Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-yanvardegi bergan farmoni: Soʻnggi yillarda respublika iqtisodiyotida davlatning roli va ishtirokini qisqartirish, iqtisodiyot tarmoqlarini boshqarishga bozor prinsiplari va mexanizmlarini keng joriy qilish, shuningdek, aholi farovonligi va turmush darajasini oshirish boʻyicha aniq maqsadga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Shu bilan birga, iqtisodiyot organlarining amaldagi tuzilmasi, ularning ishini tashkil qilish prinsip va usullari iqtisodiyotni boshqarishning zamonaviy talablariga, shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlaridagi tuzilmaviy oʻzgartirishlarga javob bermaydi.
Xususan, iqtisodiyotning oʻzgarishi sharoitida mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asoslangan maqsadli yoʻnalishlarini (indikatorlarini) shakllantirish, shuningdek, mavjud ichki va tashqi omillarni hamda islohotlarning strategik ustuvor yoʻnalishlarini hisobga olgan holda iqtisodiy oʻsishning yangi manbalarini aniqlash tizimi mavjud emas.
Iqtisodiyotning hududiy va tarmoq taraqqiyoti, shu jumladan, urbanizatsiya salohiyatini amalga oshirish orqali mutanosiblikni taʼminlash uchun ishlab chiqarish kuchlarini joylashtirish borasidagi ishlarni muvofiqlashtirish tizimi kerakli darajada yoʻlga qoʻyilmagan.
Bozor tamoyillarini keng joriy etish, mahalliy ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish, bozorni raqobatbardosh tovarlar bilan toʻldirish va ularni tashqi bozorlarga yoʻnaltirish hajmlarini oshirish boʻyicha zarur tadbirlar ishlab chiqilmayapti.
Natijada, barqaror ishchi oʻrinlari yaratish darajasi pastligicha saqlanib qolayotganligi aholini, ayniqsa, qishloq aholisini barqaror daromad manbai bilan taʼminlash imkonini bermaydi va sifatli inson kapitalini rivojlantirishga toʻsqinlik qiladi.
Iqtisodiyot organlari faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, ularni mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish “lokomotiviga” aylantirish, iqtisodiyotni boshqarishning bozor mexanizmlarini joriy etish maqsadida, shuningdek, 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasiga asosan belgilangan vazifalarga muvofiq:
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi etib qayta tashkil etilsin va quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilansin:
makroiqtisodiy indikatorlarni tahlil qilish va prognozlash asosida iqtisodiyotni boshqarishning bozor mexanizmlarini joriy etish va iqtisodiyotning real sektori holati, tashqi bozorlari konʼyunkturasi hamda global va mintaqaviy iqtisodiy rivojlanish tendensiyalari bilan bogʻliq holda iqtisodiyot asosiy sohalarini rivojlantirish strategiyasini shakllantirish;