Amiriy ijodida Navoiy ijodining badiiy ta’siri
O‘zbek xalqi ma’naviy dunyosining shakllanishiga g‘oyat kuchli va samarali ta’sir ko‘rsatgan ulug‘ zotlardan yana biri-bu Alisher Navoiy bobomizdir. Biz uning mo‘tabar nomi, ijodiy merosining boqiyligi, badiiy dahosi zamon va makon chegaralarini bilmasligi haqida doimo faxrlanib so‘z yuritamiz. G‘azal mulkining sultoni hisoblanmish Alisher Navoiy adabiy merosi turkiy she’riyat hamda umumsharq adabiyotining eng ilg‘or an’analarini o‘zida mujassam etgan yangi va yuqori bosqich hisoblanadi. Alisher Navoiy ijodining tub mohiyati falsafiy, ijtimoiy, va estetik qarashlarining yuksak poetik shakldagi ifodasi bo‘lganligi bilan xarakterlanadi. Alisher Navoiy she’riyatini to‘laligicha ta’rif etishga til ojiz. Navoiy she’riyati nazm olamining eng noyob durdonasi va nazm ichra mo‘jizalarning mo‘jizasi hisoblanadi. U hayot tomirlaridagi ichki harakatni , davr yuragidagi murakkab ritmni chuqur his eta oladigan zukko olim va siyosat arbobidir.
Alisher Navoiy xalqimizning ongi va tafakkuri, badiiy ma’naviyati tarixida butun bir davrni tashkil etadigan buyuk shaxs,milliy adabiyotimizning tengsiz namoyondasi, millatimizning g‘ururi, shanu sharafini dunyoga tarannum qilgan o‘lmas so‘z san’atkoridir. Ta’bir joiz bo‘lsa, olamda turkey va forsiy tilde so‘zlovchi biron-bir inson yo‘qki, u Navoiyni bilmasa, Navoiyni sevmasa, Navoiyga sadoqat va e’tiqod bilan qaramasa. Prezidentimiz Navoiy shaxsini shunday ulug‘laydi: « Agar bu ulug‘ zotni avliyo desak, u avliyolarning avliyosi, mutafakkir desak, mutafakkirlarning mutafakkiri, shoir desak, shoirlarning sultonidir».6
Amiriy ijodini, ayniqsa, Alisher Navoiy an’analari bilan bog‘lovchi jihatlar turli shakllarda namoyon bo‘ladi. Birinchi navbatda, Amiriy ham Navoiydek ma’rifatli, diyonatli shaxs, davlat arbobi bo‘lishga, yurt-el tinchligi va osoyishtaligini saqlashga, madaniyat hamda adabiyotga homiy bo‘lishga intildi. Mir Alisher Navoiydek, she’r amiri bo'lishni orzu qildi, shu yo‘lda katta muvaffaqiyatlarga erishdi.Uning Amiriy so‘zini taxallus sifatida tanlashida ham ramziy ma’no, Navoiyga ergashish, ehtirom bor. Mir va amir so‘zlarida shohlik va hukmdorlik ma’nolaridan tashqari, she’riyatda nom chiqarish, kuchli iz qoldirish ma’nolari ham bo‘lsa kerak. Zero, asarlarining bir joyida Saidumarbek o‘zining ishq ahlining shohi, amiri ekanligiga ham ishora qiladi.Ikkinchidan, u badiiy ijoddagi an’analarga sodiq bo‘lib, Navoiyni o‘ziga birinchi madadkor, ustoz sifatida tanlaydi.Navoiy asarlarini ko‘p nusxalarda ko‘chirtiradi, she’riyat darsligiga aylantiradi.Navoiy an’analarining Qo‘qon adabiy muhitida keng tarqalishini ta’minlaydi.Navoiy dahosidan ta’sirlanib g‘azallar, muxammaslar ijod qiladi.
Alisher Navoiyning Amiriy she’riyatiga ta’siri uch xil shaklda ko‘zga tashlanadi:
Amiriyning ishq mulkining shohi sifatida Navoiyning haqiqiy va majoziy ishqni tarannum etuvchi lirik she’rlaridagi insonparvarlik tuyg‘ulari, komil inson haqidagi umumbashariy g‘oyalaridan ta’sirlanib, ularni ma’qullab, o‘z davri sharoiti va talabiga ko‘ra ularni boyitish, davom ettirish;
Shu maqsadda Navoiyning she’riyat muxlislari orasida keng tarqalgan, sevib kuylangan g‘azallariga nazirasifat she’rlar yaratish. Navoiy g‘azallari ohangi va shaklida yangi g‘azallar, she’rlar yaratish;
Nihoyat, Navoiyning eng sara g‘azallariga tazmin (taxmis) muxammaslar yaratish. Zero, adabiy ta'sirning bu so‘nggi shaklida Amiriyning Navoiy ijodiga nechog‘li baland hurmat bilan qaraganligi ko‘proq namoyon bo‘ladi.
Dostları ilə paylaş: |