O‘zbekiston respublikasi


Amiriy va Navoiy ijodida tasvir mahoratining hamohangligi



Yüklə 64,3 Kb.
səhifə5/6
tarix16.02.2022
ölçüsü64,3 Kb.
#52670
1   2   3   4   5   6
Amiriy va uning adabiy merosi

Amiriy va Navoiy ijodida tasvir mahoratining hamohangligi
O‘zbek adabiyotida g‘azal va undagi obrazlar shu darajada rivojlanib, takomillashib ketdiki, ayrim g‘azallardagi bir qator obrazlar (yor, zulf, xol, may, xat) majoziylik doirasini kengaytirib, tasavvufiy ma’nolarni talqin etishga ham o‘tdi. Mumtoz adabiyotimiz tarixida tasvir mahorati jihatidan Navoiyga teng keladigan ijodkor bo‘lmasa kerak.Amiriy ijodida esa Navoiy ijodidagi tasvir mahoratining hamohangligini kuzatamiz. Biz Amiriy va Navoiy ijodidagi mashshota obrazining tasvirida o‘xshashlikni ko‘rishimiz mumkin.

Amiriy mumtoz lirikadagi an'anaviy obrazlarga, tasvirlarga ba’zan ergashib, yorni jannat hurlaridan, farishtalaridan ham ustun qo‘yadi. Uningcha, yor visolining o‘zi jannat, naqdiga shukr qilmoq, uning visoli bilan ovunmoq kerak:

Kavsarim-sharobingdur, jannatim erur vasling,

Naqd sensen, ey soqiy, nasya-huru g'ilmonlar.

Bu baytni ikki xil talqin etish ham mumkin.Balki, shoir bu yerda e’tiqodli musulmon, Ollohning oshig'i sifatida uning vasliga intilayotgandir.U ba’zan murakkab istiorali baytlar orqali o‘zining samimiy oshiq ekanligini izhor etadi.Masalan, quyidagi baytda «Sevikli yor mening ko‘zimdan yiroqlashib chodir ichida yashirindi. Uning visoli yo'lidagi kuyib-yonishlarim, yuragimdan chiqarayotgan ohim tutunlari yorga ozor etmasligi uchun shu chodirga ustun bo'ldi» kabi o‘ta mubolag'ali, biroq boshqa shoirlar kam ishlatgan tasvir keltiradi:

To nazardin ul mahi xirgohnishin bo‘ldi nihon,

Dudi ohim osmon xirgohiga bo‘ldi stun.

Amiriyning quyidagi baytida an’anaviy tasvir bilan birga, yangilik, yangi detallar ham bor. Yorning yuzidagi xol qor ustida turgan qora zog‘ga o‘xshaydi. Shundayam qorday oppoq, momiq yuzda zog‘day timqora xolning joylashganligi oshiqni oshufta hol qiladi:

Xoli hindusi binogo'shini ravshan ayladi,

Faslday topg'on kibi zog'i siyahdin qor zeb.

Amiriy ishqiy she’riyatda portret tasviri ustasidir.U bu an’anaviy tasvirda o‘z ijodiy laboratoriyasini yaratishga intiladi.Ayniqsa, u tasvir etgan oshiq mahbubaning tashqi suratini shu qadar go‘zal tarzda tasavvur etadiki, ular asosida behzodona miniatyur naqshlar galereyasini chizish mumkin.Ko‘z, qosh, lab, xol, gajak, kokul, qomat oshiqni ne-ne iztiroblarga, shirin xayollarga solmaydi.Ba’zan yor kipriklari ham saf tortib turgan chokarlarga (lashkarlarga) o‘xshatiladi. Egri va makkor qosh esa, urush payti qo‘llaniladigan kamondir.

Mashshota mumtoz adabiyotda anchayin keng qo‘llangan. “Mashshota” obrazi Amiriy o‘z g‘azallarida keng foydalandi. Masalan, Amiriy ijodiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, u “mashshota” obrazini birgina “pardozchi” ma’nosida emas balki, boshqa ma’nolarda ham qo‘lladi. Dastlab “mashshota” obrazi “pardozchi” ma’nosida qo‘llanilgan baytlarni ko‘rib chiqamiz.

Berma , ey mashshota , xattu xol ila zulfiga zeb ,

Ko‘rmasun el fitna , oshubi balo qo’zg’olmasun.7

Ya’ni: Ey pardozchi , sen ma’shuqaning husniga oro berma. Chunki uning o’zi shunchalar go‘zal. Agar sen uni yanada chiroyli qilsang, xalq ma’shuqaning g‘amida jabr ko‘radi, ofat qo‘zg‘aladi. Amiriyning “Sunbuli zulfingni tarqatma, sabo qo‘zg‘almasun!” misrasi bilan boshlanuvchi g‘azalidagi bu baytda “mashshota” obrazi “pardozchi” ma’nosida qo‘llangan. Keyingi baytlarda ham bu obraz “pardozchi” ma’nosida ishlatilgan.

Parishonholmen mashshota ilgi rashkidin har dam ,

Aning sochiga borib , xasta ko’nglimdin tarog’ o’lsun!

Ya’ni; Pardozchi yorimni sochini turmaklaganda , uning qo‘lidan yorimning sochlarini rashk qilaman. Bu rashkdan esa meni ko‘nglim yaralanadi. Qani endi ana shu yaralangan ko‘nglim yorimning sochlariga borib taroq bo‘lsa!

Ko’ngul hasrat bilan qon o’ldi , ey mashshota , rahm ayla ,

Ani man etmagil , ul siymbar ilgi xinosidin.8

Ya’ni: Mening ko‘nglim yorimning qo‘lidagi xinoni ko‘rib qon bo‘ldi. Ey pardozchi sen buni rostligini bilasan. Menga rahm-shavqat qil. Bilib turib buni rad etishga urinmagin.

Keyingi baytda ham “mashshota” “pardozchi” ma’nosida qo‘llangan.

Ko‘nglumi jam’iyati xushtur parishon zulfida ,

Rahm qilg‘il ,tegma , ey mashshota , to qo‘zg‘olmasun!

Ya’ni: Yorimning sochlari jipsligidan mening ko‘nglim xushtur. Ey pardozchi menga rahm qil yorimning bu jips sochlarini tarqatib yuborma. Agar tarqatib yuborsang mening ko‘nglim ham uning sochlaridek parishon bo‘ladi. Keyingi baytlarda “mashshota” obrazi boshqa ma’nolarda ishlatilgan. Masalan: Shoirning “Zihi soniki, andin bor o‘lub olam aro ashyo” misrasi bilan bshlanuvchi g‘azalida bu obraz Ollohni nazarda tutish ma’nosida ishlatilgan.

Tariqi ishq ko’rsatmak uchun mashshotai qudrat,

Tarog’lar chekti Majnun ko’ngli birla turrai Laylo.9

Ya’ni : Olloh ishqning qudratini ko‘rsatmoqlik niyatida Majnunning ko‘nglini Layloning o‘rilgan sochlariga bog‘ladi.

Amiriyning keyingi g‘azallarida “mashshota” obrazi qo‘llanilmagan. Ammo yashirin mashshota borligi sezilib turadi. Masalan, uning “Yor ochti shona birla sunbulidin toblar” misrasi bilan boshlanuvchi g‘azalida yashirin mashshota – ma’shuqa bo‘lib kelgan.

Yor ochti shona birla sunbulidin toblar ,

Bo’ldi sargardon Xo’tan dashtida mushki noblar.

Ya’ni: Bu baytda pardozchi - ma’shuqaning o‘zi. Ma’shuqa hushbo‘y hidli sochlarini taroq bilan taragan edi , uning sochidan tarqalgan hushbo‘y hidga chidayolmagan mushki nob (o‘ta hushbo’y , toza mushk ) Xo‘tan dashtida (Xo‘tan –shahar nomi. Klassik adabiyotda bu shaharni husndor ayollari , a’lo mushklari va nafis ipakli matolari bilan maqtaydilar. Shu sababli “Xo‘tan” so‘zi ko‘p o’rinlarda o‘xshatish uchun ishlatiladi ) sarsonu – sargardon bo‘lib qoldi.

Keyingi baytda ham yashirin mashshota –ma’shuqaning o‘zi.

