423-modda. Soliqni hisoblab chiqarish va toʻlash tartibi (1-q.)
Soliqni hisoblab chiqarish soliq toʻlovchining yashash joyidan qatʼi nazar, soliq solish
obyekti joylashgan yerdagi soliq organlari tomonidan koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat
roʻyxatidan oʻtkazishni amalga oshiruvchi organning maʼlumotlari asosida amalga oshiriladi.
(2-q.)
Soliq summasi mol-mulkning 1-yanvardagi holatiga koʻra boʻlgan kadastr qiymatidan
va belgilangan soliq stavkasidan kelib chiqqan holda hisoblab chiqariladi.
(3-q.)
Bir necha mulkdorlarining umumiy ulushli mulki boʻlgan imoratlar, binolar va
inshootlar uchun soliq har bir mulkdor tomonidan ularning ushbu imoratlar, binolar va
inshootlardagi ulushiga mutanosib ravishda toʻlanadi.
(4-q.)
Mol-mulkka boʻlgan mulk huquqi kalendar yil mobaynida bir mulkdordan boshqasiga
oʻtgan taqdirda, soliq avvalgi mulkdor tomonidan shu yilning 1-yanvaridan eʼtiboran u mol-
mulkka boʻlgan mulk huquqini yoʻqotgan oyning boshlanishiga qadar, yangi mulkdor tomonidan
esa, unda mulk huquqi vujudga kelgan oydan eʼtiboran toʻlanadi.
(5-q.)
Yangi imoratlar, binolar va inshootlar boʻyicha soliq mulk huquqi yuzaga kelgan
oydan eʼtiboran toʻlanadi.
(6-q.)
Meros boʻyicha oʻtgan mol-mulk uchun soliq merosxoʻrda mulk huquqi vujudga
kelgan oydan eʼtiboran toʻlanadi.
(7-q.)
Soliq solish obyekti yoʻq qilingan, vayron boʻlgan yoki buzib tashlangan taqdirda,
soliqni undirish mol-mulk yoʻq qilingan, vayron boʻlgan yoki buzib tashlangan oydan eʼtiboran
tugatiladi. Soliq summasini qayta hisob-kitob qilish mahalliy davlat hokimiyati organi yoki
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi tomonidan berilgan yoʻq qilinganlik, vayron boʻlganlik
yoki buzib tashlanganlik faktini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud boʻlgan taqdirda, amalga oshiriladi.
(8-q.)
Kalendar yil mobaynida imtiyozlarga boʻlgan huquq vujudga kelgan (tugagan)
taqdirda, soliqni qayta hisob-kitob qilish ushbu huquq vujudga kelgan (tugagan) oydan eʼtiboran
amalga oshiriladi.
(9-q.)
Soliqni toʻlash toʻgʻrisidagi toʻlov xabarnomasi soliq organlari tomonidan soliq
toʻlovchilarga imzo qoʻydirilgan holda yoki toʻlov xabarnomasi olinganligini va olingan sanani
tasdiqlovchi boshqa usulda har yili 1-martdan kechiktirmay topshiriladi.
(10-q.)
Soliq davri uchun soliqni toʻlash teng ulushlarda 15-aprelga va 15-oktyabrga qadar
amalga oshiriladi.