2. Tarixiy xotiraning tiklanishi. O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan keyingi dolzarb muammolardan biri – yangi tarixiy sharoitda jamiyatga munosib kishilarni tarbiyalash edi. O‘zbekiston suveren davlat sifatida ijtimoiy-siyosiy hayotda ma’naviy yangilanish jarayonini amalga oshirmasdan, sivilizatsiyaga erishmasdan mustaqillikni har tomonlama mustahkamlab bo‘lmasligini hayotning o‘zi ko‘rsatdi. Bugungi kunda davlatimiz taraqqiyoti yo’lida yangi renessansga qadam qo’yish ustida keng ko’lamdagi ishlar olib borilmoqda.
Shunday qilib, madaniyat, ma’naviy meros, sivilizatsiyalar yutug’i jamiyat va inson manaviyatining rivojlanishida, ma’naviy barkamol avlodni voyaga yetkazishda katta ahamiyatga ega. Shuning uchun mustaqillikning dastlabki kunlaridanoq o’tmishda toptalgan ma’naviy merosimizni tiklashga qat’iyan kirishildi.
O’zbek xalqi mustaqil taraqqiyot yillarida ikkita renessansni (ya'ni buyuk rivojlanishni) o'z tarixiga muhrlab qo'ydi. Birinchi uyg'onish davrida (IX-XIIasrlar) ilmiy va diniy bilimlarning uyg'unligi asnosida dunyoni larzaga keltiradigan buyuk kashfiyotlar qilindi.
Yurtimiz ilm-fan o’chog'iga aylandi. Ibn-Sino, Forobiy, Al-Xorazmiy, Beruniy kabi mutafakkirlar tabiy-ilmiy bilimlarni yangi sifat bosqichiga ko'targan bo'lsalar, At-Termiziy, Moturidiy, Imom Buxoriy, Ahmad Yassaviy, Bahouddin Naqshband, Najmiddin Kubro kabi ulamolar islom dinini milliy g'oya va qadryatlarimizga uyg'un holda rivojlantirdilar. Imom Buxoriy musulmon dunyosida «hadis ilmining sultoni» sifatida e'tirof etildi.
Mamlakatimiz Islom ilmining markaziga aylandi. Islom dinidagi hanafiy mazhabi, yassaviya, kubroviya, naqshbandiya tariqatlari o'zbek xalqining milliy g'oyasiga mos holda rivoj topdi.
Ikkinchi uyg'onish XIV-XVI asrlarda o'zbek davlati dunyoda eng rivojlangan, kuchli va adolatli davlatga, Amir Temurning «Kuch adolatdadir» g'oyasi esa mamlakatning harakat dasturi va amaliyotiga aylandi. Alisher Navoiy kabi buyuk allomalar komil inson g'oyasini fan darajasiga ko'tardi. Bugun g'arb olimlari 500 yil oldin o'rganilgan mavzuni inson omili, inson huquqi masalasini antropologiya fani tarkibida katta qiziqish bilan o'rganishmoqda. Bugun uchinchi uyg'onish - Mustaqil O’zbekiston davri boshlandi. U 1989 yildan O’zbekistonning eng yangi tarixi davrini boshlab berdi. Bugun o'zbek xalqining milliy g'oyasi huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyatining rivojlanish g'oyasiga aylanib, O’zbekiston Respublikasining Konstitusiyasi va Qonunlariga singdirilib, amaliyotga tatbiq etilmoqda.
Tarixiy tafakkurning rivojlanishi ma’rifat asosida, ma’rifatli bo‘lish negizida sodir bo‘ladi. 1991-yili Alisher Navoiy tavalludining 550 yilligi keng nishonlandi. Bu to‘yga respublikada katta tayyorgarlik ko‘rildi va u xalqning katta madaniyat bayramiga aylandi. Uning yigirma jildlik mukammal asarlar to‘plami nashr etila boshlandi. Yubiley oldidan Alisher Navoiyning buyuk siymosi ifoda etilgan sahna asarlari, kinofilmlar yaratildi. Alisher Navoiy nomida Davlat mukofoti ta’sis etildi.
Adabiyot institutiga Alisher Navoiy nomi berildi. Mamlakat poytaxti Toshkentda ulug‘ bobomizning muhtasham haykali qo‘yildiki, bu joy xalqning muqaddas ziyoratgohiga aylandi. Navoiy haykali Komsomol ko‘li deb nomlangan istirohat bog‘iga o‘rnatildi va bog‘ Alisher Navoiy nomidagi milliy bog‘ deb ataladigan bo‘ldi.
1994-yilni hukumat qarori bilan Ulug‘bek yili, deb e’lon qilinishi, uning 600-yilligini O‘zbekistonda va jahon miqyosida, xususan, YUNESKO qarorgohi Parijda keng nishonlanishi ham buyuk allomalar qoldirgan meros umuminsoniy qadriyatga aylanganligi nishonasidir.