Ruh toyiri zulfing xamlariga band o’lmish ,

Shona chekma beparvo , xasta bo’lmasun jonlar.10

Ya’ni: Afsonaviy yirik bir qush sening qora sochlaringni jingalak joylariga maftun bo’lganidan shu yerga chirmashib , o‘ralashib qolgan .Ey yor sen sochlaringni tarayotganingda beparvo bo‘lma ,ehtiyot bo‘lib taragin. Bo‘lmasa tirik jonga ozor yetkazasan .Bu yerda afsonaviy yirik bir qush deb lirik qahramon ko‘zda tutilayapti.

Ko’runsa shona yanglig’ zulfidin yuz choklik ko’nglum ,

Parishon xotiri ul turrai terror dermishlar.

Ya’ni: Ey ma’shuqa sen dilni o‘g‘irlovchi sochlaringga oro berganingda mening ko’nglim yuz bo‘lakka bo‘linadi va bu dilni o’g’irlovchi sochlaringni ko‘rganimda esdan og‘ib qolaman. Bu baytda ham yashirin mashshota -ma’shuqaning o‘zi.

Amiriyning “Shohi gulni sinduran tarfi kulohingdur sening” misrasi bilan boshlanuvchi g‘azalida “pardozchi” obrazi yo‘q. Ammo shona( taroq) so‘zi ishlatilgan. Taroq-pardozchining asbob-uskunasi. Shuning uchun ham bu bayt qaysidir ma’noda bizning mavzumizga taalluqli. Shoxi gulni sinduran tarfi kulohingdur sening, Shona ham domkim, zulfi siyohingdir sening.

Ya’ni: Yorning boshidagi toj go‘zallikda gulning shoxini sindiradi. Ammo, bu toj shunchaki bir kishilarni chalg‘itadigan hiyla, tuzoq. Aslida hamma narsani dog‘da qoldiradigan bu-sening qora sochlaringdir.

Keyingi baytda ham yuqoridagi kabi “pardozchi” obrazi yo‘q. Ammo, taroq so‘zi ishlatilgan.

Parishon etti sochi shonadek ko‘nglum havosini,

Netaykim, g‘uncha yanglig‘ jam’i somonimni sog‘indim.

Birinchi misradagi shona so‘zi tarog’ ma’nosida kelib, bu misradan quyidagicha ma’no anglashiladi.Ya’ni: Mening ko‘nglimni orzu-istaklarini yorimning sochlari xuddi sochlarini taraganda paydo bo‘ladigan tarqoqlik kabi tarqatib yubordi.Bundan tashqari Amiriyning “Tarog‘” radifli g‘azali bo‘lib, bu g‘azalida “mashshota” obrazi bir nechta o‘rinlarda qo‘llanilgan. Bu obraz ba’zi bir o‘rinda ochiq tarzda kelsa , ba’zi bir o‘rinda yashirin tarzda, ba’zi bir o‘rinda “pardozchi” ma’nosida kelsa ba’zi bir o‘rinlarda boshqa ma’nolarda qo‘llanilgan. G’azal radifidagi taroq- bu oshiq timsolidir.

Savodi zulfing aro istadi farog‘ tarog‘,

Ajab emaski, bu savdoda bo‘lsa dog‘ tarog‘.
Chu sar sunbulini shona qilmoq etti havas,

Sanubar ayladi shamshoddin so‘rog‘ tarog‘.


Magarki telba erur, aylabon yaqosini chok,

Soching salosilidin chekmadi ayog‘ tarog‘


Chu ko‘rdi shohidi sunbul kamandi zulfungni ,

Soching yulub –yulubon tashladi tarog‘-tarog‘.

Soching savodida ruhsoring orzu qildi ,

Kecha qorong‘u edi ,istadi charo‘ tarog‘.


Nasim moshitasi shone qildi zulfingni ,

O’zin kanora chekib ,bo‘ldi bedimog‘ tarog‘.


Sochida shonani gustoh ko‘rdimu, aydim-

Ki: “Bu ilonlar ichida qolurmu sog‘ tarog‘?”11

G‘azalni baytma - bayt tahlilini ko‘rib chiqamiz.

Savodi zulfing aro istadi farog‘ tarog‘,

Ajab emaski, bu savdoda bo’lsa dog‘ tarog‘

Ya’ni: Oshiq sening sochlaringni sirini bilishni istadi. Chunki, uning qalbini zabt etgan sening qora sochlaring edi. Ammo, u bu niyatiga yetisholmay adoyi tamom bo‘lishi mumkin.

Chu sar sunbulini shona qilmoq etti havas,

Sanubar ayladi shamshoddin so‘rog‘ tarog‘.

Ya’ni: Sarv yorning sochlarini taramoqni istagan edi, Sanubar Sarvga yordam berish maqsadida shamshoddan tarog‘ so‘radi.

Magarki telba erur, aylabon yaqosini chok,

Soching salosilidin chekmadi ayog‘ tarog‘.

Ya’ni: Agar oshiq yor ishqida yaqosini chok qilib telba bo‘lsa ham ,yorining bu qora sochlaridan umid uzolmadi.

Chu ko‘rdi shohidi sunbul kamandi zulfungni ,

Soching yulub –yulubon tashladi tarog‘ -tarog‘.

Soching savodida ruhsoring orzu qildi ,

Kecha qorong‘u edi ,istadi charog‘ tarog‘.

Ya’ni: Oshiq yorining yuzlarini ko‘rishni istadi.Ammo ma’shuqaning o‘rilgan qora sochlari unga tuzoq bo‘lib , to‘sqinlik qilayotgan edi. Buni ko‘rgan oshiq yorining bu o‘rilgan sochlarini yoyib yubordi. Shundan so‘ng yorining yuzlarini ko‘rishga erishdi. Bu baytda yashirin mashshota-oshiq .

Nasim moshitasi shona qildi zulfingni ,

O‘zin kanora chekib ,bo’ldi bedimog‘ tarog‘.

Ya’ni: Yuqoridagi baytda oshiq nihoyat maqsadiga yetib ,yorining yuzini ko‘rishga erishgan edi. Shu payt birdaniga shamol bo‘ldi-yu, shamol ma’shuqaning sochlarini taradi. O‘zining cheklatilganini ko‘rgan tarog‘ ya’ni oshiq bundan xafa bo’ldi. Chunki, oshiq ma’shuqasining sochlarini o‘zi taramoqchi edi.

Sochida shonani gustoh ko’rdimu, aydim-

Ki: “Bu ilonlar ichida qolurmu sog‘ tarog‘?”

Ya’ni: Yorimning sochlarini tarayotgan beadab, andishasiz tarog‘ni ko‘rdimu, aytdim. “Nahotki, shu ilonlar ichida sog‘ qolsa bu tarog‘?” Bu misrada ilonlar deya ma’shuqaning sochlari nazarda tutilyapti.

G‘azal mulkining sultoni hisoblanmish Alisher Navoiy adabiy merosi turkiy she’riyat hamda umumsharq adabiyotining eng ilg‘or an’analarini o‘zida mujassam etgan yangi va yuqori bosqich hisoblanadi.

Alisher Navoiy she’riyatini to‘laligicha ta’rif etishga til ojiz. Navoiy she’riyati nazm olamining eng noyob durdonasi va nazm ichra mo‘jizalarning mo‘jizasi hisoblanadi.

U hayot tomirlaridagi ichki harakatni , davr yuragidagi murakkab ritmni chuqur his eta oladigan zukko olim va siyosat arbobidir.

Alisher Navoiy lirik shoirdir. U lirik poeziyani faqat tematika va g‘oyaviy mazmun jihatidan emas , balki badiiy jihatdan ham yangi taraqqiyot pog‘onasiga ko‘tardi shakl va mazmuning uzviy birligi uchun kurashgan Navoiy o‘z lirik she’rlarining mazmuniga mos va muvofiq badiiy forma yaratdi. U lirikaning xilma-xil janrlarida she’rlar bitdi , bu janrlarning takomiliga katta hissa qo‘shdi , yangi- yangi obraz va xarakterlar , peyzaj va portretlar yaratdi, realistik tasvir tendensiyalarini rivojlantirdi , insonning murakkab his- tuyg’usini , ruhiy kechinmalarini mohirlik bilan ifodalab , turli- turli adabiy usul va badiiy til vositalarii qo‘lladi , xalq og‘zaki poetikasidan foydalandi. U ijodida bolalarning o‘yinidan shohlarning siyosatiga qadar , oddiy maishiy hayot detallaridan tabiat hodisalariga qadar – barchasiga murojaat etadi, yangi obraz va lavhalar yaratdi.12

Navoiy lirikasida oshiq , yor , rind , raqib , shayx , zohid , voiz , podsho va boshqa obrazlar ham uchraydi. U yaratgan oshiq va yor obrazlarida samimiy sevgi , sadoqat , vafo va boshqa ezgu insoniy fazilatlar tarannum etiladi.

