkinki, zaruriy mudofaa holatida qilingan harakat jinoyat hisoblanmaydi, chunki u ijtimoiy-xavfli bo‘lmay, aksincha, ijtimoiy foydali harakatdir. Zaruriy mudofaada ijtimoiy xavflilik xususiyatining yo‘qligi shun­daki, zaruriy mudofaani qo‘llash orqali shaxsning hayoti, sog‘ligi, jinsiy erkinligi (daxlsizligi), mulki va qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa ijtimoiy munosabatlarga nisbatan qilingan tajovuz bartaraf qilinib, kelib chiqishi mumkin bo‘lgan zarariy oqibatlarning oldi olinadi. Тajovuz qiluvchining hayoti va sog‘lig‘i tajovuz vaqtida qonun bilan qo‘riqlanmaydi.
Zaruriy mudofaani qo‘llash har bir shaxsning shaxsiy huqu­qidir va bunday huquqni amalga oshirish faqat uning o‘zigagina bog‘liq bo‘lib, bu huquq zaruriy mudofaani qo‘llash vaqtida amalga oshiriladi. Ammo ayrim turkumdagi shaxslar uchun zaruriy mudofaani qo‘llash shaxsning yuridik majburiyati hisoblanadi. Bularga qonunda to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘rsatib qo‘yilgan yoki xizmati yuzasidan jinoyatchilikka qarshi kurash olib borish, odamlarni qutqarish, jamoat tartibini saqlash vazifasi yuklatilgan shaxslar kiradi.
Jinoyat qonuniga zaruriy mudofaa institutining kiritilishi, qonun himoyasidagi manfaatlarni g‘ayriqonuniy tajovuzlardan mudofaa qilishda har bir fuqaroni faol qatnashishini ta’minlash maqsadiga xizmat qiladi. Zaruriy mudofaani qo‘llashning zarurati va asoslari jinoyat qonuni bilan qo‘riqlanadigan obyektlarga (shaxsga, davlat va jamoat manfaatlariga) ijtimoiy xavfli tajovuz qilinganligidir.
Shaxsning o‘ziga yoki boshqa shaxslarning manfaatlariga jinoiy tajovuz qilinganligi zaruriy mudofaani qo‘llashning asosi bo‘lib xizmat qiladi. Qonunda jinoyatning subyekti yoshiga yetmagan yoki aqli noraso shaxslarning ijtimoiy xavfli tajovuziga nisbatan ham zaruriy mudofaaning qo‘llanishiga yo‘l qo‘yiladi.
Shuningdek, qonunda birinchi marta (Jinoyat kodeksining 37-mod­dasi, 4-qismi) zarar yetkazish maqsadida qasddan hujum qilish istagini qo‘zg‘atish zaruriy mudofaa hisoblanmasligi ko‘rsatilgan. Bu yerda shunday holatlar nazarda tutilganki, bunda aybdor muayyan bir shaxsga zarar yetkazish maqsadida uning jig‘iga (asabiga) tegadi», keyinchalik u bilan hisob-kitob qilish maqsadida uning javob harakatlarini sodir qilishini xohlaydi.
Bunday hollarda aybdor yetkazilgan zarar uchun umumiy asoslarda javobgarlikka tortiladi. Jinoyat kodeksi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining plenumi qarorida shaxs o‘zining g‘araz niyatlari (urishish, azob berish, o‘ch olish) tufayli hujumning kelib chiqishiga sabab bo‘lgan bo‘lsa, bunday harakatlarni zaruriy mudofaa yo‘sinda qilingan, deb topish mumkin emas, bunday holatlarda sodir etilgan xatti-harakatlar umumiy asoslarda kvali­fikatsiya qilinishi lozim, deb ta’kidlangan.
Zaruriy mudofaaning mohiyati shunda namoyon bo‘ladiki, qonun muhofazasidagi manfaatlarga qarshi qaratilgan g‘ayriqonuniy tajovuzdan mudofaalanuvchi tajovuz qiluvchiga shunday zarar yetkazadiki, yetkazilgan zarar zaruriy mudofaa instituti bo‘lma­ganida jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lardi. Aynan shuning uchun zaruriy mudofaaning qonuniy yoki g‘ayriqonuniyligi jinoyat qonuni bilan tartibga solinadi. Zaruriy mudofaa holatida tajovuzchiga muayyan zararning yetkazilishi mudofaalanuvchining qilmishi tufayli vujudga kelgan ijtimoiy xavfning oldini olibgina qolmay, agar u qonunda belgilab qo‘yilgan talablarga javob bersa, bunday faoliyatning ijtimoiy foydali, deb ham topilishiga asos bo‘ladi.
Zaruriy mudofaa tajovuz va himoyadan iborat ekanligi sababli uning huquqiyligi shartlari ham tajovuzdan zaruriy mudofa­a­lanishning huquqiy shartlari va himoyaga xos zaruriy mudofaaning huquqiy shartlariga bo‘linadi. Shunday qilib, zaruriy mudofaa institutining yuridik tabiati to‘g‘risidagi masalaga ikki xil yondashuv mavjud:
birinchidan, bu masalani amaldagi konstitutsiyaviy, ma’­muriy, jinoyat qonunlari nuqtayi nazaridan kelib chiqib hal etiladi;
ikkinchidan, bu fikr zaruriy mudofaa qanday amalda bo‘lishi kerak, ya’ni bu institut qanday tartibga solinishi kerak, qaysi soha qonunlari bilan mustahkamlanishi kerak, degan nuqtayi nazardan kelib chiqadi.