1996- yil Amir Temur tavalludining 660 yilligi ham keng miqyosda nishonlandi. Islom Karimov «1996-yilni Amir Temur yili» deb atash to‘g‘risida farmon qabul qildi. «Temur tuzuklari» bir necha tilda chop etildi.
O‘sha davr tarixiy madaniy yodgorliklarini tiklab, yozma adabiyotlar ilmiy muomalaga kiritildi. Juda qisqa fursatda, Toshkentda bobokaloni-mizning dunyoviy sha’ni va shavkatiga mos keladigan Amir Temur va temuriylar davri tarixi muzeyi qurildi.
Hukumatning maxsus qaroriga binoan, 1999-yil dekabrda Xorazmda Muhammad Rizo Erniyozbek o‘g‘li Ogahiy tavalludining 190 yilligi, Nukusda Ajiniyoz Qosiboy o‘g‘li tavalludining 175 yilligi, 1998-yil oktabrda esa Farg‘onada Ahmad al-Farg‘oniy tavalludining 1200 yilligi keng nishonlandi.
Islom olamining zabardast allomalari Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Muin Nasafiy, Bahouddin Naqshband, Ahmad Yassaviy, Najmiddin Kubro, Imom Moturidiy va boshqalarning ilmiy merosi o‘rganilib, ko‘plab nusxalarda chop etilmoqda. Imom Ismoil Buxoriy, Imom Abu Iso Termiziyning 1200 yilligi, Mahmud Zamaxshariyning 920 yilligi, Najmiddin Kubroning 850 yilligi, Bahouddin Naqshbandiyning 675 yilligi, Xoja Ahror Valiyning 600 yilligi va boshqa allomalarning yubileylari keng nishonlandi.
1999-yil vatanparvar siymo, xalq qahramoni Jaloliddin Manguberdi tavalludining 800-yilligi, xalq dahosi yaratgan Alpomish dostonining 1000-yilligining nishonlanishi, Urganch va Termizda ular xotirasiga barpo etilgan yodgorlik majmuasi jamiyat ma’naviyatini yuksaltirishga, milliy ong va milliy g’ururni ko’tarishga xizmat qilmoqda.
Vatanimiz ozodligi yo’lida shahid ketgan Abdulla Qodiriy, Cho’lpon, Fitrat, Usmon Nosir va boshqa xalq jigarbandlarining nomi, izzat-ikromi, hurmati o’z joyiga qo’yildi, asarlari chop etildi.
Islom Karimov tashabbusi bilan Toshkentda mustamlakichilik davri qurbonlari xotirasini abadiylashtirish maqsadida «Shahidlar xotirasi» yodgorlik majmui, «Qatag’on qurbonlari xotirasi» muzeyi, fashizmga qarshi janglarda jon fido etgan xalqimizning farzandlari xotirasini abadiylashtirish maqsadida «Xotira-maydoni» majmuasi barpo etildi.
Bu tadbirlar xalqimizda milliy ongni yuksaltirishga, tarixiy xotirani tiklanishiga, yoshlarni milliy istiqlol g’oyalari ruhida tarbiyalashga xizmat qilmoqda.
O'zbek xalqining ma'naviy merosida insonparvarlik g'oyalari singdirilgan. Ajdodlarimiz insonparvarlikni fan darajasiga ko'tarishgan. Forobiy - «fozil inson», Najmiddin Kubro, Ahmad Yassaviy, Bahouddin Naqshband - «Orif inson», Alisher Navoiy - «komil inson» ta'limotlariga asos solishgan.
Bugun ham, o'tmishda bo'lganidek, insonparvarlik borasida xalqimiz boshqa xalqlarga saboq berishi mumkin. Ommaviy madaniyat, axborot hurujlari kuchayotgan sharoitda asosiy muammo yot, buzg'unchi g'oyalar ta'siriga tushmasdan, g'oyaviy bo'shliqqa yo'l qo'ymasdan, ma'naviy merosimizga, milliy g'oyamizga sodiq qolishdir.
O’zbek xalqining ming yillar davomida shakllangan, mustamlakachilik davrida oyoq-osti qilingan, insonparvar urf-odatlari va an’analari, madaniy qadriyatlari mustaqillikning dastlabki yillarida ehtiyotlab tiklandi va yangi ma’no-mazmun bilan boyitildi.
Maqomchilar, to’y-marosim qo’shiqlari, shoir-baxshilar va folklor-etnografik dastalarning o’nlab ko’rik-tanlovlari o’tkazildi. Pianinochi va skripkachilarning simfonik va kamer musiqalari, zamonaviy estrada guruhlarining festival va tanlovlari bo’lib o’tmoqda.
Mamlakatimizda o’zbek tilining xalq va davlat turmushidagi o’rni va ahamiyati qayta tiklandi. Davlat tili haqidagi qonunda o’zbek tili o’zbek xalqining ma’naviy mulki ekanligi, uning ravnaqi, qo’llanilishi va muhofazasi davlat tomonidan ta’minlanishi belgilab qo’yildi.