Navoiy xo‘rlangan , jabrlangan xotin- qizlarni e’zozlaydi , sharaflaydi. U yordan shikoyat qilish orqali ko‘pincha yashagan muhitining adolatsizligi insofsizligidan noliydi. Shuning uchun ham Navoiy zolim yorni adolatsiz davlatmandga, shafqatsiz jallodga o‘xshatadi. Tung obrazining muhim xususiyati shundaki, u xuddi xalq qahramoni afandi kabi jur’at va shijoat bilan zulm – zo‘rlik ustidan kuladi, hayot illatlarini fosh etadi.

Navoiy haroratli ishqiy g‘azallar bilan birga ijtimoiy – siyosiy mavzularda ham g‘azallar bitdi, shayx – zohidlarni , voizlarni fosh qiluvchi hajviy g‘azallar yaratdi, oshiq, yor, raqib va rind obrazlari bilan chegaralanib qolmadi, obrazlar turkumiga mutafakkir va murabbiy obrazlarini hamda shohlarni, shayx – zohid va voizlarni kiritdi. U mana shunday bir qancha obrazlar qatorida “mashshota” obrazidan ham salmoqli foydalandi. Bu obraz eng ko’p qo’llanish jihatidan Navoiy ijodida uchraydi. Navoiy ijodida bu obazni birgina “pardozchi” ma’nosida emas, balki boshqa ma’nolarda ham qo‘lladi. Dastlab bu obrazning “pardozchi” ma’nosida qo‘llangan baytlarini ko‘rib chiqamiz.

Navoiyning “Navodir ush – shabob” devoniga kiritilgan “Har gahki qadahno‘shin mayli mayi nob aylar” misrasi bilan boshlanuvchi g‘azalining bir baytida “mashshota” obrazi “pardozchi” ma’nosida qo‘llanilgan.

Betob ko‘ngullardin qon oqsa ajab ermas,

Mashshota aning zulfin bu nav’ki tob aylar.

Ya’ni: ma’shuqaning go‘zalligidan oshiqlarning ko‘ngillari yaralangan. Endi bu yaralangan ko‘ngillardan qon oqsa , hech ham ajablanmang. Chunki, pardozchi ma’shuqaning sochlariga shunchalik oro berib jingalak qilyaptiki, bundan ozor chekmaslikning iloji yo‘q.

Buyurg‘ilki mashshota xoling qo‘yarg‘a,

Ko‘zum mardumin tig‘ uchi qirdeg.

Bilamizki, pardozchi ma’shuqaning sochlarini taraydi, turmaklaydi, oro beradi, yuzlarini pardozlaydi. Ana shu yuzini pardozlash jarayonida uni yanada chiroyli qilish uchun xol qo‘yadi. Yuqoridagi baytda oshiqning ma’shuqaga qarata aytgan iltimosi ifodalangan. Ya’ni: ey yorim, pardozchi sening yuzingni pardozlayotgan vaqtda unga buyurgilki, sening yuzingga xol qo‘ymoqchi bo’lsa mening ko’zimni qorachig’ini olib xol qilib qo‘ysin.

Gul xaridori chu ko‘pdur, bo’lma ko’p, ey bog’bon,

Zeb uchun mashshota yo sotmoq uchun dallolasi.13

“Har bir pargolasi g‘am dashtining bir lolasi” misrasi bilan boshlanuvchi bu g‘azalda “mashshota” obrazi “pardozchi” ma’nosida qo’llangan. Bu baytda lirik qahramonning oshiqqa bergan maslahati ifodalangan. Ya’ni: gul(mumtoz adabiyotda ma’shuqa turli xil narsalarga o’xshatiladi. Masalan, chiroyli bo’lganligi uchun gulga , qomati tik bo‘lganligi uchun sarv daraxtiga va hakozo. Bu baytda gul deb ma’shuqa nazarda tutilayapti)ning xaridori ko‘p, shuning uchun ham unga bog‘bon bo‘lishni orzu qilma. Agar bu gulga oro beradigan pardozchi yoki bu gulni sotadigan vositachi bo’lishni o‘ylagan bo‘lsang adashasan , chunki sensiz ham bu ishni qiladigan gulning oshiqlari

ko‘p.

Iffatingdindurmukim me’jar yuziga tushti chin ,

Yoxud anga zeb uchun mashshota solg‘an chinmudur.14

Navoiyning “Sochbog‘ingdin chiqqon , oyo , sunbuli purchinmudur” misrasi bilan boshlanuvchi bu g’azalida quyidagicha ma’no ifodalanadi: mumtoz adabiyotda ma’shuqaning yuzidagi ajin ham go‘zallik belgisi hisoblanadi.

Lirik qahramon yuqoridagi baytda bizga savol bilan murojaat etadi. Ma’shuqaning yuzidagi ajin uning hijolat bo‘lganligidan tushganmi ? yoki pardozchi unga oro berayotganda go’zal qilish maqsadida atayin ajin solganmi?

Keyingi baytda keltirilgan “mashshota” obrazi “pardozchi” ma’nosida qo‘llanilgan bo’lib , bu baytda pardozchining ma’shuqaga oro berishi , ya’ni: uning yuziga xol qo‘yib yanada chiroyli qilishi ifodalangan.

Husni atrofida, ey mashshota, har yon qo‘yma xol,

Kim, Xo‘tan mulkida hindularning o‘lmas madxoli.

Shoirning “Qon to‘kar orazing gulgunaliq ko’rgan mahal” misrasi bilan boshlanuvchi g‘azalida ham pardozchi obrazi keltirilgan. Bu baytda ham pardozchi har doimgidek o‘zining ishi bilan mashg‘ul.

Toqi axzar qotti barcha fitnavu bedodini,

Qoshingga mashshota go‘yo vusma aylar chog‘da hal.

Ya’ni: pardozchi ma’shuqaning kamon qoshlarini chiroyli qilish maqsadida o‘sma uzib oldi. Uzilgan bu o’smalarni ikki kafti orasiga olib , ularni ezdi. Chunki , bu o‘smalardan suv olishi kerak edi. Jabrlangan o‘smalar bundan shikoyat qildi. Pardozchi ezilgan o‘smani olib ma’shuqaning chiroyli qoshlariga yam – yashil qilib qo‘ydi. Shikoyat qilayotgan o‘smalar bundan juda ham mamnun bo’ldi. Chunki , ular ma’shuqaning visoliga yetishgan edi.

Zulfining tobini mashshotadin ochmoq emas imkon,

Dol yo lomni kim yozg’an ekin daf’i ham aylab.

Navoiyning “Zotibi sun’ chu har kimga bir ishni raqam aylab” misrasi bilan boshlanuvchi g‘azalining bu baytida kitobat san’ati qo‘llangan bo‘lib , . Kitobat san’atida ma’shuqaning biron bir a’zosi arab alifbosidagi harflarga o‘xshatiladi. Ma’lumki , mumtoz adabiyotda ma’shuqaning zulf( ayollarning chakkasidan tushib turadigan jingalak , gajak soch)i arab alifbosidagi د(dol) va ل(lom) harflariga o‘xshatiladi. Aynan shu harflarga o‘xshatilishining sababi esa shu ikki harf ayollarning zulfi kabi jingalakdir. Yuqoridagi baytda quyidagicha ma’no ifodalangan. Ya’ni: ma’shuqaning jingalak sochlarini chigalini faqat pardozchigina tarqata oladi.

Gar nihon soching tarar mashshota kelsunkim, erur,

Kiprigimdin shona, ashkimdan suv, ko‘z xilvat saroy.

Ya’ni: ey yorim, pardozchi sening sochlaringni yashirin tarzda taramoqchi bo’lsa kelsin. Pardozchi mening kiprigimni sening sochlaringni tarash uchun taroq qilsin, ko’z yoshlarimdan suv olib senga pardoz bersin, mening ko’zim esa unga hech kim ko‘rmaydigan, kimsasiz saroy bo‘lsin. Bu baytda Navoiy oshiqning kipriklarini taroqqa qiyos etayapti. Chunki, taroq bilamizki xuddi kiprik kabi taram – taram tarzda bo‘ladi.

Shoirning “etmagil” radifli g’azalida ham “mashshota” obrazi ishlatilgan bo‘lib, bu obraz “pardozchi” ma’nosida qo‘llanilgan.

