319-modda. O‘rtacha ish haqining saqlanishi Guvoh tariqasida, shuningdek jabrlanuvchi, fuqaroviy da’vogar, fuqaroviy javobgar va ularning vakillari, ekspert, mutaxassis, tarjimon, xolis, jamoat ayblovchisi va jamoat himoyachisi tariqasida chaqiriladigan shaxsning surishtiruvchiga, tergovchiga, prokurorga yoki sudga chaqirilganligi bilan bog‘liq butkul vaqt uchun ularning ish joyida o‘rtacha ish haqi saqlab qolinadi.
320-modda. Protsessual chiqimlarni undirish Protsessual chiqimlar, ushbu moddaning oltinchi, yettinchi va sakkizinchi qismlarida nazarda tutilganidan tashqari hollarda, mahkumlardan undiriladi yoki davlat hisobiga o‘tkaziladi.
Sud protsessual chiqimlarni, tarjimonga to‘langan summadan tashqari, mahkumdan undirishga haqli. Protsessual chiqimlar jazodan ozod qilingan mahkum, shuningdek jazo tayinlanmagan mahkum zimmasiga yuklatilishi mumkin.
Sud bir necha sudlanuvchini aybli deb topgan taqdirda, ularning har biridan qancha miqdorda protsessual chiqimlarni undirish lozimligini belgilaydi. Bu holda sud aybning og‘ir yoki yengilligini, jinoyat uchun javobgarlik darajasi va mahkumlarning mulkiy ahvolini inobatga oladi.
Sudlanuvchi oqlangan yoki ushbu Kodeksning 83-moddasiga muvofiq ish tugatilgan taqdirda protsessual chiqimlar davlat hisobiga o‘tkaziladi. Sudlanuvchi bir ayblov bo‘yicha oqlangan, boshqa ayblov bo‘yicha esa aybli deb topilgan bo‘lsa, sud u aybli deb topilgan ayblov bilan bog‘liq protsessual chiqimlarni to‘lashni uning zimmasiga yuklaydi.
Protsessual chiqimlar undirilishi lozim bo‘lgan shaxsning to‘lovga moddiy imkoniyati bo‘lmagan taqdirda chiqimlar davlat hisobiga o‘tkaziladi. Mahkumning protsessual chiqimni to‘lashi uning qaramog‘ida bo‘lganlarning moddiy ahvoliga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lsa, sud mahkumni protsessual chiqimlarning hammasini yoxud bir qismini to‘lashdan ozod etishga haqlidir. Mahkum huquqiy yordam uchun to‘lovdan ozod etilgan taqdirda advokat mehnatiga haq to‘lash bilan bog‘liq protsessual chiqimlar, shuningdek tarjimonga beriladigan pullar davlat hisobidan to‘lanadi.
Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sudga qonunda belgilangan tartibda chaqirilgan protsess ishtirokchisining uzrsiz sabablarga ko‘ra kelmasligi oqibatida ishning sudda ko‘rilishini yoxud tergov harakatlari o‘tkazishni kechiktirish bilan bog‘liq protsessual chiqimlar ana shu kelmagan shaxsdan undiriladi.
Moddiy javobgarlik: advokat uzrsiz sabablarga ko‘ra kelmagani uchun tegishli advokatlar byurosiga, hay’atiga yoki firmasiga, jamoat ayblovchisi yoki jamoat himoyachisi uzrsiz sabablarga ko‘ra kelmagani uchun tegishli jamoat birlashmasi yoxud jamoaga yuklatilishi mumkin.
Sud voyaga yetmaganlarning jinoyatlari haqidagi ishlar yuzasidan protsessual chiqimlarni to‘lashni voyaga yetmaganning xulq-atvori ustidan tegishli nazorat yo‘qligida aybi bo‘lgan taqdirda voyaga yetmagan mahkumning ota-onasiga yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga yuklashi mumkin.
Jabrlanuvchining shikoyati bo‘yicha qo‘zg‘atilgan ish yuzasidan sudlanuvchi oqlangan taqdirda sud protsessual chiqimlarni ish yuritilishiga sabab bo‘lgan shikoyatni bergan shaxsdan to‘liq yoki qisman undirishga haqlidir.