Iste’molchilar elektr qurilmalarini texnik ekspluatatsiya qilish
10-bob. Elektr qurilmalarida balandlikka chiqish bilan bog‘liq bo‘lgan ishlar
Balandligi yerdan yoki bostirmadan 1 metr va undan yuqori bo‘lgan ishlar yuqorida bajariladigan ishlar hisoblanadi. Bunday ishlarni bajarishda ishlovchilarning yuqoridan qulab tushishining oldini olish choralari ko‘rilgan bo‘lishi zarur.
Himoya kamari qulab tushishning oldini oluvchi asosiy vosita bo‘lib xizmat qiladigan yer, bostirma yoki ishchi tushama yuzasidan 5 metrdan yuqori balandlikda, havoza, taxta tushama ustida turib bajariladigan ishlar balandlikka chiqib bajariladigan ishlar hisoblanadi. Balandlikka chiqib bajariladigan ishlarni bajarishga ruxsat etilgan shaxslarning sog‘ligi ushbu ishlarni bajarish uchun belgilangan tibbiy talablarga javob berishi kerak.
Balandlikda bajariladigan ishlarni amalga oshirishga berilgan ruxsat haqidagi maxsus yozuv bilimlar sinovi guvohnomasining “Maxsus ishlarni bajarish huquqiga guvohnoma” jadvalida qayd etilishi zarur.
Agar himoya kamarining stropini tayanchga, konstruksiyaga mahkamlashning imkoni bo‘lmasa, unda tayanch detalga, konstruksiyaga oldindan mahkamlab qo‘yilgan xavfsizlik arqonidan foydalanish kerak. Ushbu ishni ikki shaxs bajarishi zarur, bunda ikkinchi shaxs xavfsizlik arqonini zarur bo‘lsa, sekin-asta ko‘tarishi yoki tushirishi kerak.
Kuchlanish ostida turgan tok o‘tkazuvchi qismlar tagida joylashgan konstruksiyalar ustida ish bajarilgan hollarda, asbob-uskunalar va ta’mirlash moslamalarining tushirib yuborilishidan saqlash uchun ular bog‘lab qo‘yiladi. Bunday hollarda metall zanjirli himoya kamaridan foydalanish man etiladi.
Konstruksiya yoki qurilma ustiga ko‘tarish zarur bo‘lgan detallarni “uzluksiz halqa” uslubidagi yo‘g‘on arqon yordamida ko‘tarish lozim. Pastda turgan xizmatchi yo‘g‘on arqonni tebranib ketmasligi va tok o‘tkazuvchi qismlarga tegib ketmasligi uchun ushlab turishi zarur.
Portallarda, konstruksiyada, tayanchlarda va boshqalarda ishlovchi xodimlar tanasini qismaydigan va harakatni cheklamaydigan kiyimdan foydalanishi zarur. Uning shaxsiy asbob-uskunalari sumkasida turishi kerak.
Balandlikda yoki balandlikka ko‘tarilib bajariladigan ishlarni bajaruvchi brigada a’zolarini kuzatib turuvchi shaxslar yerda joylashishlari mumkin.
Ko‘prikli kran aravachasida turib, mashina zali va sexlar shiplaridagi yoritish qurilmalariga xizmat ko‘rsatish ishlari kamida ikki shaxs tomonidan bajarilishi kerak, ulardan biri elektr xavfsizligi bo‘yicha III guruhga ega bo‘lishi lozim. Ikkinchi shaxs ishlovchi yonida turib, uning xavfsizlik choralariga yetarli darajada rioya etayotganligini kuzatib turishi shart. Ishlar ta’mirlovchi xodimlar tomonidan bajarilgan taqdirda ularga naryad berilishi kerak.
Vaqtincha taxta tushama, narvon va shunga o‘xshashlarni aravacha ustiga o‘rnatish man etiladi. Ishlarni bevosita aravacha tushamasi ustida yoki qoplama tepasiga o‘rnatilgan statsionar (doimiy) taxta tushama ustida turib bajarish zarur.
Aravachaga ko‘tarilishdan oldin trolley simlaridan kuchlanishni olib tashlash shart. Ishlash jarayonida himoya kamaridan foydalanish kerak.
Kran ko‘prigini yoki aravachasini kran haydovchisi faqat ish bajaruvchining buyrug‘i bilan yurgizishi kerak. Ko‘prik krani harakatlanishi jarayonida ishlovchi shaxslar kranchi kabinasida yoki ko‘prik to‘shamasida turishlari zarur. Ishchilar aravachada turgan paytida ko‘prikli kranni va aravachani bir joydan ikkinchi joyga yurgizish man etiladi.