Rishtai mehr uzdum, ey mashshota, zulfiy qissasin,

Ko‘p uzotib, notovon ko‘nglumga chirmash etmagil.15

Bu baytda oshiqning ma’shuqadan umid uzganligi tasvirlanadi. Ya’ni: oshiq ma’shuqaning sochlarini ko‘rib unga mahliyo bo’lib qolgan edi. Ammo buni ma’shuqa rad etgandan so‘ng oshiq undan umidini uzdi. Ey pardozchi, yorimning sochlarini tarab, uni yanada chiroyli qilib mening yaralangan ko’nglimga yana qayta azob berma.

Sog‘inur oshiqlig‘ingg‘a ro‘baru kelmish quyosh ,

Ko‘zguda mashshota har soat misolingni ko‘rub.

Bu baytda pardozchi ma’shuqaga maftun bo‘lib qolganligi ifodalangan. Ya’ni: Pardozchi ma’shuqani har kuni pardozlayotganda uni jamolini ko‘zguda ko‘rib sevib qolgan. Ma’shuqa ketgandan so‘ng esa oshiq ya’ni pardozchi yorini qo’msab sog‘inayapti.Oshiqning bu sog’inchiga esa har tongda chiqadigan quyosh guvohdir. Demak, bu baytda pardozchi oshiq tarzida ifodalangan.

Agar maygunlug‘idin rang aylar bo‘lsa mashshota,

Ko‘zumning mardumin qo‘yib, uyuub ul turfa xol uzra.16

Bu baytda oshiqning ma’shuqaga qarata aytgan so‘zlari ifodalangan. Ya’ni: Pardozchi sening yuzingdagi qizillikni mayning rangidan olib yanada chiroyli qilgan bo‘lsa, xol qilib qo’yish uchun qora rang izlab yurmasdan, mening ko‘zimning qorachig’ini olib, ana shu qizil yuzingga xol qilib qo‘ya qolsin. Bu baytda “mashshota” obrazi “pardozchi”ma’nosida qo‘llangan. Shoirning “Yuzin ko‘r, qilmag’il mujgonu xattu xolidin nola ” misrasi bilan boshlanuvchi g‘azalida ham pardozchi obrazi qo‘llanilgan.

Yuziga , ey falak , ne zeb ber , ne husn sotqilkim,

Quyosh husniga ne mashshota hojatdur , ne dallola.

Ya’ni:Ey falak , sen mening yorimga na pardozchi bo‘lib oro berishingni, na eng go‘zal husnni vositachi bo‘lib sotishingni hojati yo‘q. Buning uchun sen ovora ham bo‘lib yurmagin. Chunki , uning o‘zi shunchalar chiroyliki, boshqa hech qanday ortiqcha husnning keragi yo‘q. Ikkinchi misrada quyosh deb ma’shuqa nazarda tutilayapti. Chunki , quyoshga ham pardozni keragi yo‘q, uni o‘zi tabiiy go‘zaldir .U tabiiy chiroyli ekanligi uchun ma’shuqaga qiyos etilayapti.

Navoiy “Latofat oyi ul yuz shomi savdo sunbuli tobing” misrasi bilan boshlanuvchi g‘azalining bir baytida ham “mashshota” obrazidan foydalangan. Bu baytda pardozchi har doimgidek o‘zining ishi bilan mashg‘ul. Xattoki pardozchi ma’shuqani obi hayvon(tiriklik suvi) suvi bilan bezamoqda. Bezarda orazing mashshota hayvon chashmasi ichra,

Tushub gulguna gulgun qilmish, ermas la’li serobing.

Navoiyning “Badoe ul - vasat” devoniga kiritilgan “Qilur qayg‘u ko‘nglumga ul nozanin jam’ ” misrasi bilan boshlanuvchi g’azalida ham “mashshota” obrazi ishlatilgan. Ammo , bu baytda “mashshota” ko’plik shaklida kelgan.

Yuzing davrida zulfu mashshotalar ko‘r,

Ki, gul xirmanida erur xo‘shchin jam’.

Ya’ni: Ma’lumki, gulzorda turli xil bir – biridan chiroyli anvoyi gullar bo’ladi. Bu anvoyi gullarni terish uchun esa bir gala xotinlar ovora bo’lganidek , ey yor, sening yuzingni pardozlash maqsadida ham bir qancha pardozchilar eshiging tagida qator – qator bo‘lib turibdi. Sen eshigingni ochib bir nazar tashlasang , ularning qanchalik ko’pligini ko’rasan. Aslida ularning maqsadlari sening yuzingga oro berish , pardozlash emas, balki sening ruxsoringni bir marotaba ko‘rish, diydoringga to’yishdir. Bu baytdagi “mashshotlar” ya’ni, “pardozchilar” ma’shuqaning visoliga yetishish uchun harakat qilayotgan – oshiqlardir .

Yuqoridagi kabi baytlar Navoiyning faqat g‘azallarida emas, balki muxammaslarida ham ko‘zga tashlanadi. Quyidagi muxammasda lirik qahramonning yorini pardozchidan rashk qilishi, qizg‘anishi tasvirlangan.

Rashkdin har dam yaqindur bag‘rim erib oqqali,

Yuzingga mashshotavu ko‘zgusi mundoq yoqqali,

Zulfungga mashg’ul erur mashshota zevar toqqali,

Men yiroqdin jon berurmen toqatim yo‘q bor

Yuzi qattiq ko‘zgukim, bo’lmish jamoling hamdami.

Bu muxammasda “mashshota” obrazi ikki o‘rinda ishlatilgan bo‘lib, har ikki o‘rinda ham pardozchi ma’nosida qo‘llanilgan. Muxammasda quydagicha ma’no ifodalangan. Ey yorim sen nega buncha pardozchining ko‘zgusiga qarayverasan? Ko‘zguga har boqqaningda men rashkdan adoyi tamom bo’laman. Rashkdan bag‘rim sel bo’lib oqadi. Pardozchi sening sochlaringga oro bera boshlaganda esa, men bunga chidayolmay jon bera boshlayman.Chunki , bunday alamga boshqa chidayolmayman. Navoiy bu obrazni nafaqat g‘azallarida, muxammaslarida balki, muammolarida ham qo‘llagan. Masalan, uning “Badoyi ul- bidoya” devoniga kiritilgan muammolarining birida shunday muammosi uchraydi:

Sabodin ko‘rdi chun mashshota ikki zulfini darham,

Oningdek uchlarin kestiki qat’ o‘ldi girihlar ham.

Pardozchi ma’shuqani sochlarini taramoqlik maqsadida keldi. Qarasaki, uning zulfi chigal, jingalak tarzda edi. Pardozchi bu ishdan hayron bo‘lib, ma’shuqaning sochlaridagi bu chigallikni shamoldan ko‘rdi. Bu muammoni yechishga urinib ko‘radigan bo‘lsak, birinchi misradagi ma’shuqaning ikki zulfi arab alifbosidagi ل(lom) harfiga o‘xshagani uchun ikkita ل(lom) harfini yozib olamiz. ل لPardozchi ma’shuqaning sochlarini tarayotib bu ikki zulfning chigalini yoza olmadi. Chigallikni yozish maqsadida pardozchi ikki zulfning faqat uchlarini kesib tashlagan edi, xuddi اalif harfiga o‘xshash sochlar qoldi. Natijada bu muammodan quyidagi javob kelib chiqdi. الال “Mashshota” obrazi Navoiyning faqat lirikasida emas, balki asarlarida ham qo’llanilgan. Masalan, “Layli va Majnun” dostonida bu obraz ishtirok etgan baytlar ham uchraydi.

Mashshota qilurda vusmani pok,

Qoshingni xud aylamas grihnok.

Bu baytda ham “mashshota” obrazi “pardozchi” ma’nosida ishlatilib, ma’shuqaning qoshlariga o‘sma qo‘yishi tasvirlangan. Navoiyning so‘z qo’llash mahorati shunday o‘rinlarda ko‘rinadiki, u ijodida qo‘llagan obrazlarni faqat bir nom bilan emas, balki ikki –uch xil nom bilan ham atagan. Masalan, “pardozlovchi” obrazini aynan mashshota so’zi orqali emas balki,”qorimchi” so‘zi orqali ham ifodalagan. Masalan, uning “G‘aroyib us – sig‘ar ” devoniga kiritilgan g‘azalida qorimchi so‘zi qo‘llanilgan.

