Qalqontumshuq ilon (shitomordnik). Toshkent va Samarqand viloyatidagi tog'larda va Qoraqalpog'istondagi tekisliklarda qalqontumshuq ilon yashaydi. Bu respublikada tarqalgan shaqildoq ilonlar oilasidan bir vakilidir. Tanasining uzunligi 1,6 m gacha, dumi qisqa 4—8 sm bo'ladi. Ustida to'q rangli ko'ndalang dog'lari bor. Qalqontumshuqning tipik yashash joylari shimolda - tuproqli va qumli cho'llardir. Janubda u baland tog'lardagi archazor o'rmonlarda va tosh uyumlari bo'ylab tog’ o'tloqlarigacha (3200 m va undan balandroq) uchraydi. Mirzacho‘lda qishlagan qalqontumshuqlar fevralning oxiri — martning boshida qishlovdan chiqadi. Dastlabki kunlari ular o‘zlari qishlab chiqqan kemiruvchilarning ini yonida isinadi. Issiq tushishi bilan tungi hayot tarziga o‘tadi. Iyulning oxiri — avgustda urg‘ochilari 160—190 mm uzunlikdagi 1—20 ta bola tug‘adi. Ular sekin o‘sadi. Hayotining uchinchi yili jinsiy jihatdan voyaga etadi. Belgilab qo‘yilgan qalqontumshuqlar tabiatda 12—13 yildan keyin tutilgan edi. Balki ular bundan uzoq yashasa kerak. Qalqontumshuqning chaqishi juda og‘ritadi. Bunda odam shishib ketadi, issig‘i ko‘tariladi, ba’zan esa qorason kasalligi kuzatiladi. 10— 15 kundan keyin u tuzala boshlaydi.
2.1 11-rasm. Qalqontumshuq ilon. Ko`lvor ilon(Macrovipera lebetina). Ko'lvor ilon ancha yirik bo'ladi, yo'g'onligi odamning bilagidek keladi. Tanasining uzunligi 160 sm cha, dumi esa 20 sm dan ortiq emas. Eng og'ir ko'lvor ilonning massasi 3 kg cha keladi. Usti och yoki to'q kul rang, sarg'ish yoki jigarrang tusli. O'zbekistonda Turkiston tog' oldilarida, Nurota, Zarafshon tizma tog'lari, Ko'hitog’ va Hisor tizma tog'lari etaklarida uchraydi. Bu ilon kobraga nisbatan ancha ko'p tarqalgan. Zarafshon tizma tog'i va Nurota tog'larining ba`zi joylarida bahorda kuniga beshtagacha, ba`zan esa undan ko'p ko'lvor ilonni uchratish mumkin. Ko'lvor ilon tog'larda, tog' oldilarida va tog'larning atroflaridagi vodiylarda yashaydi. Qishloqlarda va tog' etaklaridagi bog'larda, buloqlarning bo'yida, tog'lardagi tosh uyumlari orasida ko'p uchraydi. Qiyaliklarning yoriqlari, toshlar orasidagi bo‘sh joylar, kemiruvchilarning, tulki va qushlarning sog‘ tuproqli jarliklardagi inlariga kirib yashirinadi.Ko‘lvor ilon qishlagandan keyin mart oyida, baland tog‘larda esa aprelda chiqadi. Dastlabki kunlari ular kunduzi oftobda isinadi. Aprelning oxiri va mayning boshlarida quyosh botishi oldidan, bulutli kunlarda esa kunduzi ham ko‘rinadi. Ko‘lvor ilon may oyidan boshlab butun yoz bo‘yi tunda aktiv hayot kechiradi.Ozig‘ini faqat yerda emas, balki daraxtlarda ham axtaradi. Asosan, mayda qushlar va kemiruvchilar, ba’zan kaltakesaklar bilan oziqlanadi. Ko‘lvor ilonlar ba’zan ancha yirik o‘ljani ham tutib yeydi.
2.1 12-rasm. Ko’lvor ilon. O‘rta Osiyo Respublikalarida ko‘lvor ilon iyulda tuxum qo‘yadi. Yosh ilonlar avgust-sentyabrda chiqadi. Uch yoshida jinsiy voyaga etadi. Tutqunlikda odatda uch yilcha yashaydi. Bir vaqtlar Riga hayvonot bog‘ida ko‘lvor ilon 17 yil yashagan.
Ilon odamga duch kelganda harakatsiz yotadi va ko‘pincha uni oyoq yalang bosib oladilar. Ko‘lvor ilonning chaqishi juda xavfli. Agar ilon chaqqan odamga o‘z vaqtida meditsina yordami ko‘rsatilmasa, u halok bo‘lishi mumkin. Zahari qonga, jigarga ta’sir qiladi, shishirib yuboradi, terida binafsha rang qizil dog‘lar ko‘rinishida nuqtali qon quyilishi kuzatiladi.