21-modda. Shirkat ishtirokchilarining uning majburiyatlari yuzasidan javobgarligi Shirkat ishtirokchilari shirkatning majburiyatlari yuzasidan o‘z mol-mulklari bilan solidar tarzda subsidiar javobgar bo‘ladilar.
Shirkat ta’sis etilganidan keyin ulushning o‘tkazilishi yoki huquqiy vorislik tartibida unga a’zo bo‘lib kirgan shirkat ishtirokchisi u shirkatga a’zo bo‘lib kirgunga qadar yuzaga kelgan majburiyatlar yuzasidan boshqa ishtirokchilar bilan teng ravishda javobgar bo‘ladi.
Shirkat ta’sis etilganidan keyin yangi ishtirokchini qabul qilish tartibida shirkatga a’zo bo‘lib kirgan shirkat ishtirokchisi u shirkatga a’zo bo‘lib kirgandan keyin yuzaga kelgan majburiyatlar bo‘yichagina javobgar bo‘ladi.
Shirkatdan chiqib ketgan ishtirokchi shirkatning u chiqib ketgan paytga qadar yuzaga kelgan majburiyatlari yuzasidan, u shirkatdan chiqib ketgan yil uchun shirkatning faoliyati to‘g‘risidagi hisobot tasdiqlangan kundan e’tiboran ikki yil mobaynida, qolgan ishtirokchilar bilan teng ravishda javobgar bo‘ladi.
Shirkat ishtirokchilarining ushbu moddada nazarda tutilgan javobgarlikni cheklash yoki bartaraf etish to‘g‘risidagi kelishuvi haqiqiy emas.
22-modda. Shirkat ishtirokchilarining tarkibini o‘zgartirish Shirkat ishtirokchilaridan biri undan chiqib ketgan yoki vafot etgan, ulardan birortasi bedarak yo‘qolgan, muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan yoxud bankrot deb topilgan, ishtirokchilardan biriga nisbatan sudning qaroriga ko‘ra qayta tashkil etish tadbirlari boshlangan, shirkatda ishtirok etayotgan yuridik shaxs tugatilgan yoxud ishtirokchilardan birining kreditori undirishni mol-mulkning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) uning ulushiga to‘g‘ri keladigan qismiga qaratgan hollarda, agar bu shirkatning ta’sis shartnomasida yoki qolgan ishtirokchilarning kelishuvida nazarda tutilgan bo‘lsa, shirkat o‘z faoliyatini davom ettirishi mumkin.
Shirkat ishtirokchilari biror-bir ishtirokchini qolgan ishtirokchilarning bir ovozdan qabul qilgan qaroriga ko‘ra va bunga asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda, xususan ana shu ishtirokchi o‘z majburiyatlarini qo‘pol ravishda buzgan hollarda yoki uning shirkat ishlarini yuritishga qobiliyatsizligi aniqlanganda, shirkatdan sud tartibida chiqarib yuborishni talab qilishga haqlidirlar.
Ushbu moddaning birinchi qismiga muvofiq shirkat o‘z faoliyatini davom ettirgan taqdirda, shuningdek ishtirokchining shirkat mol-mulkidagi ulushi boshqa ishtirokchilarga yoki uchinchi shaxslarga o‘tgan, ishtirokchi shirkatdan chiqarib yuborilgan yoxud shirkatga yangi ishtirokchilar qabul qilingan hollardagina shirkat ta’sis shartnomasiga tegishli o‘zgartishlar kiritilgan holda qayta ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim bo‘ladi.