Zulfiga, ey mushk, istarsen qorimchi bandalig‘

Yo‘q hading kechgil bu savdodin o‘zingni sotma ko‘p.17

Bu baytda lirik qahramonning mushk(hushbo‘y hidli atir)ka berayotgan maslahati ifodalangan. Ya’ni: Pardozchi ma’shuqaning sochlariga oro berayotganini ko‘rgan mushk uni yanada jozibali qilish maqsadida yorning sochlariga xushbo‘y hid berishni xohlab qoldi. Ammo ey mushk, sen pardozlovchining qo‘lidagi yorning sochiga xushbo‘y hid berishni xohlaysan. Ammo sen bu niyatingdan qayt, chunki uning sochidan taralayotgan hid sening hidingdan xushbo‘ydir. Ko’rinib turibdiki bu yerda qo‘llangan qorimchi so‘zi “pardozlovchi” ma’nosida kelgan.

Amiriyning ishq mulkining shohi sifatida Navoiyning haqiqiy va majoziy ishqni tarannum etuvchi lirik she’rlaridagi insonparvarlik tuyg’ulari, komil inson haqidagi umumbashariy g‘oyalaridan ta’sirlanib, ularni ma’qullab, o‘z davri sharoiti va talabiga ko‘ra ularni boyitish, davom ettirishga harakat qildi. Har ikkala shoir ijodiga nazar tashlaymiz va ishqiy g‘azallarini tahlil qilishga urinib ko‘ramiz. Alisher Navoiy she’riy merosi ko‘lamining kengligi, ayni choqda rang-barang mavzularni o‘zida mujassamlashtirganligi bilan ahamiyatlidir.She’rda hayotning barcha murakkabliklari haqida nozik ishoralarda badiiy fikr yuritish adabiy ijodga xos yetakchi xususiyat sanaladi. Shu ma'noda ulug‘ shoir she’riyatini u yashagan davrning betakror qomusi deyish mumkin. Unda shoir zamondoshlarining shavq-u zavqi, tabassumi-yu qahqahasi, g‘azabi-yu nafrati, ingrashi-yu dardu fig‘oni, shirin xayollari-yu ezgu niyatlari, baxtli kunlari-yu musibati, to‘y-u ta’ziyasi, xullas,murakkab ruhiy-maishiy olami, sertashvish hayoti sahifalari yorqin iz qoldirgan. Buyuk mutafakkir faoliyat ko‘rsatgan zamonning ilmiy-badiiy saviyasi, tafakkur kengliklari, falsafasi, ijtimoiy-siyosiy, axloqiy-ta’limiy,ilohiy-irfoniy mezonlari uning she’riy merosida badiiy tajassumini topgan.Shu bois ulug' shoirning rangin she’riyati mohiyat-mazmuni bilan,shubhasizki, ma’nolar xazinasidir. Unda Sharq mumtoz adabiyoti an’analari takomillashtirilgani, hamd, na't, mav’iza yo'nalishidagi she'rlarga keng o‘rin berilganini kuzatish mumkin.Ishq-muhabbat mavzusi esa kichik she’riy asarlarining tayanch yo‘nalishini tashkil etadi. Ayni choqda bu ko‘hna va doimo yangilanib boruvchi barhayot mavzu ulug‘ shoir qalamida ayricha joziba kasb etdi. Natijada uning oshiqona she’rlari bag'rida XV asr ikkinchi yarmi hayotining ijtimoiy-siyosiy, axloqiy-ta’limiy, ilohiy-irfoniy qarashlari go‘zal badiiy ifodasini topdi va shunday kichik janrdagi asarlar mavzular olamining boyitilishiga munosib hissa bo‘lib qo‘shildi. Ishq-muhabbat inson-ma’naviy kamolotida hal qiluvchi mavqega egadir.18 Ulug‘ shoir muhabbat mavzusida qalam tebratar ekan, eng avvalo, dard ahli—oshiqlarga murojaat qiladi:

Ey Navoiy, dardlig‘ nazmingni dard ahli bilur,

Dardsiz dog‘i bo'lur oni o‘qig‘och ahli dard.

Alisher Navoiy she’riyatida ishq va dard bir-biri bilan chambarchas bog‘liq, biri ikkinchisini doimo taqozo qilib turuvchi tushunchalardir Dard aslida inson vujudidagi xastalikni anglatsa-da, biroq u ijod va ishq olamida ijobiy ma’no kasb etadi. Shoir nazmidagi «ahli dard» esa aqlni hayratga solg‘uvchi tuyg‘ular tug‘yonidan qalblarida uyg'ongan jo‘shqin muhabbat bois ishq yo‘lini ixtiyor etgan oshiqlardir. «Hayrat ul-abror» dostonida bu egizak tushuncha pok niyatli oshiqning ma'naviy kamolotga, poklik olamiga yetaklovchi vosita sifatida ulug‘lanadi:

Oshiq ani bilki, erur dardnok,

Ham tili, ham ko‘zi-yu ham ko‘ngli pok.

O‘zlugidin ishq ani pok etib,

Balki fano o‘tig‘a xoshok etib.

Alisher Navoiy she’riyati haqsevarlik va insonsevarlik ta’limoti bo‘lgan tasavvuf g‘oyalariga o‘zgacha jilo va sayqal berish bilan ravnaq topadi. Masalaga shu nuqtai nazardan yondashadigan bo‘lsak, ulug' shoir baytlaridagi «o‘zlugidin ishq ani pok etmoq»-ishq vositasida oshiqning eng katta dushmani—nafsi ustidan g‘olib kelishidir. «Fano o‘tig‘a xoshok bo‘lmoq»-oshiqning eng ezgu maqsadining amalga oshishi, uning «Ma’ shuqi azal visoliga vosil» bo‘lishidir. Buning uchun «dardnok» oshiqning «ham tili, ham ko‘zi-yu ko'ngli pok» bo‘lmog‘i zaruriy shart hisoblanadi.Poklik-juda katta tushuncha.Tilni pok tutmoq - uni bema’ni gaplar uchun ishlatmaslik, g‘iybat-tuhmatga berilmaslikdir.Ko‘zni pok tutmoq — shubhali narsalardan saqlanish, ko‘rish noravo bo'lgan nomahramlarga boqmaslik hisoblanadi. Ko‘ngilni pok tutmoq esa -umuman man qilingan jamiki narsalardan, istaklardan tiyilishdir. Ko‘rinadiki, poklikni ixtiyor qilgan inson o‘z haddi va haqqiga qanoat bilan yashamog‘i zarur ekan.

Ishq-muhabbat talqini ulug‘ shoir she’riyatidagi eng serqirra ma’no-mohiyat kasb etuvchi mavzu sanaladi. Jumladan, insonni insonga, hayotga, tabiatga va Yaratuvchiga bo‘lgan samimiy sevgisini ifodalagan she’rlar bu keng qamrovli mavzuning tayanch ustunidir. Alisher Navoiy qit’alarida bu tushuncha haqiqiy va majoziy ishq tarzida talqin qilish mumkin bo'lgan yo‘nalishda badiiy ifodasini topadi. Haqiqiy ishq insonning Allohga, majoziy ishq esa insonning insonga, hayotga, tabiatga butun mulki borliqqa bo‘lgan muhabbatidir. Ulug‘ shoir mavjudot jami ajoyibotlari orasida ziddiyat emas, balki bog‘liqlik, aloqadorlikni ko‘radi. Ular bir-birini taqozo qiladi. Alisher Navoiyga xos bunday dunyoqarash uning qit’alaridan birida sarlavha vazifasini bajargan: majozdin maqsudi haqiqat ekani izhor qilmoq va suratdin g‘araz ma'ni ekanin padidor qilmoq» Majozdin manga maqsud erur haqiqiy ishq, Nedinki, ahli haqiqatqa bu tariqat erur.

Majozdin chu haqiqatqa yo‘l topar oshiq,

Qilur majozni nafyi ulki, behaqiqat erur.

