331-modda. Nazorat qilinadigan chet el
kompaniyalarining foydasiga soliq
solishning oʻziga xos xususiyatlari
(1-q.)
Nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining foydasi (zarari) deb mazkur
kompaniyaning ushbu moddada belgilangan tartibga muvofiq quyidagi usullardan biri bilan
aniqlangan foydasining (zararining) miqdori eʼtirof etiladi:
1) kompaniya roʻyxatdan oʻtkazilgan mamlakatning qonunchiligiga muvofiq tuzilgan
mazkur kompaniyaning yillik moliyaviy hisoboti maʼlumotlari boʻyicha. Bunday holda nazorat
qilinadigan chet el kompaniyasining soliq solinguniga qadar boʻlgan foydasining (zararining)
miqdori ushbu kompaniyaning foydasi (zarari) deb eʼtirof etiladi;
(OʻzR 21.04.2021-y. OʻRQ-683-
son Qonuni tahriridagi band)
2) ushbu boʻlimda soliq toʻlovchi boʻlgan yuridik shaxslar uchun belgilangan qoidalar
boʻyicha.
(2-q.)
Nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining foydasini (zararini) ushbu modda
birinchi qismining 1-bandiga muvofiq aniqlash quyidagi shartlardan biri bajarilgan taqdirda
amalga oshiriladi:
1) ushbu nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining doimiy turgan joyi soliq solish
masalalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi bilan xalqaro shartnomasi mavjud boʻlgan chet
davlat boʻlsa, bundan soliq solish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi bilan axborot almashishni
taʼminlamaydigan davlatlar (hududlar) mustasno;
2) moliyaviy hisobotga nisbatan salbiy fikrlar mavjud boʻlmagan yoki fikrlarni ifodalash rad
etilmagan auditorlik xulosasi taqdim etilgan boʻlsa.
(3-q.)
Nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining foydasini (zararini) ushbu modda
birinchi qismining 1-bandiga muvofiq aniqlash quyidagi talablarni hisobga olgan holda amalga
oshiriladi:
1) nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining foydasini (zararini) aniqlash maqsadida
bunday kompaniya roʻyxatdan oʻtkazilgan davlatning qonunchiligiga muvofiq tuzilgan
konsolidatsiyalashmagan moliyaviy hisobotdan foydalaniladi.
Agar nazorat qilinadigan chet el kompaniyasi roʻyxatdan oʻtkazilgan davlatda bunday
qonunchilik mavjud boʻlmasa, foyda (zarar) Moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlariga
yoxud moliyaviy hisobotlarni tuzishning xalqaro jihatdan eʼtirof etilgan, qimmatli qogʻozlarni
savdolarga qoʻyishga ruxsat berish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi uchun chet el moliyaviy
vositachilari roʻyxatiga kiritilgan chet el fond birjalari hamda chet el depozitar-kliring tashkilotlari
tomonidan qabul qilinadigan standartlariga muvofiq aniqlanadi;
(OʻzR 21.04.2021-y. OʻRQ-683-son Qonuni tahriridagi band)
2) agar nazorat qilinadigan chet el kompaniyasi roʻyxatdan oʻtkazilgan davlatning
qonunchiligiga muvofiq ushbu kompaniyaning moliyaviy hisoboti majburiy auditdan oʻtkazilishi
shart boʻlmasa, ushbu Kodeks maqsadlarida foydani (zararni) aniqlash auditi auditning xalqaro
standartlariga muvofiq oʻtkazilgan moliyaviy hisobot asosida amalga oshiriladi. Ushbu bandda
belgilangan shartlarga rioya etish ushbu modda ikkinchi qismining 1-bandini qoʻllash maqsadlari
uchun talab etilmaydi.
(OʻzR 21.04.2021-y. OʻRQ-683-son Qonuni tahriridagi band)
(4-q.)
