Cho’l zonasining gidromorf tuproqlari Cho’l zonasining gidromorf tuproqlari daryo vodiylari va irmoqlarida keng tarqalgan bo’lib, ularning asosiy qismi allyuvial rejimli tuproqlar jumlasiga kiradi. Cho’l zonasi gidromorf tuproqlari Amudaryo, Sirdaryo, Zarafshon, Atrek daryolarining vodiylarida va delg’talarida, shuningdek, Chu daryosining quyi oqimlarida katta maydonlarni egallaydi Cho’l zonasining soz rejimli gidromorf tuproqlari asosan Zarafshon, Murg’ob, Tajang va So’x daryolarining yoyilmalarida uchraydi.
Cho’l zonasining ko’proq tarqalgan gidromorf tuproqlariga sohil (qayir)-allyuvial, allyuvial-o’tloq, to’qay chimli allyuvial-o’tloq, botqoq-o’tloq, o’tloq-botqoq, sho’rxokli-botqoq tuproqlar va va sho’rxoklar kiradi.
Cho’l zonasi gidromorf tuproqlarining o’ziga xos xususiyati, unda gumusning kamligi va turli darajada sho’rlanganligidir.
Cho’l zonasi chegarasida sug’oriladigan yerlar asosan Amudaryoning o’rta oqimi, Zarafshon vodiysining quyi oqimi, Sirdaryoning qadimgi va hozirgi delg’talarida keng tarqalgan.
Sohil (qayir) allyuvial tuproqlar Bu tuproqlar maydoni uncha katta emas. Har yili yoki davriy ravishda suv bosib turadigan daryo sohili terrasalarida, daryo uzoqda joylashgan, lekin u bilan tarmoqlar orqali birlashgan pastliklarda va daryo toshqinidan suv bosadigan yerlarda tarqalgan. Toshqin suvlarida turli darajada loyqa bo’lganidan, qayirni suv bosganda oqim tezligiga qarab, turli mexanik tarkibli allyuviy yotqiziladi. Shuning uchun sohil – allyuvial tuproqlari qatlamli bo’lib, qumdan tortib sozga qadar turli mexanik tarkiblidir. Suv toshqini qaytgandan keyin yangi keltirilmalar yuzasini (tutash chim hosil qilmagan holda) turli o’simliklar, jumladan qiyoq qoplaydi. Qayta suv toshqini bo’lganda o’simlik qoldiqlari allyuviy yotqiziqlari tagida qolib ketadi. Shuning uchun keltirilmalar orasida o’simliklar poyasining chala chirigan qoldiqlari ko’p uchraydi. Tuproq profili genetik qatlamlarga aniq ajralmagan va strukturasiz. Karbonatli va gipsli gorizontlar ifodalanmagan. Sohil-allyuvial o’tloq tuproqlarda gumus miqdori kam (0,30-0,67 foiz), shunga ko’ra azot ham oz (0,30-0,04 foiz). Umumiy fosfor – 0,09-0,12 foiz. Harakatchan fosfor deyarli yo’q. Umumiy kaliy miqdori 1,5-1,9 foiz.
(1-jadval)