2.1-rasm. Xalq ta’limi tizimiga ajratilgan byudjet mablag’lari, (mlrd. so’m)9 Ma’lumotlarga ko’ra, Xalq ta’limi tizimiga davlat byudjetidan 2014 yilda 7,04 trillion, 2015 yilda 8,46 trillion, 2016 yilda 9,7 tirillion va 2017 yilda 11,60 trillion, hamda 2018 yil 12,1 trillionga yaqin mablag’ sarflandi. Yoki byudjet mablag’larining ajratmalari 2017 yilda 2014 yilga nisbatan
4 552,9 mlrd. so’mga yoki 64,7 foizga ortgan. Bu esa xalq ta’limi tizimining boshqaruv hamda moliyaviy iqtisodiy holatiga ijobiy ta’sir ko’rsatgan. Xalq ta’limi vazirligi ma’lumotlariga ko’ra nazorat taftish komissiyasi tomonidan olib borilgan tekshiruv natijalariga asosan 2016-2017 o’quv yilida xalq ta’limi muassasalarining buxgalteriya tizimining aksariyat qismida (90,0 foizida) xato-kamchiliklar aniqlangan va ular 30 mlrd. so’mlik mablag’ni tashkil etgan.10 Mazkur kamchiliklarning asosiy sababi tizimda aynan moliya yo’nalishida moliyaviy menejmentning asosiy vazifalaridan biri bo’lgan nazoratning yaxshi yo’lga qo’yilmaganligi, ayniqsa ichki moliyaviy nazorat va audit xizmatlari shakllanmaganligi, shuningdek aksariyat ta’lim muassasalaridagi buxgalterlarning tajribasizligi va ma’lumotlilik darajasining pastligidir.
Bundan tashqari, bitiruv malakaviy ishida hududiy xalq ta’limi boshqarmalari faoliyati ham o’rganilib, zamonaviy boshqaruvni tashkil etishdagi quyidagi kamchiliklar aniqlangan, jumladan: shtat birligi kamligi, ish hajmi ko’pligi va aniq taqsimot mavjud emasligi; ta’lim sifatini oshirish uni nazorat qilib borish bilan shug’ullanuvchi bo’lim yoki shtat birligi yo’qligi; tuman va shaharlarda ta’lim sifati va mazmundorligini oshirish bo’yicha strategiyani ishlab chiqish, joriy etish bilan shug’ullanuvchi bo’lim yo’qligi, maktabdan tashqari ta’lim, ijtimoiy himoya, o’quvchilarni kasbga yo’naltirish, huquqiy va kadrlar masalasi bilan shug’ullanuvchi bo’limlarning mavjud emasligi va hokazo (2.2-rasmga qaralsin).
2.2-rasm. Viloyat xalq ta’limi boshqarmasining tuzilmasi11 Bitiruv malakaviy ishi jarayonida boshqarma huzurida viloyat metodika markazlari ham faoliyat yuritishi hamda xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan qayd etilgan markazdagi xodimlar boshqaruvning turli yo’nalishlariga jalb etilishi aniqlandi.
Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika ta’lim markazining viloyatlardagi ushbu metodika markazlarida jami 196 ta shtat birligi mavjud bo’lib, ularning soni har bir viloyat bo’yicha farqlanadi, ammo bu farq hyech qanday mezonga to’g’ri kelmaydi. Ya’ni shtat birliklarini tashkil etishda mazkur hududdagi ta’lim muassasalari sonidan kelib chiqib yondashilmagan.
Bitiruv malakaviy ish jarayonida viloyat ta’lim markazlarini tashkil etish bo’yicha respublika darajasida (Hukumat qarori, Xalq ta’limi vazirligi buyrug’i) biror bir me’yoriy hujjat ishlab chiqilmagan.
Ekspert intervyular ma’lumotlariga ko’ra, ushbu markazlarni tashkil etish viloyat hokimlari qarori bilan tasdiqlangan. Bitiruv malakaviy ishi hududiy xalq ta’limi boshqarmalarida zamonaviy menejmentni tashkil etishning xalqaro qiyosiy tahlili o’tkazilgan hamda AQSh va Janubiy Koreyaning bu boradagi ilg’or tajribalarini inobatga olgan holda viloyat xalq ta’limi boshqarmasining zamonaviy tashkiliy tuzilmasi taklif etildi (2.3-rasmga qaralsin).