1.1-rasm. Ta’lim menejmenti modellari5 Formal modellarning asosiy tamoyili – tashkilotlar o’zining tashkiliy jihati va shakli bo’yicha iyerarxik tizimga asoslangan bo’lib, unda boshqaruvchilar rasional yo’lni tanlaydi, ya’ni kelishilgan maqsad sari faoliyat olib borishadi. Rahbarlar tashkilot doirasida maqomi va egallab turgan lavozimidan kelib chiqqan holda rasmiy belgilangan vakolatlari doirasida faoliyat yuritadi.
Ta’lim boshqaruvida formal modellar turiga kiruvchi strukturali ostmodel quyidagi darajalarga bo’linadi (1.1-rasmga qaralsin):
- markaziy daraja (respublika miqyosidagi milliy daraja, hududiy daraja);
- mahalliy daraja (tuman, shahar miqyosidagi daraja);
- institusional daraja (maktablar va boshqa ta’lim muassasalari);
- subyunitar daraja: (boshqarmalar, bo’limlar, kafedralar);
- individual daraja (o’qituvchilar, xodimlar, o’quvchilar).
Formal modellar turiga kiruvchi rasional ostmodelning o’ziga xos va boshqa modellardan ajralib turuvchi jihatlari qarorlar qabul qilish jarayoni tashkiliy tuzilmadan va belgilangan umumiy maqsadlarga bog’liqliklardan iborat. Shuningdek, rasional modellarning 5 ta asosiy tamoyillari mavjud:
1) maqsad va ustuvor yo’nalishlar (maqsaddan kelib chiqib ustuvor yo’nalishlarni belgilash);
2) uzoq muddatli rejalashtirish;
3) muqobil variantlarni baholash (moliyaviy rejalashtirish jarayonida turli xil xarajatlar turlarini solishtirish);
4) barcha sohadagi xarajatlarga yaxlit qarash;
5) eng maqbul bo’lgan optimal yechim variantini tanlash (barcha variantlar baholanganidan so’ng). Iyerarxik ostmodelga asoslangan ta’lim menejmentida tashkilot ichidagi munosabatlar vertikal shaklga asoslangan bo’lib, tashkilot rahbari o’zidan yuqori tashkilot rahbariga hisob beradi. Mazkur modelning kamchiligi shundan iboratki, tashkilotda har bir xodimning bajariladigan vazifalari vertikal taqsimlanadi va belgilanadi. Ya’ni muammolarni aniqlash, ularning yechimlarini belgilash va qarorlar qabul qilish gorizontal aloqa yo’qligi sababli kechikib amalga oshiriladi.
Ta’limni boshqarish nazariyasining bir necha o’n yillik rivojlanish davrida shakllantirilgan menejmentga oid usul va modellar, tamoyillar, yondashuv va vositalar jahon ta’lim boshqaruviga moslashtirildi.
Shuningdek, ta’lim menejmenti ijtimoiy (psixologiya, siyosatshunoslik, falsafa, iqtisodiyot) va aniq (texnika, matematika, kibernetika, axborot texnologiyalari) fanlari yutuqlaridan foydalanish negizida taraqqiy etdi. XXI asr boshlariga kelib, ta’lim boshqaruvi nazariyasi va amaliyotida jiddiy o’zgarish sezila boshladi.
Bu davrgacha, ta’lim boshqaruvi nazariyasida asosan, menejment usul va vositalarini ishlab chiqish gegemonlik qilgan bo’lsa, 2000-yillardan boshlab esa “yetakchilik” (leadership) g’oyasi ustunlik qilayotganini ko’rishimiz mumkin. Ta’lim menejmenti g’oyasining davr o’tishi bilan “yetakchilik” g’oyasiga o’zgarib borishining asosiy sabablari shundan iboratki, bugungi kun talablari yuqori boshqaruv organi quyi pog’ona boshqaruv bo’g’iniga ma’muriy-buyruqbozlik usulidan emas, balki mentorlik (qo’llab-quvvatlash, o’rgatish, ko’maklashish va h.k.) vazifalarni amalga oshirishni taqozo etmoqda. Bunday boshqaruv yondashuvi esa boshqaruv samarasini bir muncha oshishiga sabab bo’ladi.
Xalq ta’limi tizimining avvalgi va hozirgi kundagi davlat boshqaruv mexanizmlari hamda dunyo hamjamiyatida zamonaviy ta’limning rivojlanish tendensiyasi va paradigmalarini tahlil qilish nafaqat mamlakatimiz ta’lim tizimi boshqaruvini takomillashtirish, balki ta’lim tizimi hamda uning mahsuli bo’lgan bitiruvchilarning xalqaro miqyosda raqobatbardoshligini ta’minlash, mehnat bozori va zamon talablariga mos bilim hamda hayotiy ko’nikmalarga ega professional kadrlarni tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Bitiruv malakaviy ishida tahlillarga tayangan holda 1991-2000 yillarda umumiy o’rta ta’lim muassasalarining moddiy-texnik ta’minotini tashkil etish va boshqarish o’ta markazlashgan usulda olib borilganligi qayd etildi.
2004-2010 yillar oralig’ida maktab ta’limini rivojlantirish umummilliy dasturi qabul qilinishi hamda mazkur dastur asosida keng ko’lamli islohotlar amalga oshirilishi negizida ta’lim muassasalarini ta’mirlash, qayta qurish, jihozlar bilan ta’minlash ishlari aniq manzilli, ya’ni ehtiyojlardan kelib chiqqan holda amalga oshirila boshladi.
Ushbu davrdan boshlab, ta’lim tizimi boshqaruvida loyihaviy yondashuv mexanizmi qo’llanila boshlandi. Bu esa samarali mexanizm sifatida ta’lim boshqaruvi amaliyotiga kirib keldi.
Bitiruv malakaviy ishi natijalariga ko’ra, o’tgan davrdan buyon ta’lim tizimi boshqaruv sohasida uzluksiz ta’lim tizimi va uning tuzilmalari rivojlanib kelmoqda.
Birinchidan, me’yoriy-huquqiy hujjatlarga muvofiq ta’lim tizimining barcha bo’g’in boshqaruv organlarining vakolat doiralari belgilab qo’yildi.
Ikkinchidan, ta’lim muassasalarining moliyaviy-xo’jalik faoliyatini amalga oshirish, ta’lim jarayonini tashkil etish borasidagi mustaqilligi va huquqlari birmuncha kengaytirildi.
Uchinchidan, ta’lim sifatini nazorat qilish, baholash va uni boshqarish jarayoni tashqi va ichki nazorati, ta’lim muassasalarini jamoatchilik asosida boshqaruv mexanizmi yo’lga qo’yildi.
Har bir sohaning boshqaruv tizimi huquqiy asoslangan bo’lishi lozim. Huquqiy asos bo’lgandagina boshqaruv to’g’ri va adolatli yo’lga qo’yiladi. Mustaqillikga erishganimizning dastlabki yillaridanoq yurtimizda ta’lim tizimiga oid ko’plab qonun va qarorlar qabul qilindi. Yillar davomida xalq ta’limi tizimining huquqiy asosi yaratilib, ta’limga oid yangidan-yangi qonun va farmonlar qabul qilindi va yangilanib borildi. Shu vaqtgacha ta’lim to’g’risida ko’plab me’yoriy-huquqiy xujjatlar qabul qilindi. Ushbu xujjatlarga quyidagilarni misol keltirish mumkin:
- O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi;
- O’zbekiston Respublikasining “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to’g’risida” gi qonuni (1997 yil 29 avgust 463-son);
O’zbekiston Respublikasining “Ta’lim to’g’risida” gi qonuni (1997 yil 29 avgust 464-son)
O’zbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati to’g’risida” gi qonuni (2016 yil 14 sentabr 406-son)
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlarni ma’naviy-ahloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatdan yangi bosqichga ko’tarish chora-tadbirlari to’g’risida” gi qarori (2018 yil 14 avgust PQ 3907-son)
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalq ta’limini boshqarish tizimini takomillashtirish bo’yicha qo’shimcha chora tadbirlar to’g’risida” gi farmoni (2018 yil 5 sentabr PF 5538-son)
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalq ta’limi tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari to’g’risida” gi Farmoni (2018 yil 5 sentabr PQ 3931-son).
Yuqorida keltirib o’tilgan hujjatlar xalq ta’limi tizimining asosiy me’yoriy-huquqiy xujjatlari bo’lib hisoblanadi.
Ta’lim O’zbekiston Respublikasi ijtimoiy taraqqiyoti sohasida ustuvor deb e’lon qilinadi. Ta’lim sohasidagi davlat siyosatining asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
ta’lim va tarbiyaning insonparvar, demokratik xarakterda ekanligi;
ta’limning uzluksizligi va izchilligi;
umumiy o’rta, shuningdek o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limining majburiyligi;
o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi yo’nalishini: akademik liseyda yoki kasb-hunar kollejida o’qishni tanlshning ixtiyoriyligi;
ta’lim tizimining dunyoviy xarakterda ekanligi;
davlat ta’lim standartlari doirasida ta’lim olishning hamma uchun ochiqligi;
ta’lim tizimida davlat va jamoat boshqaruvini uyg’unlashtirish.6
Aynan yuqoridagi ta’lim sohasidagi davlat siyosatining asosiy prinsiplari “Ta’lim to’g’risida”gi qonunning 3-moddasida keltirib o’tilgan. Xalq ta’limi tizimini boshqarishning samarali mexanizmlarini joriy etish o’sib kelayotgan yosh avlodni ma’naviy-axloqiy va intellektual rivojlantirishni sifat jihatidan yangi bosqichga ko’tarishning eng muhim sharti hisoblanadi, shuningdek, o’quv-tarbiya jarayonida ta’limning innovasion shakllari va usullarini qo’llashga ko’maklashadi.