Ulug‘ shoir mazkur qit’ada majoziy muhabbatni e’tirof etgani holda, o‘sha ishq poklik va halollik bilan nurlidir hamda u poklanish tufayli ilohiy ishq maqomiga ko‘tariladi, degan g‘oyaga sodiq qoladi. Shuningdek, ulug‘ shoir majoziy ishqdan murod ilohiy ishq haqida o‘ylash, fikr yuritish, uning hijron-u iztiroblaridan lazzatlanish ahli haqiqatning tanlagan yo‘lidir, deydi. Bu yo'lda tariqat va uning hayotbaxsh ta’limoti madadkordir. Alisher Navoiy she’riyatida, jumladan, tahlil qilinayotgan qit’ada majoz va nazmiy san'atlar vositasida badiiy mushohada yuritish mayli baland. Aksariyat hollarda so'zlar zulma’naynlik (ko‘p ma’nolilik) fazilatiga ega.Shuning uchun ular mohiyatini darrov payqash dushvor.Navoiyona misralar mag'ziga chuqur mulohazasiz yetish imkondan tashqaridir. Shunday fazilat yuqoridagi va quyida ko‘chiradiganimiz qit'ada ham yorqin ko'zga tashlanadi:

Ko‘rmasa husni majozi ichra juz haq sun’ini,

Oshiqekim, bo'lsa ishq atvori ichra pokboz.

Zohido, bu ishqdin man’ aylamas oshiqnikim,

Gar sen idrok aylasang, ayni haqiqatdur majo

Ushbu qit’ada ulug‘ shoirning falsafiy mushohadasida teranlik bilan yonmayon dadillik va aniqlik turganligini his qilish qiyin emas. Chinakam oshiq yor - mahbubasi jamolida Yaratganning nuri tajallisini his eta olsa va uning sa’yharakatlarida poklik ustuvor bo‘lsagina, majoz haqiqat pillapoyalariga ko‘tarilishi mumkin. Qit’ada zohidga murojaat ham bejiz emas.Umuman, zuhd-u zohidlik masalasidagi qarash ehtiyotkorlikni toqozo etadi.Chunki bu toifa ahlining xattiharakatida namuna olsa arzigulik jihatlar bor. Ular toat-u ibodat, namoz-u ro‘zani kanda qilmaydi.Doimo tavba qilib, tahoratli yurishadi. Biroq ularning riyokorligi toat-u ibodatini ko‘z-ko‘z etishi va jannat tama’ida bo‘lishlarida yorqin ko‘rinadi. Oshiq va zohid dunyoqarashlari o‘rtasidagi keskin tafovutga adabiyotshunos N.Komilovning «Tasavvuf» kitobida nozik ishoralar bor. U o‘z fikrlariga mashhur sofiy ayol Robia Adviyaning (714-801) Allohga munojotlarida quyidagicha nola qilib aytgan so‘zlarini keltirish bilan oydinlik kiritadi-Ey Parvardigorim, Ey yori aziz, agar jannating tama‘ida toat qiladigan bo‘lsam, jannatingdan benasib et, agar do‘zaxingdan qo‘rqib ibodat qiladigan bo‘lsam, meni do‘zax o‘tida kuydir, mingming roziman! Ammo agar Sening jamolingni deb tunlarni bedor o‘tkazar ekanman yolvoraman, meni jamolingdan mahrum etma!».19 Ko‘rinadiki, tasavvuf ahlida hayotga tavakkul bilan qarash kayfiyati baland. Ularning qat’iy ishonchiga ko‘ra, solik ishq va tariqat maqomlari sari intilishini davom etishi, bu haqda baland ovoz bilan gapirmasligi, tama’dan yiroq turishi lozim. Ulug‘ shoir g‘azallarida ushbu fikrlarni quvvatlovchi ko‘plab baytlarni uchratish mumkin:

Navoiy, ishqdin ne kelsa, dam urmaki oshiqqa,

Keraktur ishqi pinhoni-yu dog‘i ishq pinhoniy.

Alisher Navoiy ushbu bayt bag‘riga o‘zi muridi komili bolgan naqshbandiya tariqatining «Dil ba yor-u dast ba kor» tayanch g‘oyasi mohiyatini singdirgan. Aslida ulug‘ shoir she'riyati qahramonlari ishqdan yetgan barcha ozor-u mashaqqatlarga sabot va matonat bilan bardosh berishga tayyordirlar. «G‘aroyib us-sig‘ar» devoni g‘azallarining biriga mansub bo'lgan quyidagi bayt she‘rda harakat qiluvchi qahramoni haqida ham shunday xulosaga kelishga asos bo‘ladi:

Ey Navoiy, ishq mushkil deb nechuk tarkin tutay,

Gar bu ish hunar bo‘lsa, bo‘luptur fan manga

Ulug‘ shoir ishq bobida tenglik falsafasini ilgari surib, g‘azallarining birida: «Ishq aro shoh-u gado tengdir, balki gado fuzun»,- deya e’tirof etadi. Biroq bu muqaddas tuyg‘uni e’tiqodida sobit bo'lmagan, munofiq kishilar tomonidan toptalishini keskin tanqid qiladi:

Ulki ermas ishqi pok-u sajda aylar ko‘rsa husn,

O‘yladurkim, aylagay fosih tahoratsiz namoz.

Husn - go‘zallikni ko'rib, unga mahliyo bo‘lgan kishining sajda qilishi pok ishqning nishonasi emas. Undagi «sadoqat» va «e’tiqod» nobakor kimsaning yuviqsiz - tahorat olmay namoz o‘qishi bilan barobardir. Ishq, avvalo, poklik, qolaversa, sadoqat-u chinakam e’tiqod bilan muqaddasdir.Mana shu talabtamoyillar buzilgan joyda xoh majoziy, xoh ilohiy ishq bo‘lsin, bular haqida gapso‘z bo‘lishi mumkin emas. Ishqda vafo, sadoqat g‘oyasi shoirning quyidagi g‘azalida oshiqning o‘ziga xos qasamyodi sifatida ifoda etilgan:

Ko‘nglum o‘rtansun agar g‘ayringg‘a parvo aylasa,

Har ko‘ngul ham kirn sening shavqungni paydo aylasa.

Har kishi vaslin tamanno aylasam navmid o‘lay,

Har kishi hamkim sening vasling tamanno aylasa.

O‘zgalar husnin tamosho aylasam, chiqsun ko‘zum,

O‘zga bir ko‘z hamki husnungni tamosho aylasa.

G‘ayr zikrin oshkora qilsa lol o‘lsun tilim,

Bir til hamki zikring oshkoro aylasa.

Rashkdin jonimg'a har nargis ko‘zi bir shu’ladur.

Bog‘ aro nogoh xirom ul sarvi ra'no aylasa.

Yo‘q og‘izdin nukta aytur mahvashimdek bo‘lmag‘ay,

Gar quyosh har zarrasidin bir Masiho aylasa.

Oqibat jonimg‘a yetti, ey xush ul mug‘kim, meni

Bir qadah birla xarobot ichra rasvo aylasa.

Kelturung dafi jununumg‘a parixon, yo‘q tabib

Kim ul ansabdur pari har kimni shaydo aylasa.

Subhdek bir damda gardun qo'ymag'ay osorini,

Nogah ahli sidq ko‘ngli mehrin ifsho aylasa.

Dahr sho‘xig‘a, Navoiy, sayd bo'lma nechakim,

Kun uzori uzra tun. (zulfin mutarro aylasa 1, 66-67).

Ko‘chirilgan g‘azal o'n baytli, tuzilishiga ko‘ra yakpora-musalsaldir. Mavzu va g‘oyaviy yo‘nalishi nuqtai nazaridan oshiqona-orifona g‘azallar sirasiga kiritish mumkin. Radifli («aylasa» o'zgarishsiz takrorlanib, shunday vazifani ado etadi), taxallusli. Matla’ o‘zaro qofiyalangan, birinchi bayt (band) va maqta’ga (xulosa, xotimaga) ega. Matndagi «parvo», «paydo», «tamanno», «tamosho», «oshkoro»,«ra'no», «Masiho», «rasvo», «shaydo», «ifsho», «mutarro» so‘zlari qofiya vazifasida kelgan. Qofiya uchun mazmun ozor chekkan misralar ko‘zga tashlanmaydi.G‘azalda ma'shuqa bevosita ishtirok qilmaydi.Uning haqidagi barcha ma‘lumot-u xabarlar oshiq tilidan beriladi.G‘azalda matladan boshlangan mazmun (oshiqning ma'shuqa nazdidagi qasamyodi) maqtaga qadar izchil davom etadi.Ayni uslubiy-g'oyaviy jilo g'azal yakporaligini ta'min etgan. G‘azalda majoziy va ilohiyirfoniy ishq qorishiq keladi. Bunday mayl, ayniqsa, g‘azalning yetti va sakkizinchi baytlarida ravshan ko‘rinib qoladi. Undagi «quyosh», «zarra», «Masiho», «mug‘»,«qadah», «xarobot» singari qator ishoralar shunday xulosaga kelish uchun asos beradi. Ishqda poklikni tayanch shart sifatida biluvchi oshiq unga rioya etishni vujud-vujudi bilan istaydi va ayni talabni ma'shuqadan ham so'raydi. Shunday bayt misralarida qasamyodlar yonma-yon tutilib, badiiy talqin beriladi: Oshiq o‘z qat’iy so‘zi ustidan chiqish uchun yuragini tilka-pora qilishga, juvonmarg bo‘lishga, ko‘zlarining ko‘r, tilining lol (soqov)ga aylanishiga rozi. Shunday qarg‘ishlar shartini buzgan ma’shuqaga yoxud uni poklik yo‘lidan chalg'itishga urinuvchi - ag‘yorga ham ravo ko'riladi.G‘azalda shoh baytlar uchraydi. Fikrimizcha, beshinchi va oltinchi baytlar shunday xususiyatga ega. Unda bir necha badiiy san'atlar (tashbeh yashirin talmeh, mubolag‘a, tanosub va hokazo) qorishiq kelib misralar nazokatini ko'tarishga xizmat qilgan. Oshiq gulzor ichra xirom qilib yurgan sarvi ra'no ma'shuqasini nargisdan ham rashk qiladi. Ma'shuqa nuqta misol (yo‘q hisobi) og‘izchasi bilan so'z aytsa, uning oydek gulgun chiroyi yana ochiladi va hokazo.

Alisher Navoiy she’riyatida hamd, na‘t yo'nalishidagi asarlar, ijtimoiy hayotning turli muammolari, odob-axloq me’yorlariga bag‘ishlangan badiiyat namunalarini juda ko‘plab uchratish mumkin.20

Amiriy ijodiga nazar tashlaydigan bo‘lsak g‘azal Amiriy she‘riyatining etakchi janridir. U asosan shu janr orqali ishq ahlining amiri sifatida ko‘zga tashlanadi. Shu janrdagi asarlarida insonga xos najib his-tuyg‘ularni, hayotiy va ilohiy kechinmalarni, orzu-umidlarni tarannum etadi. Demak, muhabbat - shoir g‘azallamining etakchi mavzuidir. Shoir :

Ishq mulkini Amirimen, muhabbat zevarim,

Istaram to subhi mahshar yor vaslidin liqo.

Amiriy ayrim g‘azallarida ishq yo'lida iztirob chekayotgan va alamdan mayga ruju qo‘ygan, visolni qadah tubidan qidirayotgan oshiqni toat-ibodatdan chalg‘imaydigan zohidga qarshi qo'yadi. Bu tur g‘azallari orasida „Qizartib chehra maydin oshiqi zoringni kuydirma" satri bilan boshlanadigan she'ri diqqatga molikdir. G'azalning ikkinchi baytida shoir zohidga murojaat qilib deydi:

Yonar o‘tg‘a xusumat aylasa bo‘lg‘aymu, ey zohid,

Muhabbat ahlig‘a dam urma, dastoringni kuydirma.

Xuddi, yonayotgan o‘t bilan o‘chakishib bo'lmaganidek, vujudi ishq otashida qovurilayotgan ishq ahliga toat-ibodatdan dam urib, sallani kuydirish mumkinligidan ogohlantiradi. Oshiqning boshini aylantirib imondan ayirgan yor soch tolalaridan kechmoqlik zohid so‘ziga kirib belbog‘ini kuydirgan nasroniyning ishiga o‘xshash bo'lishi aytiladi:

Erur sargashtai maqsudi imon yor gisuyi,

Kirib zohid so‘zi‘'a ushbu zunnoringni kuydirma.

G‘azalning

„Bel-u og‘zi xayolin mug‘tanim bo'lmaysan ey ko‘ngul,

Nakim yo‘qdir anga shukr ayla, yo‘q-u boringni kuydirma"

satrlarida mumtoz adabiyotimizdagi an’anaviy tashbihlar yangi jilolari bilan namoyon boiadi. Har qanday mo‘min, ayniqsa, so'fiy uchun noshukurlik kechirilmas ulkan ayb.Shu bois og'izning yo'qligi-yu, belning borligiga shukur qilmoq kerak.Aks holda, kishi yo‘q-u boridan ayrilishi, imonsizlar qatoriga o‘tib qolishi mumkin.G'azalning qolgan baytlarida ham tasvir maromi susaymaydi, oshiqning eng qaltis vaziyatlardagi holati nozik ifoda qilinishiga erishiladi.

Shoirning „Nega muncha siyohdur kokul" misrasi bilan boshlanadigan g‘azalida ham muhabbat tuyg'usi qalamga olingan.She'rning lirik qahramoni o'z oldiga shu tariqa savol qo‘yar ekan, mumtoz adabiyotda ham hech kimning xayoliga kelmagan yo‘sinda unga javob topishga erishadi:

Nega muncha siyohdur kokul,

Magaram dudi ohdur kokul.

Qahramonning izohiga ko‘ra, kokilning qoraligi oshiq ohining dudi tufayli bo'lishi ehtimol.Negaki, dud, ya'ni tutun hamisha qoraytiradi.Ehtimol, oshiqning yor oyog‘i tagida chekkan adoqsiz ohlari dud bo'lib, uning boshiga qo‘nganidan sochlari qoraygandir.Ikkinchi baytda shoir xayoloti parvozi yanada balandlashadi. Uning nazarida, qop-qora sochlar orasidan ko‘ringan yor yuzi oppoq oyning qo'rg'onlashiga o‘xshaydi:

Halqai zulfdin ko'rundi yuzi,

Holai badri mohdur kokul.

Oqlikni bo'rttirib ko‘rsatish uchun qoralikdan ustalik bilan foydalana bilish uchun ulkan poetik iste'dod zarur bo'ladi.Keyingi baytlarda shoir kokilga „husn iqbolini yashirish" uchun kuloh, oshiqning yor xoli va xati, ya‘ni labi ustidagi mayin tuklari tomonidan qatl etilishiga guvoh va husn mamlakati amiriga saltanatni boshqarishga dastgoh singari sifatlarni baxsh etadi. Muhimi shundaki, Amiriy tasvirning biror o‘rnida zo'rakilik qilmaydi, tabiiylikka daxl yetkazmaydi, hayotiy va badiiy mantiqdan chekinmaydi. Shoirning „Junun daryosi tug‘yon aylamakni mendin o‘rgandi" deb boshlanadigan g'azalida ham shu tasvir yo‘siniga amal qilingan.Mubolag'aning g‘uluv darajasidagi kuchaytirilgan ifodalari, ruhiy imkoniyatning chegaralariga qadar yuksalib borgan tasviriy miqyos Amiriy she'rlariga estetik ko‘lam bag‘ishlaydi. Ularni qamrovli, ta’sirchan, kutilmagan tashbihlarga boy bo‘lishini ta’minlaydi:

Junun daryosi tug'yon aylamakni mendin o‘rgandi,

Talotum birla to'fon aylamakni mendin o‘rgandi.

Odatda, she’riyatda inson xatti-harakat va ruhiy holatlarni tabiiy hodisalardan o‘rganganligi tasvirlanardi. Bu o‘rinda kutilmagan badiiy holat yuzaga keladi.Ya’ni tentaklik daryosi tug'yonni, toshqinni, guvillashni she’r qahramonidan o'rganganligi tasvirlanadi. Keyingi baytda matla'dagi tasvir necha bor quyuqlashadi:

G‘am-u dard-u muhabbat gulshanida gul bila g‘uncha,

Yaqo chok-u ko‘ngul qon aylamakni mendin o‘rgandi.

Muhabbat gulshanidagi gul to'kilmoqni, g‘uncha yaqosini yirtmoqni oshiqdan o‘rgangan ekan.Bu tasvir shiddati keyingi baytlarda ham ushlab turiladi.G'azal matniga kirib borgan sari oshiqning hech kimnikiga o'xshamaydigan fidoyi qiyofasi tobora ravshanlashib boraveradi. She’r yakuniga yaqinlashganda u Majnunga murojaat qilib, telbalik maktabida muallim ekanini va sahar ham kiyimlarini yirtishni, ya’ni tunni parchalab yorug'lik keltirishni undan o‘rganganligini aytadi:

Muallimmen bukun savdo dabistonida, ey Majnun,

Sahar choki giribon aylamakni mendin o‘rgandi.

G'azal maqta'sida shoir mumtoz ishqiy lirika tajribasida kamdan-kam bo'ladigan holatni beradi. Ya’ni oshiq dardiga davo topganini ifoda etadi:

Amir, ul oy g‘amidin ayladim dardim ilojini,

Hakimi ishq darmon aylamakni mendin o‘rgandi.