Ushbu moddaning ikkinchi qismida belgilangan shartlar bajarilmagan taqdirda,
shuningdek nazorat qiluvchi shaxs boʻlgan soliq toʻlovchining tanloviga koʻra, nazorat qilinadigan
chet el kompaniyasining foydasi (zarari) ushbu modda birinchi qismining 2-bandiga muvofiq
aniqlanadi, bundan ushbu moddaning oltinchi, yettinchi, toʻqqizinchi - oʻn birinchi qismlarida
belgilangan qoidalar mustasno.
(5-q.)
Agar nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining foydasini (zararini) aniqlash tartibi
ushbu modda birinchi qismining 2-bandiga muvofiq soliq toʻlovchining tanlovi boʻyicha
qoʻllanilsa, bunday tartib tegishli nazorat qilinadigan chet el kompaniyasiga nisbatan bu tartibni
qoʻllash boshlangan sanadan eʼtiboran kamida besh soliq davri ichida qoʻllanilishi lozim va bu
hisob siyosatida nazorat qiluvchi shaxs boʻlgan soliq toʻlovchiga soliq solish maqsadlari uchun
mustahkamlab qoʻyilgan boʻlishi kerak.
(6-q.)
Nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining ushbu kompaniyaning moliyaviy
hisoboti maʼlumotlari boʻyicha aniqlangan va chet el valyutasida ifodalangan, ushbu Kodeksning
208-moddasida nazarda tutilgan tartibga muvofiq hisobga olinadigan dividendlarning
(taqsimlangan foydaning) miqdoriga kamaytirilgan foydasi (zarari) chet el valyutasining yillik
moliyaviy hisobot tuziladigan davr uchun aniqlanadigan, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy
banki tomonidan milliy valyutaga nisbatan belgilangan oʻrtacha kursi qoʻllanilgan holda milliy
valyutada qayta hisob-kitob qilinishi lozim.
(7-q.)
Nazorat qilinadigan har bir chet el kompaniyasi foydasining (zararining) summasi
kompaniyaning tegishli davr (davrlar) uchun tuzilgan, uning moliyaviy va soliq hisobotlari ilova
qilingan moliyaviy hisoboti bilan hujjatlar asosida tasdiqlangan boʻlishi kerak.
(8-q.)
Nazorat qilinadigan chet el kompaniyasi foydasining (zararining) summasi ushbu
modda birinchi qismining 2-bandiga muvofiq aniqlangan taqdirda, nazorat qilinadigan chet el
kompaniyasi foydasining (zararining) summasi chet el tashkiloti doimiy turgan davlatning
(hududning) rasmiy valyutasida aniqlanadi hamda u chet el valyutasining nazorat qilinadigan chet
el kompaniyasi foydasining (zararining) summasi aniqlanadigan kalendar yil uchun aniqlanadigan,
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan milliy valyutaga nisbatan belgilangan
oʻrtacha kursi qoʻllanilgan holda milliy valyutada qayta hisob-kitob qilinishi lozim. Nazorat
qilinadigan chet el kompaniyasi foydasining (zararining) summasi foydaning summasini aniqlash
imkonini beradigan hujjatlar bilan tasdiqlangan boʻlishi kerak. Bunday hujjatlar, xususan, nazorat
qilinadigan chet el kompaniyasining hisob-kitob varaqlaridan koʻchirmalar, amalga oshirilgan
operatsiyalarni tasdiqlovchi dastlabki hujjatlardan iborat boʻlishi mumkin.
(9-q.)
Nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining foydasini (zararini) aniqlashda ushbu
kompaniyaning yillik moliyaviy hisobotida aks ettirilgan quyidagi daromadlari (xarajatlari)
hisobga olinmaydi:
1) kompaniyaning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlarini, kooperativlarning
paychilik fondlaridagi paylarini va paychilik investitsiya fondlaridagi paylarni, qimmatli
qogʻozlarni, hosila moliyaviy vositalarni moliyaviy hisobotni tuzishda qoʻllaniladigan
standartlarga muvofiq haqiqiy qiymati boʻyicha qayta baholash summalari tarzidagi;
2) nazorat qilinadigan chet el kompaniyasi roʻyxatdan oʻtkazilgan mamlakatning
qonunchiligiga (ushbu kompaniyaning moliyaviy hisobotini tuzish maqsadlari uchun hisob
siyosatiga) muvofiq moliyaviy hisobotda nazorat qilinadigan chet el kompaniyasi deb eʼtirof
etilgan shoʻba (birlashgan) tashkilotlar foydasining (zararining) summalari tarzidagi;
(OʻzR
21.04.2021-y. OʻRQ-683-son Qonuni tahriridagi band)
3) rezervlarni shakllantirishga sarflangan xarajatlarning va rezervlarni tiklashdan koʻrilgan
zararlarning summalari tarzidagi. Bunda nazorat qilinadigan kompaniyaning foydasi ilgari
shakllantirilgan rezervning miqdorini kamaytiradigan xarajatlar summasiga kamaytiriladi. Agar
nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining kompaniya roʻyxatdan oʻtkazilgan mamlakatning
qonunchiligiga muvofiq tuzilgan yillik moliyaviy hisoboti maʼlumotlariga koʻra zarar aniqlansa,
ilgari shakllantirilgan rezervning miqdorini kamaytiruvchi xarajatlar bunday zararning summasini
koʻpaytiradi.
(OʻzR 21.04.2021-y. OʻRQ-683-son Qonuni tahriridagi band)
(10-q.)
Nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining foydasini (zararini) aniqlash chogʻida
ilgari shakllantirilgan rezervning miqdorini kamaytiruvchi xarajatlar summasini hisobga olishning
ushbu modda toʻqqizinchi qismining 3-bandida belgilangan tartibi, agar nazorat qilinadigan chet
el kompaniyasining moliyaviy hisobotida ilgari shakllantirilgan rezervlarni kamaytiruvchi
xarajatlar summasi ochib berilgan boʻlsa yoki bunday xarajatlar hujjatlar bilan tasdiqlangan boʻlsa,
qoʻllaniladi.
(11-q.)
Kompaniyaning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlari, kooperativlarning
paychilik fondlaridagi paylari va paychilik investitsiya fondlarining paylari, qimmatli qogʻozlar,
hosila moliyaviy vositalar realizatsiya qilingan yoki boshqacha tarzda chiqib ketgan taqdirda,
nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining, ushbu moddaning birinchi qismi 1-bandiga muvofiq,
aniqlangan foydasiga (zarariga) ularni qayta baholash summalari (agar bunday qayta baholash
amalga oshirilgan boʻlsa), shu jumladan ularning qadrsizlanishidan koʻrilgan zararning summasi
miqdorida tuzatish kiritiladi.
(12-q.)
Nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining yillik moliyaviy hisobotlarining
maʼlumotlariga koʻra zarar aniqlansa, agar ushbu moddaning oʻn toʻrtinchi qismida boshqacha
qoida belgilanmagan boʻlsa, u kelgusi davrlarga cheklovlarsiz taqsimlab oʻtkazilishi va ushbu
kompaniyaning soliq bazasini aniqlashda hisobga olinishi mumkin.
(13-q.)
Nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining ushbu moddaning birinchi qismida
belgilangan usullardan biri yordamida aniqlangan zarari, agar nazorat qiladigan shaxs boʻlgan
soliq toʻlovchi mazkur zarar olingan davr uchun nazorat qilinadigan chet el kompaniyasi
toʻgʻrisidagi bildirish xatini taqdim etmasa, kelgusi davrlarga taqsimlab oʻtkazilishi mumkin emas.
(14-q.)
Nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining soliq bazasi nazorat qilinadigan har bir
chet el kompaniyasiga nisbatan alohida-alohida aniqlanadi.
(15-q.)
