partiyaviylik nuqtai nazaridan yondashish oqibatida ulug‘ ajdodlarimizning
qimmatli g‘oya, ta’limotlari unutildi, din qatag‘on qilindi, imonsizlik, xudosizlik
g‘oyasi keng targ‘ib etildi.
G‘oyat sun’iy va biryoqlama sotsialistik madaniyat shaxsning mohiyati va
ijtimoiy-tarixiy vazifalari haqidagi tushuncha va tasavvurlarni tubdan o‘zgartirdi.
Mustabid tuzum uchun mute, itoatkor, ijrochi, soxta kommunistik g‘oyaga
ishonuvchi shaxs tipi yaratildi. U hech narsa abadiy emas, moddiylik birlamchi,
degan materialistik dunyoqa rashga o‘ta ishonch bilan qarardi. Madaniy
merosga o‘tmish sarqiti, qoloqlik belgisi sifatida qarash, baynalmilallikni
milliylikdan ustun qo‘yish sotsializm yaratgan g‘ayritabiiy shaxsga xos muhim
xususiyat edi.
Milliy mustaqillik yillarida shakllangan yangicha siyosiy tafakkur va
yangicha falsafiy dunyoqarash milliy madaniyat, milliy qadriyat va shaxsning
mohiyatini yangicha tushunish, tahlil qilish imkonini beradi. Mamlakatimizda
amalga oshirilayotgan barcha islohotlar inson uchun munosib hayot
sharoitlari yaratishni, shaxs erkinligining to‘laroq ro‘yobga chiqishi uchun
qulay imkoniyatlar yaratishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi. Yangi tarixiy davr
xususiyatlari, barkamol inson shaxsini shakllantirishning asosiy yo‘nalishlari
Prezident I. A. Karimovning qator asarlarida tavsiflab berildi. Mustaqillikning
dastlabki yillaridanoq xal qimizning milliy qadriyatlarini tiklashga, boy madaniy
merosimizni chuqur o‘rganishga, ta’lim-tarbiya sohasida tub islohotlarni
amalga oshirishga alohida e’tibor berila boshlandi.
Bozor munosabatlariga o‘tish iqtisodiy va siyosiy sohada to‘planib qolgan
barcha muammolarni oqilona hal etish uchun zamonaviy fan va texnika,
ilg‘or texnologiya va kasb madaniyatini puxta egallagan halol, mehnatsevar,
vatanparvar, sabot-matonatli inson shaxsini kamol toptirishni talab eta
boshladi. «Ta’lim to‘g‘risida Qonun», «Kadrlar tayyorlash milliy Dasturi»ning
54
madaniyatshunOslik asOslaRi
sobitqadamlik bilan amalga oshirilishi natijasida mamlakatimiz xalq xo‘jaligini,
xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, erkin fikrlaydigan, bilimdon va tashabbuskor
shaxs tipini shakllantirish uchun qulay imkoniyatlar vujudga keldi.
Bugun dunyoda mafkuraviy jarayonlar global tus olgan, turli diniy-
ekstremistik g‘oyalar O‘zbekiston xavfsizligi va mustaqilligiga jiddiy tahdid
solayotgan bir sharoitda xalqimizning milliy manfaatlari va mentalitetiga mos
milliy istiqlol g‘oyasining yaratilishi barkamol inson shaxsini shakllantirishda
muhim tayanch bo‘lib xizmat qila boshladi.
Ilg‘or g‘oya uchun kurash — shaxs faolligining muhim ko‘rsatkichidir.
Jahondagi barcha rivojlangan mamlakatlar demokratik qadriyatlarni hayotga
tadbiq etish, shaxs erkinligini qaror toptirish orqali taraqqiyotning yuqori
bosqichiga erishdilar.
Milliy istiqlol g‘oyasi O‘zbekistonda demokratik jamiyat barpo etish,
xalqimizga munosib hayot sharoitlarini yaratish, ozod va obod Vatan, erkin va
farovon hayot barpo etish uchun xizmat qiladi. Xalqimizning ozodlik, tinchlik,
farovonlik va ijtimoiy taraqqiyotga bo‘lgan intilishlari milliy istiqlol g‘oyasida
o‘z ifodasini topdi.
Shaxs ijtimoiy-siyosiy va milliy g‘oyani amalga oshirishda muhim rol
o‘ynaydi. Ilg‘or g‘oyalarni ilgari surish va ularni hayotga tadbiq etish jarayonida
insonning axloqiy, irodaviy sifatlari to‘laroq namoyon bo‘ladi. Insoniyat tarixida
o‘chmas iz qoldirgan buyuk shaxslar o‘zining shaxsiy farovonligi uchun emas,
balki Vatan, xalq manfaatlari uchun kurashgan. Vatanimiz ozodligi, yurtimiz
obodligi va xalqimiz farovonligi uchun o‘zining shaxsiy huzur-halovati,
aziz jonini fido qilgan sohibqiron Amir Temur, hazrat Navoiy, shoh Bobur,
Ulug‘bek, Fitrat, Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy singari shaxslarning tarixiy va
madaniy taraqqiyotdagi ahamiyatini milliy mustaqillik yillarida teranroq anglay
boshladik.
Tarixiy shaxslar qanday ma’naviy soha (fan, san’at, din, siyosat, huquq)da
faoliyat ko‘rsatishdan qat’i nazar davrning mushkul muam molarini oqilona hal
etish, jamiyatni inqirozdan qutqarish yo‘llarini ko‘rsatdilar. Milliy madaniyatning
barcha yutuqlarini chuqur egallagan shaxslargina milliy muammolarni tez va
oqilona hal etishga salmoqli hissa qo‘shadilar.
Xullas, madaniyat va shaxs bir-biri bilan uzviy bog‘liq tushunchalardir.
Madaniy rivojlanishning bosh maqsadi barkamol inson shaxsini shakllantirishdan
iboratdir, boshqa jihatdan shaxs madaniyat ijodkori sifatida ham namoyon
bo‘ladi. har bir avlod o‘tmishda yaratilgan madaniy merosni, madaniyat
yutuqlarini o‘zlashtirish orqali o‘zida muayyan axloqiy sifatlarni shakllantiradi,
ijtimoiy va tabiiy borliqni o‘zlashtiradi, o‘z «men»ligini teranroq anglaydi.
Milliy istiqlol yillarida shakllangan yangicha dunyoqarash shaxs, milliy
madaniyat, milliy qadriyatlar mohiyatini yangicha tushunishga imkon berdi.
|