Landshaftning ifloslanishi – u yoki bu moddalar yoki energiya konsentratsiyasining tabiiy (yoki belgilangan meyor) darajasidan oshishi, shuningdek, landshaftga unga yot bo‘lgan moddalar, organizm va energiya manbalarining antropogen yoki tabiiy (vulqon, moddalarning tabiiy migratsiyasi) omilllar tarzida olib kirilishi.
Mega(lo)polis [yun. “megas(megual)” – katta va “pollis” – shahar] – bir qancha shaharlarning o‘sishi va keyinchalik bir-biriga tutashib ketishi (aglomeratsiya) natijasida vujudga kelgan o‘ta katta shahar.
Mexanik ifloslanish – ekotizimga unga yot bo‘lgan va uning tabiiy faoliyatini izdan chiqaruvchi abiotik loyqalarning olib kirilishi.
Milliy bog‘ – tabiiy sharoitlari sezilarli darajada inson tomonidan o‘zgartirilmagan yoki inson faoliyati tarix mobaynida tabiat bilan uyg‘unlashgan keng muhofaza etiladigan hudud.
Moddalarning biologik aylanishi (kichik doira) – kimyoviy elementlarning tuproq va atmosferadan tirik organizmlarga ularning kimyoviy shaklini o‘zgartirib kirishi, so‘ng tuproq va atmosferaga organizmlarning hayotiy faoliyati jarayonida va keyinchalik nobud bo‘lganidan keyin qoluvchi qoldiqlar bilan qaytishi hamda mikroorganizmlar yordamida destruksiya jarayonlari va minerallashishdan keyingi yana tirik organizmlarga qaytishi. M.b.a.ning bunday ta’rifi biogenetik darajaga to‘g‘ri keladi.
Noosfera [yun. “noos” – aql] – aql-idrok sferasi. Iboraning zamonaviy talqini 1931-yilda V.I.Vernadskiy tomonidan BIOSfera evolyusiyasining bosqichi, uning taraqqiyotidagi jamiyat ongli faoliyatining etakchi rolini ifodalash uchun kiritilgan.
Ozon “darchalari”– atmosferaning ozon qatlamida (ozonosferada) ozon miqdorining (50% gacha) kamayishi. O.d. organizmga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi ultrabinafsha nurlari darajasining ortishiga sababchi bo‘ladi. O.d. kelib-chiqishi antropogen ta’sirga bog‘liq deb faraz qilinmoqda.
Omon (yashab) qolish – u yoki bu avlod organizmlarining yashashi va ekotizimlar faoliyatida qatnashishi uchun saqlab qolinishining o‘rtacha ehtimoli.