Mehnаt shаrtnоmаsini o’zgаrtirish, bekоr qilish tushunchаsi. Хоdim tаshаbbusi bilаn mehnаt shаrtnоmаsini bekоr qilish. Mehnаt shаrtnоmаsini ish beruvchining tаshаbbusigа ko’rа bekоr qilish reja: kirish
MEHNАT SHАRTNОMАSINI O’ZGАRTIRISH, BEKОR QILISH TUSHUNCHАSI. ХОDIM TАSHАBBUSI BILАN MEHNАT SHАRTNОMАSINI BEKОR QILISH. MEHNАT SHАRTNОMАSINI ISH BERUVCHINING TАSHАBBUSIGА KO’RА BEKОR QILISH
REJA:
KIRISH
1. Mehnat shartnomasini oʻzgartirish tushunchasi.
2. Ish beruvchining tashabbusiga binoan xodim roziligisiz mehnat shartlarini oʻzgartirish.
3. Xodim talabiga binoan mehnat shartlarini oʻzgartirish.
4. Boshqa ishga oʻtkazish.
XULOSA FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO`YXATI
1. Mehnat shartnomasini oʻzgartirish Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 88-moddasida mehnat shartlarini belgilash va oʻzgartirishning umumiy tartibi bayon etib berilgan. Ma’lumki, mehnat shartnomasi hamma vaqt turli shartlarni oʻz ichiga oladi.
Mehnat shartlari deb, mehnat jarayonida kechadigan ijtimoiy va ishlab chiqarish omillarining jami tushuniladi.
Ijtimoiy omillar jumlasiga mehnat haqi miqdori, ish vaqtining ta’tillar muddati va boshqa shartlar kiradi. Texnika, sanitariya, gigiyena, ishlab chiqarish-maishiy va boshqa shartlar ishlab chiqarish omillari deb hisoblanadi.
Ma’lumki, xodimning mehnat faoliyati doim muayyan mutaxassislik (ixtisos), malaka yoki lavozimga oid ishni bajarish bilan bogʻliq boʻlib, mehnat shartnomasida muayyan shartlar koʻzda tutilgan. Ayni vaqtda xodimning mehnat faoliyati aniq ish joyida (muayyan korxona, uning tarkibiy boʻlinmasi)da amalga oshiriladi. Mehnat shartnomasining shartlarini tashkil etuvchi yuqoridagi omillarni oʻzgartirish mehnat shartnomasini oʻzgartirishni bildiradi. Yuridik adabiyotlarda ta’kidlab oʻtilganidek, mehnat shartnomasini oʻzgartirish umumlashgan atama boʻlib, u:
-mehnat shartlari;
-xodimning mehnat vazifasi;
-ish joyi oʻzgartirilishini oʻz ichiga qamrab oladi.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida mehnat munosabatlari sohasida xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy jihatdan himoya qilishni ta’minlash uchun mehnat shartlarini oʻzgartirish, boshqa ishga oʻtkazish va ish joyini oʻzgartirishga doir huquqiy normalar mazmunini toʻgʻri anglash amaliyotda muhim ahamiyatga egadir.
Mehnat kodeksining 88-moddasiga binoan mehnat shartlari mehnat toʻgʻrisidagi qonunlar va boshqa normativ hujjatlar, shuningdek mehnat shartnomasi taraflarining kelishuvi bilan belgilanadi. Ushbu moddaning mazmuni tahlili shuni koʻrsatadiki, mehnat shartnomasining shartlarini quyidagi guruhlarga ajratib qarash mumkin, ya’ni:
-qonun hujjatlari tomonidan markazlashtirilgan tartibda belgilanadigan shartlar (bunda Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining, Oʻzbekiston Respublikasining qarorlari, boshqa qonun hujjatlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Farmonlari, qarorlari, Farmoyishlari asosida belgilanadigan mehnat shartlari nazarda tutiladi);
- jamoa kelishuvlari yoki korxonaning lokal tarzdagi hujjatlarida (korxonaning jamoa shartnomasi, ichki mehnat tartibi qoidalari, xodimlarni ragʻbatlantirish toʻgʻrisidagi qoidalar va shu kabilar) qayd qilingan shartlar;
-mehnat shartnomasi taraflarining kelishuvi asosida belgilanadigan shartlar (ish joyi-korxona va uning tarkibiy boʻlinmasi, xodimning mehnat vazifasi, ishning boshlanish kuni, mehnat haqi miqdori, zarur hollarda esa shartnomaning muddati va boshqalar).
Umumiy qoidaga koʻra, mehnt shartlarini oʻzgartirish, ular qaysi tartibda belgilangan boʻlsa, shunday tartibda amalga oshiriladi.
Mehnat shartnomasi taraflaridan birining talabi bilan mehnat shartlarini oʻzgartirishga Kodeksning 89 va 90-moddalarida nazarda tutilgan hollarda yoʻl qoʻyiladi.
Yuqorida aytilgan fikrlar va ushbu moddaning mazmunidan kelib chiqib, mehnatning shartlarini oʻzgartirishni quyidagicha klassifikatsiya qilish mumkin:
-birinchidan, qonun hujjatlari va boshqa normativ hujjatlarga asosan mehnatning shartlarini oʻzgartirish;
- ikkinchidan, ish beruvchining tashabbusi boʻyicha mehnat shartlarini oʻzgartirish (Mehnat kodeksining 89-moddasi)
-uchinchidan, xodimning talabiga koʻra mehnat shartlarini oʻzgartirish (Mehnat kodeksining 90-moddasi);
-toʻrtinchidan, taraflar kelishuvi bilan mehnat shartlarini oʻzgartirish.
Qonun hujjatlari va boshqa normativ hujjatlar bilan belgilangan mehnatning shartlari faqat tegishli normativ hujjatlarni qabul qilish yoʻli bilan oʻzgartirilishi mumkin. Bu oʻrinda birinchi navbatda ilgari mehnatning shartlari belgilangan qonunlar, qonun hujjatlari, qonun osti hujjatlar nazarda tutiladi.
Muhimi shundaki, ilgari mehnatning shartlari belgilab qoʻyilgan aynan qonun hujjatida belgilangan tartibda yangi qonun hujjatlari orqali oʻzgartirish kiritilgan taqdirda, mehnatning sharti oʻzgartiriladi. Masalan, Oʻzbekiston Respublikasining “Xotin-qizlarga qoʻshimcha imtiyozlar toʻgʻrisida”gi 1999-yil 14-apreldagi qonuni bilan Mehnat kodeksiga 2281-modda kiritildi. Ushbu moddaga binoan, 3 yoshgacha bolalari bor, budjet xisobidan moliyaviy jihatdan ta’minlanadigan muassasalar va tashkilotlarda ishlayotgan ayollarga ish vaqtining xaftasiga 35 soatdan oshmaydigan qisqartirilgan muddati belgilandi.
Amaldagi qonunchilikka binoan koʻpgina mehnat shartlari jamoa kelishuvlari, korxonaning lokal hujjatlari, ya’ni jamoa shartnomasi, ichki mehnat tartibi qoidalari, intizom haqidagi ustavlar va nizomlar, mehnatga haq toʻlash haqidagi qoidalar mukofotlash toʻgʻrisidagi nizomlar va h.k. bilan belgilanadi. Bu normativ hujjatlarning har biri oʻz tartibiga ega boʻlib, Mehnat kodeksiga va boshqa normativ hujjatlarda belgilab qoʻyilgan. Jumladan, MKning 51 va 52-moddalarida jamoa kelishuvlarining mazmuni, ularni ishlab chiqish va tuzish tartibi, muddatlari bayon etib berilgan. Kodeksning 40-moddasida esa jamoa shartnomasini qabul qilish tartibi koʻrsatilgan. Shuni ham aytish kerakki, koʻpgina lokal hujjatlar jamoa shartnomasiga ilova tarzida qabul qilinadi.
Mehnat kodeksining 174-moddasiga binoan korxonaning ichki mehnat tartibi qoidalari ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi komiteti yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib tasdiqlanadi. Eslatib oʻtilgan hujjatlar bilan belgilangan mehnat shartlari ularni tasdiqlash tartibiga toʻliq rioya qilingan holda oʻzgartirilishi lozim.
Ta’kidlash joizki, amaldagi qonun hujjatlari bilan belgilangan mehnat shartlari jamoa shartnomasida va jamoa kelishuvlarida, boshqa lokal tarzidagi hujjatlarda, shuningdek mehnat shartnomasida xodim uchun qulay tomonga oʻzgartirilishi mumkin (oʻzgartirilgan yoki qoʻshimcha ta’tillar, eng kam ish haqining oshirilgan miqdori, qoʻshimcha haq va ustamalar belgilash, bayram va dam olish kunlarida, tungi vaqtda bajarilgan ishlar uchun oshirilgan miqdorda haq toʻlash kabilar). Chunki MKning 4-moddasiga binoan xodimlar uchun mehnat huquqlarining eng past darajasi qonunlar bilan belgilab qoʻyiladi. Zero, xodimlarning qonunlardagiga nisbatan qoʻshimcha mehnat huquqlari va kafolatlari boshqa normativ hujjatlar, shu jumladan shartnoma yoʻsinidagi normativ hujjatlar, ya’ni jamoa kelishuvlari, jamoa shartnomalari, boshqa lokal hujjatlar, shuningdek xodim bilan ish beruvchi oʻrtasida tuzilgan mehnat shartnomalari bilan belgilanishi mumkin. Aksincha, mehnat haqidagi kelishuvlar va shartnomalarning xodimlar ahvolini mehnat toʻgʻrisidagi qonunlar va boshqa normativ hujjatlarda nazarda tutilganiga qaraganda yomonlashtiriladigan shartlari haqiqiy emas deb hisoblanadi.
Demak, bu hujjatlarning tegishli shartlari haqiqiy emas deb topiladi, va bu shartlar hech qanday yuridik kuchga ega boʻlmaydi. Xulosa shuki, qonun hujjatlarida belgilangan mehnat shartlari xodimlar mehnat huquqlarining kafolati boʻlib hisoblanadi.
Umumiy qoidaga binoan, mehnat haqidagi kelishuvlar va shartnomalarning shartlari bir taraflama oʻzgartirilishi mumkin emas. Shunga koʻra mehnat shartnomasida taraflar belgilab qoʻygan mehnat shartlari faqat xodim bilan ish beruvchi oʻrtasidagi kelishuv boʻyicha oʻzgartirilishi mumkin. Shuni ham aytib oʻtish joizki, bu qoida mehnat shartnomasiga mazkur korxonaning lokal hujjatlarida nazarda tutilgan yoki bu shartlar kiritilganida ham joriy etiladi.Chunki mehnat shartnomasida qayd etilgan barcha shartlar taraflar kelishuvi asosida belgilangan hisoblanadi. Ayni vaqtda mehnat shartnomasida koʻrsatilgan shartlar jamoa kelishuvlari, korxonaning boshqa lokal hujjatlariga, albatta, muvofiq boʻlishi lozim.