307-modda. Nomoddiy aktivlarni amortizatsiya qilish xarajatlari (OʻzR 29.12.2021-y. OʻRQ-741-son Qonuni tahriridagi modda)
(Oldingi tahririga qarang)
(1-q.)
Soliq toʻlovchining tovarlar ishlab chiqarishda (xizmatlar koʻrsatishda) yoki
maʼmuriy-boshqaruv ehtiyojlari uchun uzoq vaqt (davomiyligi oʻn ikki oydan ortiq vaqt)
mobaynida foydalaniladigan intellektual faoliyat natijalari va boshqa intellektual mulk obyektlari
(ularga boʻlgan mutlaq huquqlar) soliq solish maqsadlarida nomoddiy aktivlar deb eʼtirof etiladi.
(2-q.)
Nomoddiy aktivlar jumlasiga, xususan, basharti soliq toʻlovchi ushbu aktivlarga
nisbatan mutlaq huquqlarga ega boʻlsa, ushbu Kodeks 44-moddasining birinchi qismida
koʻrsatilgan aktivlar kiradi.
(3-q.)
Nomoddiy aktivni tan olish uchun quyidagilar zarur:
soliq toʻlovchiga iqtisodiy naf (daromad) olib kelish imkoniyatining mavjudligi;
nomoddiy aktivning oʻzi mavjudligini va (yoki) soliq toʻlovchida intellektual faoliyat
natijalariga boʻlgan mutlaq huquq mavjud ekanligini tasdiqlovchi lozim darajada
rasmiylashtirilgan hujjatlarning (shu jumladan patentlar, guvohnomalarning, boshqa muhofaza
hujjatlarining, patentdan, tovar belgisidan oʻzganing foydasiga voz kechishga (uni olishga) doir
shartnomaning) mavjudligi.
(4-q.)
Nomoddiy aktivdan foydali tarzda foydalanish muddatini aniqlash patentning,
guvohnomaning amal qilish muddatidan va (yoki) intellektual mulk obyektlaridan Oʻzbekiston
Respublikasi qonunchiligiga yoki chet davlatning qoʻllanilishi mumkin boʻlgan qonunchiligiga
muvofiq foydalanish muddatlariga doir boshqa cheklovlardan kelib chiqqan holda yoxud
nomoddiy aktivlardan foydali tarzda foydalanishning tegishli shartnomalarda shartlashilgan
muddatidan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi.
(5-q.)
Nomoddiy aktivlar boʻyicha amortizatsiya har oyda soliq toʻlovchi tomonidan
ularning boshlangʻich qiymatidan va bunday nomoddiy aktivdan foydali tarzda foydalanish
muddatidan, biroq soliq toʻlovchining faoliyati muddatidan koʻp boʻlmagan muddatdan kelib
chiqqan holda hisob-kitob qilingan normalar boʻyicha hisoblanadi.
(6-q.)
Foydali tarzda foydalanish muddatini aniqlash mumkin boʻlmagan nomoddiy aktivlar
boʻyicha amortizatsiya normalari besh yillik muddatga belgilanadi.
(7-q.)
Ushbu moddada nazarda tutilgan istalgan nomoddiy aktivdan foydalanish va
foydalanish huquqi uchun soliq toʻlovchi tomonidan toʻlanadigan davriy (joriy) toʻlovlar ushbu
Kodeks 305-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan shartlarga rioya etilgan taqdirda
xarajatlar deb eʼtirof etiladi va chegirmalar jumlasiga mutanosib ravishda foydalanish muddat
davomida kiritiladi.