6-modda. O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i:
ushbu Qonun 5-moddasining 4-bandida nazarda tutilgan hollarda soat 6 da ko‘tariladi va soat 22 da tushirib qo‘yiladi;
ushbu Qonun 5-moddasining 5-bandida nazarda tutilgan hollarda ovoz berish yoki referendum o‘tkazish davrida ko‘tarib qo‘yiladi;
ushbu Qonun 5-moddasining 7-bandida nazarda tutilgan hollarda xorijiy davlatlar davlat va hukumat boshliqlarining, boshqa rasmiy delegatsiyalarning tashrif buyurishidan 24 soat oldin ko‘tariladi va ular jo‘nab ketganidan keyin 24 soat mobaynida tushirib qo‘yiladi.
(6-modda O‘zbekiston Respublikasining 2010-yil 24-dekabrdagi O‘RQ-273-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2010-y., 51-son, 484-modda) Oldingi tahrirga qarang. 7-modda. O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i bilan bir vaqtda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Davlat bayrog‘i ko‘tarilganda, O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i (binoning old tomoniga qarab turganda) chap tomondan ko‘tarilishi kerak.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i bilan bir vaqtda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Davlat bayrog‘i ko‘tarilganda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Davlat bayrog‘ining o‘lchami O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining o‘lchamidan katta bo‘lmasligi kerak, O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining ko‘tarilish balandligi esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi Davlat bayrog‘ining ko‘tarilish balandligidan past bo‘lmasligi kerak.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i bilan bir vaqtda xorijiy davlatlar va (yoki) xalqaro tashkilotlar bayroqlari ko‘tarilganda O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i xalqaro huquq normalariga va diplomatik protokol qoidalariga muvofiq ko‘tariladi.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i xorijiy davlatlar va (yoki) xalqaro tashkilotlar bayroqlari bilan bir xil balandlikda joylashtirilishi hamda bir xil o‘lchamga ega bo‘lishi kerak.
(7-modda O‘zbekiston Respublikasining 2010-yil 24-dekabrdagi O‘RQ-273-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2010-y., 51-son, 484-modda)