3. Kompleks hosil qilish usuli tushunchasi mohiyati.
Kompleks hosil qilish usuli metall kationlarining kompleksonlar bilan kompleks hosil qilish reaksiyasiga asoslangan. Bunda juda barqaror, suvda yaxshi eruvchan ichki kompleks birikmalar (kompleksonatlar) hosil bo`ladi. Usul tezligi va yuqori aniqligi bilan ajralib turadi.
Kompleksonlar aminopolikarbon kislotalarning hosilalari bo`lib, odatda etilendiamintetrasirka kislotaning ikki natriyli tuzi–EDTA ishlatiladi, uni komplekson III yoki trilon–B deb ham ataladi. Uning tarkibi quyidagicha:
Na2C10H14O8N2•2H2O (Mr=372)
EDTA boshqa kompleksonlar kabi ko`pgina metallar bilan barqaror eruvchan ichki kompleks tuzlar hosil qiladi. Kompleks hosil qilish usuli bo`yicha titrlashda quyidagi shartlarga rioya qilish kerak: ekvivalent nuqtada aniqlanayotgan kationlar amalda kompleksga bog`langan bo`lishi kerak. Asosiy shartlardan biri titrlanayotgan eritma pH ining juda aniq qiymatidir.
EDTA bilan ta`sirlashganda metall ionlari, masalan, Mg2+, H+ ionlarini siqib chiqaradi, shuning uchun H+ ionlarining konsentratsiyasi keskin oshadi va reaksiya muvozanati chapga siljiydi. Hosil bo`ladigan H+ ionlarini bog`lash uchun bufer aralashma qo`shiladi. Ko`pchilik kationlarni titrlashni pH 5–6 (bufer aralashma CH3COOH+CH3COONH4) yoki pH 8–10 (bufer aralashma NH4OH+NH4Cl) da o`tkaziladi.
Kompleks hosil qilish usulida ishlatiladigan indikatorlar aniqlanayotgan metall ionlarining konsentratsiyasi o`zgarishiga sezgir bo`ladi. Odatda kompleks hosil qilish usulidagi indikatorlar bu turli metallar ionlari bilan indikatorning o`z rangidan boshqa rang hosil qiluvchi rangli organik birikmalardir. Ko`pincha erioxrom qora T (yana xromogen qora maxsus El–OO deb ataluvchi) indikatori ammiakli bufer aralashmasi bilan ishlatiladi. Indikator eritmasining rangi ko`k, ko`p metallar bilan esa u qizil vino rangli kompleks hosil qiladi. EDTA eritmasi bilan aniqlanayotgan kationlar titrlanganda ekvivalent nuqtada kationning indikator bilan birikmasi to`liq parchalanadi, chunki kationning hammasi EDTA bilan birikadi va rang qizil vinodan yashil tusli ko`k rangga o`tadi.
Erioxrom qora T dan tashqari kislotali xrom to`q ko`k indikatori katta ahamiyatga ega. Bu indikator metall ionlari ishtirokida pushti–qizil rang, ularsiz esa siren tusli ko`k rang beradi.
Kompleks hosil qilish usuli turli metallarni aniqlashda keng qo`llaniladi. Bunday aniqlashlar sirasiga suvning umumiy qattiqligini, ya`ni undagi Ca2+ va Mg2+ ning umumiy miqdorini aniqlash kiradi.
Dostları ilə paylaş: |