Jarohatga tegish, yuvish, undan yot jismlarni olib tashlash mumkin emas.
Agar jarohat yuzasi ifloslangan bo‘lsa, uning chetlari jarohatdan tashqariga yo‘nalishda tozalanishi kerak; jarohat atrofiga yod, xlorgeksidin, vodorod peroksidi kabi antiseptik surtilishi darkor; yod jarohatga tushmasligi kerak.
6 -7.09.2023 - YIL 1) “O‘ZBEKISTON TEMIR YO‘LLARI” AJ KORXONA VA TASHKILOTLARIDA SODIR BO‘LGAN ISHLAB CHIQARISH BILAN BOG‘LIQ BAXTSIZ XODISALARNI VIDEOROLIKLAR ORQALI KO‘RSATIB TAXLIL QILISH. 2) XODIMLARGA ULARNING MEHNAT VAZIFALARINI BAJARISH BILAN BOG‘LIQ HOLDA JAROHATLANISHI, KASB KASALLIKLARIGA CHALINISHI YOKI SALOMATLIKNING BOSHQA XIL SHIKASTLANISHI TUFAYLI YETKAZILGAN ZARARNI TO‘LASH
QOIDALARI I. Umumiy qoidalar 1. Xodimlarga ularning mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq holda jarohatlanishi, kasb kasalliklariga chalinishi yoki salomatlikning boshqa xil shikastlanishi* tufayli yetkazilgan zararni to‘lash bo‘yicha munosabatlar O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, boshqa normativ-huquqiy hujjatlar, shuningdek mazkur Qoidalar bilan tartibga solinadi.
* Keyingi o‘rinlarda mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq holda olingan jarohatlar, kasb kasalliklariga chalinish yoki sog‘liqqa yetkazilgan boshqa xil shikastlar "mehnat jarohati" deb ataladi.
Mazkur Qoidalarning amal qilishi, mulkchilik va xo‘jalik yuritish shaklidan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan yollanma mehnatdan foydalanayotgan yuridik shaxslarga, yuridik shaxs bo‘lmasdan faoliyat yuritayotgan dehqon xo‘jaliklariga (keyingi o‘rinlarda matnda ish beruvchi deb yuritiladi), shuningdek O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat shartnomasi bo‘yicha ishlagan yoki ishlayotgan hamda mehnat jarohati olgan xodimlarga joriy etiladi.
2. Ish beruvchi ish beruvchining hududida va uning tashqarisida, shuningdek ish beruvchi bergan transportda ishga kelish yoki ishdan ketish vaqtida xodimning sog‘ligiga mehnat jarohati bilan yetkazilgan zarar uchun moddiy javobgar bo‘ladi.
Ish beruvchi, mehnat jarohati yoki boshqa mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq ravishda xodim sog‘ligiga yetkazilgan zararni, agar u yetkazilgan zarar uchun o‘zining aybdor emasligini isbot qila olmasa, xodimga yetkazilgan zararni to‘lashi shart.
3. Ish beruvchi tomonidan ijtimoiy-iqtisodiy, tashkiliy-texnik, sanitariya-gigiena va davolash-profilaktika choralari hamda sog‘lom va xavfsiz mehnat sharoitlari yaratish tadbirlari ta’minlanmaganligi (mehnatni muhofaza qilish, texnika xavfsizligi, sanoat sanitariyasi qoidalari va shu kabilarga rioya qilmaslik) tufayli olingan mehnat jarohati uning aybi bilan sodir etilgan deb hisoblanadi.
4. Quyidagi hujjatlar mehnat jarohati uchun ish beruvchining aybdorligini yoki javobgarligini isbotlovchi dalil bo‘lishi mumkin:
baxtsiz hodisani maxsus tekshirish dalolatnomasi;
baxtsiz hodisa va ishlab chiqarishda sog‘liqqa yetkazilgan boshqa xil shikastlar to‘g‘risida dalolatnoma;
sud qarori;
mehnatni muhofaza qilish va mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishini, sog‘liqqa yetkazilgan zarar sabablarini nazorat qilishni amalga oshiruvchi davlat mehnat texnika inspektori yoxud boshqa mansabdor shaxslar (organlar)ning xulosasi;
kasb kasalligi to‘g‘risida tibbiy xulosa;
aybdor shaxslarga ma’muriy yoki intizomiy jazo berish to‘g‘risidagi qaror;
kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki korxona xodimlarining boshqa vakolatli organi qarori.