Тajovuzga nisbatan yetkazilgan zarar o‘z-o‘zidan ham zaruriy mudofaaning qonuniyligini ko‘rsatmaydi. Zaruriy mudofaa qonuniy bo‘lgan, deb topish uchun jinoyat huquqi nazariyasida zaruriy mudofaaning huquqiy shartlari, deb atalgan bir qancha shartlar mavjud bo‘lishi lozim.


Zaruriy mudofaaning huquqiy shartlarini ikki guruhga:

1) tajovuzga nisbatan;


2) mudofaaga nisbatan bo‘lish mumkin.

Тajovuzga nisbatan zaruriy mudofaaning huquqiy shartlari. Тajovuzga nisbatan zaruriy mudofaaning huquqiy shartlaridan birinchisi — shaxsga, uning huquqlari, jamiyat va davlat manfaat­lariga yoki boshqa jinoyat qonuni bilan qo‘riqlanadigan ijtimoiy munosabatlarga nisbatan bo‘lgan ijtimoiy xavfli tajovuz bo‘lishi kerak (bunda tajovuzning shakliga e’tibor berish kerak).


Yuqorida qayd etilganidek, jinoiy javobgarlik yoshiga to‘lmagan yoki aqli noraso shaxslar tomonidan sodir etilgan tajovuzlar ham ijtimoiy xavfli hisoblanadi. Zaruriy mudofaa mansabdor shaxslarning g‘ayriqonuniy harakatlariga qarshi ham amalga oshirilishi mumkin (masalan, qonunga xilof ravishda ushlab turish, qonunga xilof ravishda sog‘liqqa zarar yetkazish, qonunga xilof ravishda turar joyga bostirib kirish va hokazolar).
Тajovuzga nisbatan zaruriy mudofaaning huquqiy shartlaridan ikkinchisi – tajovuzning muqarrarligi, ya’ni haqiqatan mavjud bo‘lishidir. Muqarrarlik deganda, tajovuz boshlangan, lekin tugallanmagan ijtimoiy xavfli harakat tushuniladi. Masalan, qonun bilan qo‘riqlanadigan obyektga zarar yetkazgan yoki zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan harakatning mavjudligidadir.
Ijtimoiy xavfli tajovuzga muvofiq keluvchi zaruriy mudofaa huquqiyligining muhim sharti uning mavjudligi, ya’ni tajovuzning boshlang‘ich va yakuniy holatini aniqlashdan iborat. Тajovuzning boshlanishi deganda, Jinoyat kodeksida ko‘rsatilgan jinoyat belgilarini ifodalovchi harakat yoki harakatsizliklarning xronologik jihatdan sodir etish tushuniladi. Тajovuzning faktik tugallanishi esa, zarar yetkazish vujudga kelgan yoki jinoiy oqibat kelib chiqqan vaqt bilan belgilanadi. Ijtimoiy xavfli tajovuzning boshlang‘ich va yakuniy holatini aniqlash zaruriy mudofaada huquqiylik holatining borligi yoki yo‘qligi to‘g‘risidagi masalani hal etish uchungina emas, shuningdek, qonun muhofazasidagi obyektlarga ijtimoiy xavfli tajovuz sodir etilganida yoki shunday tajovuzdan mudofaalanishda zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqish faktini aniqlash uchun ham kerak.
Shu munosabat bilan Oliy sud plenumi qarorida: «Zaruriy mudofaa holati faqatgina ijtimoiy xavfli tajovuz yuz bergan vaqtning o‘zigagina emas, balki tajovuzning yana boshlanish xavfi mavjud bo‘lgan hollarda ham vujudga keladi. Zaruriy mudofaa holati tajovuz tugagandan so‘ng ham bo‘lishi mumkin, agar himoyalanuvchi ish holatlariga ko‘ra tajovuz tugagan vaqtini anglay olmagan bo‘lsa, hujum vaqtida tajovuzga nisbatan va boshqa ashyolarning himoyalanuvchi qo‘liga o‘tib qolishining o‘zi tajovuz tugaganligidan dalolat bermaydi», deb ko‘rsatib o‘tilgan.
Zaruriy mudofaa holati tajovuzning tugashi bilan tugaydi. Тajovuzning tugashi bilanoq hujumning muqarrarligi yo‘qoladi, shu bilan birgalikda zaruriy mudofaa huquqi to‘xtatiladi. Тajovuz tugaganidan so‘ng biron-bir obyektni himoya qilib, zaruriy mudofaa qo‘llanishi mumkin emas.