Oliy davlat hokimiyati, mahalliy hokimiyatv va boshqaruv organlarida, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda ish geografik o’rinlarning nomlariga yagona milliy shakl berildi va o’zbek tilida yozib qo’yildi. Natijada o’zbek xalqining milliy qadr-qimmati qayta tiklandi va mustahkamlandi. Shuningdek, O’zbekistonda istiqomat qilayotgan barcha millat va elatlarning tili, qadr-qimmati ham o’z o’rniga qo’yilgan.
O’zbekistonda millatlararo totuvlik Konstitusiya va qonunlariga singdirilgan. Jumladan, bosh qomusimizda «O’zbekiston xalqini, millatidan qat'i nazar O’zbekiston Respublikasining fuqarolari tashkil etadi», degan muhim qoida belgilab qo'yilgan, (8-modda).
145 dan ziyod milliy - madaniy markazlar (Chingiz Aytmatov iborasi bilan aytganda kichik BMTlar) millatlararo totuvlik g'oyasini hayotga tatbiq etmoqda.
«Yagona oilada» («V edinoy semie») jurnali nashr etilmoqda.
Ruslarning «Maslennisa», tatar boshqirdlarining «Sabanto'y», uyg'urlarning «Sayil», bayramlari xitoylarning «Chunuze» yangi yili, koreyslarning «Soller» va “Ovoli – tano” bayramlari nishonlanmoqda.
Har yili respublikamiz miqyosida «Biz yagona oila farzandlarimiz», «Vatan yagonadir, Vatan bittadir», «O’zbekiston umumiy uyimiz» shiori ostidagi fistivallar o'tkazilmoqda.
O’zbekistonda etti tilda: o'zbek, qoraqalpoq, rus, tojik, turkman, qirg'iz va qozoq tillarida ta'lim olib borilmoqda. Gazetalar sakkiz tilda (o'zbek, qoraqalpoq, rus, tojik, turkman, qozoq, ingliz, koreys tillarida) nashr etilmoqda. Radio eshittirishlar o'n bitta tilda olib borilyapti.
Islom Karimov iborasi bilan aytganda millatlararo totuvlik O’zbekistonning dushmanlari ko'ra olmaydigan eng katta boyligidir.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning e’tibori bilan el-u yurtga mehnati singgan insonlarning hurmatini joyiga qo‘yish an’anasi davom ettirilmoqda. 2017-yilning o‘zida bu borada ulkan ishlar amalga oshirildi.
Toshkent va Samarqandda Islom Karimov (2018-yil Qarshida), Namangan viloyatida Is’hoqxon Ibrat, Xorazm viloyatida Komiljon Otaniyozov, Qoraqalpog‘istonda Ibroyim Yusupov, Farg‘onada Erkin Vohidov, Qashqadaryoda Abdulla Oripov, Andijonda Muhammad Yusuf xotiralarini abadiylashtirish bo‘yicha yirik tadbirlar o‘tkazildi.
Ularning nomi bilan ataladigan markazlar, ijodiy maktablar tashkil etildi. Jizzax shahrida Hamid Olimjon va Zulfiya xotirasiga bag‘ishlab barpo etilgan yodgorlik majmuasi ochildi.
Yurtimiz taraqqiyoti yo‘lida fidokorona xizmat qilgan, milliy adabiyotimiz va madaniyatimiz rivojiga ulkan hissa qo‘shgan atoqli davlat arbobi, taniqli yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligi nishonlanishi xalqimizni quvontirdi.
O‘zbekiston Prezidentining 2017-yil 27-martdagi «Atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligini nishonlash to‘g‘risida»gi qarori asosida 2017-yil 6-noyabr – Sharof Rashidov tug‘ilgan kuni Jizzaxda tantanali tadbirlar bo‘lib o‘tdi. Jizzax shahridagi tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, nutq so‘zladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 25-yanvardagi «O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, Islom Karimov haykallari O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahriga, Islom Karimov tug‘ilib o‘sgan Samarqand shahriga va Islom Karimov birinchi rahbar bo‘lib ishlagan Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahriga o‘rnatildi.
Bundan tashqari, 2018-yilda Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va rahnamoligida Samarqand shahrida, Islom Karimov dafn etilgan hududda yodgorlik majmuasi barpo etildi. Islom Karimov ko‘p yillar davomida faoliyat olib borgan Toshkent shahridagi Oqsaroy qarorgohida Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifi y yodgorlik majmuasi tashkil etildi.
Shuningdek, bir qator ko‘chalar va yirik ob’yektlarga Islom Karimov nomi berildi. Prezident farmoni bilan 2018-yil 30-yanvarda Islom Karimov tavalludining 80 yilligi keng nishonlandi, 24-martda esa Samarqandda xalqaro konferensiya o‘tkazildi.