Agar nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining soliq bazasini aniqlashda hisobga
olinadigan daromadlari oʻziga nisbatan oʻzaro bogʻliq shaxslar oʻrtasida bitimlar tuzilishi
munosabati bilan soliqlarni hisoblab chiqarish va toʻlashning toʻliqligini tekshirish oʻtkazilgan
soliq toʻlovchi bilan nazorat qilinadigan bitim tuzilishi natijasida olingan boʻlsa hamda mazkur
tekshiruv natijalari yuzasidan qabul qilingan, kuchga kirgan qarorga muvofiq bitim narxiga soliqni
qoʻshimcha hisoblash maqsadida tuzatish kiritilgan boʻlsa, nazorat qilinadigan chet el
kompaniyasining tegishli daromadlari soliq bazasini belgilash maqsadida mazkur tuzatishni
hisobga olgan holda aniqlanadi.
(16-q.)
Nazorat qilinadigan chet el kompaniyasi tomonidan shu nazorat qilinadigan chet el
kompaniyasining yoxud uning oʻzaro bogʻliq shaxsining nazorat qiluvchi shaxsi deb eʼtirof
etiladigan yuridik shaxsning foydasiga qimmatli qogʻozlarni va (yoki) mulkiy huquqlarni (shu
jumladan ulushlarni, paylarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadlar, shuningdek nazorat
qilinadigan chet el kompaniyasining qimmatli qogʻozlarni va (yoki) mulkiy huquqlarni (shu
jumladan ulushlarni, paylarni) sotib olish narxi tarzidagi xarajatlari, basharti qimmatli qogʻozlarni
va (yoki) mulkiy huquqlarni (shu jumladan ulushlarni, paylarni) realizatsiya qilish narxi ularning,
nazorat qilinadigan kompaniyaning hisobga olish maʼlumotlariga koʻra, mulk huquqi mazkur
qogʻozlarga va (yoki) mulkiy huquqlarga (shu jumladan ulushlarga, paylarga) oʻtgan sanadagi
hujjatlar bilan tasdiqlangan qiymatidan kelib chiqqan holda, biroq mazkur qimmatli qogʻozlarning
va (yoki) mulkiy huquqlarning (shu jumladan ulushlarning, paylarning) mulk huquqi oʻtgan
sanadagi bozor qiymatidan oshmagan, hujjatlar bilan tasdiqlangan qiymatidan kelib chiqqan holda
aniqlangan boʻlsa, nazorat qilinadigan kompaniyaning foydasidan (zararidan) chiqarib tashlanadi.
(17-q.)
Nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining tegishli davrdagi foydasiga nisbatan
hisoblab chiqarilgan soliq summasi nazorat qiluvchi shaxsning ishtiroki ulushiga mutanosib
ravishda chet davlatlar qonunchiligiga va (yoki) Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga
muvofiq shu foydaga nisbatan hisoblab chiqarilgan soliqning (shu jumladan daromadni toʻlash
manbaida ushlab qolinadigan daromad soligʻining), shuningdek shu nazorat qilinadigan chet el
kompaniyasining Oʻzbekistondagi doimiy vakolatxonasi foydasiga nisbatan hisoblab
chiqariladigan foyda soligʻining miqdoriga nisbatan kamaytiriladi.
(OʻzR 21.04.2021-y. OʻRQ-
683-son Qonuni tahriridagi qism)
(18-q.)
Chet davlatning qonunchiligiga muvofiq hisoblab chiqarilgan soliq summasi
hujjatlar bilan tasdiqlanishi kerak, Oʻzbekiston Respublikasining davlat (hudud) bilan soliq solish
masalalariga doir xalqaro shartnomasi mavjud boʻlmagan taqdirda, ushbu summa chet davlatning
soliqlar sohasida nazorat qilish va tekshirishga vakolatli organi tomonidan tasdiqlanishi kerak.
(OʻzR 21.04.2021-y. OʻRQ-683-son Qonuni tahriridagi qism)
Dostları ilə paylaş: |