28.1. Budjet –soliq siyosatining mohiyati va usullari Davlatning asosiy vazifalaridan biri iqtisodiyotni barqarorlashtirish hisoblanadi.
Bunday barqarorlashtirishga monetar siyosat vositalari qatori fiskal siyosat orqali
ham erishiladi. Fiskal siyosat shuningdek, budjet-soliq siyosati deb ham aytiladi.
Budjet-soliq siyosati deganda noinflatsion YaIM ishlab chiqarish sharoitida iqtisodiyotda to‘liq bandlilikni, to‘lov balansining muvozanatini va iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga qaratilgan davlat xarajatlari va soliqlarini o‘zgartirishni o‘z ichiga olgan chora tadbirlar tushuniladi. Iqtisodiyot turg‘unlik yoki pasayish davrida bo‘lgan vaziyatlarda davlat tomonidan
rag‘batlantuvchi fiskal siyosat-fiskal ekspansiya olib boriladi. Ya’ni, davlat qisqa
muddatda iqsodiyotning pasayishi muammosini davlat xarajatlarini oshirish yoki
soliqlarni kamaytirish, yohud ikkalasini bir vaqtning o‘zida olib borish evaziga hal
etadi. Uzoq muddatda davlat xarajatlarining yuqori bo‘lishi va soliqlarni kamaytirish
ishlab chiqarish omillarining o‘sishiga va natijada, iqtisodiy salohiyatning
ko‘tarilishiga olib kelishi mumkin. Ammo, bunga Markaziy bank tomonidan olib
boriladigan pul-kredit siyosatidan samarali foydalanish va davlat xarajatlari tarkibini
maqbul holatga olib kelish orqaligina erishish mumkin. Iqtisodiyotda to‘liq bandlik
va ortiqcha talab natijasida inflatsiya kelib chiqishi mumkin bo‘lgan vaziyatlarda
cheklovchi fiskal siyosat- fiskal restriksiya olib boriladi. Cheklovchi fiskal siyosat
davlat xarajatlarini (G) kamaytirish yoki soliqlarni
(T) oshirish yoki bo‘lmasa ikkala tadbirni bir vaqtda olib borish orqali iqtisodiyotning
davriy o‘sishini chegaralashdan iborat. Qisqa muddatli davrlarda ushbu tadbirlar talab
inflatsiyasini kamaytiradi. Uzoq muddatli davrlarda esa yuqori soliqlar iqtisodiyotda
stagnatsiyaga olib kelishi mumkin.
Bu esa mamlakatning iqtisodiy salohiyatini izdan chiqaradi. Bunga davlat
xarajatlaridan samarasiz foydalanish qo‘shimcha turtki bo‘lishi mumkin.