O'zbekistonda ijtimoiy himoyani amalga oshirish bosqichlari



Yüklə 18,93 Kb.
səhifə1/3
tarix24.11.2022
ölçüsü18,93 Kb.
#70243
  1   2   3

O'zbekistonda ijtimoiy himoyani amalga oshirish bosqichlari.
O'z mustaqilligini qo'lga kiritgan yildan boshlab O'zbekistonda inson huquq va manfaatlarini ro'yobga chiqarishga qaratilgan siyosat yuritilib kelinmoqda. Ana shu siyosatdan kelib chiqqan holda 1997 yildan boshlab har yil mamlakatimizda ma'lum bir nom bilan atalib, kuchli ijtimoiy siyosat olib borilmoqda.

2007 yil 23 yanvarda O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ijtimoiy himoya yili” Davlat dasturi to'g'risida”gi qarori qabul qilindi. 2007 yil martida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Axolini ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish va mustahkamlashga oid chora-tadbilar to'g'risida”gi farmoni aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo'llab-quvvatlash va ular uchun munosib turmush sharoitini ta'minlashga qaratilgan islohotlarning mantiqiy davomidir. 2007 yilda O'zbekistonda ijtimoiy maqsadlar uchun davlat byudjetidan ajratiladigan mablag'larning umumiy hajmi barcha byudjet harajatlarining 55 foizini tashkil etadi, bevosita kam ta'minlangan oilalarga ijtimoiy yordam ko'rsatish uchun esa byudjetning 9 foiziga yaqin qismi (460 milliard so'm) sarflanadi (Jamiyat. 23 mart, 2007, №12.).
Tan olish kerakki, O'zbekistonda ijtimoiy himoya tizimini amalga oshirish uchun shunchaki qulay sharoit yo'q edi. Shunga ko'ra, 1994 yil 24 avgustda «Kam ta'minlangan oilalarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirishga oid tadbirlar to'g'risida» Prezident Farmoni qabul qilindi. Farmonga ko'ra, 1994 yil oktyabrdan aholini ijtimoiy himoyalash tizimi takomillashtirildi.
Negaki, ilgari faqat respublika byudjeti yo'li bilangina 30 ta turli soha va yo'nalishlar bo'ylab ijtimoiy himoya amalga oshirilardi. Bunday holat mablag'larning sochilib ketishiga olib keldi. Natijada yuqoridagi Prezident Farmoniga binoan 1994 yilda ijtimoiy himoyaning asossiz tenglashtirish tizimidan aniq maqsadli va aholining aniq tabaqalarning qamrab oladigan tizimga o'tildi. Bu tizim bugungi kunga qadar o'zini oqlamoqda. Zero, O'zbekiston Markaziy Osiyodagi aholi soni jihatidan eng yirik mamlakat bo'lib, sanoat va makroiqtisodiyot tizimi bir yoqlama xususiyatga ega edi. Bu murakkablik jamiyat taraqqiyotiga o'z ta'sirini o'tkazmasdan qolmasada, ma'lum ma'noda undan chetlab o'tishga muvaffaq bo'lindi. O'zbekistondagi yer usti va yer osti boyliklari, intellektual salohiyat bunga imkon berdi. Undan unumli foydalanildi. Shunisi ham e'tiborliki, jamiyatni demokratlashtirish va ijtimoiy himoya tizimini yaratish o'zaro bog'liq jarayon sifatida rivojlandi.
Boqimandalik kayfiyatidan ijtimoiy himoya iste'molchilari ham qutulishlari lozim. Fuqarolar endilikda o'zlarini-o'zi ta'minlash usuliga o'tishlari kerak. O'zbekistonda xususiy mulkchilikning qaror topishi bu sohada qat'iy o'zgarishlar bo'lishiga olib kelishi zarur. Shunisi ham muhimki, ijtimoiy himoyani doimiy jarayon sifatida tushunmaslik lozim. Aks holda boqimandalik kayfiyati battar kuchayishi mumkin. Ijtimoiy himoya ayrim fuqarolar uchun imkoniyat, xolos. Har qanday sharoitda ijtimoiy yordam jamiyat a'zolari uchun imtiyozga aylanmasligi lozim.
Bu o'rinda jamiyatning o'zini-o'zi ijtimoiy himoyalash tizimiga o'ta borishini ta'minlash uchun ushbu tadbirlarni amalga oshirish lozim:
- nodavlat, nohukumat tashkilotlar, jamg'armalar, uyushmalar, va turli shakldagi mulk egasi bo'lgan tashkilotlarning moddiy ahvolini yaxshilashni qo'llab-quvvatlash;
- barcha turdagi korxonalar, muassasalar va uyushmalarni zamon talabiga javob beradigan xodimlar va ayniqsa huquqshunos, psixolog va sotsiolog mutaxassislar bilan ta'minlashga alohida e'tibor berish lozim;
- nomi zikr etilgan muassasalarning xorijiy turdosh muassasalar bilan hamkorligini yo'lga qo'yishda ko'maklashish. Ular o'z yo'nalishlarida zarur tajriba orttirishlari talab etiladi;
- ijtimoiy himoya tizimida iqtisodiy muhofazalanishni asta-sekin ijtimoiy fondlar zimmasiga o'tkaza borish zarur. Bunday holatda odamlarni ijtimoiy muhofazalashning ta'sirchan vositasi yuzaga keladi;
- ijtimoiy muhofazalashda boqimandalik, mas'uliyat-sizlik, befarqlik singari illatlarga barham beruvchi ta'sirchan vosita va usullarni qidirib topish va hayotga joriy eta borish talab etiladi.
Shuni aytib o'tish zarurki, har qanday jamiyat ijtimoiy muhofaza tizimida o'ziga xos xususiyatlarga ega bo'ladi.
O'zbekistonda nafaqat moddiy farovonlik, jamiyatning demokratlashuvi kabi muhim jarayonlar kuchli ijtimoiy himoya tizimi mexanizmi yaratilgan taqdirdagina ma'no-mazmunga ega bo'lishi mumkin. O'zbekistonda barpo etilayotgan demokratik jamiyatda asosiy boylik inson bo'lib qoladi.
Shuni alohida ta'kidlash o'rinliki, O'zbekistonda islohotlar muqarrarligining g'oyat muhim sharti bo'lmish aholini ijtimoiy himoya qilish uzluksiz ustuvor yo'nalish hisoblanadi. Bu holat o'z navbatida quyidagi omillarni belgilab beradi:
-Kuchli ijtimoiy himoya siyosati istiqlol va taraqqiyot yo'liga ishonchni mustahkamlaydi, bu ishonch esa aniq moddiy zamin asosida hosil bo'ladi.
-Kuchli ijtimoiy himoya siyosati eng avvalo inson uchun munosib turmush va faoliyat sharoitlarini yaratadi. XXI asr boshida dunyo taraqqiyotida munosib turmush darajasi inson omilining yetuk sharti bo'lib qolayotganligi e'tiborga olinsa, mamlakatimizda bu masalani hal etishda ijtimoiy himoyalashdan unumli foydalanish masalasi dolzarblashadi.
-Kuchli ijtimoiy himoya siyosati fuqarolarning islohotlar jarayoniga nisbatan
manfaatdorligining oshib borishini ta'minlaydi va bu yangilanish jarayonining orqaga qaytishiga imkon bermaydigan ijtimoiy tayanch bo'lib xizmat qiladi.
O'zbekistonda aholining kam ta'minlangan tabaqalariga, bolalar, qariyalar, nogironlarni, shuningdek sog'liqni saqlash, ta'lim, fan, madaniyat va san'at sohalarini qo'llab-quvvatlashga qaratilgan kuchli ijtimoiy himoya siyosati o'zining muayyan tajribalariga ega bo'ldi. Ma'naviy, tarixiy va madaniy qadriyatlar, aholining axloqiy holati, yosh avlodni tarbiyalash vazifalari dolzarb bo'lgan O'zbekiston uchun bu holat katta ahamiyatga ega. Bu tajriba fuqarolarning siyosiy faolligini yanada oshirish, mehnat resurslarini ijtimoiylashtirish, mintaqaviy rivojlanishni avj oldirish, ijtimoiy-siyosiy jarayonlar barqarorlashtirish imkonini beradi.
Kuchli ijtimoiy himoyalash siyosati jamiyatda yangicha fikrlashning, tafakkur qilishning asoslarini yaratishga qodirligi tufayli ham demokratik jamiyat barpo etishga ko'maklashadi. Zero, jamiyatda ijtimoiy-siyosiy barqarorlik yuzaga kelgach, fuqarolar fikrlashga, yangi zamon tartiblarini tuzishga ishtiyoq bilan intiladilar. Chunki, fikrlovchi odam fuqarolik jamiyatiga ta'sir o'tkazish qobiliyatini mumkin qadar ko'proq ro'yobga chiqara olgan taqdirdagina, kuchli bo'la oladi.
Ijtimoiy himoya tizimining jahon tajribasi Dunyoda hozirgi davrda aholini ijtimoiy himoya qilishda bir qator modellar mavjud.
Ulardan biri Skandinaviya mamlakatlarida (Finlandiya, Shvetsiya) qo'llanilayotgan sotsial-demokratik model bo'lib, bunday modelga ko'ra davlat ijtimoiy himoyaning barcha mas'uliyatini o'z zimmasiga oladi.

Yüklə 18,93 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin