Jizzax viloyati davlat arxivi. Jizzax viloyat davlat arxivi O‘zbekiston Respublikasidagi arxiv muassasalari o‘rtasida o‘z o‘rniga ega arxiv hisoblanadi. Garchi Jizzax viloyati 1974-yilda tuzilgan bo‘lsada viloyatdagi arxivlarda Rossiya imperiyasi, Oktyabr inqilobi, ikkinchi jahon urushi, sovet davri, mustaqillik davridagi noyob va nodir moddiy-madaniy boylikka ega bo‘lgan hujjatlar saqlanib kelinmoqda. Viloyat arxiv xizmati 1974-yildan Jizzax viloyati arxiv bo‘limi tuzilganligi bilan bog‘liq. Lekin bu sanadan avval ham viloyatda arxivlar faoliyat yuritgan. Mazkur arxiv Sirdaryo viloyati davlat arxivining Jizzax filiali sifatida 1954- yilda qayta nomlangan. Ushbu arxiv hujjatlari viloyat va uezd tarixini yoritadi. Tarixga oid hujjatlar Jizzax uezdi ishchi va qizil armiya deputatlari jamg‘armasida mujassamlashgan. 1963-yilda Sirdaryo viloyati kengashi ijroiya komiteti hududiy tuzilishi bilan hozirgi viloyat hududining bo‘linishi sodir bo‘ldi. Misol uchun G‘allaorol tuman hududlari Samarqand viloyati hududida qoldi. Qolgan hududlar Sirdaryo viloyatiga qo‘shib olindi. Shu davrdagi viloyat hududidagi tashkilotlarning hujjatlari Samarqand va Sirdaryo viloyatlari arxiv muassalarida saqlanmoqda. O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, mamlakatimizdagi boshqa muassasalar kabi arxivlarga ham e’tibor kuchaydi, arxiv hujjatlari boshqa qulay binolarga o‘tkazildi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 3-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida arxiv ishini boshqarishni yanada takomillashtirish to‘g‘risida” 49-sonli qaroriga asosan “O‘zbosharxiv” boshqarmasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligiga aylantirildi va shu bilan birgalikda viloyatlardagi kabi Jizzax viloyat arxiv ishi hududiy boshqarmasi va Jizzax viloyat davlat arxivi alohida davlat muassasasi sifatida qaytadan tuzildi. Bugungi kunda Jizzax viloyat davlat arxivi viloyat arxiv ishi hududiy boshqarmasi bilan birgalikda Jizzax shahri Narimanov ko‘chasi 78-uyda maxsus arxiv uchun qurilgan binoda faoliyat yuritadi.