Uchinchi Renessans milliy g‘oyaga aylanishi zarur
Milliy g‘oya aslida muayyan xalqning oliy istiqbol maqsadini bir necha so‘zlarda yoki iborada mujassam ifodalovchi tushunchalar yoki shior, iboradir. U xalqni o‘sha maqsad yo‘lida birlashtiradi, safarbar etadi. Xalq barcha sa’y-harakatlarini, intilishlarini, bunyodkorlik faoliyatini unga muvofiqlashtiradi. Zarur bo‘lsa, iqtisodiy, ijtimoiy munosabatlarini, mamlakatning huquqiy, siyosiy, mafkuraviy asoslarini, ta’lim-tarbiya tizimini chuqur isloh qiladi. Milliy g‘oyaning asosiy vazifalaridan biri, avvalo, xalqning jipsligini, birligini, mamlakatning hududiy yaxlitligini saqlash va mustahkamlashdir. Ikkinchidan, millatning oliy maqsadini, rivojlanish marralarini, mo‘ljallarini umumiy tarzda aniqlaydi. Milliy g‘oya turli iboralarda ifodalanishi mumkin. Lekin ifoda shaklidan qat’i nazar, xalqqa istiqbolni, ijtimoiy mo‘ljalni ko‘rsatishi shart.
Istiqlolga erishganimizdan keyin dastlabki yillarda “O‘zbekiston — kelajagi buyuk davlat” shiori olg‘a surildi. U amalda milliy g‘oya vazifasini o‘tadi va xalqni birlashtirishda, safarbar etishda katta rol o‘ynadi. Mazkur jozibali shiorda urg‘u jamiyatga emas, davlatga berilgandi. Keyinchalik milliy g‘oya shaklan takomillashtirilganda “Ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot” iborasi olg‘a surildi. Unda urg‘u siyosiy tashkilotga (davlatga) emas, balki har kishi uchun, siyosiy, mafkuraviy qarashlaridan qat’i nazar, birdek aziz Vatanga hamda shaxs va jamiyat hech qachon befarq bo‘lmaydigan erkinlikka va farovonlikka qo‘yildi. Milliy g‘oyaning bunday tushunchaviy ifodasi ancha mukammallik kasb etdi.
Ammo uning mazmunini, uni amalga oshirish vazifalarini ochib berishga yetarlicha mas’uliyat bilan yondashilmadi. Ayniqsa, u islohotlarning yo‘nalishlari, sohalari, turli bosqichlari, amaldagi va ehtimoldagi muammolari bilan bog‘lanmadi. Natijada u mafkuraviy chaqiriq, quruq shior darajasida qolib ketdi. Aniq muammolar va vazifalardan yiroqligi uchun odamlarga ta’siri asta-sekin susaya boshladi. Katta qiziqish va xayrixohlik bilan kutib olingan “Ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot” bugun iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy hayotimizga real ta’sir ko‘rsatayotirmi, degan savolga aniq javob berish ancha mushkul. Milliy g‘oyani jonlantirish uchun uni Uchinchi Renessans g‘oyasi bilan boyitish zarur. Faqat Uchinchi Renessansni amalga oshirib, biz ozod va obod Vatanda erkin va farovon hayotni barpo eta olamiz. Yoki, yana qulayrog‘i, Uchinchi Renessansga erishishni milliy g‘oyaning yangi ifodasi, deb e’lon qilish maqsadga muvofiq.
Milliy g‘oya joriy vazifalarni emas, balki strategik oliy maqsadni ifodalaydi. Shu ma’noda Uchinchi Renessans g‘oyasi istiqbolga intilishga juda mos keladi. Mazkur g‘oyaning safarbarlik kuchi, umuman, mafkuraviy salohiyati juda yuqori. Ayni chog‘da o‘tmish tariximizning shonli sahifalari, buyuk ajdodlarimizning bunyodkorlik va ijodkorlik salohiyati bilan bog‘lanadi. Bizga mazkur tushuncha kimlarning vorislari ekanimizni eslatib turadi. Yangi Renessans yo‘lida xalqimiz turli mayda, vaqtinchalik masalalarga, guruhbozlik, mahalliychilik, ayirmachilik, mafkuraviy mutaassiblikning har xil ko‘rinishlariga chalg‘imasligi kerak. Tarix saboqlarini unutishga haqqimiz yo‘q.
Uchinchi Renessans g‘oyasi milliy ruhiyatimizga, xalqimiz armon-orzusiga yaqin. Zotan, xalq ilgari oqqan daryosi yana oqishini astoydil istaydi.
Savol va topshiriqlar
Dostları ilə paylaş: |