Har bir shaxs mulkdor bo`lishga haqli. Bankka qo`yilgan omonatlar sir tutilishi va meros huquqi qonun bilan kafolatlanadi.
Har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va qonunda ko`rsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga egadir.Sud hukmi bilan tayinlangan jazoni o`tash tartibidan yoki qonunda ko`rsatilgan boshqa hollardan tashqari majburiy mehnat taqiqlanadi.
Yollanib ishlayotgan barcha fuqarolar dam olish huquqiga egadirlar. Ish vaqti va haq to`lanadigan mehnat ta’tilining muddati qonun bilan belgilanadi.
Har kim qariganda, mehnat layoqatini yo`qotganda, shuningdek boquvchisidan mahrum bo`lganda va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ijtimoiy ta’minot olish huquqiga ega.
Har bir inson malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega.