Ma’naviy — axloqiy tarbiyada yana bir eng qimmatli qadriyat erkinlikdir. Ta’limni demokratlashtirish bilan birga shaxs erki va huquqini hurmat qilish rivojlanadi
Ma’naviy — axloqiy tarbiyada yana bir eng qimmatli qadriyat erkinlikdir. Ta’limni demokratlashtirish bilan birga shaxs erki va huquqini hurmat qilish rivojlanadi.
Kosmopolitizm (yunoncha kosmopolites – dunyo fuqarosi) – dunyo fuqaroligini da’vo qilish, shuningdek, milliy va davlat suverenitetini rad etish, turli milliy an’ana, madaniyat hamda vatanparvarlik tuyg‘usidan voz kechish g‘oyasini ilgari suradigan qarash. Kosmopolitizmning negizlari antik davr falsafasida vujudga kelgan. Qadimgi yunon faylasufi Laertiyning ta’kidlashicha, “kosmopolit” so‘zi ilk bor kiniklar ta’limoti vakili sinoplik Diogen tomonidan qo‘llangan. Boshqa bir yunon mutaffakiri Plutarxning fikriga ko‘ra, ushbu tushunchani kitionalik Zenon kiritgan. Epiktet nazarida esa kosmopolitizm atamasining muallifi Suqrot bo‘lgan. Uning aytishicha: “Agarda faylasuflarning odam va Xudoning o‘rtasida yaqinlik bor, degan fikrlari to‘g‘ri bo‘lsa, unda insonning vatani qayer, degan savolga Suqrotning men afinalik ham, karfagenlik ham emasman, men – kosmopolitman, degan so‘zlari bilan javob berish lozim” bo‘lgan. Bunday ma’lumotlar Sitseron asarlarida ham uchraydi.
O‘rta asrlarda katolik cherkovi keskin kosmopolitik tendensiyalar tarafdori bo‘lgan. Uyg‘onish davrida dunyo fuqaroligi g‘oyalari feodal tarqoqlikka qarshi yo‘naltirilgan edi. Bu g‘oyalar Dante Aligyeri, Tomazo Kampanella, Petrarka, Piko dela Mirandello, Rotterdamlik Erazm, Vives, Rable, Monten kabi mutafakkirlarning asarlarida o‘z aksini topgan. Germani yada bunday g‘oyalarni Lessing, Gyote, Shiller, nemis mumtoz falsafasi vakillari Kant va Fixte ilgari surgan.
Ularning kosmopolitizmi vatanparvarlik tuyg‘ulari bilan mushtarak bo‘lib, milliy birlikka erishish maqsadida yuzaga chiqqan. Keyinchalik kosmopolitizm keskin xarakterga ega bo‘lib, kapitalning daromad orqasidan quvish manfaatlarini aks ettira boshlaydi. Jon Kennedi “Tinchlik korpusi”ni tashkil etib, dunyoning turli joylariga ushbu tashkilotning yosh xodimlarini yubora boshlaydi, ularning maqsadi – hammaga ingliz tilini o‘rgatish edi.
Bugungi kunda kishilik jamiyatining global yaqinlashuvi, avvalo, texnik taraqqiyot, transport vositalari, aloqa va kommunikatsiya tarmoqlari, mikroelektronikaning rivojlanishi bilan bog‘liq. Postkommunistik makonda mustaqil davlatlarning vujudga kelishi, ularning bozor iqtisodiyotiga o‘tishi va jahon xo‘jalik aloqalari tizimiga faol kirishishi globallashuvning yana bir kuchli omiliga aylandi. Hozirgi davrda globallashuv jarayonining kengayishiga aholining ijtimoiy-iqtisodiy faolligi, ayniqsa, ishchi kuchining migrasiyasi sezilarli ta’sir qilmoqda. Dunyoning birorta ham davlati migratsiya jarayonlaridan chetda qolayotgani yo‘q. Buning ham o‘ziga xos sabablari bor. Avvalo, donor davlatlar, ya’ni migrantlarni yetkazib beradigan mamlakatlarda aholining tez o‘sishi, mehnatga layoqatli bo‘lgan aholi orasida ishsizlik darajasining yuqoriligi, maoshning pastligi, yetarli darajada hayot kechirish uchun zarur bo‘lgan yuqori ish xaqi to‘lanadigan ish topish va o‘z kasbiy mahoratini oshirish imkoniyatining cheklangani shular jumlasidandir. Retsipiyent, ya’ni qabul qiluvchi davlatlar uchun esa, qo‘shimcha arzon ish kuchiga, yuqori malakali mutaxassislarga ehtiyoj, hayot sharoitlari va maoshning yuqori darajasi xos bo‘lib, bu esa mehnat migrasiyasi uchun qulay sharoit yaratmoqda.
Bu haqiqatni aslo inkor etib bo‘lmaydi. Lekin shunga qaramay, AQSH Serbiyani aynan ushbu mamlakat ahli e’tiqod qiladigan pravoslav diniy mazhabida muqaddas hayit ayyomi hisoblangan kunda bombardimon qilgani uning milliy-ma’naviy an’analarini nazar-pisand qilmaganidan dalolat beradi. Jahon miqyosida yuz berayotgan hozirgi jarayonlar milliy davlatlarning bir-biriga yaqinlashuvi, iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, mafkuraviy hamda madaniy jihatdan integrasiyalashuvini taqozo etmoqda. Ushbu tendensiyalar, ma’lum darajada, kosmopolitizm ko‘rinishida bo‘lib, globallashuv jarayonlari ta’sirida yanada yaqqol tus olmoqda.
Ayrim tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra, kosmopolitizm g‘oyalari sofistlar ta’limotining tarafdorlari asarlarida ham ifodalangan. Antik polisni inqiroziga sabab bo‘lgan Peloponess urushlari makedoniyalik Iskandar imperiyasining paydo bo‘lishi, keyinchalik esa Rim hukmronligining kuchayishi turli mazmundagi kosmopolitik qarashlarni keltirib chiqargan. Makedoniyalik Iskandar, Mark Avreliy bu g‘oyalarni yangi hududlarni qo‘lga kiritish harakatlarida ko‘rgan bo‘lsa, stoiklar – Zenon va Kitiona kosmopolitizm idealini kishilarning hayotini umumjahon qonunlari orqali amalga oshirish imkonini beradigan yagona ijtimoiy shaklni izlashda deb bilgan. Xususan, kirinaiklarning kosmopolitik g‘oyasi ularning “qayerda yashash yaxshi bo‘lsa, o‘sha joy Vatan” degan iborasida o‘z aksini topgan.
Adabiyotlar:
Adabiyotlar:
O’zbekiston Respublikasining "Ta'lim to’g’risida"gi qonuni.
Barkamol avlod - O’zbekiston taraqqiyotining poydevori. - Toshkent, Sharq nashriyot - matbaa konserni, 1997.
Abdulla Avloniy. Turkiy guliston yohud axloq. - Toshkent, O’qituvchi, 1992.
Pedagogika. Munavvarov A.Q. tahriri ostida. - Toshkent, O’qituvchi, 1996.