Kelishmovchilik paydo bo‘lganda yoki ish beruvchi zararni to‘lashni rad etganda, ushbu masala qonunchilikda belgilangan tartibda sud tomonidan hal qilinadi.
Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va xodimlar sog‘ligiga yetkazilgan boshqa shikastlarni tekshirish va hisobga olish tartibi Hukumat tomonidan belgilanadi.
5. Jabrlanuvchining qo‘pol ehtiyotsizligi zararning kelib chiqishiga yoki uning ko‘payishiga sabab bo‘lgan taqdirda, zararning to‘lov miqdori summasi jabrlanuvchining aybiga qarab kamayishi mumkin, lekin kamayish ellik foizdan ko‘p bo‘lmasligi lozim.
Jabrlanuvchining qo‘pol ehtiyotsizligi tufayli hamda ish beruvchining aybi bo‘lmagan hollarda, ish beruvchining javobgarligi, aybidan qat’i nazar (ya’ni uning mehnat vazifalarini bajarishda yuqori xavfli manbalar tomonidan xodim sog‘ligiga yetkazilgan zarar), zararni to‘lash summasi jabrlanuvchining aybdorligi darajasiga qarab kamayishi ham mumkin, lekin kamayish ellik foizdan ko‘p bo‘lmasligi lozim. Bunda zararni to‘lashdan bosh tortishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Jabrlanuvchining aybdorligi darajasi korxona, muassasa, tashkilot kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakolatli organi qarori bilan, mazkur masala bo‘yicha kelishmovchilik paydo bo‘lganda esa — sud tomonidan belgilanadi.
Zararni to‘lashning qo‘shimcha turlariga, bir yo‘la nafaqa to‘lashga, shuningdek boquvchisining vafoti tufayli yetkazilgan zarar to‘lovlariga nisbatan aralash javobgarlik qo‘llanilmaydi.
6. Jabrlanuvchining mehnat jarohati tufayli mehnatga layoqatsizlik darajasi Tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi (TIEK) tomonidan belgilanadi.
Kasb bo‘yicha mehnatga layoqatsizlik darajasini belgilash bilan bir vaqtda, TIEK asoslari mavjud bo‘lganda, nogironlikning tegishli guruhi belgilanadi hamda jabrlanuvchining qo‘shimcha yordam turlariga bo‘lgan muhtojligi aniqlanadi.
7. Mazkur Qoidalarga muvofiq zararni to‘lash uchun zarur bo‘lgan pul summasi, qo‘shimcha xarajatlarni qoplash hamda bir yo‘la to‘lanadigan nafaqa miqdori jamoa shartnomasi (bitimlari) asosida oshirilishi mumkin.
8. Belgilangan pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori* oshirilganda sog‘liqning shikastlanishi bilan bog‘liq zarar yoki boquvchisining vafoti bilan bog‘liq ravishda beriladigan yo‘qotilgan ish haqi, boshqa to‘lovlarni qoplash summasi pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining oshirilgan summasiga mutanosib ravishda ko‘paytiriladi.
* O‘zbekiston Respublikasida belgilangan pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori.
9. Mehnat jarohati olgandan keyin mehnat munosabatlarini to‘xtatish zararni to‘lashdan ozod qilmaydi.
10. Quyidagilar jabrlanuvchiga yetkazilgan zararni to‘lashda summani to‘lash manbalari hisoblanadi:
budjet tashkilotlari va muassasalari uchun — qonunchilikka muvofiq davlat budjeti mablag‘lari;
boshqa ish beruvchilar uchun — o‘z mablag‘lari.