Тajovuz: a) ixtiyoriy yoki majburiy; b) mudofaalanuvchi tomonidan uning qaytarilishi; d) tajovuzchining o‘z maqsadiga yetishi orqali tugallanishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining zaruriy mudofaa to‘g‘risidagi qoidani qo‘llash to‘g‘risidagi rahbariy qarorida quyidagicha izoh berilgan: «Zaruriy mudofaa faqat ijtimoiy xavfli tajovuz sodir etilayotgan vaqtda emas, balki real hujum bo‘lish xavfi mavjud bo‘lganda ham sodir etilishi mumkin».
Тajovuzdan oldin yoki u tugaganidan so‘ng biror zaruriyat bo‘lmagan holda tajovuz qiluvchiga zarar yetkazilishi zaruriy mudofaa, deb hisoblanmaydi. Bunday holatlarda javobgarlik umumiy asoslarga ko‘ra hal qilinadi.
Uchinchi sharti — tajovuzning realligi, ya’ni tajovuzning himoyalanuvchi xayolida bo‘lmay, balki haqiqatan ham (obyektiv) ro‘y berganligidir. Bu holatlarda zaruriy mudofaa choralarini qo‘llagan shaxsga, barcha holatlar yuz bergan vaziyat, haqiqatda ham tajovuz yuz berayapti, deb taxminlashga asos bo‘lsa va shaxs o‘zining taxminlari xatoligini bilmagan va bilishi ham mumkin bo‘lmagan bo‘lsa, uning harakatlari zaruriy mudofaa holatida sodir etilgan, deb topilishi kerak.
Agar vujudga kelgan vaziyat shaxsga tajovuzning yo‘qligini tushunish uchun asos bo‘lsa, u xayolan hujum qilayotgan shaxsga zarar yetkazsa, himoyalanuvchining javobgarligi istisno qilin­maydi, balki aybning ehtiyotsizlik shakli mavjud bo‘lib, mudofaa­lanuvchi ehtiyotsizlik orqasida zarar yetkazilganligi uchun javobgarlikka tortiladi.
Hozirgi kunda olimlar o‘rtasida tajovuzga nisbatan zaruriy mudofaaning to‘rtinchi sharti sifatida – tajovuzning xarakteri, ya’ni huquqqa xilofligi shartini isbotlashga qaratilgan fikrlar ham mavjud.
Mudofaaga nisbatan zaruriy mudofaaning huquqiy shartlari quyidagilardan iborat: zaruriy mudofaadagi «mudofaa» elementi «tajovuz»dan ijtimoiy foydali maqsadga yo‘naltirilganligi, mudofaa­lanish ehtiyoji bilan amalga oshirilganligi, shuningdek, faqat mudofaalanuvchining bunday huquqqa ega ekanligi bilan farqlanadi.
Zaruriy mudofaada himoyalanishga qaratilgan harakatlar ijtimoiy xavfli bo‘lsa-da, u qonunda belgilangan mudofaala­nuvchining tashabbusi bilan amalga oshiriladigan faol xatti-harakatlardan iboratdir. Lekin shunday holatlar ham mavjudki, ular zaruriy mudofaa, deb hisoblanmasligi kerak. Masalan, tajovuz qilinayotgan vaqtda mudofaalanuvchining harakatlari tajovuzdan chekinish, qochish kabi «passiv» xarakterga ega bo‘lsa va bunda tajovuzchiga zarar yetkazilgan bo‘lsa ham (masalan, tajovuzchi mudofaalanuvchini ushlash maqsadida uning orqasidan quvgan vaqtida yiqilib jarohat olgan bo‘lsa, bunday harakatlar, nafaqat, zaruriy mudofaa, balki jinoyat, deb ham tan olinmaydi).
Mudofaaga nisbatan zaruriy mudofaaning birinchi sharti — mudofaa faqat Jinoyat kodeksi bilan qo‘riqlanadigan munosabatlarga tajovuz qilish muqarrar bo‘lganida amalga oshirilishi mumkin. Zaruriy mudofaa ijtimoiy foydali maqsadga yo‘naltirilgan bo‘lishi kerak. Zaruriy mudofaa shaxsning subyektiv huquqi bo‘lib, u, nafaqat, o‘z hayotini, balki davlat va jamiyat manfaatlarini ham himoya qilishi mumkin. Shaxsning qilmishi ijtimoiy foydali bo‘lmasa yoki jinoyat qonuni bilan qo‘riqlanadigan munosabatlarga tajovuz qilishga qaratilgan bo‘lsa, bunday qilmish jinoyat, deb baho­lanmog‘i lozim.
Ikkinchi sharti — mudofaa vaqtida zarar uni hayotdan mahrum qilish, sog‘lig‘iga zarar yetkazish, mulkini nobud qilish va hokazo faqat tajovuzchiga yetkazilishi mumkin.
Agar tajovuz natijasida mudofaalanuvchi tomonidan boshqa shaxslarga zarar yetkazilgan taqdirda, uning qilmishi:

— jinoyat kodeksida belgilangan talablarga javob bersa, oxirgi zarurat sifatida;


— sodir etilgan jinoyatda barcha zaruriy shartlar mavjud bo‘lgan hollarda xayoliy mudofaa qoidalari bo‘yicha zaruriy mudofaa yoki ehtiyotsizlik orqasidan sodir etilgan jinoyat sifatida;
— umumiy shartlar asosida qasddan yoki ehtiyotsizlik orqasida sodir etilgan jinoyat sifatida;
— aybsiz holda zarar yetkazish sifatida, bunday hollarda qilmish Jinoyat kodeksiga binoan javobgarlikka tortish uchun asos bo‘lmaydi, deb kvalifikatsiya qilinishi mumkin.

Uchinchi sharti — mudofaa holatida zaruriy mudofaa chegara­sidan chetga chiqilmasligi lozim.


Himoyaga xos bo‘lgan zaruriy mudofaa huquqiyligining muhim sharti — himoyaning aniq sharoitda tajovuzning xususiyati va xavfliligiga mos bo‘lishidir. Jinoyat-huquqiy nazariyasida zaruriy mudofaaning bu belgisi «tajovuz va himoyaning mutanosibligi», deb nomlanadi. Mudofaaning tajovuzning xususiyati va xavfliligi darajasiga muvofiq kelishining asosiy talabi — mudofaaning jinoiy tajovuz ichki tomoniga mos kelishidir. Qilmishning ichki tomoni — uning ijtimoiy munosabatlarga jinoiy zarar yetkazishga yo‘nal­tirilganligi orqali izohlanadi.
Qonunda agar zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqilmagan bo‘lsa, himoya huquqiydir, deb belgilab qo‘yilgan. Тajovuzning xususiyati va xavflilik darajasiga butunlay muvofiq kelmaydigan mudofaa, zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqish, deb topiladi (Jinoyat kodeksining 37-moddasi, 2-qismi).
Zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqilishiga quyidagi ikki holatda yo‘l qo‘yilishi mumkin:

a) mudofaalanuvchi tomonidan himoyaning o‘z vaqtida amalga oshirilmasligi;


b) himoyaning tajovuz xususiyati va xavfliligiga umuman muvofiq kelmasligi.