Amiriy lirikasida umrning g'animatligi, hayot imkoniyatlaridan o‘z vaqtida foydalanish zarurligi ichki bir dard bilan ifoda etiladi. Lekin Amiriy qalamidan to‘kilgan dard ezginlik bermaydi, balki hayotbaxshlik, umidvorlik paydo qiladi.

Shoirning „Tushti tori zulfi yuzdin ko‘nglum ichra pechtob" misrasi bilan boshlanadigan g‘azalida ham shu holatni kuzatish mumkin:

Tushti tori zulfi yuzdin ko‘nglum ichra pechtob,

Aylamish ko‘ksum aro siymob1 yanglig' iztirob.

Amiriyning tasvir bobidagi mahorati matla'dayoq yaqqol ko‘zga tashlanadi. Yor yuziga tushib turgan soch oshiqning ko'ngliga kirdi va uni tuzoq kabi domiga olgach, uning ko'nglida kilkillab turgan simobday iztirob paydo bo‘ldi. Ayni „siymob" so‘zini eritilgan kumush ma'nosida „kumush suv" deb ham tushunish mumkin.Yuqoridagi g'azallar tahlilida tabiiy narsalar odam holatiga o‘xshatilgani aytilgandi, bu baytda ruhiy holat, ya'ni iztirob simobning yurishiga o‘xshatiladi. Keyingi baytlarda ma’shuqaning chiroyi va uning oshiqqa ko‘rsatgan ta’siri yuqorilab boradi va u:

Men nechuk savdo bilan rasvoyi olam bo‘lmayin,

Telba bo‘lg‘oy mohi ruxsoringni ko‘rsa oftob

deya o‘z holatini asoslashga urinadi. Chunki yuzini oftob ko‘rsa, telba bo‘lib qoladigan darajadagi go‘zalni sevgan oshiqning jinnilik bilan rasvoyi olam bo‘lishi ajablanarli.Vaholangki, biz Amiriyni dunyoviy shoir deya olmaymiz. Toki inson qalbida ishq bor ekan u o‘sha ishq orqali komillikka intiladi, shu jumladan qalbidagi ishq orqali haqqa intiladi.Amiriyning aynan shu xususiyati bilan Navoiyga ergashganligini, ya’ni majoz orqali haqiqatga intilganini ko‘ramiz.Biz har ikkala shoir ijodidagi ishqiy g‘azallarni tahlil qilishga urinib ko‘rdik va shoirlar she’riy merosi ko'lami keng, ayni chog‘da rang-barang mavzularni o‘zida mujassamlashtirganligi bilan ahamiyatli ekaniga amin bo‘ldik.
Xulosa
Noyob iste’dod sohibi bo‘lmish Amiriy adabiyotshunoslik sohasida muhim o‘rin egallaydi. Adabiyot tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, Amiriyning ijodi uning adabiyotshunoslikka qo‘shgan hissasi beqiyosdir. Shuningdek, u o‘ziga xos original ijodkordir. Uning ijodida g`azallarning o‘rni beqiyos desak mubolag`a bo`lmaydi. U bir qancha ijodkorlar bilan mushoiralar olib borgan. Ushbu mushoiralari orqali yozuvchi o‘z davri adabiy muhiti bilan qizg`in aloqada bo`lgan. O‘zbek adabiyotining peshqadam namoyandalari — Muqimiy, Furqat, Muhyi, Nihoniy ijodini, xususan, lirik she’rlarini Amiriy she'rlari ta’sirisiz tasavvur etish qiyin.Muqimiyning beshta tazmin muxammasi Amiriy g'azallari asosida ijod qilinganligi bunga dalildir. Bu hol Amiriyning adabiyotga homiyligini, ustoz shoir sifatidagi mavqeini yanada chuqur o‘rganishni taqoza etadi.

Amiriy ilmiy merosining bizgacha yetib kelishida, devoniningnashrlarini tayyorlash, uni ilmiy muomalaga kiritish, ijodiyuzasidan tadqiqotlar olib borish kabi ko‘pgina sohalarda salmoqli ishlar amalgaoshirilgan. Bunda A.Hayitmetov, M.Qodirova, H.Muhammadxo‘jayev, R.Orzibekov, A.Qayumov, kabi olimlarning xizmatlari beqiyos ekanligini alohida ta’kidlab o‘tish o‘rinlidir.Amiriyning adabiy merosi uning o'z davrida tartib berilgan «Devon»ida, bir qismi «Majmuat ush-shuaro» tazkirasida jamlanganligini ko`rib o`tdik. «Devon»ning o'n bitta qo'lyozma nusxasi O'zFA Sharqshunoslik instituti xazinasida saqlanishi haqidagi ma’lumotlar ham keltirilgan. Bu qo‘lyozmalarning bir qanchasi Umarxon hayotligi davrida ko'chirilgan.Amiriy she’riyatiga bo‘lgan qiziqish muttassil davom etib borgan.Uning asarlari qo'shni mamlakatlarda ham sevib o'qilgan, kitobat qilingan.1882 yili Istanbulda, 1905 yili Toshkentda bosma nashrlari yuzaga kelgan.

Uning ijodida ayniqsa Navoiy ijodining badiiy ta’siri yaqqol ko‘zga tashlanadi.G’azal mulkining sultoni hisoblanmish Alisher Navoiy adabiy merosi turkiy she’riyat hamda umumsharq adabiyotining eng ilg’or an’analarini o‘zida mujassam etgan yangi va yuqori bosqich hisoblanadi. Alisher Navoiy ijodining tub mohiyati falsafiy, ijtimoiy, va estetik qarashlarining yuksa poetik shakldagi ifodasi bo‘lganligi bilan xarakterlanadi.

Alisher Navoiy she’riyatini to‘laligicha ta’rif etishga til ojiz. Navoiy she’riyati nazm olamining eng noyob durdonasi va nazm ichra mo‘jizalarning mo‘jizasi hisoblanadi. Navoiy ijodida ishq talqini, aynan mana shu jihatini ham Amiriy o‘z ijodida namoyon eta olgan.

Amiriyning ishq mulkining shohi sifatida Navoiyning haqiqiy va majoziy ishqni tarannum etuvchi lirik she'rlaridagi insonparvarlik tuyg'ulari, komil inson haqidagi umumbashariy g‘oyalaridan ta'sirlanib, ularni ma’qullab, o‘z davri sharoiti va talabiga ko'ra ularni boyitishida, davom ettirishida ham ko`rishimiz mumkin. Shuningdek, Navoiyning she’riyat muxlislari orasida keng tarqalgan, sevib kuylangan g‘azallariga nazirasifat she’rlar yaratganini, Navoiy g‘azallari ohangi va shaklida yangi g'azallar, she'rlar yaratganini ham yo‘qorida zikr etdik.

Amiriy Navoiyning eng sara g‘azallariga tazmin (taxmis) muxammaslar yaratishgan. Zero, adabiy ta’sirning bu so'nggi shaklida Amiriyning Navoiy ijodiga nechog‘li baland hurmat bilan qaraganligi ko‘proq namoyon bo'ladi. Shoirlarning har bir she’rida ijodkorlarning o‘y-xayollari, tuyg‘ulari, ehtirosli qalb ovozlari eshitilib turadi.

Demak, Amiriy she’riyatida Navoiy g‘azallariga tazmin muxammaslar badiiyatini o‘rganayotganda tamomila dunyoviy, oddiy insoniy his-tuyg‘ularni va kechinmalarni yuksak baadiyat bilan kuylangan lirikani tahlil qilishimiz va uning badiiy ta’sirini ochib berishda istiqlol ruhiyatining ta’siri beqiyos ekanligini anglashimiz zarurdir.

Shuni qayd qilishimiz lozimki, har ikki shoir ijodi adabiyotimiz tarixida muhim mavqe’ga, ahamiyatga egadir. Ularning ijodi o`zlari yashagan davrlari hayotini rivojlantirishga, kitobxonlarning zavqini, estetik ehtiyojini qondirishga xizmat qilib kelgan.

Ularning ijodida davrning talabi, shoirlarning g‘oyasi, uslubi o‘z aksini tobgan. Bu ijodkorlarning ijodi biz uchun o‘tmishni o‘rganishimizda muhim manba hisoblanadi. Bugungi kunda ham shoirlar ijodining ahamiyati nihoyatda kattadir.


Yüklə 64,3 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin