35-modda. Fuqaroni bedarak yo‘qolgan deb topish haqidagi qarorning bekor qilinishi Bedarak yo‘qolgan deb topilgan fuqaro qaytib kelgan yoki uning turar joyi aniqlangan
taqdirda, sud uni bedarak yo‘qolgan deb topish haqidagi qarorni bekor qiladi. Sudning qarori
asosida fuqaroning mol-mulkini boshqarish bekor qilinadi.
LexUZ sharhi Qarang: mazkur Kodeksning 33 , 34-moddalari , O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi 309-moddasi , O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksi 48-moddasi , O‘zbekiston Respublikasining 02.01.2014-yildagi “Vasiylik va homiylik to‘g‘risida”gi Qonunining 35-moddasi . 36-modda. Fuqaroni vafot etgan deb e’lon qilish Agar fuqaroning qayerda turganligi haqida uning yashash joyida uch yil mobaynida
ma’lumot bo‘lmasa, basharti u o‘lim xavf solib turgan yoki muayyan baxtsiz hodisadan halok
bo‘lgan deb taxmin qilish uchun asos bo‘ladigan vaziyatlarda bedarak yo‘qolgan bo‘lib, uning
qayerdaligi haqida olti oy mobaynida ma’lumotlar bo‘lmasa, manfaatdor shaxslarning arizasiga
muvofiq sud uni vafot etgan deb e’lon qilishi mumkin.
Harbiy harakatlar munosabati bilan bedarak yo‘qolgan harbiy xizmatchi yoki boshqa
fuqaro harbiy harakatlar tamom bo‘lgan kundan e’tiboran kamida ikki yil o‘tgandan keyin sud
tomonidan vafot etgan deb e’lon qilinishi mumkin.
Sudning fuqaroni vafot etgan deb e’lon qilish haqidagi qarori qonuniy kuchga kirgan kun
vafot etgan deb e’lon qilingan fuqaroning o‘lgan kuni deb hisoblanadi. O‘lim xavf solib turgan
yoki muayyan baxtsiz hodisadan halok bo‘lgan deb taxmin qilish uchun asos bo‘ladigan
vaziyatlarda bedarak yo‘qolgan fuqaro vafot etgan deb e’lon qilingan taqdirda, sud uning
taxmin qilingan halokat kunini ushbu fuqaroning o‘lgan kuni deb topishi mumkin.
Fuqaroni vafot etgan deb e’lon qilish bunday fuqaroning huquq va burchlari borasida
uning o‘limi olib kelishi mumkin bo‘lgan oqibatlarni vujudga keltiradi.
LexUZ sharhi Qarang: mazkur Kodeksning 37 , 848 , 1170-moddalari , O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi 66-moddasi uchinchi qismi , 305 — 308-moddalari , O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksi 223-moddasi ikkinchi qismi .