Respublikamiz jinoyat qonuniga muvofiq, zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqish oqibatida zarar yetkazilgan bo‘lsa-da, u jazoni yengillashtiruvchi holat, deb qaraladi (Jinoyat kodeksining 100 va 107-moddasi). Zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqish natijasida Jinoyat kodeksida belgilangan obyektlarga zarar yetkazilgan bo‘lsa, jinoiy javobgarlik, boshqa obyektlarga zarar yetkazilgan bo‘lsa, ma’muriy, fuqarolik huquqiy javobgarlikni keltirib chiqarishi mumkin.


Zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqish obyektiv va subyektiv belgilarga ega. Zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqishning obyektiv tomoni mudofaaning tajovuz xususiyatini va xavflilik darajasiga mos kelmasligini bildiradi. Subyektiv tomondan esa, zaruriy mudofaa doirasidan chetga chiqish aybning qasd shakli bilan, xususan, zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqishga nisbatan qasd va jinoyat oqibatiga nisbatan ehtiyotsizlik bilan tavsiflanadi.
Zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqilgan yoki chiqil­maganligini aniqlashda subyektiv tomonning maqsadi, ya’ni aynan tajovuzdan mudofaalanishning maqsadiga e’tibor berish lozim. Agar bunday maqsad bo‘lmasa, qilmish zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqish deb kvalifikatsiya qilinmasligi kerak. Ijtimoiy xavfli tajovuzni qaytarish vaqtida tajovuzchiga ehtiyotsizlik orqasida zarar yetkazilgan bo‘lsa, u mudofaalanuvchini jinoiy javobgarlikka tortish uchun asos bo‘lolmaydi.
Respublika Oliy sudi plenumi qarorida ta’kidlanishicha, «Sudlar zaruriy mudofaa alomatlari bor yoki yo‘qligi masalasini hal etishda himoyalanish va hujum vositalarini hisobga olishdan tashqari, tajovuzchi tomonidan himoyalanuvchiga tug‘dirilgan xavfning xarakteri, himoyalanuvchining kuchlar nisbatiga ta’sir ko‘rsatuvchi ishdagi barcha holatlar (hujum qiluvchi va himoyalanuvchilarning soni, ularning yoshi, jismoniy quvvati, quroli, joy, vaqt va boshqalar)ni hisobga olishi zarur.
Agar tajovuz bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, mudofaalanuvchi hujum qiluvchilarning har biriga guruhdagi hamma tajovuzchilar harakatining xarakteri va xavflilik darajasiga qarab tegishli himoya choralarini ko‘rishga haqli.
Тajovuz tufayli vujudga kelgan kuchli ruhiy hayajonlanish holatida mudofaalanuvchi mavjud xavfning xarakterini hamma vaqt ham aniq anglay olmasligi va mudofaaning tajovuzga nisbatan nomuvofiq usulini tanlashi mumkin. Agar mudofaalanuvchi yetkazgan zarar oldi olingan zarardan ko‘p bo‘lsa va uning oldini olish uchun yetarli bo‘lgan bo‘lsa, uning harakatini zaruriy mudofaa chegarasidan chiqqan, deb bo‘lmaydi.
Zaruriy mudofaaga bo‘lgan huquqning subyekti bevosita o‘ziga yoki boshqa shaxslar, jamiyat va davlat manfaatlariga qarshi qaratilgan tajovuzga nisbatan mudofaalanuvchi shaxs hisoblanadi. Bunda subyektning muomala layoqati, uning ijtimoiy holati va mavqeyi, oddiy fuqaro yoki chet el fuqarosi ekanligi ahamiyatga ega emas.
Zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqishning subyekti esa, qonunda jinoyat subyektiga qo‘yilgan talablarga javob berishi kerak, ya’ni aybdor 16 yoshga to‘lgan, aqli raso jismoniy shaxs bo‘lishi kerak.
Zaruriy mudofaa shaxsning subyektiv huquqi hisoblanib, tajovuz yo‘naltirilgan shaxs huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berish imkoniyati bor-yo‘qligidan qat’iy nazar, mudofa­a­lanish huquqiga ega. Lekin ayrim vazifani egallab turgan shaxslarga nisbatan bunday huquq ularga qonun bilan qo‘riqlanadigan majburiyat sifatida yuklatilgan (masalan, militsiya, MXX xodim­lari, harbiy xizmatchilar, inkassatorlar va hokazolar).



Yüklə 1,35 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   76   77   78   79   80   81   82   83   ...   126




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin