Qashqadaryo viloyati davlat arxivi. Qashqadaryodagi arxiv xizmati 1926 yilda arxiv byurosi tuzilishi bilan bog’liq. 1928-yilda Qashqadaryo ogrugi tugatilib, Buxoro viloyati tarkibiga kiritilishi munosabati bilan Qashqadaryo ogrug arxiv byurosi ham o‘z faoliyatini to’xtatadi. 1943-yil 23-mayda O’zbekiston SSR Oliy Kengashi, Qashqadaryo viloyati bo’yicha tashkiliy qo’mitasining qarori bilan Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasining arxiv bo‘limi, viloyat davlat arxivi va tuman arxivlari tashkil etildi. 1960-1964 yillarda Qashqadaryo viloyati Surxandaryoga qo‘shilishi munosabati bilan shahar, tuman arxivlaridan tashqari viloyat arxiv bo‘limi va viloyat davlat arxivlari tugatildi.1964-yilda Qashqadaryo viloyati yangidan tashkil etildi, shu bilan birga uning arxiv bo‘limi, viloyat davlat arxivi va uning bo‘linmalari qayta tiklandi. Shu yili viloyat davlat arxivining Qarshi va Shahrisabz, 1979-yilda G‘uzor, 1995-yilda Muborak bo‘linmalari tuzildi. Hozirda viloyat davlat arxivi Qarshi shahri, O’zbekiston ko‘chasi, 6 m/t-uyda faoliyat yuritmoqda. Farg’ona viloyati davlat arxivi.Farg’onada arxiv ishi 1925-yilda Farg’ona viloyati arxiv byurosi sifatida faoliyat boshladi. Bu arxiv muassasasi 1927-yili Farg’ona va Andijon okruglararo arxivi sifatida faoliyat yuritgan. 1938-yili Farg’ona viloyati tashkil etilgach, Farg’ona viloyati arxiv boshqarmasi tuzildi. Farg’ona viloyati arxiv boshqarmasi 1940-yildan boshlab, Farg’ona viloyati davlat arxivi deb qayta nomlandi. Farg’ona viloyati tarixi jamg’armasida Farg’ona shahri, Namangan va Andijon viloyatlari tarixiga oid hujjatlar mavjud. Shuningdek, Farg‘ona viloyati ishchi-sovet, soldat va dehqonlari xo‘jaliklari jamg‘armasida shu viloyatlardagi sovet hukumatining o‘rnatilishi, Farg‘ona viloyati boshqaruv tizimi, madaniy qurilish, ocharchilikka, ishsizlikka, xotin-qizlarni jamoat ishlariga jalb qilishga oid hujjatlar saqlanadi. Bugungi kunda Farg‘ona viloyat davlat arxivi Farg‘ona shahar, A.Navoiy ko’chasi 17 a-uyda faoliyat yuritadi.