O‘zbekistonning korrupsiyaga qarshi kurash siyosati.
§ 1. Manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish
12. Institut xodimlari o‘z lavozim majburiyatlarini halol va vijdonan bajarishi, o‘z mansab va xizmat mavqeidan va Institut tasarrufidagi mol-mulklardan shaxsiy manfaatdorlik yo‘lida foydalanmasligi va manfaatlar to‘qnashuviga olib kelishi mumkin bo‘lgan vaziyatlardan saqlanishi lozim.
Manfaatlar to‘qnashuvi Institut xodimlarining o‘z xizmat vazifalarini to‘g‘ri va xolis bajarishiga, shu jumladan obyektiv qaror qabul qilishga taʼsir qiladigan yoki taʼsir qilishi mumkin bo‘lgan, shuningdek institutning huquqlari, qonuniy manfaatlari, mol-mulki va (yoki) obro‘siga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan shaxsiy manfaatlarga ega bo‘lgan vaziyatda yuzaga keladi.
13. Institut xodimlari ishga qabul qilinayotganda, lavozimi ko‘tarilayotganda har yili va tegishli vaziyatlar/shart-sharoitlar yuzaga kelishiga qarab manfaatlar to‘qnashuviga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin bo‘lgan shaxsiy manfaatdorligiga doir axborotni ochiqlashi lozim. Institut xodimlari tomonidan manfaatlar to‘qnashuvini ochiqlash va uni bartaraf etish jarayoni Institutda manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish to‘g‘risidagi Nizomda belgilab qo‘yiladi.
§ 2. Sovg‘alar va ish faoliyati yuzasidan mehmondo‘stlik belgilari
14. Institut xodimlariga o‘z xizmat majburiyatlarini bajarishi doirasida jismoniy va yuridik shaxslardan sovg‘alar yoki mehmondo‘stlik belgilari, jumladan qarz, kafolatlar, kafillik, mukofot, moddiy yordam, naqd pul mablag‘lari yoki ularning ekvivalentlari, qimmatbaho qog‘ozlar yoki boshqa xizmatlar ko‘rinishidagi rag‘batlantirish vositalarini olish va qabul qilish taqiqlanadi.
15. Institut xodimlari tomonidan rasmiy delegatsiyalar tarkibida, rasmiy tadbirlarda, shu jumladan chet ellardagi tadbirlarda olingan har qanday sovg‘alar ularning miqdori va qiymatidan qatʼi nazar Institut mulkiga topshirilishi kerak.
16. Institut xodimlari o‘rtasidagi o‘zaro sovg‘alar oldi-berdisi faqat xodimning o‘z xizmat vazifalarini bajarishi bilan bog‘liq bo‘lmagan shaxsiy bayramlar (tug‘ilgan kun, farzand tug‘ilishi va shu kabilar) munosabati bilangina amal oshirilishiga ruxsat etiladi va bunday sovg‘alar xodim shaxsi bilan bog‘liq sovg‘a deb eʼtirof etiladi.
Xodim shaxsi bilan bog‘liq sovg‘alarni berishda quyidagi talablarga rioya qilinishi shart:
sovg‘alar Institutning boshqa xodimlari ishtirokida berilishi lozim;
sovg‘ani berish shu sovg‘ani berish uchun sabab bo‘lgan voqea-hodisa aniq bayon etilgan tabrik nutqi bilan birga amalga oshirilishi kerak;
sovg‘aning umumiy qiymati (barcha soliq va yig‘imlar bilan birga) hadya kunidagi qonunchilik o‘rnatgan bazaviy hisoblash miqdorining 5 (besh) barobaridan oshmasligi lozim.
17. Shubha-gumonlardan xoli bo‘lish uchun har qanday bayramlar (jumladan, lekin cheklanmagan holda tug‘ilgan kun, farzand tug‘ilishi va hokazolar) munosabati bilan mazkur Siyosatning 14- va 15-bandlarida keltirib o‘tilmagan boshqa davlat organlari va tashkilotlari xodimlari, hamkorlar va kontragentlar, boshqa jismoniy va yuridik shaxslardan mazkur Siyosatning 16-bandida sanab o‘tilgan sovg‘alar va moddiy boyliklarni olish taqiqlanadi.
18. Xalqaro konferensiyalar, simpoziumlar va ish (xizmat) yuzasidan uyushtiriladigan boshqa uchrashuvlarda Institut nomidan sovg‘alar berish Institut direktorining buyrug‘iga muvofiq amalga oshiriladi.
19. Sovg‘a qabul qilishning qonuniyligida biror-bir shubha tug‘ilgan taqdirda Institut xodimi IKQKNQBga maslahat so‘rab murojaat qilishi lozim.